Baʼzan dunyoda ishonish qiyin boʻlgan voqealar ham roʻy beradi. Mana, masalan, shoir Salim Ashur ellikka kiribdi, deyishdi. Oʻzimizning Salim aka-ya! Qachon ulguribdi?
Men Salim akani qachon tanigan edim: inson sifatida, shoir sifatida?
Maktabda oʻqirdim, oltinchi-yettinchi sinflarda boʻlsa kerak, bu – chamasi, 1981–82 yillarning gapi. Qishlogʻimizda, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Kiyikchi qishlogʻidagi yosh-yalang orasida Toʻra boboning oʻgʻli Salim Ashurov kelibdi, degan gap tarqalardi. Salim Ashurov oʻshanda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 17-maktabda oʻqir edi. Oilasi Kasbi tumaniga koʻchib kelgan boʻlsa-da, oʻzi Surxondaryoda qolib oʻqigan. Biz, oʻshanda “Gulxan”, “Gʻuncha” jurnallari, “Tong yulduzi” gazetasini qiziqib, qoʻlma-qoʻl oʻqiydigan oʻsmir-yoshlar Salim Ashurovni shu gazeta-jurnallar orqali yaxshi bilardik. Uning nomi mazkur nashrlarning deyarli har sonida paydar-pay chiqib turar, goh sheʼrlarini, goh ertaklarini, goh hikoyalari yoki maqolalarini koʻrardik. Oʻzimiz ham sheʼrlar, hikoyalar mashq qilganimiz, adabiyotga havasmand boʻlganimiz uchun bizning yozganlarimiz ham shunday tez-tez chiqib tursa, deb orzu qilardik. “Gulxan” jurnalining 1982 yil may oyi soni: uning ikki betida Salim Ashurovning sheʼrlari va hikoyasi eʼlon qilingan. Oʻsha sheʼrlar hozir ham yodimda.
Salim akaning oilasini, ota-onasini avvaldan tanirdim. Ular mening ota-onam, umuman bizning oilamiz bilan yaqin tanish edilar. Oilalarimizning “bordi-keldi”si bor edi. Har yozda Salim akalarning oilasi dala boshiga, shundoqqina qishlogʻimiz etagiga koʻchib chiqar, qamish va tol novdalaridan tiklangan omonat kapada yozni oʻtkazishardi. Shoirning otasi – Toʻra bobo, onasi Niyozxol momoni oʻsha atrofdagi Qamashi, Kiyikchi, Mirishkor va boshqa qishloqlarda mehnatkash, toʻgʻrisoʻz, halol insonlar sifatida bilishar edi. Ular oʻshanda keksa boʻlishlariga qaramay, erta bahordan kech kuzgacha paxta dalasida ishlashar, uyda sigir, qoʻy ushlashar, tomorqa, polizni ham “gullatib” qoʻyishar edi. Toʻra bobo oʻshanda soqol, moʻylov qoʻygan, ayrim kunlari salla ham oʻrar, paykallarda kun tigʻida, baʼzan tol soyasida oʻtirib-turib namoz oʻqiyotganini koʻrib qolardim. Toʻra bobo oʻroqda oʻt oʻrayotgan, Niyozxol momoni qishloq ayollariga xos tarzda boshida bir bogʻ oʻt bilan daladan qaytayotganiga koʻp bor guvoh boʻlganman. Oʻsha manzaralar hozir ham koʻz oʻngimda jonlanmoqda. Afsus, farishtadek ota-onalarimiz hozir oramizda yoʻq.
