NOʻGʻAY (13-a. ning 1-yarmi — 1300) — Oltin Oʻrda tumanboshisi, Joʻjixonning evarasi. Berkaxon qoʻshini qoʻmon-doni sifatida Huloku va uning vorislariga qarshi bir qancha yurishlar qilgan. Janglardan birida bir koʻzidan ajralgan. Berkaxon vafotidan soʻng Oltin Oʻrdada Noʻgʻayning obroʻ-eʼtibori tez ortib borgan. Dondan Dunaygacha boʻlgan ulkan hudud Noʻgʻay nazorati ostida boʻlgan. 13-a. ning 70-y. laridan oʻz tasarrufidagi ulusda mustaqil siyosat yurgiza boshlagan. Noʻgʻay Vizantiya impe-ratori Mixail Paleologning nikohsiz tugʻilgan qizi — Yevfrosiniyaga uylangan (1273). 1271, 1277, 1278-y. larda Noʻgʻay imperator Mixailning iltimosiga koʻra, Bolgariyaga qarshi yurish qiladi. Keyingi oʻn yillikda Noʻgʻay qoʻshinlari Bolgariya, Frakiya va Makedoniya yerlarini bir necha bor gʻorat qiladi. Dunay orti davlatlari, xususan, Tirnovo shoxdigi, Branichevskiy va Vidin knyazliklari Noʻgʻayga tobe etiladi. 90-y. larda Serbiya qiroli Milutin oʻzini Noʻgʻayning vassali sifatida tan oladi. Noʻgʻay bilan ittifokda boʻlishga rus knyazliklari, Polsha, Vengriya, Bolgariya, Serbiya harakat qilishgan. Noʻgʻay yordamida Telebugʻaxon (Toʻlabugʻaxon) Oltin Oʻrda taxtidan tushirilib, oʻrniga Toʻqta oʻtqazilgan. Toʻqta qudratli tumanboshidan xalos boʻlish maqsadida Noʻgʻayga qarshi harbiy harakatlar boshlagan. 1300-y. Donning gʻarbidan oquvchi Koʻkanliq daryosi boʻyidagi hal kiluvchi jangda Noʻgʻay qoʻshini tor-mor keltirilgan. Noʻgʻay asir olinib, qatl etilgan. Noʻgʻay nomi bilan keyinchalik noʻgʻaylar atala boshlagan.
Ad.: Yegorov V. L., Istoricheskaya geografiya Zolotoy Ordы v XIV—XVI vv., M., 1983.
Hamidulla Dadaboyev.