NAVBAHOR BENTONIT GIL KONI — Navoiy viloyati Navbahor tumanida, Jan. Nurota tizmasining jan.-gʻarbiy yon bagʻrida. Qalqonota qishlogʻidan 12 km shimolda joylashgan. Kon 1998-y. da A. U. Mirzayev va X. Chiniqulovlar tomonidan ochilgan va razvedka qilingan. Tasdiqlangan zaxirasi 7142,6 ming t. Bentonit gillarining sanoatbop gorizontlari eotsen kesmasida joylashgan va subkenglik boʻylab 3 km masofaga choʻzilgan asimmetrik sinklinal burmaning qanotlarini tashkil etadi. Konda gilning 3 turi: ishqoriy va ishkoriy-yer bentonitlari hamda karbonatli poligorskitlar mavjud. Ularning umumiy qalinligi 7—13 m.
Ishqoriy bentonitlar kulrang, yashilroq kulrang, yogʻsimon. Suvda sekin, ammo kuchli shishadi. Mineral tarkibi, asosan, montmorillonitdan iborat. Gilda qoʻshimcha sifatida gidroslyuda, kvars va temir gidroksidlari uchraydi.
Ishqoriy-yer bentonitlari och kulrang, yogʻsimon. Suvda yupqa plastinkalarga tez ajraladi, lekin, kam shishadi. Jins hosil qiluvchi minerallari montmorillonit va gidroslyudadan iborat. Qoʻshimchalar sifatida paligorskit, kvars va temir gidroksidlari uchraydi.
Karbonatli paligorskit gillari och kulrang, deyarli oq. Chigʻanoqsimon sinishga ega, suvda parchalanmaydi. Paligorskitmontmorillonitkalsitli polimineral tarkibiga ega.
Bentonitlar neft va gaz konlarini qidirish va razvedka qilishdagi burgʻilash ishlarida yengil yuvuvchi suyuqlik sifatida, paligorskit gillari esa tuz va issiqlik agressiyasiga chidamli suyuqliklar tayyorlashda ishlatilmoqda. Bir tonna bentonit gilidan 12—14 m3 yuvuvchi suyuqlik tayyorlash mumkin. Paxta yogʻi, vino va meva sharbatlarini tozalashda adsorbent sifatida foydalanilmoqda. Ishqoriy bentonitlarni sovun, lok-boʻyoq, keramzit, dori preparatlari va kosmetika vositalari i. ch. da, ichimlik suvi, texnik va sanoat oqova suvlarini tozalashda ishlatish mumkin. Navbahor bentonit gil koni qulay iqtisodiygeografik sharoitga ega. Gil ochiq usulda qazib olinmoqda.