Salim aka yozgi taʼtilda Surxondaryodan Kasbiga, ota uyiga kelardi. Esimda, qishlogʻimiz chetidagi suvi muzdek zovurda qamishlar oralab qulochkashlab suzar yoki yoʻl boʻylab oʻtgan ariqda, loyqa suvda yayrab choʻmilar, qumda yotib toblanar edik. Tuproqqa oyoq qoʻyib boʻlmasdi, tovongacha kuyar, tura solib oʻzimizni suvga otardik. Quyoshda qorayib, badanlarimiz shoʻr tortib yorilib ketardi. Xayyom, Navoiy, Bobur ruboiy va gʻazallarini, A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontovning oʻsha yillarda oʻzbek tilida nashr etilgan ikki tomligidagi sheʼrlarni, H. Olimjon, Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim, Shavkat Rahmon sheʼrlarini yoddan oʻqib, Salim aka biz oʻsmir bolalarning havasini yanada orttirar edi.
Fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Komil Musayev, hozirda Kasbi tumani xalq taʼlimi boʻlimi masʼul xodimi Ibrohim aka, biz, yaʼni Salim akaga past-baland tengqurlar koʻpincha birga yurardik. Ota-onalarimiz oʻshanda 10-sinf oʻquvchisi boʻlgan Salim akani aʼlochi oʻquvchi sifatida bizga namuna qilib koʻrsatishardi.
Yoz boshida zovur boʻylarida, keyinchalik gʻalla, bedadan boʻshagan dalalarda birga qoʻy boqar edik. Ayniqsa, tong salqinida shabnam tushgan bedazorda oʻz erkimizcha yurar ekanmiz, bedanalarning biri qoʻyib, boshqasi sayrashi, shundoq qadam tagidan parillab uchishi oʻz xayoli bilan andarmon bolalarni choʻchitib yuborardi. Hozir oʻylasam, oʻshanda yosh vujudimiz dunyoning goʻzalligini, hayratini chanqoqlik bilan simirgan ekan. Koʻpincha Salim akaning qoʻlida kitob boʻlar, bir chetga oʻtib berilib kitob oʻqir, baʼzida biz, oʻsmir-bolalarga qoʻshilib ketaverar edi.
Shoirning oʻsha davrlarni sogʻinib, xotirlab yozgan sheʼrlari talaygina. Bolalik, oʻsmirlikning ilhombaxsh harorati “Hanifaga bagʻishlangan qoʻshiq”, “Qaydan boshlanasan, qishlogʻim?”, “Arava haqida qoʻshiq”, “Hamqishlogʻim Husniddinga”, “Dunyo” kabi sheʼrlarga sogʻinch va armon, umid va orzu boʻlib koʻchgan.
“Yurak mulki” turkumida shunday satrlar bor:
Ana, koʻr, zovurning boʻyida
Bir sigir sudraydi arqonni.
Bolakay soʻzlarning koʻyida
Ilk bora taniydi armonni…
Bu sheʼriy tizmada qishloq va bolalik manzaralari xuddi kinolentadek koʻz oldingizdan oʻtadi. Oʻsha davrlarni eslatadi. Ularda jonajon vatanning, aziz yurtning umr, hayot va tiriklik qorishiq boʻyi ufurib turgandek boʻladi.
Keyinchalik, maktabni tugatgach, biz, toʻrt oʻrtoq toʻrt yoqqa ketdik. Komil Xolov Qarshi Davlat pedagogika universitetini tugatdi, hozirda fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent, Ibrohim Musayev Qarshi Davlat pedagogika universitetining tarix fakultetini tamomladi. Hozirda Kasbi tumani xalq taʼlimi boʻlimi masʼul xodimi. Men Toshkent viloyati Davlat pedagogika universiteti (Angrenda) oʻzbek filologiyasi fakultetida oʻqidim. Salim aka oʻshanda yana hammamizning havasimizni keltirib, dongdor ToshDU (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirdi. Biz, poytaxtga, azim Toshkentga oʻz yoʻlini qidirib, omad va baxt izlab kelgan yosh yigitlar Salim akaning Guli bekatidagi ijaraxonasida bir muddat yashaganmiz. Qorongʻi, zax xona edi. Ijaralarda yashash zahmatini birga totganmiz. Toʻrtalamiz ham ilm-fanga, adabiyotga boʻlgan mehr-muhabbatimiz tufayli bu zahmatni yengib oʻta oldik.
