Maʼlumki, badiiylik voqealarning tafsilotini quruq bayon etish, ularni izohlash emas, aksincha, qahramonlar ruhiyatida kechayotgan baʼzan shiddatli dolgʻalarni, gohida sokin kechinmalarni sanʼatkorona koʻrsata bilish, ularni psixologik jihatdan asoslay olishdadir. Olim Izzat Sulton taʼbiri bioan aytganda, “Inson psixologiyasini tasvirlovchi sanʼatkor oʻzini har qanday insoniy ruhiy holatda tasavvur eta bilishi kerak”.
Sh. Xolmirzayevning “Bodom qishda gulladi” asari qahramoni – bemor yozuvchi bu haqda shunday deydi: “Yozuvchilik kasbi baʼzan shafqatsizlikni talab etadi. Deylik, aybdorni soʻroq qilishyapti. Uning qarindoshlari yigʻlayapti, tomoshabinlar hayratda. tergovchi esa pinak buzmaydi. Yozuvchi ham baʼzan shunday holga tushadi. Biroq, sizni ishontirib aytaman, uning tergovchidan farqi bor – u qiynalib, oʻrtanib kuzatadi, “soʻroq qiladi”. Ammo tabiiy, buni sirtiga chiqarmaydi”.
Bu iqrorlarni, birinchi navbatda, yozuvchi Sh. Xolmirzayevning oʻziga nisbatan tatbiq etish mumkin.
“Yashil “Niva” asarida ham yozuvchi qiynalib, oʻrtanib kuzatayotganini sirtiga chiqarmay qahramonlarining qiyofasiga aniqlik kiritadi. Ushbu asarida muallif hikoya qahramonining qon-qoniga singib ketgan manfaatparastlik, ojizlik, xushomadgoʻylik, ikkiyuzlamachilik, bir soʻz bilan aytganda, shaxssizlikning qay vaziyatda qanday boʻlishini ishonarli tarzda ifoda etadi. Muallif qahramonlarning nutqi, xatti-harakati, bir-biriga munosabati orqali ularning ichki olamiga diqqatni qaratadi. Hikoyada qahramonlarning na ijtimoiy faoliyatidagi muvaffaqiyatlari, na boshqa shakldagi yutuqlari tasvirlanadi, ayni chogʻda, jamiyatga qarshi qilgan biron-bir jinoyatida tilga olinmaydi, ammo timsollarning ichki olamidagi tebranishlar insonni nima yuksaltirishi mumkinu nima tubanlashtiradi, demakki, tanazzulga yuz tutadi, degan savollar yuzasidan mulohaza yuritishga majbur etadi.
Hikoya qahramoni boʻlmish domla qoʻrqoqlik, jurʼatsizlik, laganbardorlik, riyokorlik, manfaatparastlik ramzi. Aslida, kishining oʻzi toʻgʻrisida bor haqiqatni soʻzlay olishi oson emas. Toʻgʻri, oʻzini oʻzi maqtovchi, hatto, tanqid qiluvchilar koʻp boʻladi, ammo ularning koʻngli tubida bundan shuhrat orttirishday niyat yashirinishi mumkin. “Yashil “Niva” qahramoni ham hikoyaning boshidan oxiriga dovur oʻzi haqida hikoya qiladi. Shuning uchun ham uning: “…biz tomonning odamlari ancha serandisha keladi. Buning tarixiy ildizlari bor: biz kattalarga, xususan, yoshi ulugʻlaru lavozimli shaxslarga taʼzim qilib oʻrganganmiz”. – deya oʻzining harakatlarini oqlaganday boʻlishi, tagʻin, sanʼatshunosligi bois, bunga “asos”ni xalq ruhiyatidan “topishi” ishonarlidir. Biroq, ahamiyatli jihati shundaki, uning aytganlari fosh qiluvchi xarakterga ega. Yaʼni oʻzini oqlash istagida soʻzlayotgan domla oʻzini oʻzi fosh etadi, ichki dunyosi – quruqshab qolgan maʼnaviy olamini oshkor qiladi. Domla uchun manfaatdan oʻzgasining zarracha qadri yoʻq. Holbuki, u “koʻngli ostida bir tahlika paydo” qilgan “diktator” direktor bilan hayotda, umuman, yuzma-yuz kelmagan, bundan keyin uchrashishi ham ehtimoldan uzoq. Ammo nomaʼlum bir qoʻrquv tufayli u “diktator”ning gʻazabiga yoʻliqishdan qoʻrqadi. Bu qoʻrquv ayolining dili siyoh boʻlishi, bolalari noroziligi, oxir-oqibat oʻzining sharmanda boʻlishidan ham kuchliroq!
