Navoiy va Samarqand

Oʻzbek dramaturgiyasida tarixiy mavzuga oid asarlar barmoq bilan sanarli. Borlari ham zabardast ijodkorlar qalamiga mansub. Fitratning “Abulfayzxon”, Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek”, Uygʻun bilan Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” asarlarini sanash mumkin. Biz bu yerda bir kitobxon sifatida taniqli shoir Iqbol Mirzoning “Samarqand sayqali” dramasi (“Sharq yulduzi”, 2016 yil 3-son) haqidagi fikrlarimizni qogʻozga tushirdik.

Hazrat Navoiyning ijodi, hayoti sir-sinoatlarga toʻla. Bobokalonimiz haqidagi badiiy asarlar orasida “Samarqand sayqali” dramasi vaqt qamrovi juda torligiga (4 yil), oʻrganilganligiga koʻra manbasi oz boʻlgan davrni aks ettirgan asar sifatida ham qadr­lidir.

Ulugʻ shoir ayni yigitlik chogʻida, umrining eng ziddiyatli davrlaridan birida Samar­qandda istiqomat qilgan. Bu davr Alisher ­Navoiy hayotida qanday ahamiyat kasb etgani oʻquvchini qiziqtiradi. Bu savolga badiiy javob hozirgacha yoʻq edi. Iqbol Mirzo bu savolga vatanparvar shoir sifatida yondashgani muhim.

Tabiiyki, dunyoviy notinchliklarning dramaturg ruhiga taʼsiri oʻtmish voqealari ifodasida ham bilinib turadi:

 

Baloi nafs bois Qobil va Hobil

Bir-birin joniga qasd qilgan chogʻdan

Meros boʻlib qolgan laʼnati illat

Qutqu solaverar gumroh qalblarga.

Nahot, anglamaydi bani odamzod,

Urush – bu, aslida, oʻz joningga qasd,

oʻoliblik yoʻq bunda, muzaffarlik yoʻq.

 

Drama oʻzaro nizolar: ogʻa-ini, qon-qarindosh, doʻst-yorlar, qoʻyingki, insonlar orasidagi nizolarga, avvalo, urushga qarshi isyon sifatida yuzaga kelgan. Axir, Alisher Navoiy davrida notinch Xuroson va Hirot urushlardan ozurda maskan edi. Bu hol Iqbol Mirzo qalbini ham ozorlagani rost.

 

Alisherbek:

Ha, bu jon tashvishi, mol tashvishimas,

Xuroson elida qiyomat qoʻpti…

Qaydadir huzurbaxsh bodi sabolar?

Qaydadir ipakdek sirgʻalgan nasim?

 

Dramaturg hazrat tilidan urush ifodasini berarkan, shu holatda ham shoirning ruhi tabiatga, ezgulikka oshno ekanini ifoda etadi. Shunday goʻzallikning yovi urush ekanini aks ettirish bilan urush va tinchlik ziddiyatlarini yorqinroq ifodalashga erishadi. Navoiy tilidan insoniyatning asriy dardlari oshkor etiladi:

 

Urushning birinchi dushmani – ona,

Urushning birinchi qurboni – mehr.

 

Ayni shu joyda “oʻaroyib us-sigʻar”ning 412-gʻazalidan bayt keltiriladi. Xalqimizga yod boʻlib ketgan “topmadim” radifli gʻazaldan keltirilgan baytlar shoir ruhiyatini ochib berishga xizmat qilgan.

Drama Navoiy monologi bilan boshlanadi. Unda hazratga xos tafakkur tarzi ortida bugunning ogʻriqli dardlari yuz koʻrsatib qolgan:

 

Nechun odamiymas odam bolasi,

Nechun bir-birining qoniga tashna?

Aziz va mukarram yaralmish banda

Nechun Tangriningmas, nafsining quli?

Qachon osoyishta boʻlgay yer yuzi?

Qachon tingay afgʻon, qachon tingay dod?