Salim aka baʼzan oʻzini atayin qiynayotgandek tuyular, men, Martin Iden boʻlmoqchimisiz, deb hazillashar edim: u doim eski divanda – qattiq oʻrin, toshdek yostiqda yotar, tunlari juda siyrak uxlar, yeb-ichishga ahamiyat bermas, oʻsha yillarda urfga kirgan sport bilan shugʻullanaman, deb oʻzini turli qiynoqlarga solar, chiniqish maʼnosida sovuqda yupun yurar, sport bilan shugʻullanib kelgach, bir chelak suvni gazda ilitib, qish va qor boʻlishiga qaramay, yalangʻoch holda boshidan quyib yuvinar (sirasini aytganda, bundan ortigʻiga sharoit ham yoʻq) edi. Bir qarasang, rasm chizayotgan, yana bir qarasang togʻdan yoki daryodan, gohida baliq ovidan kelayotgan, goh allaqanday eski yozuvlarni, yoki chet tilini oʻrganayotgan boʻlar, gohida fotoapparat tutib qolar edi. Bir muddat parashyut sportiga qiziqqani, unga tegishli adabiyotlarni izlab topgani, oʻqib konspektlar qilganini eslayman. Topgan pulini, oʻsha yillarning iqtisodiy qiyinchiliklariga qaramay, har xil rassomlarning turli albom, otkritkalari, chiroyli plakatlar, kitoblar, sport liboslari, anjomlari yoki shularga oʻxshash kerak-nokerak narsalarga oʻylab oʻtirmay sarflab yuborar edi. Nima deysiz, har bir odamning oʻz feʼl-atvorida.
U oʻsha yillarda “Saodat” jurnalida Oʻzbekiston Xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva, taniqli ijodkorlar Eshqobil Shukur, Qoʻchqor Norqobil, Dilfuza Shomalikova, Sanobar Faxriddinova, Xosiyat Rustamova kabi bir necha taniqli ijodkorlar bilan birga ishlar, biz havas qiladigan davralarda yurardi. Kechda kitob oʻqir, tunlarda esa tonggacha sheʼr yozar, chiroqni oʻchirmay, gʻashimizga tegardi. Goh-gohida oʻqisa, eski sheʼrlarini oʻqir, yangilarini koʻrsatmas, ularni bizdan qizgʻangandek boʻlardi.
* * *
Salim Ashur ijodkor sifatida qanday muhitda shakllandi?
Begʻubor bolalik, oydin hayotga chulgʻangan qishloq, dala-dashtlar kengligi, olis manzillarga chorlagan ufqlar, oʻzi bir sheʼrida yozganidek, “sochi qora, yuragi oq odamlar” unga shoir qalbni, shoir xayolotini, shoirlik ozurdaligini baxsh etgan boʻlsa, ajab emas. Ijodkor shaxsning hayotiy prinsiplarini, faol fuqarolik irodasini u oʻtgan asrning saksoninchi, toʻqsoninchi yillari voqealaridan, oʻsha voqealarning murakkab va tazodli haqiqatidan, bir – puch mafkura va dunyoqarashning boshqa – hayotiy va milliy asoslarga ega maʼnaviyat va qadriyatlardan toʻyingan dunyoqarashga evrilishlaridan olgan, desak, ehtimol, yanglishmaymiz. Negaki, uning oliy tahsil va ikki yillik harbiy xizmatni tugatib, oʻzini shaxs va shoir sifatida namoyon etishi, mustaqil hayotga katta orzu-umidlar bilan qadam qoʻyishi shu yillarga toʻgʻri keldi. Oʻsha yillarning suronli voqealari shoʻrolarning istibdodi, zulm saltanati yemirilishi, xalqimizning oliy orzusi – mustaqillik qoʻlga kiritilishi bilan yakunlandi. Sir emas, ildizi chirik tuzumning soʻnggi yillari xalqning dardu hasrati, armonu kulfati sabr kosasidan toʻlib-toshgan, chigal va murakkab, kezi kelganda bir-biriga zid nuqtai nazar va gʻoyalar gʻujgʻon oʻynagan palla edi. XXI asrning eng buyuk hodisasi – mustaqillikka yetguncha dimiqqan maʼnaviy muhit, hayotdan, real zamindan uzilgan havoyi va soxta gʻoyalar qanchadan-qancha ziyoli va munavvarlarimizni jisman va maʼnan ado qildi. Endi yangi zamon, yangi hayot – mustaqillikning yorugʻ kunlari boshlanayotgan kunlar, qadim yurtimizda istiqlol quyoshi porlagan edi.
