NASAFIY AZIZIDDIN (taxallusi; toʻliq nomi Aziziddin ibn Muhammad Nasafiy) (?, Nasaf — 1263, Yazd, Abarkoʻh) — shoir, tasavvuf falsafasining yirik vakili. Shayx Kubro taʼlimoti va Muhyiddin ibn Arabiy tariqatini oʻzaro bogʻlagan kubraviya mashoyixlaridan biri. Dastlab Nasaf, soʻng Buxoro madrasalarida taʼlim olgan. Asosan, falsafa va hikmatni oʻrgangan, tib ilmida ham yuksak mahoratga ega boʻlgan. Nasafiy Aziziddin 1243 — 51 y. lar Xurosonda yetuk oriflardan boʻlmish Saʼdiddin Hamaviy (Hamuya, 1191 —1252) bilan tanishishi natijasida tasavvuf yoʻliga kirgan. Elxoniylar Buxoroga hujum qilganda (1272), u yerdan Bahrobod (Xuroson)ga ketgan, Isfahon va Sheroz safaridan soʻng Yazdning Abarkoʻhida maskan tutgan.
Nasafiy Aziziddin fors tilida ijod qilgan. «Insoni komil» asari Nasafiy Aziziddin risolalarining majmuasi ham deb yuritiladi. 1 muqaddima va turli mavzularga bagʻishlangan 22 risoladan iborat. Undagi risolalarning kupi «Manozil ussoyirin» («Yoʻlovchilar qoʻnalgʻasi»)ning baʼzi nusxalarida uchraydi. Ushbu asar 556 sahifa boʻlib, irfon va hikmatlarga oid nozik tushunchalardan bahs yuritadi. Irfon va hikmat masalalari va asosi haqida yana «Bayot ut-tanzil» nomli kichik va muxtasar kitobi ham bor. N. A. ning bildirishicha, uning fikr va aqidalari faqat «Maqsad ul-aqso» («Soʻnggi maqsad») asarida ifodalangan. Asar 8 fasl, 8 bob va 1 xotimadan iborat. Shuningdek, Nasafiy Aziziddinning «Zubdat ulhaqoyiq» («Haqiqatlar qaymogʻi»), «Usul va furuʼ» («Ildizlar va butoqlar»), «Mabdaʼ va maʼod» [«Asl makon va (unga) qaytish»], «Miftoh ul-asror» («Sirlar kaliti»), «Nafsi insoniy», «Vahdati vujud» va b. kitoblari chet ellarda chop etilgan. Olam va odam birligi taʼlimoti Nasafiy Aziziddin asarlarining mohiyatini tashkil etadi.
Nasafiy Aziziddin ijodi arab, ingliz, nemis, fransuz, turk, hind, rus olimlari tomonidan tadqiq etilgan. Qoʻlyozma nusxalari Vena, Leyden, London, Kalkutta, Dushanba, Istanbul, Sankt-Peterburg, Tehron sh. lari kutubxonalarida, Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-ti qoʻlyozmalar fondida saqlanadi. «Zubdat ul-haqoyiq» asari Nasafiy aziziddin Komilov tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
Ad.: Muhammad Nosir. Nasaf va Kesh allomalari, T., 2001.
Habib Abdunazar.