* * *
Ey doʻst!
Mehringni ber bugun gʻuncha, kurtakka,
Ertaga muhabbat boʻlib qaytadi.
Haq soʻzing ayt bugun murgʻak goʻdakka,
U ham ertan senga haq soʻz aytadi.
ILK KAKLIK OVI
Togʻ qishloqlarida har bir joyning oʻz nomi – atamasi boʻladi. Aytaylik, men tugʻilib oʻsgan Nakurtning Kamarovul, Lolahovuz, Qizilolma, Ulfatan, Bodomchali, Qoʻshilish, Yorishgan, Qorongʻulsoy, Qarisoy, Kumushlisoy, Toʻptol, Kattaqamishloq, Kichikqamishloq, Tuyatosh, Choʻchqalisoy, Alqorsoy, Qoʻchqoroʻldi, Bulbulsoy, Oqbuloq, Bellisoy, Kattaqorasoy, Kichikqorasoy, Katakli, Momotosh, Suvlisoy, Yoʻltushgan, Beshtaram, Uzunmoʻla, Dovtepa, Qiziljar kabi kichik qishloqchalari, daralari, kamarlari, buloqlari, soylari, togʻ qoyalari, choʻqqilari, yaylovlari, oʻtloqlari, suvloqlari, sayhonliklari, adirlari, qirlari bor. Ular oʻz joyidagi oʻzgarmas belgilarga qarab nom olib kelgan.
Shunday joylarimizdan biri Yetimhovuz. Yetimhovuz deb atalishining sababi, u yerda yolgʻiz, gʻaribgina buloq suvlaridan paydo – hovuz boʻlgan. Ana shu hovuzning oftobchiqar tomoni – balandlik. Keragatosh degan tizma qoyalar tuya karvonlari yangligʻ salobat bilan tiz choʻkkan. Keragatoshda kaklik koʻp. Undan bir chaqirimda Lilloybuloq deb atalmish buloq taram-taram eshilib oqadi. Keragatosh kakliklari shu buloqdan suv ichishadi.
Men besh-olti yoshimdan boshlab, otamning chin hamrohiga aylanganman. Gap shundaki, otam bir uzoqroq qarindoshimiz ham qoʻshnimiz bilan fermaning poda-molini boqardi. Otam mulla Olim mulla Suyunning, yaʼni “quloq”ning oʻgʻli edi-da, shu bois unga jazo sifatida podaboqar tayogʻini sudratishgan edi. Otam qishloq madrasasida oʻqigan, koʻp savodli, oqkoʻngil kishi boʻlib, Yassaviy “Hikmat”ini, Mashrab, Soʻfi Olloyor, Huvaydolarning talaygina gʻazallarini yod bilardi. Qurʼoni karimni izchil oʻqirdi, Bedil ruboiylarini sevardi.
Men oʻzimcha otamning ogʻirini yengil qilmoqchi boʻlibmi (qirq yoshida tilab olgan farzandi edim-da), oldida yugurgilab, uzoqroq ketib qolgan sigirlarni qaytarar, jar-par soyalarida qolib ketganlarini topib kelar, ayniqsa, yoz paytlari – qataloq boʻlgan kezlarda – duch kelgan yoqqa oʻzlarini urgan paytlarda bir yerga toʻplar edim.
Gap bu haqda emas, gap kakliklar haqida. Ota makonimizda, Ona yurtimizda, togʻlarimizda kakliklar koʻp. Oʻsha bolalik chogʻlarimda ham moʻl edi. Ular qora qosh, tumshugʻi, oyoqlari qizil. Xoʻrozining peshonasi qora, bosh tepasi kulrang, qizgʻish shuʼlali, jigʻildoni bilan koʻkragi och havorang, tag qismi sargʻish boʻladi. Ikki yonidagi patlarida qora-qoʻngʻir tusli koʻndalang yoʻllari bor. Oyoqlari pixli, makiyoni esa toʻq kulrang, oyoqlari pixsiz, jussasi xoʻrozidan kichikroq.
Kakliklar in-uyalarini oʻzlarini himoyalash qulay boʻlgan pana joylarga – toshlarning ostiga, har xil butalar, daraxtlar, shuvoqlar tagiga qoʻyishardi. Kakliklarning makiyoni apreldan iyungacha tuxum qoʻyadi. Tuxumlari besh-oltitadan yigirmatagacha boʻlishi mumkin. Ular xol-xolli, yaʼni xoldor.
Men mulla Suyunning singlisi Qizmon ammamdan ajoyib sheʼr-terma eshitganman. Uni yozib olib qolganman. Mana u:
Boʻgʻin-boʻgʻin boʻgʻinchak,
Tugun-tugun tugunchak.
Oʻttiz elning enasi
Halda (hali ham) boʻlsa kelinchak.
Bu yerda “oʻttiz elning enasi” deganda, oʻttizta joʻjasi nazarda tutilyapti. Tuxumlarini xuddi tovuq kabi ona kaklik, yaʼni makiyoni bosib yotadi va joʻja ochadi. Joʻjalari tuxumdan chiqqanidanoq ota-onasiga ergashib ketishaveradi.
