NAX-DOGʻISTON TILLARI — kavkaz (iberi-kavkaz) tillarining bir tarmogʻi. Checheniston, Ingushiya, Dogʻiston respublikalarida, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiyaning ayrim hududlarida tarqalgan 29 ta tilni oʻz ichiga oladi. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 2,5 mln. kishiga yetadi. N.-D. t. oʻz navbatida 5 yoki 6 guruhga boʻlinadi. Ularning asosiylari: nax tillari (chechen, ingush, basbi), avar-and tillari (avar, botlix, godoberi, axvax, karatay, tinda chamali, and), lak-dargʻin tillari (lak, dargʻin), sez tillari (sez, bejtin, gunzib, xvarshin), lazgin tillari (lazgin, tabasaran, agul, rutul, saxur, archin, udin, xinalug). Fonetikasi unlilar tizimining moʻtadil rivojlanishi (3—10) va un – ! doshlar tizimining murakkabligi (35—40) bilan ajralib turadi. Ayrim tillarda unlilar miqdori 15—20 tagacha yetadi. Unlilar choʻziqlik boʻyicha farqlanmaydi. Bir qator tillarda burun, boʻgʻiz va umlautli unlilar mavjud. Morfologiyasi agglyutinativ xususiyatga ega. Affiksatsiya, oʻzaklar takrori asosiy grammatik vositalardan hisoblanadi. Suffiksal soʻz yasalishi prefiksal usulga qaraganda keng qoʻllanadi. Ot va feʼl morfologiyasi rivojlangan. Kelishiklar miqdori ancha koʻp. Sintaksisi va undagi sintaktik holatlar turkiy tillardagiga ancha yaqin. Ushbu tillarning lugʻat tarkibi, aso-san, ularda qadimdan qoʻllanib kelgan soʻzlar va ulardan yasalgan leksemalardan iborat. Ularda turkiy, arab, fors tillaridan oʻzlashgan, rus tilidan kirib kelgan soʻzlar ham anchagina.
N.-D. t. dan chechen, ingush, avar, lak, dargʻin, lazgin, tabasaran tillari 1921-y. gacha arab grafikasi asosidagi, 1921— 38 y. larda lotin grafikasi asosidagi yozuvga ega boʻlgan; 1938-y. dan esa rus grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanib kelinmoqda. Bu guruhdagi bosh-qa tillar oʻz yozuvlariga ega emas.