DO`STLARGA ULASHING:
1-boshlovchi:
Bugun shodiyona Navro’zi olam,
Orziqib kutilgan navbahor to’yi!
Assalom yangi yil! Assalom bayram!
Senga atalgusi yuraklar kuyi.
2-boshlovchi:
Yuraklarga solib hayajon,
Eshik qoqar biz kutgan mehmon.
Yelkasida bayram libosi,
Qo`llarida ochil dasturxon.
Dala dashtga bag`ishlab chiroy,
Yurtga keldi yana ko`klamoy.
1-boshlovchi: Assalomu alaykum, davramizga tashrif buyurgan aziz ustozlar va qadrli o’quvchilar, bahor ayyomingiz muborak bo’lsin.
2-boshlovchi: Assalomu alaykum, shodiyonamiz mehmonlari va ishtirokchilari. Sizlarni Navro’z – bahor bayrami, yasharish, poklanish bayrami bilan chin dildan tabriklaymiz. Bugungi kuy-qo’shiqlarimiz sizlar uchun.
1-boshlovchi:
Darhaqiqat, Navro`z – yashnash va yasharish bayrami, tabiatning uyg`onishiga guvoh bo`lmish yangi kunning boshlanishidir.
2-boshlovchi:
Ha, Navro’z bayrami xalqimizning qadimiy va o’lmas an’analarini o’zida jo qilgan milliy bayramimizdir. Bugungi shodiyona kun bilan barchangizni yana bir bor tabriklab, tadbirni ochib berish uchun so’z navbatini maktab ____________________________ ustozga bersak.
1-boshlovchi:
Chechaklar barq urib, keldi Navro`zim,
Don-dunim, osh-nonim ham rizqu ro`zim,
Jahonga tik boqqan sen qora ko`zim,
Xush kelding Navro`zim, dillarga hamdam,
Bizning quvonchlardan quvonsin olam.
2-boshlovchi:
Navbatni 9-”V” sinf o’quvchisi Shodiyeva Sabohat tayyorlab kelgan ”Milliy an’analarimiz faxrimizdir” deb nomlangan ma’ruzaga beramiz.
So’ng O’quvchi qizlar tomonidan raqs ijro etiladi.
1-boshlovchi:
Bugun Navro’z bayrami
Zo’r tantana, hamma shod.
Ona yurtga quvnaymiz,
Baxtiyormiz umrbod.
2-boshlovchi:
Yayrab-quvnar bolalar,
Qaldirg’ochday chug’urlab.
Navro’z keldi yurtimga.
Dalalarga shoshaylik,
Keling do’stlar barchamiz
Kuy, qo’shiqlar kuylaylik.
1-boshlovchi: Menimcha, bugungi bayramni ko’tarinki ruhda o’tkazish uchun har bir sinf o’quvchilari astoydil tayyorgarlik ko’rgan bo’lsa ajabmas. Navbatni Navro’z haqidagi she’rlarga bersak. Marhamat tinglab dam oling.
7-sinf o’quvchilardan terma chiqadi. Jami 7 kishi.
Qo’shiq. 9-“B” sinf Xurramov Jahongir. “Hay mayli”
1-boshlovchi:
Sening iltifoting, ehsoning bilan
Do’stlar diydoriga bir-bir to’yaylik
Adirlar qo’ynida aytib sho’x o’lan
Shaddod bolakayday yayrab kulaylik.
2-boshlovchi:
Yana bahor keldi, yana olamda,
Ajib bir go`zallk, ajib bir hayot.
Men seni qutlayman shu ulug` damda,
Ulug` yelkadoshim muzaffar hayot.
1-boshlovchi:
Navbat 9-sinf o’quvchilari ijrosidagi “Sen bahorni sog’inmadingmi?” she’riga.Marhamat.
Qo’shiq. 8-“A” sinf Sayfullayev Abbos. “Chaman ichinda bir gul” . Raqsida qizlar. 6-“A”
1-boshlovchi:
Bu tong egnida atlasdan ko’ylak,
Shafaqqa o’ralgan qizlarday gulgun.
Ilk bora ko’z ochib chiqqan boychechak,
Sanamlar qo’liga intizor bu kun.
2-boshlovchi:
Bu kun go’zallikning qutlug’ ayyomi
Qizlarning ko’klamga mosligidir bu.
Yurakda limmo-lim muhabbat jomi
Bahor kelganining rostligidir bu.
1-boshlovchi: Aziz o’quvchilar, hozir sizning olqishlaringiz ostida davramizga yanada fayz qo’shishi uchun “Bahoroy” ni taklif etsak. Marhamat!
2-boshlovchi: Olqishlab turamiz o’quvchilar.
Bahor valsi musiqasi ostida davraga “Bahoroy” kirib keladi. Davrani bir aylanib chiqib boshlovchilar oldiga keladi.
2-boshlovchi:
Xush kelibsan, bahorim,
Bu diyorga marhabo!
Shuhrati olamga ketgan
Gul diyorga marhabo!
Bahoroy:
Assalomu aleykum meni intiq bo’lib kutgan azizlarim, mehribonlarim! Barchangizga qorli tog’lardan, qir-adirlardan, keng dalalaru chaman bog’lardan salom keltirdim. Sizlarni shodlik va mehnat bayrami, nafosat va go’zallik ayyomi – Navro’zi ayyom bilan chin qalbdan tabriklayman va huzuringizga Navro’zoyni chorlayman.
