Yigirmanchi asr oʻzbek sheʼriyatida Usmon Nosir degan hodisa xuddi yashindek paydo boʻldi. U oʻzigacha boʻlgan sheʼriyatni oʻz uslubi, ovozi va isteʼdodi bilan oʻzgartirib yubordi. Bu ishni juda qisqa muddat davomida qilgan ijodi bilan bajardi. Kutilmagan tashbehlar, yoniq kayfiyat, soʻzlarni bevosita yurak zarbiga monand qilib qoʻllash, oʻquvchiga chaqmoqdek taʼsir oʻtkazish, hayajonga oʻrab tashlash faqat Usmon Nosirgagina xos boʻlgan uslubdir. Darhaqiqat, Erkin Vohidov taʼkidlaganidek, biz uni faqat navqiron shoir sifatida tasavvur etamiz. U navqiron yoshligini shunday misralarda chizadi:
Hali gul yoshligim shamolday oʻynar,
Sevgim biron qizda tinmagan hali.
Hali sochim qora, ishq-la tarayman,
Oppoq qirov dona inmagan hali.
Ushbu satrlardagi yoshlikning shamolday oʻyinqaroqligi, sevgining biron qizda “tinmagani”, qora sochini ishq-la tarashi kabi chizgilar har qanday kishini oʻziga tortadi va oʻquvchi navqiron shoirni beixtiyor koʻz oldiga keltiradi. Parchadagi har bir qatorda “hali” soʻzi qoʻllangan. Bu soʻz kapalakka oʻxshash yoshlik misoli har bir satrga oʻynab qoʻnib yurganday tuygʻuni ifodalaydi. Jahon xalqlari adabiyoti bilan tanishishi natijasida Usmon Nosir oʻzbek sheʼriyatini yana bir pogʻona koʻtardi. U ijod bilan juda erta shugʻullana boshlagan edi. Shoir yosh boʻlsa-da, “dardlari daryodek oqin” edi:
Yosh edim, yer goʻyo tor edi,
Dard yeli sochimni toʻzdirgan.
Osmonga koʻz tashlay olmasdim,
Kiprigim ogʻirlik qilardi.
Chinakam shoirni dard hech qachon tark etmaydi. U har daqiqa boʻlsa-da, xalq dardi, vatan ishqi, hurriyat tuygʻusi va oʻzining ruhiy ogʻrigʻi bilan yonib turadi. Usmon Nosir ham millatning ana shunday farzandidir. Parchada aytilganidek, shoir yosh boʻlsa-da, yer goʻyo tor edi. Aslida inson bolalik chogʻida dunyo uning koʻzlariga cheksiz koʻrinadi. Gʻam-tashvishi bilinmaydi. Lekin har kim dunyoni oʻzicha qabul qiladi. Usmon Nosir yashagan davrni hisobga oladigan boʻlsak, uning bolaligi murakkab tarixiy davrga toʻgʻri kelganini idrok qilamiz. Shu bois shoir yoshligidan atrofdagi voqealarga teran nigoh bilan boqadi. Hatto u shabadaning esishini ham dardli edi, sochimga qadar toʻzdirgan deya ilgʻaydi.
Usmon Nosir sheʼrlarida kurashchanlik bor. U xalq va vatan manfaati yoʻlida doimiy kurashga tayyor. Shuning uchun u oʻz oʻquvchilaridan joʻshib turishni, doimo oldinga intilishni talab qiladi. Yoʻqsa, u bunday ishni qilolmaydigan ojiz kimsalarni dargohidan haydaydi:
Koʻz oldimda muzdek qotib turasan sen,
Yaramaysan kurashlarga, begona sen!
Jahlim yomon saqlanib qol.
Ol, nuri yoʻq oynangni ol,
Soʻngra yoʻqol dargohimdan!
Shoirning “Yoʻlchi” sheʼri kurashchanlik ruhida yozilgani uchun ham Sobiq Shoʻrolar zamonida unga koʻp tazyiqlar oʻtkazilgan. Ayniqsa, bunday achchiq kunlarning yosh shoir boshiga tushishida oʻzimizdan Shoʻrolar malaylarining, uning yosh, joʻshqin isteʼdodini koʻrolmaydigan kimsalarning chiqqanligi naqadar achinarli hol. Oʻzbekning chinakam oʻgʻlonining barq urib turgan yoshligi qaysidir maʼnoda shunday kimsalarni deb xazon boʻldi. Lekin vaqt hammasini yodida tutadi, koʻrsatadi. Shunday kimsalar oʻsha davrda qandaydir yoʻllar bilan katta-katta unvonlar olgan boʻlsa-da, bugungi kunga kelib ularni hech kim eslamaydi ham. Xalq hech qachon Usmon Nosirday oʻgʻlonlarini unutmaydi. Shoirning olamni qabul qilishidagi falsafiy fikrining yosh boʻlsa-da juda chuqurligi, kelajakni qoʻrqmasdan baralla ayta olishi uning asarlarida oʻziga xos pafosda koʻrinadi. Xususan, 23 yoshida yozishga jurʼat qilgan “Bogʻim” sheʼrida u oʻz kelajagi suvratini oʻchmas boʻyoqlarda chizib ketdi:
Bargdek uzilib ketsam,
Unutmas meni bogʻim.