Xullas, poda boqib, zerikib yurgan paytlarimda kakliklarga ishqiboz boʻlib qoldim. Kakliklar tushga yaqin Lilloybuloqqa kelishlarini kuzata boshladim. Bu odat tusiga aylandi. Ular buloqqa kelgunlaricha dumbul oʻt-oʻlan, koʻkat-maysalarni choʻqib-uzib, yulqib, chogʻat, jona-qiyalik, qumlarini titkilab, “gʻat-gʻat”lab oziqlanishadi. Keragatosh qirlarida chigirtkalar, qurt-qumursqalar, jazirama paytida jizildovuqlar moʻl-koʻl boʻladi. Ularni chaqqonlik bilan tutishadi. Hatto uchgan chigirtkani qanot yoyib, yugurgilab borib, osonlikcha yutishadi.
Koʻpincha oila boshligʻi – xoʻrozi biror ayiqbosh choʻqqimi, qoyami yoki anchayin balandroq gʻadir-budir tosh ustiga chiqib oladi-da, toʻlib-toshib, goho oʻqtin-oʻqtin sayrashga tushadi. Uning ovozi uzoqlarga taraladi. Aytaylik, siz pastda – daralarda, jarliklarda yuribsiz, lekin uning yuqorida turib sayrayotganini bemalol eshitasiz. Sayrayotganda tomoqlari bulkullaydi. Goho xoʻrozi oldida makiyoni paydo boʻlib qoladi. Unga uzib-uzib joʻr boʻladi. Biroq makiyoni ovozining shashti sust. Ishtiyoqsiz sayrayotganga oʻxshaydi. Nimagadir urilgandayroq kakirlaydi. Baʼzi joʻjalari ular oldiga chiqishib-tushishib yurishadi. Doim ota-onasi yonidagi bolalarday yayrashadi.
Qorin qaygʻusidan qutulgan kakliklar tushlikka yaqin “pat-pat”lashib, “gʻiyt-gʻiyt”lashib, buloq boshiga enishadi. Buloq boshiga yaqinlashishdan oldin u yoq-bu yoqni sergaklanib kuzatishadi. Ayniqsa, xoʻrozi hushyor. Suvni miriqib, shoshmasdan ichishadi. Bir yutum-bir yutum tomoqlarga oladi-da, boshlarini yuqoriroq koʻtarib yutishadi, tagʻin navbatdagi yutumni olib, bu holatni chanqoqlari bosilguncha takrorlashadi.
Bir kuni shunday boʻldi. Ishqibozlik ortib kakliklar joʻjasidan bir-ikkitasini tutib, uyimizda, qafasda boqmoqchi boʻldim. Bir tesha-choʻtni oʻzim bilan oldim. Podalarni katta kamarga haydadim-da, Lilloybuloq boshiga keldim. Hovuchlab suv ichdim. Chanqogʻim bosildi. Oʻynab-oʻynab oʻyladim. Oʻylab-oʻylab oʻttiz-qirq qadam naridan oʻzim bemalol joylashadigan chuqurcha-xandaqcha qazidim. Har xil butalarni, shuvoqlarni, xas-xashaklarni toʻpladim, xandaqcham qoshiga uydim. Oʻzim xandaqcha ichiga tushib olib, ularni ustimga yopdim. Tirqish ochib, kakliklar kelishini kuta boshladim. Bir soʻz bilan aytganda xonaki, jaydari “ovchi”ga aylandim.
Kakliklar asta-asta, ohista-ohista kelishdi. Ammo, xoʻrozi nimagadir buloq boshidan ancha narida turib qoldi. Qolganlari bexavotir oʻzlarini suvga urishdi. Xoʻroz xavotirda-yu, lekin jim…
Ona kaklik va joʻjalari suv ichib boʻlgach, buloq boshidagi doʻlana daraxti tagiga, tuproqqa agʻnay-agʻnay ketishdi. Qanot yoyib, oʻmganlarini chagʻotning mayda tosh-qumlariga bulashdi. Kichkina tugmachaday koʻzlarini suzib-suzib oromlashdi. Birdan xoʻroz men umuman eshitmagan gʻalati ovozda chinqiribmi-qichqiribmi yubordi. Seskanib tushdim. Endi vaqtni boy bermaslik kerak edi. Men ustimdagi lash-lushlarni otib yubordim-da, joʻjalar tomon intildim. Yoʻrgʻalab qochayotgan joʻjalarni quvib yetdim. Men bilamanki, suvga toʻygan kakliklar, ayniqsa, ularning bolalari tez yugurolmaydi, dafʼatan uchib ketolmaydi. Hash-pash deguncha ikkitasini tutib oldim.
Xoʻroz Keragatoshni yoqalab uchdi. Makiyoni ham oʻrga biroz yoʻrgʻaladi-da, Yetimhovuz tarafga qarab parvoz qildi. Joʻjalarning bir qismi yuqorilab ketdi, bir qismi esa butalar, shuvoqlar, toshlar orasiga berkindi. Men boshqa quvmadim ham, izlamadim ham. Qatqat tosh ustiga oʻtirdim, nafas rostladim. Qoʻlimdagi joʻjalarga tikildim.
Koʻp oʻtmay ota-ona kaklik – xoʻroz va makiyonlarning zorlanib, bolalarini chorlagan ovozlari eshitildi.
Men ikki joʻjani uyga yetkazolmadim. Ularni qoʻllarimda ushlab yurib, oʻldirib qoʻydim. Ha, parrandayu darranda ham erkinlik-ozodlik farzandi. Qushlar koʻkda, baliqlar suvda, jayronlaru kiyik, marollar, alqorlar togʻda, odamzod adolatu haqiqat erkinligida yashovchan.
