Nukat


Post Views:
45

NUKAT – o‘rta asrlarda Iloq shaharlaridan biri (3–12-asrlar). Choch markazidan Iloq poytaxti Tunkatga boradigan savdo yo‘lida joylashgan. Arab geograflari asarlarida Iloqning eng yirik shaharlaridan biri, 12-asr geograflarida esa Iloq poytaxti sifatida qayd etilgan. Uning xarobalari To‘ytepa shahrining g‘arbiy chekkasida, Toshkentdan 25 km janubida Ulkan To‘ytepa nomi bilan saqlangan.

Yodgorlikni dastlab N.I. Veselovskiy (1884), so‘ng M.Ye. Masson (1928) tekshirib, uni Nukat o‘rnida joylashganini qayd etgan. 1937 yil Ya.Fulomov va T.Mirg‘iyosov Nukat atrofida zardushtiylarning ostodonlarda dafn qilingan nekropoli (qabristoni)da qazishmalar o‘tkazishgan. 2001 yil A.Asqarov shunday ishlarni amalga oshirgan. 2006–07 yillarda Yu.F.Buryakov va G.I.Bogomolov yodgorlikni tadqiq etishgan. Shahar to‘g‘ri burchak shaklda, sharqdan g‘arbga cho‘zilgan, burjli mudofaa devori bilan o‘ralgan shahriston maydoni – 24 gektar. Shimoliy qismi o‘rtasida tarhi to‘rtburchak ark (maydoni 1 ga) qad ko‘targan. Nukatning umumiy maydoni – 200 gektar.

Shaharning sharqiy chekkasida ossuariylar chiqqan nekropol qoldiqlari saqlangan; janub va g‘arb tomonda mozorqo‘rg‘onlar belgilari uchraydi. Yodgorlik zamonaviy turar joylar qurish, ekinzor va qabriston tufayli qisman vayron bo‘lgan. Qazishma ishlari olib borilmagan bo‘lsa-da, turli davrlarga oid sopol idishlarning boy majmui, quyma muhrlar, tangalar xazinasi, ostodonlar topilgan. Bular shaharda hayot 3 bosqichda rivojlanganligini ko‘rsatadi: 1) milodiy 3–4-asrlarda Nukat o‘rnida shahar tipidagi qishloq bo‘lib, atrofi vohada o‘troq hayotga o‘tayotgan ko‘chmanchilarning mozor qo‘rg‘onlari bilan qurshalgan; 2) 6–8-asrlarda maydoni 24 gektar, shimoliy qismida arki bo‘lgan qudratli qal’a bunyod etilgan. U Chochning qadimiy poytaxtidan Iloq konlariga boradigan savdo yo‘lida joylashgan; 3) shahar 9–10-asrlarda ravnaq topgan, bunga uning Binkatdan Farg‘onaga, Sug‘ddan Iloq konlariga boradigan savdo yo‘llari kesishgan yerda joylashgani sabab bo‘lgan. 11–12-asrlarda Nukat Iloq poytaxtiga aylangan. Mo‘g‘ullar istilosi (13-asr boshi) tufayli hunarmandchilik va savdo tanazzulga yuz tutgan bu hudud mo‘g‘ullarning yayloviga aylanishi bilan Nukatda hayot barham topgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/nukat-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x