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur,
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bogʻim!
Sheʼrlarim yangrab qolur…
Bir umrga oʻlmayman!
Hayotimning davomi –
Kelajagimga homiy,
Oʻrnimga bogʻbon boʻlur:
Bir umrga oʻlmayman!
Shoir tabiat bilan hamnafas inson ekanligi sheʼrlarida ham seziladi. Tabiatning har bir jilosi, goʻzalligi shoirning doimiy nazarida boʻladi. U bunday jarayonlarni sheʼrlariga mohirlik bilan koʻchira oladi. U sheʼriyatni bogʻga qiyoslaydi. Oʻzini shu bogʻ aro bir barg deb biladi va “bargdek uzilib ketsam” deya goʻzal va ayanchli bir oʻxshatish yaratadi. U yosh boʻlsa-da, uzilib ketgach, ijodi uning oʻrniga bogʻbon boʻlishini, oʻzi shu ijodi orqali bir umrga oʻlmasligini ayta oldi va buni isbotladi.
Usmon Nosir sheʼrlarining aksariyati turli sabablarga koʻra qilgan sayohatlari davomida yozilgan. Bular orasida “Yur, togʻlarga chiqaylik” Arman togʻlari, “Dengiz oyna kabi yaltirar” Boltiq dengizi, “Qarab” Murmansk, “Dengizga” Oq dengiz, “Shafaq – uzun qizil lenta” deb boshlanuvchi sheʼri Kaspiy-Boku boʻylari, “Xayr, Sevan” Yerevan safarlari davomida yozilgan.
Shoirning ushbu sheʼrlaridagi nekbin tuygʻular ifodasi, hazin kayfiyat, boʻyoqdor tashbehlar, ritorik qaytariqlar uning shoirlik mahorati mahsulidir: “keng nafas oldim”, “nega muncha dil oqar, qaltirar?”, “tomchilar suvdek ezilgan mehrim”, “shafaq – uzun, qizil lenta, dengizga botdi”, “suvlarga toʻsh qoʻygan keng osmon, alvido!”, “Yana gul bahor, yana kulgan qiz, Yana osmonning top-toza tagi”.
Voqelikdagi lirik fantaziya, intim kechinmalar, falsafiy fikr kengligi Usmon Nosir ijodida yuqori bosqichda turadi. Shu bois, shoir poeziyada, tarjimada, lirikaning hamma turida ham goʻzal asarlar yaratdi. Ayniqsa, oʻzbek sheʼriyati xazinasidan joy olgan “Naxshon”, “Norboʻta” kabi dostonlar, “Isroil”, “Taʼzim” sheʼrlari shular jumlasidandir. “Naxshon” dostoni Usmon Nosirning arman xalqlari bilan muloqoti, bu xalq tarixining taassurotlari, Kavkaz va Yerevanda oʻtkazgan kunlari badiiy boʻyoqlarda mahorat bilan tasvirlangan asaridir. Bu dostonda arman qizi Naxshon bosh obrazdir. Ushbu dostondan olingan quyidagi goʻzal tashbeh va tushunchalar hech bir oʻquvchini befarq qoldirmaydi:
“Naylay, kiprigimning nozik uchida
Qaygʻularning nami –
Simob donalar”, “osmon shodligimday toza va baland”, “barglar koʻnglim kabi qaltirar tinmay”, “damlar soqov kabi mirgʻayib oʻtar”, “yana ilhom qalbni ignalab tildi”, “koʻzlarimdan bir juft chashma oʻyasan”.
Usmon Nosir sheʼrlari original koʻrinishga egaligi (bir-birini takrorlamasligi), hissiyotning turli xil koʻrinishda namoyon boʻlishi, favqulodda tashbehlarning kelishi bilan oʻsha davrdayoq oʻz oʻquvchilarini tez topgan. Uning sheʼrlari hozirda ham xalq tilidan tushmaydi, xonandalar tomonidan qoʻshiq qilib kuylanmoqda, oʻquvchilar tomonidan oʻrganilmoqda.
Uning sheʼriyati nafaqat bugungi adabiyot muxlislari, balki, kelajak avlod uchun ham iftixor va namuna boʻlib qoladi.
Ikrom RAHMON
“Yoshlik”, 2013 yil, 4-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navqironlik-nafasi/