ONA KAKLIK
Hayot murakkab. Unda umr kechirish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Ammo qiyinchilik, ogʻirchiliklardan, xatarlardan qoʻrqavermaslik kerak. Inson aql, tafakkur chirogʻi bilan har qanday zulmatni yoritishga qodir. Yoʻlingizdagi koʻringan-koʻrinmagan toʻsiqlarni, gʻovlarni surib tashlashda sobit.
Insonni qoʻyaturaylik, tabiatdagi har bir jonzot ham tiriklik uchun kurashib yashaydi. Tirikchilik – tirriqchilik, degan aytimlar behuda yaralmagan.
Kaklik sodda qush. Lekin uning sodda boʻlib qolishga haqqi yoʻq.
Irgʻayli darasining chogʻatli qir-adirlarida mol boqib yurgan kezlarim bunga oʻzim guvoh boʻlganman.
May oyi oʻrtalarida ona kaklik tuxum bosib yotganiga duch keldim. Uning uyasi bir tup shuvoq ostida edi. Bolalik ekan-da, uni tutmoqchi boʻldim. Unga qarab yoʻnaldim. Ona kaklik noxushlikni tez payqadi. Birdan uyasidan otilib chiqdi va pastga – qiyalik boʻylab dumalay ketdi. Ha, u aynan dumalab borardi. Orqasidan quva boshladim, yetay deganimda dumalashni tezlatdi. Quvaverdim. Yana yetay-yetay dedim. U yana tezladi. Quvib-quvib daraning ichiga tushib qoldim. Va shunda ona kaklik dumalashdan lahzada turdi-da, uch-toʻrt qadamcha yugurgiladi-yu uchib ketdi.
Koʻrdingizmi, sodda qush deganimiz, ona kaklik menday bir aqlli choʻpon bolani qanday chalgʻitib, tuxumlarini, boʻlajak joʻja-bolalarini asrab qoldi. U ayyormidi, yoʻq, degim keladi bugun, ona kaklik aqlli, oqila edi.
Men oʻshanda, tagʻin ortimga qaytib, uning tuxumlarini olib ketishim mumkin edi. Ammo, birinchidan, men uyadan koʻp uzoqlab ketgan edim. Ikkinchidan, tuxumlarni olib, nima ham qilardim. Mol boqib yursam, mol boqish esa oson emas. Qolaversa, birorta kurk tovuq tayyor emaski, tuxumlarni bostirsam, joʻja ochtirsam. Uchinchidan, otamning oʻgiti yodimdaydi: “Qush uyasini buzma, tuxumlarini sindirma, polaponlariga ozor yetkazma, hatto ilon bolasini ham oʻldirma!”
Men podalar oʻtlab yurgan sayhonlik sari ketdim.
KAKLIK DUSHMANLARI
Kakliklarning yov-dushmanlari koʻp. Tulki – ayyor qaroqchi. U hamisha kakliklarni poylagani-poylagan. Payt yetdi deguncha, ularga xavf soladi. Ayniqsa, qishning qahraton kunlari. Odatda, togʻ malikalari bu chogʻlar gala boʻlib yashaydi. Tunlari qoyalar bagʻrida toʻdalashadi, gʻuj boʻlib olishadi. Tulki, koʻzlari yonib, ularga tashlanadi, kakliklar patirlab, oʻzlarini duch kelgan tomonga urishadi. Toʻzib ketishadi. Qor gurtiklariga botib, ucholmay qolishadi. Koʻplari “qaroqchi”ga yem boʻlishadi.
Kakliklarning yana bir dushmani kobra, yaʼni koʻzoynakli ilon, uni kapcha ilon ham deyishadi. U rangdor. Kaklik esa ranglarni yaxshi koʻradi. Kobra ranglari tuzoq boʻlishi mumkinligini bilmaydi.
Nurota tizma togʻlarida kobralar juda koʻp boʻlmasa ham, tez-tez uchrab turadi.
…Baland toshsupa ustida nar kaklik oʻz ovoziga oʻzi mast boʻlib sayrardi. Men undan koʻp uzoq boʻlmagan nayza qoya tagida yonboshlab, uni tomosha qilib, sayrashini tinglab yotardim. Kaklik birdan jimib qoldi. Nima boʻldi ekan deb, tikroq turdim-da kaklikka qaradim. U bir nuqtaga tikilgancha tek qotib turardi.
Koʻzlarim oʻtkir edi, bir nigoh-la har qanday narsani ilgʻardim. Keksayibroq qolgan ovchi Dehqonboy bobomning bir gʻalati gapi esimda: “Nabiram Azimboy – mening koʻzlarim!” Chunki, bobom nimani soʻrasa, aytaylik, “Azimboy, Murtak kamarni bir qarab koʻr-chi, biror narsa koʻrinmayaptimi?..” “Ha-ha, – derdim men, – bir toshtoʻrgʻay tumshugʻini toshga ishqayapti, biror narsa tutib, yegan boʻlsa kerak…” “Uni soʻramayapman, alqorlardan gapir, alqordan… kaklik boʻlsa ham mayli, ovlab ketishimiz kerak…” va hokazo.
Xullas, bir qarashdayoq yarim tik turgan kobrani koʻrdim. Kobra kaklikni rom qilib, bir lahza ham undan koʻzlarini uzmay, juda ohista u tomon siljir edi!