Salim Ashur tengqur ijodkorlar qatorida shu joʻshqin muhitda kamol topib bordi. Bu navqiron saf katta avlod – kurashlarda toblangan salaflari qatorida birinchi kunlardanoq ajdodlarimizning ulugʻ armoni – mustaqillikni avaylab-asrashga, ulugʻlashga oʻz soʻzi, ovozi va fikri bilan salmoqli ulush qoʻshib keldi.
Dunyoqarash va ideal adabiyotni harakatlantiruvchi kuchlardir. Har bir ijodkor oʻz davrining, oʻz zamoni va makonining farzandi, yaʼni jamiyatda qaror topgan mafkura va madaniyat, millat maʼnaviyati, mavjud ong-tafakkur va dunyoqarash mahsuli hisoblanadi. Har qanday yozuvchi yoki shoir oʻz davriga nisbatan baholanishi, har bir asar ham zamon va makonga nisbatan sharhlanishi kerak. Shu maʼnoda, Salim Ashur ijodining dastlabki bosqichida ijtimoiy hayot voqealari, nur va soya, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlikning azaliy kurashi baʼzan ochiq-oshkora, baʼzan timsol va ramzlar vositasida ifodalanganini kuzatish mumkin. Bu bejiz emas. U adabiyotga oʻtgan asrning saksoninchi yillari oxiri, toʻqsoninchi yillari boshida, sheʼriyatda shiddat bilan yangilanayotgan toʻlqinning oʻziga xos uslubga ega bir vakili sifatida kirib keldi. U davr ijtimoiy hayotda yangi ong, yangi tafakkur, yangi dunyoqarashning yuksalishi, yangi hayotiy mezonlarning qaror topishi, istibdod zulmining yemirilishi, siyosiy hayotda keskin burilish pallasi – mustaqil taraqqiyot yoʻliga oʻtilishi bilan xarakterlanadi. Vulqondek poʻrtana joʻsh urgan zamonda hayotning butun tovlanishlari oʻzini adabiyotga bagʻishlagan yosh shoir ijodida koʻzgudagi kabi aks etdi. Ikki asr, ikki tuzum, ikki hayot oʻrtasida qalami charxlanib, uslubi tiniq tortib – shakllanib borayotgan yosh shoir doim faol ijtimoiy pozitsiyada boʻlganligi, ayniqsa, “Kechikkan tong”, “Atalgan kunlar”, “Sensiz”, “Ona tilim” kitoblaridagi aksariyat sheʼrlarda yaqqol koʻzga tashlanadi. Ushbu kitoblarga asosan 1982–93 yillarda yozilgan sheʼrlar jamlangan. Bir qarashda kitoblarning nomlanishida lirik maʼno ustundek tuyuladi, aslida kitoblardagi sheʼrlarni sinchiklab oʻqir ekansiz, ushbu nomlarni vatanning kechikkan tongi, vatanga atalgan kunlar, vatansiz inson hayoti oʻz maʼnosini yoʻqotadi, degan tarz va yoʻsinlarda sharhlagimiz keladi.
