Navbat

Aslida hech qanday vahimaga oʻrin yoʻq edi. Odamlar mish-mish tarqatib, biri-birlarining yuragiga gʻulgʻula soladigan boʻlib qolishganmi yo pashshadan fil yasashga odatlanishganmi, hartugul, qoʻrgʻon ahli orasida bu gap suv ichimda – yildirimday tez tarqaldi. Bir zumda qoʻrgʻonning barcha puchmoqlarigacha yetib bordi. Shu hududda yashovchilar xayolida beixtiyor savollar kezindi: “Endi nima boʻladi? Qandoq qilamiz? Nega shundoq ekan?”. Shunday sersavol kunlarning birida qurmagʻur ishlarni yumaloq yostiq qilib, chala-yarimini ora yoʻlda qoldirib, uyga surib yubordim. Maqsadim – yoʻl ustidagi doʻkonga birrov kirib-moʻralab oʻtish. Mening bu dardimga ham oʻsha mish-mishlar sababchi edi. Chunki neʼmatlarga boy dasturxonning koʻrki boʻlakcha boʻladi.

Garchand ulkan bir idorada kichik oromkursi egasi boʻlsam-da, hamma qatori yashashni – yurib-turish, yeb-ichish menga ham yoqadi. Farqim shuki, kun qizigan pallada pakida qirtishlangan tap-taqir boshimni muzday suvga yuvib koʻchada gir-gir aylanayotgan salqin shabadaga ermaklab tutib turishni xush koʻraman. Boshda gap koʻp, aytmoqchi gap boshidan kallaga chalgʻimaylik… Chunki har qanday isrof hech kimga ham yoqmaydi; odamning kayfi uchadi. Asli har ishning badastur boʻlishni xush koʻradigan bir odamman. Qoʻrgʻon doʻkoni qarshisida turgan gavjum olomon yoniga borib, darrov navbatga turmoqchi boʻldim. “Hoʻ-oʻ, roʻyxat va roʻyxatchi bor”, deyishdi. “Ismingiz kim?”. “Sobir!”. “Qirq sakkizinchi boʻldingiz!”. “Xoʻp!”. “Hoʻ, akoʻ, uzoqlashmang, aks holda roʻyxatdan oʻchirilasiz!” Poʻpisaga qarshi: “Ovozingni yel olsin”, deb qoʻydim ichimda.

Ramazon yozga tushgan kunlar… Havo isigandan isib yotibdi. Issiq ham gapmi – gunorta quyoshi naq manglayimda – tandir ogʻzidan olov purkaydi. Ogʻzim yopiq boʻlgani uchun boshqalarni ham oʻzimday deb oʻyladim. Odamda shunday tuygʻu boʻladi. Deylik, toʻy yoki boshqa marosimga aytilgan boʻlsa, yoʻlda ketayotgan odamlarning hammasi shu toʻyga borayotgshadek tuyuladi. Boshqalarni oʻziga tenglashtiradi…

Haligi joyga qarasam, roʻyxatchi yigitning boshi tap-taqir. Kalla menga xush yoqadigan tarzda toza qirtishlangan; sochdan koʻra soqollari bir oz oʻsginroq. Soqoliga qarab, hoynahoy sunnat hurmati shunday qiyofa kasb etgandir yigit, degan xayolga bordim. Navbatni poylash uchun doʻkon biqinidagi daraxatning olaquroq soyasiga borib turdim. Davra talabiga koʻra ogoh boʻlishim lozim. Ketib qolinsa, roʻyxatdan oʻchirilish va, tabiiyki, doʻkonga yaqinlashishning iloji boʻlmaydi. Bu esa xavflidir. Xavf yomon narsa – ichni kemiradi, xayolni toʻzgʻitadi, yurakni gʻimjiydi; halovat yoʻqoladi. Olaquroq soyada turibmanu ora-orada haligi roʻyxatchiga qarayman; qarab kuzatman. U esa nihoyatda xushyor, ketib qolguvchini darhol roʻyxatdan oʻchiradiganday. Mendan xavfsiradimi yo, bilmadim, negadir men tomonga tez-tez qarab qoʻyayotgandek tuyuldi. Aslida taʼqibchi koʻzini chalgʻitib bir soatlar atrofni aylanib, vaqt oʻtkazishni moʻljallagan edim. Biroq haligi oʻynoqi, yugirak juft koʻzdan uzoqlashish imkoni boʻlmadi. Olquroq soyada qoqqan qozidek turaverdim. Ora-sira bir qoʻlim bilan daraxtga suyanaman. Boshqalarda ham zerikish seziladi. Bir kampir doʻkon oldiga yotqizilgan yam-yashil, sunʼiy oʻtlar ustiga oʻtirib oldi. Roʻyxatchi enasi tengi shu kampirga darhol tanbeh berdi va oʻrnidan tikka turgʻazib qoʻydi. Mening ham oyoqlarim toliqdi. U yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa uch-toʻrt qadam yurdim.