Siljir edi… ohista… siljir edi… ohista… ohista… Kaklik tamoman maftun… jodulangan… sehrlangan… Kobra yaqinlashib qoldi… Hademay, kaklik tamom… butun vujudim jimirlab ketdi… yoʻq, boʻlmadi, irgʻib turdim-da, bir toshni qoʻlga olib, kobrani koʻzlab otdim!
Kaklik bir seskandi-yu oʻzini toshsupadan pastga tashladi. Hademay koʻkka koʻtarildi.
Soʻng… koʻrganlarimni otamga, choʻliqqa, soʻng… qoʻshib-chatib qoʻni-qoʻshni bolalarga aytib yurdim…
Xoʻsh… kaklikning eng ashaddiy dushmani – bu ovchi!
Ovchilar kaklikni, asosan, goʻshti uchun ovlaydilar. Ovlash usullari talaygina. Birinchisi, albatta, ov miltigʻi bilan ovlash. Miltiq bilan kakliklarni yugurgilab ketishayotganda yoki uchib, koʻkka koʻtarilganda otishadi. Ikkinchi bir usul – bu tuzoq-jela qoʻyib ov qilish usuli. Bunda miltiq ishlatilmaydi. Xonaki – qafasdagi bir sayroqi kaklik toʻlib-toshib sayraydi, qavmdoshlarini yoniga chorlaydi. Yonida esa jela. Jela qoʻygan jaydari “ovchi” uzoqroqda panalab-pisib yotadi. Uchib kelgan kakliklar ixtiyorsiz jelaga tushaverishadi. Undan qutulib ketmoq uchun potirlashib, harakat qilishaveradi. Ammo, jela battar ularni chirmab olaveradi…
Tagʻin bir usul bor. Ammo bu usul qonun yoʻli bilan taqiqlangan. Bu usul, asosan, qishda qoʻllaniladi. Bu usulchilarning miltiq koʻtarib yurishlari shart boʻlmaydi.
Qish kakliklar uchun oʻta xatarli fasl. Ayoz. Qahraton. Qalin qor. Bunday paytlarda ular yemak topolmay, soyu buloq boʻylariga tushadi. Togʻ qishloqlari atrofiga yaqinlashib enishadi.
Shunday vaqtlarda har xil toifadagi xonaki ovchilar koʻpayadi. Qish kunlari, deyarli bekorchilik. Shuning uchun ular toʻda-toʻda boʻlishib, togʻning bir kamaridan u kamarga, unisidan bunisigacha quvlashadi. Bunday kezlarda kakliklar tez toliqadi, charchab, uzoqqa uchisholmaydi, qorlarga botib qolishadi. Qarabsizki, tayyor luqma!
Kakliklar hamisha himoyaga zor. Ularning tagʻin bir dushmani qirgʻiy.
Avliyobuloqqa tutashib ketgan qir-adirlarda mol yoyib yurardim. Bu yerlarda turli-tuman butalar, toʻp-toʻp bodomchalar oʻsib yotadi.
Har-har joyda yoyilib oʻsgan kovullar uchraydi. Kovullar anor gullariday qip-qizarib gullagan. Bir tup kovulning gullarini tomosha qilib turardim, shiddat bilan havoni toʻlqinlantirib, bir gala qush oʻzlarini men turgan joyga urdi. Bu shunday tez roʻy berdiki, hech narsani anglay olmay, qoʻrqib ketdim. Jon jahdda koʻkka qaradim, bir qirgʻiy qiyqirgancha koʻzdan yoʻqoldi. Soʻng kovulga qaradim, ne koʻz bilan koʻrayki, uning ostida bir gala kaklik joʻjalar koʻzlarining oʻti chiqib, menga tikilib turishardi. Birpasdan soʻng ular ham, men ham oʻzimizga keldik. Joʻjalar birin-ketin kovulning u yer-bu yeridan chiqdi-da, oʻr tomonga yoʻrgʻalay ketishdi. Ular meni qora tortib, omon qolishgan edi.
Koʻp oʻtmay bir burum tarafdan ona kaklikning bolalarini oʻz yoniga chorlovi eshitildi.
ALQORLAR
Alqor noyob jonivor. Uni togʻ qoʻyi deb ham atashadi. Haqiqatdan ham u qoʻyga oʻxshaydi. Ammo alqor kuchli, shiddatli, yugurik-chopagʻon, oʻta ziyrak, hushyor, koʻzlari qop-qora. Uning orqa va ikki yonidagi junlari jigarqoʻngʻirnamo. Boʻynining tagi, qorni, chovlari oqish. Qoʻchqorlarining shoxlari burama-burama. Burama shoxlarining uchlari yon tomonga qarab yoʻnalgan. Urgʻochilarining shoxlari esa kalta, orqasiga qayrilgan.
Alqorlar Nurota tizma togʻlarining Qoratov silsilasida yashaydi. Oqtov taraflarda kamdan-kam uchraydi. Ular seroʻt togʻ yonbagʻirlarida, yovvoyi daraxtzor – togʻ oʻrmonlari oralarida yoyilishadi. Ayniqsa, buloqli, soyli kamarlar – daralar ularning suyumli joyi.
Oʻtlash uchun qoyalar tagidan, panalaridan ochiq koʻkatzorlarga, dara qirlariga chiqib kelishadi. Sahar-mardondan soat oʻn-oʻn birgacha oʻtlashadi, soʻngra soya-salqinlarda – daraxtlar, qoyalar tagida dam olishadi. Kechga yaqin, to qorongʻu tushguncha, baʼzan tunda tagʻin yoyilishadi.