Salim Ashur ijodida dastlabki davrdanoq ijtimoiy kayfiyat, kurashlar ruhi baland boʻlganligini erkinlik nafasining qaynoq harorati, oʻsha yillarning poʻrtanavor voqealari, ozodlikka chanqoqlikning kulminatsiyasi bilan izohlash lozim.
Hissiyotlar, gʻoyalar, fikrlar joʻsh urib, oʻziga yoʻl izlayotgan paytda – oʻsha yillarda adabiy muhit ob-havosini belgilab turgan A. Oripov, E. Vohidov, U. Azim, Sh. Rahmon, X. Davron, A. Qutbiddin, E. Shukur, A. Said kabi zabardast shoirlar safiga yangi ovoz bilan yangi avlod (Iqbol Mirzo, Gʻulom Mirzo, Rustam Musurmon, Qoʻchqor Norqobil…) qoʻshildi. Ular orasida Salim Ashur ham bor edi.
Uning oʻsha yillardagi ijodini “Kechikkan tong”, “Atalgan kunlar”, “Sensiz”, “Ona tilim” kitoblari orqali kuzatar ekanmiz, istibdod tuzumiga qarshilik va nafrat, jabr-zulmga nisbatan keskin murosasizlik, mustaqillikka, ozodlik tuygʻulari va voqeligiga intilish, ona tilimizni qisilishdan, kerak boʻlsa, koʻz ilgʻamas qafaslardan qutqarish, nufuzini koʻtarish masalasi, oʻsha davrda butun xalqimizning orzu-armonlari avval timsollar, obraz va ramzlar orqali, kosa tagida nimkosa, yaʼni tagmaʼnoli tarzda, keyinchalik esa ochiq-oshkora ifodalanganini koʻramiz.
“Ona tilim” (2008 yil) kitobiga kiritilgan “Mening ertaklarim” (1988 yilda yozilgan) turkumi nomlanishining oʻziyoq savol uygʻotadi: nega ertaklar? Shoir istibdod tuzumi, zulm siyosatiga qarshi qaratilgan oʻzining nafratli munosabatini ertaklar shaklida ifodalagan. Bu ertaklar xalq ertaklariga oʻxshamaydi. Anʼanaviy uslubda emas. Ularni ijtimoiy voqealar hayvonlar hayotiga koʻchirilgan falsafiy-ramziy ertaklar deyish mumkin. Ertaklar shakli shoirning oʻz mulohazalarini koʻchma maʼnoda bayon etishi uchun ifoda vazifasini oʻtagan, xolos. Ertaklarning asosiy qahramoni salbiy qahramon: ertakdan ertakka koʻchib yuruvchi sariq tulki va sariq tulkilardir. Tulkining hiylakorligi, tayyorga ayyorligi, boshqa qon-qardosh hayvonlar oʻrtasida nizo chiqarishi kabi jamiyatga xos boʻlgan illatlar allegorik tarzda ochib tashlanadi. Sharqdan kuchli shamol esganda tulkiga oʻz uyasi ming tanga boʻlib qoladi. Ushbu sheʼriy ertaklardagi satrlar ishorali fikr tashiydi. Turkumdagi birinchi sheʼr-ertak qisqacha shunday mazmunga ega: qadimiy chinorning baland shoxlarini qushlar makon tutgan. Ammo yurtda tulkilar koʻpayib, chinor shoxlarigacha chiqib oladi. Tulkilardan qushlar, qushlardan tulkilar toʻraydi. Shunda daraxt oʻz-oʻzini quritadi. Bitta ildizi qoladi. Bu ildiz koʻkarib, unib, ajdahoga aylanadi va tulkilarni yutib yoʻq qiladi. Bu oʻrinda tulkilar timsolida avval chor tuzumi, soʻngra shoʻrolar zugʻumi, chinor vatan timsoli, qushlar esa shu vatan egalari ekanligi nazarda tutiladi. Yana bir ertakda oʻn beshta har xil hayvon poʻlat sandiqni ichida nima borligini bilmay qoʻriqlab yotadi. Umr shunday oʻtadi. Nogahon boʻron kelib sandiq qulfini buzib, qopqogʻini ochib yuboradi. Sandiqda faqat koʻzgu bor. Ammo koʻzguda birorta ham hayvonning, yon-atrofning aksi koʻrinmaydi. Hamma yoqda qiyofasizlar urchib ketgan… Bu obrazlar va umuman ertak orqali shoir nima demoqchi ekanligi ham maʼlum.
