Dorixonalarda narxlarning balandligi, bir xil dori bahosining katta tafovuti – bularning hammasi aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
2016 yil 31 oktyabrda Oʻzbekiston Prezidentining “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Ochigʻi, qoʻlida uzundan-uzoq retsept koʻtarib, qaysi birida arzon ekan deya dorixonama-dorixona yurganlar hamon uchraydi. Xoʻsh, oʻtgan vaqtdan buyon nima oʻzgardi?
– Oʻzbekistonda dori vositalarini sotish qonun bilan belgilab qoʻyilgan, – deydi Asia Pharm Sonsulting direktori Oybek DOʻSMATOV jurnalistlar bilan boʻlgan uchrashuvda. – Ulgurji savdoda sotiladigan dori vositalari oʻz tannarxiga 15 foizgacha narx qoʻyib sotishi mumkin. Chakana savdoda esa 20 foizgacha narx qoʻyishga haqli. Shu oʻrinda aytish kerakki, dorixonalarda narx oʻzgarib turishi dorixonaga uch oy oldin va bugun olib kirilgan bir xil nomdagi mahsulot narxida tafovut boʻlishiga bogʻliq. Bu nimaning hisobidan degan savol tugʻiladi. Bu valyuta kursi oʻzgarishi, xizmat koʻrsatish va boshqa qoʻshimcha xarajatlarga bogʻliq. Misol uchun, mahsulotning yaroqlilik muddati oxirlashib qolsa, narx pasayishi yoki yangi olib kelingan mahsulot esa qimmatroq boʻlishi tabiiy.
– Dorixonaga kirgan kishini farmatsevt (dorixona sotuvchisi) xizmati qoniqtirmaslik, baʼzan esa isteʼmolchining preparat haqida bergan savollariga toʻliq javob bera olmaslik kabi holatlar kuzatiladi. Bilimi yetarli boʻlmagan farmatsevtlar malakasini oshirish choralari koʻrilyaptimi?
– Bugun ayrim dorixonalarda dori vositalarini yaxshi bilmaydigan farmatsevtlar faoliyat koʻrsatayotgani bor gap, – deydi Oʻzbekiston farm klub uyushmasi raisi oʻrinbosari Erkin KARIMOV. – Ularning bilim va malakasini oshirish, mijozga yuqori darajada xizmat koʻrsatishni oʻrgatish maqsadida malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Hozirda bu loyiha Toshkent shahrida olib borilmoqda. Keyinchalik, barcha hududlarda farmatsevtlar malaka oshirish kursida oʻqitiladi.
Bekzod NASIMBOYEV tayyorladi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/narxlar-nega-arzonlashmayapti/