Navbatga yozilguvchilarning soni tobora ortib borardi. Zerikishni yengish uchun roʻyxatchi oldiga borib, sanoqqa qiziqdim. Oradan hech qancha vaqt oʻtmagan, ammo sanoq shiddati tez, saksondan oshib ketibdi. Raqam va faqat navbatda turguvchilar ismigina bitilgan yarim gʻijimlangan sargʻimtil qogʻozga bir qur boqishning ham oʻzi boʻlmadi. Odam gavjum, oyoq uchigacha tikkayib boʻyinni choʻzdim. Birov kelib bilibmi yo bilmasdan yelkasi bilan turtdi. Oldimda turgan juvon ustiga qulashimga sal qoldi. Indamadim. Nima deysan? Yonida yosh bolasining qoʻlidan tutib turgan oʻrta yoshli xotin menga dagʻdagʻa ohangida soʻz qotdi: “Nima qivossiz? Sizdan oldin kelganlar turibdi, ana orqada odamlar bor, oʻsha tomonga oʻtib oling”. “Kechirasiz, men allaqachon roʻyxatga yozilganman. Son-sanoqni bilmoqchiydim, xolos”. “Shundoq demaysizmi? Men qattan bilibman!” Haqiqatan, sanoq yuzga yaqinlabdi. Navbat raqamimga bir qaradim: “48. Sobir”. Hayriyat! Top-toza; usti chizilmagan. Qanday baxt! Tiqilinchdan sirgʻalib yana sekin chiqib oldim. Raqam va ism pok-pokiza turganiga amin boʻlgach, xotirjam ortga tisarildim. Shunisiga shukur. Biroq, birodar, hali doʻkon darichasi ochilishidan nom-nishon, darak yoʻq. Shukrona moʻl-koʻl. Ishdan qaytayotgan odamman. Shu bois poʻrim kiyinib olganman: dazmollangan moviyrang koʻylak, och kulrang shim, oyoqda – xitoylarning dunyoga mashhur “Xinda” firmasi mahsuloti – yaltillagan qimmatbaho yozgi tufli; mayda teshikchalaridan shamol kirib, oyoqni terlashdan asrab turibdi. Odam bunday shinam kiyimda navbatchilar orasida oʻzini noqulay sezadi. Chunki boshqalar qoʻrgʻonchadagi qoʻshqavatli gʻishtin uylaridan shundoq biri ikkinchisini yetaklab chiqib kelishgan. Birovlari uy kiyimida, boshqalari issiq boʻlgani uchun maykachan hatto; oyoqlariga bir bogʻichi uzilgan yoki charmi unuqib ketgan, tagligi yemirilgan eski shippak ilib olganlari ham bor. Qoʻliga yosh goʻdagini koʻtarib, navbat uchun qoʻshni qiz bilan birga kelgan bir juvon roʻyxatchi tomon talpindi: “Ukajon, bizni ham yozib qoʻying. Ikki kishimiz!” Roʻyxatchi yigit ishiga bagʻoyat pishiq, bamisoli davlat miqyosidagi juda muhim maxfiy topshiriqni ado qilayotgan masʼul odam u. Navbatga kelguvchining aynan oʻzini oʻz koʻzi bilan koʻrmaguncha qalami qimirlamaydi. Keguvchini bosh-oyoq, obdon kuzatadi. Navbat shartlarini tushuntiradi: “Oladigan narsangizni aniq biling. Har qanday mahsulot yoniga nimadir qoʻshilishi mumkin. Norizolar boʻlsa, aytsin yoki boshqa doʻkonga borsin!”. Haligi juvonning “Ukajon, bizni ham yozib qoʻying. Ikki kishimiz!” degan tovushi qayta takrorlandi. Shunda roʻyxatchi ismingiz va ikkinchingiz kim, degan maʼnoda juvonga qaradi. “Men falonchiman, yana ana qoʻngshim”, dedi. Roʻyxatchi qoʻshni qizni izladi. Koʻrinishi toʻladan kelgan boʻlsa ham, qizning boʻyiga ishonmadi. “Yoshi oʻn oltiga yetmaganlar roʻyxatga yozilmaydi”. Quyoshtoʻsar qora haybatli koʻzoynagi yuzining yarmini yopib olgan qoʻshni qiz deganimiz hayratomuz ohangda: “Nima devotsiz, voy. Allaqachon pasport olganman-ku. Doʻkonga ham hujjat koʻtarib yuraymi, oka?” dedi. Koʻzoynak yuzidan manglayiga koʻtarilib, sochlarini quchoqlab oldi. Shunda uning qisiq koʻzlari nisbatan yapaloq yuzi bilan arazlashgandek koʻrindi. Qizning arzini qoʻshnilar kuchlab tushdi. Roʻyxatchi ikkilandi, soʻngra xotinlarning gʻalagʻovuriga bosh suqishni istamadimi yoki oʻzi insofga keldimi, baharhol, burni aralash poʻngʻillab boʻlsa-da, haligi “qoʻshni qiz”ni roʻyxatga tirkab qoʻydi.