Insof yuzasidan aytish lozimki, Salim Ashur ijodida shakliy, mantiqiy tajribalar, yaʼni modern sheʼrlar salmoqli oʻrin tutadi. Ayni paytda shaklbozlikka, eksperementlarga mahliyo boʻlib, sheʼrning asosiy sharti – tirik qalbning tirik tuygʻularini chetlab oʻtmaydi.
“Atalgan kunlar” (2002 yil) kitobidagi “Otam portretiga chizgilar”, “Ohanglar va shakllar” turkumlari, “Momom uchun toʻqilgan ertak”, “Qoʻchqor shoxiga tumor”, “Daraxt poʻstlogʻidan tushib qolgan sheʼr”, “Orqaga”, “Koʻzlarimga toʻlasan, Dunyo…”, “Soʻzlarimdan toʻqiyman zanjir”, “Laylak uyasi” kabi qator sheʼrlar shakliy va mantiqiy qurilishi, ifoda uslubi, oʻziga xos “ichki” va “tashqi” tuzilishdagi yangiliklari, samimiyati va nafis badiiyati bilan shoirning butun ijodida, umuman modern sheʼriyatimizda alohida ajralib turadi. Bu oʻziga xoslik sheʼrlarning serqatlamligida, obrazlarning quyuqligida, tigʻiz istioralarda, misralardagi fikr va ruh tarangligida kuzatiladi. Ayrim shoirlarning modern sheʼrlarini oʻqir ekansiz, ular faqat qogʻoz uchun yozilgandek taassurot uygʻotadi. Chunki oʻquvchining qalbiga, sezgilariga hissiy taʼsir etmaydi.
Asosan uzun va qisqa shakllarning almashib kelishi asosiga qurilgan Salim Ashurning modern sheʼrlarida esa haroratli va taʼsirchan koʻngil sheʼrxon zehnini yetaklab yuradi. Bu sheʼrlarni lirik teatr, lirik spektakl, deyish mumkin. Ularda lirik qahramonning ruhiyat dramasi, qalb dinamikasi oʻquvchining hayotiga aylana boradi. Yorugʻ anduh, sohir tuygʻular bahsiga sheʼrxon oʻzi sezmagan holda qoʻshilib ketadi.
Shoirning uch satrdan iborat modern sheʼri:
Bobotogʻning koʻkraklariday
Qavaribdi mehnatkash koʻzlari
Kaftlari gʻoʻzaday ochilgan ukamning
Agar sarlavha – “Ukamning portreti” alohida, birinchi satr sifatida ishtirok etmasa, ushbu moʻjaz sheʼr-miniatyuraning “ichiga kirish eshigi” toʻliq ochilmagan, uni anglash mushkul boʻlur edi. Uka – oʻzbekning mehnatkash yigiti obrazi. Uning qoʻllarigina emas, hatto koʻzlari ham “Bobotogʻning koʻkraklariday qavargan”, “ogʻzi gʻoʻzaday ochilgan”…
“Ayvazovsiy” ham modern sheʼrlar sirasiga kiradi. Lekin oʻxshatilayotgan va oʻxshatilgan narsalar oʻrtasidagi mantiqiy aloqa buzilgan emas. Shoirning modern sheʼrlaridagi alohidalik shundan iboratki, ularda aksariyat modern adabiyotlarda boʻlgani kabi mantiqni atayin buzish yoʻlidan borilmaydi, balki fikr va tuygʻuning tabiiy maromi saqlanadi:
Oy baliqday silliq suzadi
Bulutlarning toʻrini yirtib…
Yoʻlbarslar toʻdasi – toʻlqinlar vahshiy,
Ohu kabi qochadi yelkan.