Alqor qoʻchqorlari suruvdan aprel-may oylarida ajralib chiqishadi. Chunki, bu paytda urgʻochilari qoʻzilagan boʻladi. Asosan, ular bitta tugʻadi, egizagi kam. Urgʻochi alqorlar qoʻzichoqlari va voyaga yetmagan qoʻchqorlari bilan birga yuradi. Toʻrt yoshdan boshlab, voyaga yetgan rosmana qoʻchqorlari esa ayrim-ayrim yoki bir qanchasi toʻp-toʻp boʻlib yurishadi.
Men tugʻilib oʻsgan Nakurt qishlogʻidagi Qarisoy darasining toʻri – Beshbarmoqota, Parrandozota choʻqqilarining janubiy-shimoliy tomonlari alqorlarga eng qulay maskan.
Bola-oʻsmirligimda otam bilan fermaning qoramollarini boqqanman. U paytlari baʼzi alqorlar hatto podaga qoʻshilishib, oʻtlashib yurishardi. Oʻzim guvohman. Ovchilar koʻp edi, ammo bir oz boʻlsa-da insofli edi chogʻi. Ularning qoʻchqorlaridan – erkaklaridan bitta-ikkita otishardi. Yolgʻon boʻlmasin, olchoq-ochofat ovchilar ham yoʻq emasdi! Shodiboy ismli bittasini bilar edim. U bizga yaqin qarindosh edi.
Oʻshanda toʻqqiz-oʻn yoshlarda edim. Yigirma chogʻli alqor – bir suruv boʻlib yurardi. Bu suruvning sardori ulkan buramashox qoʻchqor, ayricha salobatga, mahobatga ega edi. Nigohlari, qandaydir oʻtkir koʻzlari bamisoli yonardi. Katta otam (bobom) mulla Suyun ovchilarga bu alqorni otmasligini koʻp uqtirardi.
Yoʻq, betavfiq Shodiboy baribir sardor qoʻchqorni otdi. Goʻshtlarini kimlar xomtalash qilganligini bilmayman. Lekin Shodiboy koʻp oʻtmay toʻshakka mixlandi. Shol boʻlib qoldi. Qirq yildan ortiq azob-uqubatda yashab oʻtdi.
Tabiat haqiqati shunday! Tabiat intiqomi shunday!
Yillar oʻtdi. Qancha togʻ qorlari suv boʻlib oqdi. Oʻsha podachi choʻliq bola shoir boʻldi. Taassuroti tiniq shoir boʻldi. Sheʼr yozdi: “Alqorlar”.
Nurota togʻlaridan
ketib borar alqorlar,
Ketib borar boʻzlashib
sarsari va sargardon.
Bu togʻlarga Zargardek
koʻrk edi koʻpdan ular,
Chin oshiq-shaydolarga
fatton koʻzlari armon.
Bugun bunda koʻklamning
zangori toshqinlari,
Oh, na boʻlgʻay alqorlar
shu bagʻirga qaytsalar.
Maysalarga burkangan
hatto qushlar inlari,
Lekin tutib qololmas
hech qandayin maysalar.
Yoʻq, ushlab qololmagay
bezavol buloqlar ham,
Fozilmonota koʻlin
boʻsh qoldi soʻqmoqlari.
Axir, jannat emas, ha,
ushbu yer, ushbu olam
(Aylangaydir jannatga,
ammo bahor chogʻlari!).
Rost, bitta joy iqlimi
jonga tegar gohida,
Lekin ular joniga
tegmagan edi bu joy.
Ayozlarda saqladi
gʻorlar oʻz panohida,
Faqat tuban ovchidan
saqlay olmadi bu joy.
Koʻksida oʻq izlari
ketib borar alqorlar,
Bormisan sayyod koʻzi
tushmagan jonbaxsh makon?..
Alqorlarni qaytargay,
endi men aytsam, doʻstlar,
Bexato, tikka uchgan
oʻqlargina bu zamon!
O, agar, qaytar boʻlsa
oʻqlar dastidan faqat,
Rost boʻlsin, togʻlarimni
mangu tark etganlari.
Rost boʻlsin, sayyodlarga
osib ming tavqi laʼnat,
Oʻq yetmas manzillarga
bosh olib ketganlari!
BIR ALQOR OVIDA
1954 yilning kuzi.
Bodomchali qishlogʻidan kelgan ikki havaskor ovchi va Dehqonboy bobom mulla Suyunni hol-joniga qoʻymay ovga undadi. Mulla Suyun istar-istamas hangi eshagiga mindi. Men ham boraman, deb turib oldim. Maqsadimga erishdim. Ular bilan yoʻlga tushdim. Alqor ovi qiziq-da, axir! Bundan tashqari, men oʻta hangomatalab bolaman. Ovga ishtiyoqmandman. Alqorlarga, kakliklarga ishqibozman.
Havo salqin. Togʻ oʻrmoni junjikkandek, nimadandir xavotirga tushgandek. Doʻlanalar, itburunlar, uchqatlar mevasi nam tortgan. Archalar vazminlashgan. Dara-kamar boʻylab ketgan yongʻoqzor barglari turli tusda: yashil, sariq, qoʻngʻir… yuzlari xoldor. Ular soyni toʻldirib yuborgan. Shu bois suvlar sizilib oqadi. Sizilib oqqan suv tip-tiniq.
