NIAMEY — Niger poytaxti. Mamlakatning muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Niamey departamentining maʼmuriy markazi. Niger daryosi sohilida, 163 m balandlikda joylashgan. Iqlimi subekvatorial iklim, oʻrtacha yillik t-ra 25°. Yiliga 350 mm yogʻin yogʻadi. Aholisi 627 ming kishi (1999).
19-a. oxirlarida Niamey oʻrnida qishloq boʻlgan. 1926-y. da Niger fransuz mustamlakasining maʼmuriy markazi Zinder sh. dan Niameyga koʻchirilgan. 1960-y. avgustdan Niger Respublikasi poytaxti.
Muhim transport yoʻllari tuguni, Niger daryosidagi pristan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Q. x. rayonining savdo markazi. Toʻqimachilik f-kasi, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari, mebel, q. x. anjomlari ishlab chiqa-riladi. Hunarmandchilik rivojlangan (kulolchilik buyumlari, teri, kumush, oltin va yogʻochdan turli buyumlar tayyorlanadi). Issiklik elektr st-yasi ishlab turibdi. Prezident saroyi, mehmonxonalar, un-t (1973), Sogʻliqni saqlash milliy maktabi, Geol. va konchilik ishlari boʻyicha byuro, tropik oʻrmonchilik texnika markazi, q. x. in-ti kabi ilmiy muassasalar, milliy muzey bor.