Yozuvchi domla obraziga katta ijtimoiy-estetik vazifa yuklagan: u – er, u – ota, u – millat madaniyati tarixidan millatning ilgʻor vakili boʻlib maʼruza oʻqiydigan, oʻzining taʼbiri bilan aytganda, ziyoli. Ammo fojiali tomoni shundaki, u er boʻlib panoh, ota boʻlib ibrat emas, pirovardida uning millat shaʼniga olqish keltirishi ham shubhalidir.
Asar qahramoni domlaning begona “Niva”ni koʻrib, “diktator” xayol qilgani, nima qilarini bilmay qolganida “kattalarga serandisha”lik falsafasi uning vujud-vujudiga singib ketgani, bundan osonlikcha qutulolmasligi yorqin aks ettiriladi. Holbuki, domla “Niva”ni birinchi bor koʻrganidayoq mashhur direktoring mashinasi ekanini tanigan, hatto “yon-veridan antennalar” chiqarilganigacha payqagan edi, biroq “oʻris bolasi”ning mashinasini, garchi ancha eskirganligiga qaramay, “diktator”nikidan farqlolmaydi. Savol tugʻiladi: nega shunday? Bu yerda antennalar shunchaki raisning mashinasida ratsiya borligini bildirish uchungina keltirilganmi, aniqrogʻi, adib tomonidan shuning uchungina antennalar koʻrsatilganmi (hamma tuman amaldorlarining mashinasiga ratsiya oʻrnatilgani maʼlum-ku)? Bizningcha, mazkur buyumning bundan muhimroq “vazifasi” bor. Maʼlumki, insonning bilib turib qilgan aybi bilmay yoʻl qoʻyganidan ogʻirroq jazolanadi va tabiiyki, kishilarning bunga munosabati ham shunga yarasha boʻladi. Inspektordan “diktator”ning amaldan ajraganini eshitib oʻzida yoʻq xursand boʻlib ketgan domla yashil “Niva” roʻparasidan chiqqanda xuddi tirilib ketgan oʻlikni koʻrgandek xovliqib qoladi – boshi oynaga urilar darajada tormoz beradi. Uning “Xudo urdi, inspektor meni aldagan boʻlsa-chi?” degan xavotiri, taʼbir joiz boʻlsa, koʻzini eski mashinasini yangisidan ajratolmaydigan qilib qoʻyadi. Uning soʻqirligi shu qadarki, hali-hamon shahar koʻchalaridami, ovloq joylardami yashil “Niva”ni koʻrsa, yuragi orqasiga tortib ketadi…
“Yashil “Niva” hikoyasidagi boshqa qahramonlar ham erk va erksizlik, rostgoʻylik va munofiqlik, oʻzlikni tanish va gumrohlik kabi ziddiyatlarning mohiyatini koʻrsatishga xizmat qiladi. Masalan, domla qanchalik mayda, oʻz huquqini anglamagan, jurʼatsiz kimsa boʻlsa, “diktator” shunchalik oʻzi xon – koʻlankasi maydon, oʻzi yaratib olgan cheksiz huquqidan “unumli” foydalanayotgan odam.
Asarda “diktator”ning oʻzi bevosita koʻrinmaydi, inspektorga domla – “odobli bola”ni maqtaganidan boʻlak gapirmaydi ham. Ammo uning “anchayin salom bermay oʻtgan oʻsmirni oyogʻidan” ostirgani, amal pillapoyalaridan koʻtarilish “usullar”i direktorning qiyofasini kitobxon koʻz oʻngida jonlantirish uchun yetarlidir.
Muallif qahramonlarini nomlaydi: asarda bironta ot – ism tilga olinmaydi. Zotan, biri oʻz soʻziga ega boʻlolmagan, boshqasi oʻzi kabilarni ezib, suvini siqib ichadigan, yana birovi “kungaboqar falsafasi”ga amal qilib, qayoqdan nur chiqsa, shu yoqqa ogʻib yashaydigan, boshqalari shulardan namuna, ibrat olib ulgʻayadiganlarning nomi, ismi boʻlishi ham mumkin emas. Shu maʼnoda, donishmand xalqning ming oʻylab bir gapirishiga imon keltirasan kishi: “Nom – nomusga ega”. Jajji hikoyada ushbu falsafa yaqqol anglashiladi.
Otabek SAFAROV,
OʻzMU magistranti
“Yoshlik”, 2010 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/nomussizlik-qismati/