Beshbarmoqota qoyalariga yaqin joyda toʻxtadik. Shigʻil mevali katta qizil doʻlana ostida oʻrnashib oldik. Bu yerdan alqorlar chiqadigan qoyalar yaqqol koʻrinib turadi. Ovchi bobolarimning niyati shu yerdan turib ov qilish.
Hali quyosh chiqmagan. Ammo ovchilarning koʻzlari katta qoyada. Men ham unga tikilganim tikilgan. Alqorlarni, albatta, men birinchi boʻlib koʻrishim kerak. Shunday boʻldi ham. Koʻp oʻtmay oftob nurlari togʻ ortidan qoyalarni shuʼlalantira boshladi.
– Ana, alqor chiqdi, katta qoʻchqor ekan, – dedim hayratimni yashirolmay.
Haqiqatdan ham qoʻchqor qoyada sergak, bel boʻlib turardi. U biz turgan tarafga magʻrur koʻz tikdi. Ammo hech narsani payqamadi.
Asosiy ovchi Dehqonboy bobom sekin oʻrnidan yarim turdi. Sheriklariga “qimirlamanglar, men boraman” ishorasini qildi. Shunda, kutilmaganda katta otam mulla Suyun ukasi Dehqonboyga shivirlab maslahat berib qoldi:
– Dehqonboy, – dedi u, – bu qoʻchqor goʻshtini uvol qilma. Oʻqni qoʻchqorga otma, yoniga ot. Shunda alqor qoyadan oʻzini pastga tashlaydi. Yoningga tushadi. Soʻyib olasan. Axir otib, goʻshtni buzib nima qilasan…
Bu gap mergan bobomga maʼqul keldi shekilli, “xoʻp” ishorasini qildi va deyarli emaklab qoya tomon ilgarilab ketdi.
Oʻq gumburladi. Kutilganiday qoʻchqor jon holatda bir sakrab, oʻzini pastga otdi. Havoda muallaq kelar ekan, chaqqonlik bilan burama shoxlarini – boshini aylantirib pastga qaratib oldi. Va boshi bilan bir zarbda yerga urildi. Dara jaranglab ketdi. Hamma bir zum tek qotib qoldi.
Voh-h… Qizigʻi bu yoqda boʻldi. Dehqonboy mergan oʻljasi tarafga chopganida… qoʻchqor sakrab turib, dara enishi boʻylab yelday yugurib ketdi.
Mulla Suyun qah-qah otib yubordi.
– Dehqonboy, yugur, chop-chop, mergan, – dedi u baralla. Havaskor ovchi sheriklar nima boʻlganini hali anglamay lolu hayron.
Oʻsha kuni katta otam Suyun bilan qishloqqa qaytib kelib qoʻydik. U yoʻlda kelayotganimizda menga:
– Buni bilardim, bolam, qoʻchqor alqorni aytyapman, uning tirik qolishini bilardim. U alqorlar suruvining boshchisi, toʻdaboshisi edi. Agar otilganda suruv yoʻlboshchisiz qolardi. Shundoq ham urush tufayli (Ikkinchi jahon urushi nazarda tutilmoqda) sanoqli qolgan suruv sochilib ketardi… Sodda Dehqonboy bobongni bir bopladik-da, – deya kulib-kulib oʻzidan mamnun-mamnun gapirib keldi.
Bugun bobom dunyoda yoʻq. Ammo oʻtib ketgandan keyin ham uni koʻrgan-bilganlar “Mulla Suyun katta ilm egasi boʻlishi bilan birga tovdagi alqorlarniyam choʻponi edi-da”, deya menga koʻp bor gapirishgan.
OV ISHTIYOQI
1973 yil. Men Toshkentda tolib edim. Kechkida oʻqirdim, kunduz ishlardim. Mehnat taʼtiliga chiqdimu qishloqqa joʻnadim. Butun vujudim togʻlarni qoʻmsardi. Togʻlarga talpinardim. Togʻlarda kezishni juda-juda sogʻingan edim. Ota-onam yonida bir kun boʻldimu qadrdonim Oltiboynikiga yoʻl oldim. Oltiboy bilan birgalashib, amakim Tilovqobilni topdik. Tilovqobil mulla Suyunning ikkinchi oʻgʻli. Otamning ona boshqa ukasi. U durustgina ovchi edi. Togʻning toʻrida yashardi.
Bir kun kechgacha ovga hozirlik koʻrdik. Amakim qoʻrgʻoshindan qoʻlbola yakkaoʻqlar yasadi. Sochmalarni patronlarga joyladi. Miltiqlar tozalandi.
Ertasi kuni tongda Kattaqamishloq darasiga yoʻl oldik. Kattaqamishloq oʻz nomiga yarasha. Bu dara-kamarda qora, qizil doʻlanalar koʻp oʻsadi. Ayqashib-chatishib, betartib, istalgan-istalmagan joylarda oʻsib yotaveradi. Ularning orasidan oqbel uchqatlar boʻylab turadi. Irgʻaylar toʻp-toʻp. Xullas, yovvoyi qalin togʻ oʻrmoni.
Katta choshgohgacha birorta alqorga duch kelmadik. Aksiga olgandek kakliklar ham uchramadi. Faqat qayerlardandir ularning oʻqtin-oʻqtin ovozlari eshitilib qoladi.
Men charchab qoldim. Miltiq ham ogʻirlik qila boshladi. Shahar, talabalik nuqsi-da…
Amakim bilan Oltiboyga, sizlar aylanib kelaveringlar, men biroz dam olaman, dedim. Ular ketishdi. Men katta gazaning qoq belida oʻzimcha joy hozirladim. Miltiqni yonimga qoʻydim. Togʻda miltiq, ishlatsang-ishlatmasang, yaxshi hamroh, doʻst boʻladi. U yoningda boʻlsa, koʻngling toʻq. Aslida, mening uchun ov biror oʻljali boʻlish uchun emas, gasht uchun. Ha, goʻsht uchun emas, gasht uchun.
Xullas, gazada uyquga ketdim. Qancha vaqt oʻtgan, bilmayman, meni “dev” bosdi. Turmoqchi boʻlaman, yoʻq, boʻlmaydi. “Dev” dahshatli ogʻirligi bilan ustimda… Bir qoʻlim bilan miltiqni qidiraman… qoʻlim unga yetmaydi… Birdan… “Kalima” qaytarish kerakligi yodimga tushdi, shekilli… “Kalima” qaytara boshladim. O, Xudoyim, “dev” ustimdan koʻtarildi… Nafas oldim, juda yengil nafas oldim… terga botib ketgan tanim qandaydir oromijonlikka oʻtdi. Dast turdim, tagʻin chuqur-chuqur nafas oldim. Miltiqqa yopishdim. Uni oldimu osmonga qarata oʻq uzdim. Togʻ gumburladi. Amakim va Oltiboy hovliqib yetib kelishdi. Ularga nima boʻlganligini aytib berdim. Ha, dedi, Tilovqobil aka, togʻlarning devi boʻladi, har qalay, ota-bobolarimiz shunday, deb kelishgan.
Yaxshiyam “Kalima”ni esingdan chiqarmagan ekansan. “Kalima” kuchli duo… duoda gap koʻp. Boshimdan oʻtgan, meni ham bosgan. Uxlab qolma, deyish esimdan chiqibdi.
Koʻnglimiz ozdi. Nonushta qilib olmoqchi boʻldik va kamar boshidagi Boshbuloqqa ketdik. Buloq qaynab chiqyapti. Hovuchlab-hovuchlab suv ichdik. Oltiboy belidagi belbogʻni yechib, undan non oldi, suvga botirib yedik. Oh, bu nonning shirinligini…
Nogahon oʻq qarsilladi. Beshbarmoqota qoyalari tarafdan… Jim boʻlib qoldik. “Oʻq tegmadi”, – dedi, Tilovqobil aka, “ovchilar bor ekan-da”… “Oʻq tegmaganini qanday bildingiz?”, – dedim akamga. “Ovozidan-da, – dedi akam kulib, – miltiq ovozining farqini ajratolmaydigan kishidan ovchi chiqmaydi”, – deb qoʻshib qoʻydi u.
Tepa tomonimiz potirlab qoldi. Qay koʻz bilan koʻraylikki, bir qoʻzichoqli alqor sovligʻi biz tomonga jon holatda chopib kelardi. Akam zum oʻtmay miltigʻini qoʻlga oldi. Sovliqni nishonga oldi. “Otmang! – deb baqirib yubordim beixtiyor, – otmang!”
Akam otmadi. Ona-bola alqor bizni koʻrdiyu yoʻlini chap qiyalikka burdi… Yengil nafas oldim. “Rahmat, aka, rahmat…”, dedim oʻzim ham nima deyotganligimni yarim anglab-anglamay. Oltiboy menga hayron boʻlib qarab turardi.
Bu olis yillardagi bobom Mulla Suyun saboqlarining xulosalari edi.
ODAM BOʻLMISH
Nakurt qishlogʻidan qirchillama yoshli bir mulla yigit yoʻrgʻa eshagini xalalab, Qoratogʻni oshib Mojrim qishlogʻiga oʻtdi. Oshnolarini ziyorat etib, koʻp siyliqlar koʻrib, kelgan yoʻlidan ortga qaytdi.
Qoratogʻda noyob jonivor – alqorlar yashaydi. Alqor goʻshti juda shirin, tanqis. Ular doim betavfiq ovchilar nishonida. Xullas, sallasini silliq oʻragan yigit Qoratogʻ beliga chiqqanida bir boʻydor achchiq bodom daraxtining chayir ayri shoxiga yetti-sakkiz yoshli qoʻchqor alqor shoxi kirib, oʻralib qolganini koʻrdi. Yoniga bordi. Bir-ikki silkinib, depsinib ikki qayirma shoxni ayridan ajratmoqni jon holatda istagan benajot shoʻrlik alqor nihoyat chiroyli koʻzlarini mulla yigitga tikishdan oʻzga chora topolmadi. Koʻzlarida oʻlim dahshati. Vujudida sarhadsiz titroq. Mullaning niyati buzildi, niyati buzuq chiqdi. Alqor goʻshtining tanqisligini u ham biladi, axir. O, ammo miltiq yoʻq, pichoq yoʻq, xalachoʻp bilan esa alqorni soʻyib boʻlmaydi.
Chorasizlik chora axtaradi. Eshak ayili… va quyushqoni bor-ku… Mulla yigit ularni bir-biriga ulab, qoʻlbola arqon yasadi. Eshagini bir tepib haydab yubordi. Uyni oʻzi topib boradi. Arqonning bir uchi bilan alqorni boʻynidan bogʻladi. Ikkinchi uchini esa beliga bogʻladi. Tamom! Alqorni yetaklab ketadi. U alqor shoxlarini bodom shoxlari ayrisidan ajratdi. Alqor… bir zarb bilan bir quloch koʻkka sakrab, oʻy-xayol tezligida oʻzini qiyalikka otdi. Mulla yigit agʻanab tushdi. Belidan qoʻlbola arqonni yechishga ulgurmadi. Togʻu toshlar sado berdi. Choʻqqidagi burgut bamisoli uchib yelayotgan alqorga, uning yonida toshdan-toshlarga urilib, sudralib ketayotgan odam boʻlmishga hayratda tikilib qoldi…
BOʻRI BOLASI
Boʻri bolasi boʻri, ilon bolasi ilon…
Mengliboy bobo boysunlik galamergan toʻdasidan. Haqiqatan ham ota-bobolarining koʻpchiligi ovchilik bilan shugʻullanardi. Ular Hisor va Bobotogʻda ov qilishardi. Bu togʻlarda kiyikning marol atalmish turi, alqorlar, kakliklar koʻp. Hatto kaklikning noyob xili – hilol kaklik ham shu togʻlarning eng yuksakliklarini egallagan. O, boʻrilarni aytmaysizmi? Qayerda yemak-yemish moʻl boʻlsa, ular oʻsha yerda hoziru nozir.
Katta urushdan eson-omon qaytib kelgan Mengliboy ovga ruju qoʻydi. Ertayu kech oyogʻi togʻda. Kunlardan bir kuni ona boʻrini otib oldi. Uning bolalari bor ekan. Bir narini uyga olib kelib boqa boshladi. Boqqanda ham hech bir narsaga zoriqtirmay boqdi. Kiyik, alqor, kaklik goʻshti bilan mehribonlik qildi. Bir soʻz bilan aytganda, mehr berdi. Oshna tutindi. It kabi ergashtirib, ovlarga chiqib yurdi.
Kunlardan bir kuni navbatdagi ovga chiqishdi. Lekin bugun Mengliboyning ovi baroridan kelmadi. Alqorlaru kiyiklar yuqorilab ketgan edi. Toʻrt-beshta kaklik otib, jildirab oqib yotgan jilgʻa boʻyidagi tugʻdona daraxtining tagini qoʻnalgʻa tutdi. Jilgʻadan chogʻroq hovuzcha yasadi. Tong-saharda ov qilmoqchi boʻldi. Quruq shox-shabbalardan oʻtin toʻpladi. Togʻ tuni sovuq boʻladi, garchi yoz boʻlsa-da etni junjiktiradi. Olovni gurillatib yubordi. O, togʻ daraxtlarining choʻgʻi… jonning huzuri. Kakliklar goʻshtini irgʻay shoxlaridan yasalgan qoʻlbola sixlarga oʻtkazdi. Oromijon choʻgʻda toblab-pishirib yedi, rohatlandi. Albatta, boʻri bolasini – oshnasini ham unutmadi. Kaklik goʻshtidek mazali taom bilan siyladi.
Alla mahal boʻlib qoldi. Uxlamoq kerak. Barvaqt turadi. Oʻrindiq soldi. Qayroqtoshlardan yostiq yasab oldi. Miltigʻini yoniga qoʻydi. Yotib, chakmonini oyqara yopindi. Nogahon Mengliboyning koʻzlari nimadandir bezovtalanayotgan boʻri bolasining koʻzlariga tushib qoldi. Ha, boʻri bolasi qandaydir bezovta edi. Koʻzlari qizargan. Beixtiyor otasi rahmatlining “lop” etib”… boʻri bolasi boʻri, ilon bolasi ilon” degan gaplari yodiga tushdi. U otasi gaplarini bir sinovdan oʻtkazmoqchi boʻldi. Bu ham bir gap-da.
Mengliboy oʻzini uyquga soldi. Lekin chakmon ostidan nigohlari yonidan sal narida yotgan boʻri bolasidan uzilmadi.
O, boʻri! Boʻri! U Mengliboyga bir qarab oldi-da, silkinib oʻrnidan turdi. Jilgʻa tomon yoʻnaldi. Jilgʻadagi boya Mengliboy yasab qoʻygan hovuzchaga agʻanadi, bir-ikki dumaladi-da, hamma joyini suv-hoʻl qildi. Orqasiga qaytib, bozillab turgan choʻgʻlar ustiga silkindi. Bu holat ikkinchi bor takrorlandi. Ovchining hayrati oshdi. Nima qilmoqchi u? Uchinchi bor boʻri bolasi jilgʻa yoqqa ketganda, apil-tapil oʻrnidan turdi. Chakmon ostiga toshlarni, bir-ikki tarashani, xuddi oʻzi yotganday qilib taxladi va miltigʻini olib, daraxtga chiqib, joylashib oldi. Boʻri bolasi qaytib kelib, tagʻin chala oʻchinqiragan choʻgʻlar ustida silkindi. Choʻgʻlar hali oʻchmagan, chala yonayotgan tarasha buriqsirab tutardi. Boʻri bolasi yana jilgʻa tomon ketdi… keldi… nihoyat, oʻt batamom oʻchdi!
O, boʻri! Boʻri… oʻzini chakmon ustiga zarb bilan otdi! Chakmonni gʻajib tashladi.
Mengliboy hammasini koʻrdi, tushundi va… qoʻshogʻiz miltiqdan otilgan ikki oʻq tun sukunatini buzdi!
Boʻri bolasi boʻri, ilon bolasi ilon, deganlari haqqost-rost boʻlib chiqdi!
Azim SUYUN
“Yoshlik”, 2014 yil 2-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/nevaralarim-uchun/