 

Drama shoirning Samarqandga oyoq bosishi va firdavsmonand shaharga hayrat, beqiyos mehr bilan boqishi asnosida boshlanadi. Kitobxon quyidagi jumlalarni eslamay iloji yoʻq: “Bilmon, ne jarima bila Sulton Abusaid mirzo Hiriydin ixroj qildi. Samarqandga bordi, necha yilkim, Samarqandta edi. Ahmad Hojibek murabbiy va muqavviysi edi. Alisherbekning mizoji nozuk bila mashhurdir. El nazokatini davlatining gʻururidin tasavvur qilur erdilar. Andoq emas ekandur, bu sifat anga jibilliy ekandur. Samarqandta ekanda ham ushmundoq nozuk mijoz ekandur”. Mirzo ­Boburning bu fikrlari Alisherbek – Navoiy siymosini toʻgʻri qabul qilishimizga imkon beradi. Asarni oʻqiy boshlashimiz bilan bizni bir savol qiynaydi: “Musofir tarzda oʻksik koʻngil bilan kirib kelgan Alisherbekni Samarqand ostonasida kim qay taxlit kutib olgan ekan?”. Bu savolga joʻyali javob bormi? Dramaturg xayolan oʻsha asrda turib oʻziga xos yoʻl tutadi: Moʻysafid obrazini yaratadi. Moʻysafid dastlab notanish mehmon bilan shunchaki suhbatlashganday koʻrinadi. Dramaturg sal keyinroq kitobxonga Moʻysafid aslida shoirni kutib olishga chiqqan ulugʻ mezbon ekanini oshkor qiladi:

 

Moʻysafid:

Sizni ham tanidim shu baytlar bois,

Sizni farzandim deb bilar Samarqand.

Sizni shoirim deb ulugʻlaydi el,

Xush koʻrdik, marhabo, oʻgʻlim Alisher!

 

Kitobxon Moʻysafidni Samarqand timsoli yoki ulugʻ shahar pirlarining ulugʻi, balki Xoʻjai Xizr deb bilar. Negaki, u ulugʻ shoirni quchoq ochib kutib oladi va birdan gʻoyib boʻlib qoladi. Bunday tasvir bilan dramaturg ham sirlilikni oshiradi, ham shoirning munosib kutib olinishini taʼminlaydi.

Dramaning “Birinchi koʻrinish”dayoq konflikt koʻzga tashlanadi, tugun paydo boʻladi. Sahnada uch sipohning paydo boʻlishi, ular orasidagi Sohib Siddiq nutqi Alisherbek umriga qasd etuvchi kuchlar borligini koʻrsatadi. Aslida bu hol insoniyat bor ekan, goʻyo odatiy hol. Shoir umriga qasd qilishni niyat aylaganlar borligi dramaning tugunidir. Sohib Siddiq – ismining ziddi. “Sidq, sodiqlik sohibi” maʼnosini beruvchi ismni koʻtarib yurgan bu kimsa va uning sipohlari drama oxirigacha shoirni taʼqib etadilar. Dastlab dramaturg barchaning ham ismi jismiga monand boʻlavermaydi, demoqchi deb oʻyladik. Soʻng buni boshqacha ham izohlash mumkinligini angladik. Sohib Siddiq – sadoqat sohibi, faqat u yovuzlikka sidqidildan xizmat qiladi. U jaholatga sodiqdir. Ikki holatda ham dramaturg tanlagan ismdan rizo boʻldik. Sababi, sodiqlik faqat ijobiylik kasb etavermasligini, kimga, nimaga sodiqlik muhimligini oʻylab koʻrdik.

 

Har kim oʻzicha haq, oʻzicha toʻgʻri,

Har kimsa oʻlchar oʻz qarichi bilan.

Iblisning yerdagi soyasiman men,

Mening ham vazifam, burchim bor ayon.

 

Dramaturg oʻkinch bilan xiyonatkorning “ming shaklda, ming qiyofada”, “goh doʻst”, “gohida ulfat, goho shogird, goho hamsoya, gohi tabib, gohida habib timsolida yoʻldosh” boʻlishini aytib, kitobxonni hushyorlikka chorlaydi. Yana bir jihat shuki, Sohib Siddiq hokimiyat kimning qoʻlida boʻlsa, oʻshaning farmonini bajaradi. Alisherbekni oʻldirishga shaylanib turgan bu sipoh Hirotdan kelgan farmon oʻzgarishi bilan buqalamun qiyofasini yangilaydi:

 

Sohib Siddiq:

Sherpanja shahzoda Sulton Husayn

Egallamish Hirot toju taxtini,

Muborak boʻlsin bu muzaffariyat!

Doʻstingiz chorlamish sizni yoniga.

 

Dramaturg asar boshidan hazratni kuzatib yurgan   sharpaning Sohib Siddiq qiyofasida namoyon boʻlishini va bir lahzada boshqacha sayraganini kitobxonga oshkor etish bilan bu obrazning mohiyatini ochib beradi. Asardagi tugunlardan biri yechiladi.