Atrofga roʻyxatchining yangi ogohlikka daʼvati yangradi: “Hech kim uzoq ketmasin. Oʻchirib tashlayman! Raqam bilan chaqiraman. Hech kim raqamini esidan chiqarib qoʻymasin! Oʻz vaqtida javob bermaganlarni izlab yurmayman! Takror soʻramayman! Tushunarlimi?!” Ayrim odamlar ogohlantirishga “Tushunarli! Tushundik! Maʼqul!” deb javob qaytarishdi. Men roʻzador boʻlsa kerak degan roʻyxatchi deganingizni zimdan kuzatsam, bir payt shapillatib saqich chaynay boshladi. Hayf senga shirin xayol! Shu mahal uning yoniga doʻkondan bir sherigi kelib, qulogʻiga allanima deb shivirladi. Yaqinroq turganim uchun shivir eshitildi. Roʻyxatchi xuddi avvalgi ovozda yangilikni eʼlon qildi. “Sanoq bir yuz oʻttiz oltita boʻlduv. Ichkaridan mahsulot kamroq. Navbatda turganlardan kimgadir yetmay qolsa, xafa boʻlish yoʻ-oʻ…”. “Nima?” “Nega roʻyxat qilyapsan yoʻmasa?” “Chto za dela?” “Biza yetmiya tugulmi?” Roʻyxatchi qarasa vaziyat jiddiy tus oladigan, yumshatish uchun siniq ovozda: “Ichkaridan shunday xabar berishdi”, deb aybni u tomonga agʻdarib qoʻya qoldi. Ichkari mavhumot, unda nima gaplar sodir boʻlayotganini birov bilmaydi. Faqat hammaning nazari bir darichaga qadalgan. Hamma darichaning ochilishini intiqlik bilan kutishadi. Ichkaridan allanima taraqlab ketdi. Darichaga yaqin turgan xotinlar odatlariga sodiq holda “Keldi, kelishdi. Kimdir yaqinlashdi. Ochishmoqchi, shekilli”, deb bir-birlariga umidli qarab bezovtalanishdi; biri birini turtkilagandek boʻlishdi. Buni koʻrgan roʻyxatchi oʻtirgan stoli ortidan chiqib bezovtalar oldiga bordi. Haligi ezgu xayol battar parchalandi. Taqir boshli saqoldor tizzasidan ham yopmaydigan kap-kalta bir shoʻrtik kiyib olibdi. Bu manzarani mulohaza qilib ulgurgunimcha ham yoʻq ediki, u daricha oldiga yetib borib, haligi xotin-xalajni bir safga tizish bilan mashgʻul boʻla boshladi. “Vaqt boʻlib qoldi, shekilli”, dedi kimdir. Shunda roʻyxatchi uni sal boʻlmasa jerkib, itday talashiga oz qoldi: “Soatingiz toʻgʻri ishliydimi opoqi? Hali vaqt boru-uv, qaqqa shoshilavuza-a?! Shoshilmangloʻ-oʻ!” Shu orada haligi sherigi doʻkondan tezlashib chiqib kelaverdi va roʻyxatchini chetga chaqirib, yana unga allanimalar dedi. Roʻyxatchining afti bir oz oʻzgardi, rangi-roʻyi oʻchinqirganday boʻldi. Bu holdan ichkarida nimadir yuz berganini taxmin qilish mumkin edi. Ularni uzoqdan taʼqib qilib turgan odamlar ikki sherikning oʻzaro pichir-pichir maslahatlarini yaxshiga yoʻyishmoqda edi: “Qoʻshimcha “Kapuchino”ni olib tashlashsa kerak”, “Oʻn kilodan berilishi mumkin”, “Bugun odam koʻp, doʻkonning ikkinchi darichalaridan ham sotiladi, chamasi”. Doʻkon oldiga jamlangan yuzdan ortiq odam xayolidan oʻtgani ogʻziga chiqib ulgurmasdanoq, roʻyxatchi sherigining xabarini eʼlon etdi: “Mahsuloti koʻp emas, hammaga yetmasligi mumkin. Ammo yuqoridan boshliq keladi. Sotilish jarayoniga shaxsan oʻzlari guvoh boʻlishlari kerak. Ehtimol yonida yordamchilari bordir, suratga ham tushirishi lozim. Qoʻrgʻon tarixi uchun zarur. Aks holda holimiz ne kechadi? Mahalla obroʻsi nima boʻladi? Qoʻrgʻonimiz isnodga qoladi…”. Koʻzini odamlardan olib qochayotgan roʻyxatchining keyingi aytgan gaplari qulogʻimga kirmadi. Bizning ishxonada ham ora-tura shunday hollar yuz berishiga koʻnikib, muloyim tortib qolgan edim. Kayfiyat jinday buzildi. Asabiylashuvdan foyda yoʻq. Bu joy doʻkon, ishxona emas. Bir rolga kirib, garchand shovqin-suron foyda bermasa ham, dagʻdagʻani kattartirib yuborsammikin, degan vasvasa koʻnglimdan oʻtdi. Ulugʻ kunlar hurmati oʻzimni arang bosdim; tilimni tishladim. Tishni tishga bosdim. Laʼnati shaytonni vasvasasiga qoʻshib haydab soldim. Charchadimmi? Yoʻq, choʻllagan ekanman. Quruqshagan lablarimni yaladim, yorilgan boʻlsa kerak – labim andak achishdi; tomogʻim qaqradi. Xullas, nurafshon darichaning ochilish marosimi bir necha soat ortga suriladigan boʻldi. Endi navbatda turganlar yuzida roʻyxatchiga shubha bilan qarash holati sezilgandek edi. Avvaliga shaqqillab, tetik-tetik gap sotayotganlarning ham shashti pasaygan, hatto onasi qoʻlida chinqirib xarxasha qilayotgan chaqoloq ham charchoqdanmi yoki uyqu vaqti yetganidanmi, muloyim tortib qolgan, ayrimlari poshillib uyqu ummoniga shoʻngʻigan edi.

