Navro’z Yaqin Sharq hamda O’rta Osiyo xalqlarining eng qadimgi bayramlaridan biri, biz orziqib kutgan yangi kundir. Navro’z bahorning boshi, ko’klam elchisi. Qaldirg’ochlar o’zi bilan yurtimizga rizq-baraka, qalbimizga bahoriy iliqlik, bog’-u rog’larimizga esa gul-u chechaklarni olib keladi. Navro’zning tarovati bahorning ilk kunlaridayoq bizni qamrab oladi. Uning mayin nafasi har bir mahalla, har bir ko’cha, har bir xonadonda taraladi. Ayni vaqtda istirohat bog’larida bayramni madh etuvchi kuy- ko’shiqlar yangrab, karnay-surnay sadolari dillarni xushnud qilmoqda. Nuroniy otaxon-u onaxonlarimiz qo’llari duoda: “Har kuning Navro’z bo’lsin!” Ana shunday bayram dasturlaridan biri Termiz davlat universitetining bilimga chanqoq talabalari tomonidan o’zgacha shukuh bilan munosib nishonlandi. Viloyatimizdagi “Do’slik” istirohat bog’ida tantanali tusda o’tgan Navro’z ayyomining har yilgidanda o’zgacha o’tgani talaba yoshlarning Navro’zga peshvoz chiqishga puxta tayyorgarlik ko’rganidan dalolat berib turardi. Milliy qadriyatlarimiz bo’lgan asori-atiqalar, Surxon vohasining kamalakdek jilo kasb etib kelayotgan so’zana-yu kashtalarimiz, momolardan meros bo’lib kelayotgan milliy taomlarimizdan iborat bayram dasturxoni bayram ko’rkiga ko’rk qo’shdi. Har bir fakultet doshqozonida qaynagan sumalak qishdan toliqib chiqqan voha aholisining tanlariga darmon bo’lib, kuch-g’ayrat baxsh etdi. Talaba yoshlarning doshqozonda qaynayotgan sumalakni yaxshi niyatlar ila qo’zg’ashi bilan janub quyoshi munavvar etgan dillarini yangidan yangi orzu-umidlarga to’ldirgandek bo’ldi Ayniqsa, Jismoniy madaniyat fakulteti talabalari tomonidan milliy an’analarimizni o’zida uyg’unlashtirgan turli xil o’yinlar, sport musobaqalari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Termiz davlat universiteti Musiqa ta’lim yo’nalishi iqtidorli talabalari tomonidan ijro etilgan Bahor va Navro’zni madh etuvchi musiqali chiqishlari ishtirokchilarga yanada ko’tarinki kayfiyat bag’ishladi. Tabiiyot-geografiya fakulteti talabalari tomonidan keltirilgan tovus, bedana, g’oz, o’rdak, to’tiqush va Sherobod tumanidan keltirilgan Gosha ismli gapiradigan qarg’a esa barchaning e’tiborini tortdi. Surxon elining qadim afsonasidagi Alpomish va Barchinoy obrazlari, kelin salom-u lapar-aytishuvlari Navro’z bayramini haqiqiy to’yga aylantirdi. Bayram tantanalari so’nggida hakamlar hay’ati tomonidan har bir fakultet talabalarining milliy urf-odatlarimizga bo’lgan munosabati kiyinish madaniyati, bayram taomlari, asori-atiqalari, milliy ko’rgazmalari munosib baholanib, eng oliy o’ringa Tabiiyot-geografiya fakulteti loyiq deb topildi. Shu o’rinda siz aziz yurtdoshlarimizga yil boshi hisoblangan Navro’z ayyomi qutlug’ kelsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to’kin bo’lsin. Navro’z bayrami shukuhi hech birimizni tark etmasin.