1-boshlovchi:
Quyosh tegrasida aylanib falak,
Tabiat bezanib misli kelinchak.
Bugun yuz ochibdi turfa xil chechak
Assalom, Yangi kun, assalom Navro’z!
2-boshlovchi:
Yana tenglashibdi kecha va kunduz
Ko’kda nur taratar yarqirab yulduz.
Lablarda tabassum, aytib shirin so’z
Assalom, Yangi kun, assalom Navro’z!
«Navro’zim» qo’shig’i ostida sahnaga “Navro’zoy” o’ynab-quvnab kirib keladi. Sahnaga 1-sinf boshlang’ich sinf o’quvchilari raqsga tushadi. Davrani aylanib Bahoroy va boshlovchilarning oldiga keladi.
Navro’zoy:
Salom, mening qadrdonlarim! Ollohga shukronalar bo’lsin siz-la diydor nasib etganiga. Mana, 4 ming yil bo’layaptiki, sizlar bilan birgaman. Yovuz niyatlilar meni yo’qotmoqchi, yo’q qilmoqchi bo’ldilar. Ammo ezgulik doimo g’alaba qiladi. Mustaqillik sharofati bilan men yana qad rostladim va bugun huzuringizda turib, ezgulik va poklanish bayrami bilan sizni qutlash baxtidan mamnunman.
Bahoroy:
Dimoqqa yalpizlar nafasi urar,
Yurakda muattar chechaklar kular.
Bir suluv kelinchak salomga kelar.
Qadaming qutlug’ bo’lsin, aziz mehmonim,
Navro’zing muborak, O’zbekistonim!
Navro’zoy:
Istiqlol tongida dillar chulg’ondi,
Yuraklar to’lg’onib, dillar uyg’ondi.
Navro’z navolari jonni yayratib,
Ona yurt og’ushi gulga burkandi.
Hurlik Navro’zida aytingiz alyor,
Alyorlarga jo’r bo’lsin soz ila ash’or.
2-boshlovchi: Rahmat sizga Bahoroy va Navro’zoy. Sizlarning tashrifingiz barchani quvontirib yubordi. Endi tadbirimizni tomosha qilib o’quvchilarimizning chiqishlarini tomosha qilsak.
1-boshlovchi:
Bahor keldi,
Gul ochildi,
Nur sochildi borliqqa.
Oh qandayin O`yin-kulgu,
Yurak to`ldi shodlikka.
2-boshlovchi:
Qayga boqsang
Bir go`zallik:
Ko`k shohiga o`ralgan.
Qir, adirlar
Yonbag`riga
Qirmiz gilam to`shalgan.
1-boshlovchi:
Navro’z kunlaridagi shodiyonalik, tabiatda yuz beradigan uyg`onish , go`zal manzaralarning
jonli va yorqin manzarasi xalq qo`shiqlarida kuylangan.
2-boshlovchi:
Marhamat tinglaymiz. Xalq laparlari – yigit va qizlar ijrosida. 9-B
Laparlar tugagandan so’ng “Xorazm lazgisi” raqsi. 8-G
1-boshlovchi:
Tabiatda bugun o’tli uyg’onish.
Nur bilan kiradi dilga orzular.
Yurakda shodlik etadi xonish
Labdan labga ko’char mayin kulgilar.
2-boshlovchi:
Quyosh kirib kelar, ham xonadonga
Barobar ulashar yog’dusin bugun.
Quyosh tabassum etar jahonga
Ushalar dildagi orzular bugun
1-boshlovchi:
Barchamizga ma’lumki, yurtboshimiz tomonidan 2016-yil – “Sog’lom ona va bola yili” deb e’lon qilindi. Bu esa biz yoshlarga berilayotgan g’amxo’rlikning yana bir ifodasi bo’libgina qolmay, sport bilan shug’ullanishimiz davlatimiz e’tiborida turganligini chuqur his etishimiz lozim. Va shunday ekan biz barchamiz “Sport bilan shug’ullanishni” hayotiy shiorimiz deb bilmog’imiz kerak.
2-boshlovchi:
Navbatni sportchi o’quvchilarning chiqishlariga hamda xalq o’yinlaridan ko’rinishlarga beramiz.
O’quvchilar Sportchilar musiqasi sadosi ostida turli ko’rinish chiqishlarini namoyish etadilar. Milliy o`yinlar ko`rsatadilar (chillak, kurash, varrak uchirish, arqon tortish)
1-boshlovchi: Tabrik uchun so’z __________________________________ __________ga
2-boshlovchi: Azizlar! Barchangizni yana bir bora nafosat va go’zallik ayyomi bilan chin dildan samimiy qutlaymiz. Yangi yil barchamizga olam-olam quvonch va shodlik, yurtimizga to’kinlik va farovonlik olib kelsin. Sog’-salomatlikda uchrashishni Olloh nasib aylasin. Endi barcha-barchani sho’x va ajoyib raqslarga taklif etamiz. E’tiboringiz uchun rahmat.
Ssenariy tuzuvchi: Azamat To’liyev
fayl.zn.uz