Roʻyxatchi hamon navbat ketiga odam tirkashdan davom etardi. Biroq uning ham shiddati pasaygan, “Hammaga yetadimikin?” degan savollariga hafsalasizgina “Bugun boʻlmasa, ertaga yetadi. Ertaga ertalabdan xuddi shu roʻyxat asosida beravuza”, degan gapni ilova qilmoqda edi. Tekshiruvchi boshliq kelishini kutish ham choʻzilgandan choʻzildi.

Doʻkonga tashqi koʻrinishidan qoʻrgʻon ahliga begona bir kishi kirib ketdi. Ayrim sodda xotinlar uni boshliq deb oʻylashdi shekilli, daricha ochilishidan umidlanib qimirlab qolishdi. Chetroqda oʻtirganlar gʻimirlaganlar yoniga bordi. Men hali kelgan kimsada biror xosiyat koʻrmadim. Boshliqlar odatda yonida tanqoʻriqchilariga oʻxshash arslon oldida yuradigan qoraqulogʻi bilan birga yurishini bilganim uchun beparvogina oʻtiraverdim. Begona kishi qanday xotirjam doʻkonga kirgan boʻlsa – oʻziga qadalgan koʻzlarga mutlaqo beparvo – xuddi shunday sipolik bilan tashqari chiqdi. Roʻyxatchining sherigi pildirab, bir qadam ortda unga ergashdi. Kuzatib qaytarkan, nigohlari bilan roʻyxatchini izladi. Bir lahza nigohlar toʻqnashganda, yoniga imladi. Roʻyxatchi gʻoz yurish bilan qoʻllarini ikki tomon kergancha bizning yaqinimizda paydo boʻldi. Ikkovining sirli pichirlashi, ayniqsa, roʻyxatchining asabiylashib: “Odamlarga nima deymiz? Sharmanda boʻldik” degan gapiga sherigi “Sharmandasi nimasi? Bir kun ming kun emas. Bugun boʻlmasa, ertaga!” deb javob berishidan vaziyat tangligini ilgʻab oldim. Roʻyxatchi doʻkon ichidan sherigi olib chiqqan navbatdagi xabarni ovoza qildi. “Odamlar tarqalinglar! Ertaga ertalab kelasizlar”…

Madorsiz uyga kirib kelganimda vaqt ogʻiz ochishga yaqinlab qolgan edi. Ogʻizimni ochib, ushbu voqeani yozdim.

 

Bahodir Nurmuhammad

 

2015

 

“Maʼrifat” gazetasining 2017 yil avgust sonida chop etilgan.

https://saviya.uz/ijod/nasr/navbat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x