NORBEKOV Komilbek (1880-Toshkent—1943) — oʻzbek maʼrifatparvari. Toshkentning maʼrifatli boylaridan Muhammadaminbekning oʻgʻli. Ukasi Karimbek (1882—1970) bilan birga charm i. ch. ni yoʻlga qoʻygan. Avstriya va Germaniya firmalari bilan teri-charm savdo aloqasini oʻrnatgan. Taraqqiyparvar doʻstlari Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Xoʻjayev (Asadullaxoʻjayev), Nizomiddin Xoʻjayev, Orifxoʻjaboy Hojinov bilan birga «Imdodiya» («Hayriya») jamiyati (1909), «Turon» jamiyati va shu nomli truppani tashkil etgan (1914). 1909—11 y. larda 35 oʻquvchiga moʻljallangan usuli jadid maktabini qurib bergan va oʻquvchilarni iqtisodiy taʼminlagan. 1917—18 y. lardagi ocharchilik davrida aholiga 600 puddan ortiq gʻalla tarqatib, xalqni ochlik azobidan qutqargan. Fayzulla Xoʻjayevni amir aygʻoqchilari taʼqibidan saqlab qolgan, uning amirga qarshi kurashida moddiy yordam bergan. 1919—24 y. larda «Milliy ittihod» tashkilotining aʼzosi. 1930 va 1935-y. larda siyosiy idora (GPU) tomonidan qatagʻon qilingan. 1989-y. da oqlangan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые