DO`STLARGA ULASHING:
Bundan taxminan 20 yil avval, ilk mobil qurilmalar yaratilganida, telefonlar tarmoqqa ularga ishlab chiqarish paytida zavodda yozilgan maxsus raqamlar yordamida ulangan. Albatta, bu xaridor va ishlab chiqaruvchi uchun bir qator noqulayliklarni keltirib chiqargan. Ushbu muammoning yechimi sifatida olimlar abonent identifikatori vazifasini bajaradigan maxsus mikrosxemali qo‘shimcha kartalarni ixtiro etishgan. Bunday kartalar ayni paytda GSM, UMTS, LTE kabi turli tarmoqlarda faol qo‘llanilib, unda mobil operatorga zarur bo‘lgan bir qator muhim ma’lumotlar saqlanadi. SIM (subscriber identity module) so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, abonent identifikatsiyasi moduli degan ma’noni anglatadi. Vaqt o‘tgan sari SIM karta turlari ham o‘zgarib bordi. Quyida ularga qisqacha ta’rif beramiz:
Standart SIM karta
Ilk SIM-kartalar hozirgi bank plastik kartalari shaklida bo‘lgan desam, balki sizga kulgili tuyular. Ammo, haqiqatdan ham, birinchi SIM-kartalar mana shunday yirik o‘lchamda bo‘lgan va uni joylashga imkon beradigan katta hajmdagi mobil telefonlarga o‘rnatilgan. Ushbu SIM-kartalar abonentning telefon raqamini o‘zida saqlab, telefonni tarmoqqa ulashga xizmat qilgan. Albatta, uning xotirasiga qo‘shimcha tarzda abonentga qarashli yana bir nechta kontaktlarning raqamini saqlash mumkin bo‘lgan.
Mini SIM-karta
Bunday form-faktordagi kartalar SIM moduli rivojlanishidagi keyingi bosqich bo‘lgan. Avvalgi karta turlariga qaraganda ixchamroq o‘lchamga ega bo‘lgan mini SIM-karta uzoq yillar davomida o‘zgarmagan. O‘lchamlari – 25x15x0.76 mm. Mini SIM-kartani mobil telefon korpusiga o‘rnatish, uning xotirasiga 250 ta kontakt, shuningdek, mobil operator va abonentga qarashli ma’lumotlarni saqlash mumkin bo‘lgan. Hozirgacha ba’zi smartfonlar va aksar tugmali mobil telefonlarda mini SIM-kartadan foydalaniladi.
Micro SIM-karta
Micro SIM-kartalar mini SIM-kartalarga qaraganda yanada kichikroq o‘lchamda bo‘ladi. Shuningdek, bunday kartalarni 3FF deb ham nomlashadi. Bunda 3 raqami mazkur turdagi SIM-karta uchinchi avlod modullariga tegishli ekaniga ishora. Birinchi va ikkinchi SIM-karta turlari haqida yuqorida yozib o‘tdik. Micro SIM-karta 15x12x0.76 mm o‘lchamga ega, ixtirochilar karta atrofidagi keraksiz joyni kesib tashlab, unda faqat telefonga ulanadigan kontakt chipini qoldirishgan. Bundan bir-ikki yil avval ishlab chiqarilgan aksariyat mobil telefonlar aynan mana shu turdagi kartalardan foydalanadi.
Nano SIM-karta
Bugungi kunda mavjud eng kichik va ayni vaqtda shiddat bilan ommalashayotgan SIM-karta turi. 12,3×8,8×0,67 mm o‘lchamdagi Nano SIM-karta (4FF) Yevropa telekommunikatsiya instituti tomonidan 2012 yilning oktabrida tasdiqlangan. Shu bilan birga, abonentlarga qulaylik tug‘dirish maqsadida mini, mikro va nano SIM-kartalarni umumlashtirgan MultiSim kartalar ham operatorlar tomonidan taklif etilmoqda. Vaqt o‘tib mazkur SIM-karta ham foydalanishdan chiqarilishi mumkin. Chunki hozirda ba’zi mobil operatorlar abonent identifikatsiya raqamini onlayn tarzda telefonga yuborish texnologiyasini ham ishlatishmoqda. Bunda abonent virtual identifikatsiya moduli bilan ta’minlanadi.
Mavlon Marasulov Terabayt.uz