Yaxshi sheʼr oʻzida hamma narsani: qadimni ham, bugunni ham, anʼanalarni ham, yangiliklarni ham jamuljam etadi. Unda darj etilgan tuygʻu, kayfiyat, ruhiy holatning sira ohori toʻkilmaydi, har doim bahor gullaridek yashnab turaveradi. Yaxshi sheʼr tuygʻularimizni abadiyatga doxil etuvchi goʻzal bir tarixga ham oʻxshaydi.
Ruhiy, estetik jihatdan shoir ijodini kuzatib aytish mumkinki, u ilk qadamlaridanoq adabiyotga ijtimoiy pafosi kuchli shoir sifatida kirib keldi. Talabalik davridayoq yozilgan sheʼrlarining javharini yurt ozodligi, xalq dardi, tashvishlari tashkil etgan. 1985 yilda qogʻozga tushirilgan “Soʻz aytdim…” sheʼrida u (“Yashil giyoh” kitobi) shoir sifatida oʻzining qatʼiy pozitsiyasini namoyon etadi:
Qor ostida
Yashil daraxtday
Vatan,
noming bilan isindim!..
Oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillari sheʼriyatimizning umumruhi oʻzgarayotgan, dabdaba, soxtalik, qarsakbozlik, ortiqcha shovqin-surondan xoli boʻlib borayotgan, koʻngilga qaytilayotgan palla edi. Sheʼriyatning tabiatini oʻzgartiradigan jarayon chuqurlashib borardi.
Mustaqillikdan keyin milliy sheʼriyatimizda ikki katta yoʻnalish paydo boʻldi. Biri – millatning or-nomusi, shon-sharafi, erishilgan mustaqillikni kuylash va madh etish boʻlsa, boshqasi – umumiylik, ijtimoiylikdan xususiylikka, koʻngil kengliklarini badiiy tadqiq va dunyoni, insonni oʻz qalbi orqali his etishga, oʻta shaxsiy sezimlar orqali idrok qilishga moyil boʻlgan yoʻnalishdir. Ayrim shoirlar esa, oʻz iqtidor diapozoniga koʻra, har ikki yoʻnalishni oʻz ijodida uygʻunlashtira oladi.
Bu jarayon S. Ashur ijodida ham kuzatiladi (“Kechikkan tong”, “Atalgan kunlar”, “Sensiz” kitoblariga sanalar qoʻyilgan). Toʻqsoninchi yillardan keyin uning ijodida publitsistikadan, grajdanlik hayqiriqlaridan sanʼat sari borish, jamiyatdagi illatlarni sheʼriy yoʻl bilan fosh etishni maqsad qilib qoʻymaslik, aksincha lirik kayfiyat, ayniqsa, muhabbat mavzusi yetakchi oʻringa chiqqanini, alohida boʻy koʻrsatib turganini kuzatasiz.
2012 yilda nashr etilgan “Muhabbat kitobi” koʻngil umrini, ishq yoʻlini uzaytiradigan, qalblarga surur, iztirob, zavq-shavq soladigan muhabbatli sheʼrlardan tartib berilgandir. Mazkur kitob oʻz oʻquvchisini topdi. Ishq dardiga mubtalo, muhabbat dardiga oshno yuraklarga manzur boʻldi. Ushbu ehtirosli sheʼrlardan bahramand boʻlgan zukko sheʼrxon hayotga, koʻngilga, insonga boshqacha – hayrat koʻzi, taxayyul nigohi bilan qaray boshlaydi:
Uyingga kir, issiq uyingga,
Oʻtin yorib men yoqaman pech.
Menga oʻxshab sening koʻyingda
Gangib-gangib tushayapti kech.