Dramaning tarixiyligini taʼminlab turgan obrazlar Ahmad Hojibek, Abu Lays Samarqandiy, Davlatshoh Samarqandiy kabilar va ularning asardagi oʻrni toʻgʻri belgilab berilgan. Shoirlar bahsi, unda tilga munosabat masalasi ham oʻziga xos tarzda aks ettirilgan. Navoiy tilidan aytilgan sheʼr sanʼati, uning ifodali oʻqilishi haqidagi mantiqli mulohazalarning chiroyli ohangda ifodalangani dramaning oʻziga xosligini dalillaydi. Navoiy tilidan soʻzlash oʻta masʼuliyatli vazifaki, muallif buni uddalagan.

“Toʻrtinchi koʻrinish”da Abu Lays Samar­qandiyning qizi va jiyani Feruzaning suhbati berilgan. Bizningcha, bu ikki obraz bizni ulugʻ shoir muhabbati tomon yetaklaydi. Bu dramagacha ham oʻzbek adabiyotida hazrat ishqi ifodalangan asarlar bor edi. Ulugʻlik faqat ilohiy neʼmat boʻlmay, iroda, poklik, sabr-qanoat kabi insoniy tuygʻular kamoloti ekaniga yosh avlodning ishonishi ham juda muhim. Asar bobokalonimizning muhabbati haqida bizga soʻzlar ekan, yoshlarga sharqona tuygʻulardan saboq bera olgani bilan ahamiyatlidir.

Dramada inson tabiatidagi ulugʻlik va unga qarama-qarshi oʻlaroq tubanlik ifoda etilar ekan, inson hislarining ulugʻi boʻlmish muhabbat haqida ham soʻz boradi. Shu oʻrinda hazratning iqrorini keltirsak: “Navoiy, soʻzni shu yerda toʻxtatgil, ishq aro koʻp daʼvolar izhor qilmagil. Agar umrimdan bir necha kun omonlik topsam, ishqim sharhini nazmga solib, bir doston yozayin. Shunda soʻzimning chinligi yoki lof ekanligi insofli kishiga yaqqol bilinadi”(Alisher Navoiy. Lison ut-tayr(Qush tili) Nasriy bayon muallifi: Sh.Sharipov. — T., 1984). Koʻrinadiki, “Lison ut-tayr”da hazrat nomurod muhabbatlari haqida yozmoqchi ekanliklarini aytadi. Iqbol Mirzo shoir iqroridan kelib chiqib hazrat muhabbatini aks ettiradi.

Dramada shoir ishqi haqida gapirilishi tabiiy. Hazratning ulugʻ ishqiga noil qizning samarqandlik boʻlib chiqishi ehtimol. Ishqi tushgan qizning ustozga farzandligi Navoiyning oila qurish orzusiga monelik qilgan deb ifodalashi dramaturgning masalaga oʻziga xos yondashuvidir. Faqat ustozning oʻz jiyanini shogird farzandiga loyiq bilishi muhabbat haqidagi syujetga kulminatsion nuqta boʻlar ekan, yechim mavhum qolgan, bizningcha. Dramaturg bu masalani ishoralar bilan boʻlsa-da yechishi zarurdek. Muhabbat tasviri oʻzbekona. Shoir va qiz suhbatining oshkora emas, xayolan boʻlganday tuyulishi ham dramaturg yutugʻidir.

Yana bir fikr: Mirzobek — dramaturgning oʻzi, tushunishimizcha. Bu obraz Navoiy asri va bugun orasidagi bogʻliqlikni taʼminlab turibdi. Ehtimol, drama oxiridagi yakunlovchi satrlarni Mirzobek tilidan Navoiyga nisbatan ayttirish yanada toʻgʻriroq boʻlar deb oʻyladik.

Iqbol Mirzo dramaturgiyaga ilk qadamini tarixiy drama bilan boshladi. Shoirning qalam kuchi, iqtidori bu jiddiy qadamning xayrli ekanini koʻrsatdi. Yetuk asarlar ilk bor eʼlon qilinar ekan, kitobxon va munaqqid nazaridan oʻtgach, yana bir bor ijodkorning oʻz nazaridan ham oʻtgan. Sheʼriyati bilan el koʻnglini topgan shoir dramaturg sifatida ham hali koʻp bor qalam surishiga ishonamiz. Faqat “Samarqand sayqali” dramasini qoʻlga olib, Navoiy dahosi bilan yuzma-yuz tarzda asarni koʻngil koʻzidan yana bir karra oʻtkazsalar, u sayqal topardi.

 

Laylo ShARIPOVA,

Buxoro davlat universiteti katta ilmiy xodim-izlanuvchisi,

filologiya fanlari nomzodi

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-va-samarqand/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x