Nazir Safarov (1905–1985)

Oʻzbek adabiyotida publitsist, ocherknavis va dramaturg sifatida tanilgan Nazir Safarov 1905 yili Jizzax shahrida, temirchi oilasida tugʻildi. U yangi maktablarda oʻqidi, birinchi ziyolilar qatori uzoq qishloqlarga borib dars berdi. Jizzaxda tashkil qilingan “Sanoyi nafisa” toʻgaragidagi ishtiroki boʻlgʻusi dramaturg taqdirini belgilab berdi.

Nazir Safarov oʻzbek dramaturgiyasining shakllanishida maʼlum iz qoldirgan “Tarix tilga kirdi” (1931), “Uygʻonish” (1939), “Sharq tongi” (1954) kabi sahna asarlarini yaratdi.

Urush davrida Nazir Safarov harbiy jurnalist sifatida frontning oldingi jabhalarida boʻlib, jangchilarning qahramonligi haqida hikoya qiluvchi “Oʻq oʻtmas botir”, “Vodillik qahramon”, “Sevgi”, “Soʻnggi nafasgacha”, “Oʻzbek farzandlari”, “Qahramonning tugʻilishi” kabi qator ocherklar yozdi.

Uning urushdan keyingi davrda hayotdagi yangiliklar, yaxshi tashabbuslar targʻibotchisi sifatida yaratgan asarlari alohida diqqatga sazovor. “Uzoqni koʻzlagan ayol” qissasi shular jumlasidandir. Yozuvchining 1954–1957 yillarda yaratgan zamonaviy mavzudagi katta asarlari “Hayot maktabi”, “Elmurod” (Ya. Xudoyqulov bilan hamkorlikda) pyesalaridir.

Dramaturgiya sohasidagi xizmatlari uchun Nazir Safarovga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” unvoni berilgan (1955).

Adib Ikkinchi jahon urushida oʻzbek jangchilarining qahramonliklaridan hikoya qiluvchi “Lukash botir” (Ya. Xudoyqulov bilan hamkorlikda) dramasini yaratgan.

Nazir Safarov “Oltinoy”, “Olma olmadan uzoqqa tushmaydi”, “Ahmadali oʻz baxtini qanday topdi” kabi bir qancha puxta hikoyalar muallifi hamdir. Uning “Bir tomchi qon” (1967), “Koʻrgan-kechirganlarim” (1968) nomli qissalari, “Navroʻz” (1973) romani 60-yillar adabiyotida sezilarli voqea boʻlgan. “Koʻrgan-kechirganlarim” asari uchun muallifga Respublika Davlat mukofoti berilgan (1968).

U 1975 yilda 70 yoshga toʻlishi munosabati bilan “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga muyassar boʻlgan edi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/nazir-safarov-1905-1985/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x