Nazari ibrat

Nazari ibrat deb har bir narsaga sinchiklab boqub, shundan oʻziga bir hissa ibrat olmoqni aytilur.

Xulqlarning eng afzali, insonlar uchun eng keraklisi nazari ibratdur. Inson nazari ila boqub dunyo kitobindan oʻz qadr-hissasini bilub olmak lozimdur. Maʼrifat sohibi boʻlmak uchun ahvoli olamdan xabardor boʻlmak kerak. Shuning uchun aql sohiblari, fatonat egalari oʻzlariga foydasi boʻlsa-boʻlmasa sinchiklab qaragan narsalardan bir hissa olmay qoʻymaslar. Hozirgi zamondagi taraqqiy qilgan millatlarning hunar va sanʼatlarining barchasi ilmi va nazari ibrat soyasida namoyon oʻlub, olamni munavvar va musaxxar qilmishlar. Bizim shariati islomiyada har narsani eʼtiborga olub, shundan ibrat hosil qilub, axloqini tuzatmak vojibdur. Hazrati Ali raziyallohu anhu: “Dunyoda eng muntazam dorul-ulum nazari ibratdur. Ibrat koʻzlarining pardasi ochilmagan kishilar dunyo kitobida yozilgan haqiqatni koʻrolmaslar. Koinot kabi mukammal bir sahnai ibratdan foydalana olmagan kishi hech bir muallimi hikmatdan bahramand boʻlolmas”, – demishlar.

Mavlono Rumiy: “Janobi Haqning osori qudratlarini basirat koʻz ila, nazari ibrat ila tamosha qilinsa, koʻp hikmatlar koʻrilur. Chunki haqiqat ilmining muallimi chashmi ibratdur. Haq chashmi ibrat ila mushohada qilinur”, – demishlar.

Bir koʻr hazrati Luqmonning oldilariga kelub, “agar koʻzimni ochsangiz, men sizga qul boʻlurman”, – demish. Hakim koʻrni maʼrifat sohibi ekanini bilub, jonim, koʻzingning pardasini ochmoq mumkin, lekin nazari ibratni ochmoq qoʻlimdan kelmaydur”, – demishlar. Koʻr: “Yo Luqmon! Sizning shuhratingiz faqat parda ochmoqdan iborat boʻlsa, sizni hakim demay tabib demak lozim ekan”, – deb hazrati Luqmonning ibrat koʻzini ochmishdur. Janobi Haq biz musulmonlarning ham koʻzimizdan gʻaflat pardasini koʻtarub, ibrat koʻzlarimizni ochsa edi.

 

Och koʻzlaringni, bas, bu qadar gʻaflat, ey koʻzim,

Umring gʻanimat, och nazari ibrat, ey koʻzim!

Ibrat koʻzingni ochmasang, atrofingga boqub,

Bir-bir ketar qoʻlingdan uchub davlat, ey koʻzim!

Mol oʻlsa borcha hamdam-u yor-u birodaring,

Qochgay urugʻlaring yoʻq esa, sarvat, ey koʻzim!

Hosili zamonda ilm ila davlatda eʼtibor,

Sarmoyai saodat har millat, ey koʻzim.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nasr/nazari-ibrat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x