Tun choʻkmoqda. Uxla. Orom ol.
Qoʻllaringni silab-suyaman.
Ruxsat bersang. Olmasang malol,
Ustingni men yopib qoʻyaman.
Maʼshuqning tashrifi oshiqning zabun diliga yorugʻlik olib kiradi. Shoirning lirik sheʼrlarida ishq – yorugʻ dunyo, hijron – zulmat dunyo timsolida namoyon boʻladi. Mahzun ruh, yorugʻ dard lirik qahramon qalbini poklaydi, oʻzini ezgulik va yaxshilik choʻqqisiga koʻtaradi.
Har qanday dolzarb ijtimoiy masala oʻtkinchi boʻlishi mumkin, inson, tabiat, hayot mavzulari tadqiqi esa abadiydir. Visolsiz muhabbat koʻngilni billurlashtirib, tozalab boradi. Muhimi visol emas, ishq ortidan keladigan qalbning maʼnan yuksalishidir:
Qayrildi. Xonamga kirdi bir zumga,
Chayqalib bir dasta xushboʻy gul misol.
Topshirmas oʻzini endi hech kimga
Farzand kutayotgan begona ayol.
U keldi…
Zamondosh qalbini tadqiq etish, ong izmidan chiqib, tuygʻular ixtiyoriga oʻtgan kechinmalarni ulab, bugungi kunning oddiy kishisi, hozir yoningizda turgan kishining qiyofasi yaratiladi. Lirik qahramon bu qiyofaga befarq emas:
Baxt emasmi soyaboningiz,
Homiyingiz saodat? Vale
Paypoq, qoʻlqop toʻqiyapsizmi
Yo kimgadir atalgan tole?
S. Ashur sheʼrlaridagi badiiy sanʼatlar, jonlantirishlar, obrazlar hayot voqeligiga, real mantiqqa mos keladi.
Lirik shoir sifatida u badiiy boʻyoqlarni moʻl istifoda etishni xush koʻradi. Istiora va metaforalar, ramzlarni oʻrinli qoʻllaganda ular sheʼr fazilatiga aylanadi:
U davraga keldi. Oʻtirdi.
Goʻyo lola keldi chet qirdan.
Soqiy mayda-mayda ichirdi,
Eski muhit oʻzgardi birdan.
Oʻxshashi yoʻq bunday kulguni
Kim chizibdi uning yuziga,
Sochlaridek qora qaygʻuni
Andozasi bormi koʻzida?..
S. Ashurning lirik qahramoni quruq xitoblarga berilmaydi. Uning estetik ideali madhiyaboz ham, maddoh ham emas. U oddiy odamlarning dardini his etish, shu dard bilan yashashni vatanparvarlikning, insonparvarlikning bir qismi deb biladi. Sheʼrlardagi daraxt, qush, gul, ot kabi koʻplab detallar inson timsolida keladi:
Koʻzlaringni yerga toʻkma,
Oʻ, boshingni koʻtar, ot.
Seni shunday kir arqonga
Bogʻlab qoʻydimi hayot!..
* * *
Gulning, yaproqning tilini kim tushunadi? Osmon bilan giyohning muhabbati qay shaklda? Barg shiviri oshiq dil roziga oʻxshamaydimi?
Buni faqat shoir biladi, buni shoir chuqur anglaydi va bahor gullari yangligʻ misralarini sheʼrxonga tortiq etadi. Shu boiski, u: “Soya aniq chizib bermoqda: Sochingizni silayotir kim…”, deb yozadi. Harorat alangasida yonayotgan oshiq koʻziga koʻrinayotgan dunyo naqadar totli.
Salim Ashur sheʼrlari dunyoni totli, jozibali va goʻzal qilib koʻrsata oladi.
Abdurahmon PIRIMQULOV
“Yoshlik”, 2014 yil 4-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navqiron-shoirning-yangroq-sozi/