NAZIR AKBAROBODIY (taxallusi; asl ism-sharifi Sayid Vali Muhammad, 1735, Dehli — 1830, Agra) — hind shoiri. Urdu tilida ijod qilgan ilk xalq shoiri. U sheʼriyatga oddiy mehnatkash obrazini olib kirgan. Doston, gʻazal, ruboiy, masnaviy, qasida hamda hajviy sheʼrlar yozgan. Ijodida dunyo va axli dunyo mavzusi katta oʻrin egallaydi. Nazir Akbarobodiy tabiat manzaralari, turli xalq sayillari, hindular, musulmonlarning bayramlarini yuksak badiiy mahorat b-n, jonli tarzda bayon qilgan. «Odamnoma», «Banjarnoma», «Oqibat», «Yomgʻir mavsumi manzarasi», «Kashshoqlik», «Baxti qaro shahar» kabi asarlari mashhur.
Nazir Akbarobodiy sharq adabiyotida keng tarqalgan Farhod va Shirin, Layli va Majnun syujetlari bilan bir qatorda qad. hind adabiyotidagi (Ram va Sita, Nala va Damayantiy), shuningdek, panjob ogʻzaki ijodidagi obrazlarga (Hiyr va Ranjha) ham murojaat qilgan.