NAVROSKIY Yevgeniy Lvovich (1886, Kiyev —1921.1.2, Toshkent) — seleksioner olim, Oʻzbekistonda oʻrta tolali gʻoʻzaning dastlabki seleksiya navlarini yaratgan. Andijon tajriba dalasi seleksioneri (1912—20). Russel va Triumf amerika gʻoʻza navlaridan koʻp marta tanlash usuli bilan Navroskiy [(0100), 1913] va Navroskiy zafari (Triumf Navroskogo, 0251), 1915] navlarini chiqardi. Navroskiy yaratgan gʻoʻza navlari paxtachilikning rivojlanishida katta rol oʻynadi va 20-a. ning 20-y. laridan Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda ekilgan asosiy navlar boʻldi.
Navroskiyning asosiy ilmiy ishlari gʻoʻza navlarini yaratish va sinash masalalariga bagʻishlangan.