Narxi navo va obu havo

Biz navo soʻzining birgina maʼnosini bilamiz. Hazrat Navoiyga taxallus boʻlgan kuy, qoʻshiq, ohangni tushunamiz. Darhaqiqat, navo aksar shu mazmunda keladi.

Bir vaqtlar “Mushtum” jurnalining, narx-navoni qanday tushuntirasiz, degan savoliga shunday hazil javob berilgan edi:

Navo – qoʻshiq, musiqa, ohang,

Narx maʼnosi – baho boʻladi.

Narxni koʻrib ashula aytsang,

Oʻshanda narx navo boʻladi.

Bu askiyanamo javob navo soʻzini faqat bir maʼnoda tushunuvchilarga ham qaratilgan hazil edi. Aslida, narx-navoning ashulaga aloqasi yoʻq. Hayot uchun zarur boʻlgan narsalar majmui ham navo deyiladi.

Navosiz ulusning navobaxshi boʻl,

Navoiy yomon boʻlsa, sen yaxshi boʻl!

Siz koʻp bor eshitgan bu baytdagi navo aynan shu mazmunda. Navosiz ulus – ehtiyojmand xalq. Benavo ham shu. Navobaxsh boʻlmoq – benavolarga najotkor boʻlmoqdir. Ulugʻ shoir va davlat arbobining oʻz ukasi Darveshaliga qilgan nasihati yuksak insonparvarlik tarannumi boʻlib qalblarimizdan joy olgan.

Narxi navo – faqatgina lozim narsalar bahosi emas. U keng tushuncha – bozorning ahvoli, qimmatchilik yo arzonchilik belgisi, xalqning turmush darajasiga koʻrsatgich.

Navo soʻzi toʻgʻrisida bir ogʻiz soʻz: Bu kalimaning maʼnolari koʻp. Tartibu intizom, rizqu yemak, lashkaru qurol, boyligu ravnaq, farzandu avlod, sabru shukrona, tuhfayu sadaqa, tutqunligu zanjir…

Hofiz Xorazmiyning shunday bayti bor:

Faqr yoʻliga bos qadam, izla navoni dam-badam,

Xoni jahonda chunki yoʻq hech navolaga navo.

Birinchi satrdagi navosabru shukrona maʼnosida kelgan boʻlsa, ikkinchi satrdagi navoravnaqni bildiradi. Shoir aytmoqchiki, ey inson, boylikka ruju qilma, faqirlikka sabr qil, shukrona ayt. Bu dunyo dasturxonidan yegan luqmang – navolang senga ruhiy ravnaq, kamolot keltirmaydi.

Donishmand xalq narx va navo kabi ikki soʻzni qovushtirib uchinchi soʻz yo atama yasashga omil. Darsga xona, sutga choy, tuzga suv, paxtaga ish, qoʻlga roʻmol, nosga qovoq, nomozshomga gulni shundoqqina yondosh qoʻyib darsxona, shirchoy, namakob, paxtakor, dastroʻmol, nosqovoq, nomozshomgul yasalgan.

Xuddi shunday suv bilan havo birikib ruscha pogoda, inglizcha weather maʼnosidagi ob-havo soʻzi paydo boʻldi. Darhaqiqat, ob-havo suv bilan havoning holati, harakatiga bogʻliq tushuncha. Namlik, yogʻin-sochin, oqar suv, dengiz hamda havoning issiq-sovuqligi, shamolning kuchi ob-havoni belgilaydi.

Bobur Mirzoning ob-havo soʻzi goʻzal sheʼriy sanʼatga aylangan shunday bayti bor:

Ohu yoshimdin ortadur zaʼf, ey tabib,

Bildim, yarashmas emdi bu obu havo manga.

Yaʼni, yigʻlab koʻz yosh toʻkkanim, oh urganim sayin zaifligim ortib bormoqda. – Koʻz yosh toʻkishda suvga, oh tortishda havoga ishora bor. – Demak bu suv, yaʼni ob va havo menga toʻgʻri kelmay qoldi, deydi shoir va koʻz yosh, ohu faryodning foydasizligini aytish bilan birga Hindistonning ob-havosi oʻzining sogʻligʻiga yarashmasligiga ham ishora qiladi. Kosa tagida yana bir nimkosa bor. Maʼlumki, dardi ogʻirlashgan bemorga tabib, ob-havoni oʻzgartiring, deydi. Shoir qalbidagi yurt sogʻinchi, ayriliq dardi, ob-havoni oʻzgartirish orzusi ham baytda oʻz ifodasini topgan. Mana bu satrlar ham Mirzo Boburniki:

Qovun birlan uzumning hajridan koʻnglimda gʻam har su,

Oqar suvning firoqida koʻzimdan gʻar dam oqar su(v).

Hindiston mevalarga boy, lekin hech biri qovun bilan uzumning taʼmini bermaydi. Bu haqda “Boburnoma”da ham aytilgan. Shoir qovun va uzum vositasida oʻz ona yurtining beqiyos tabiati va iqlimini taʼriflaydi va qalb sogʻinchini izhor qiladi. Baytda har tomon maʼnosidagi har su bilan oqar su (suv) yondosh kelib ajib sheʼriy sanʼat – iyhom paydo boʻlgan. Oqar suv bilan koʻzimdan oqar suv iboralarida oqar soʻzi bir oʻrinda sifat, yana bir oʻrinda feʼl.

Biz narxi navo bilan obu havo istilohlarining magʻzini chaqishga harakat qildik. Tilimizning soʻz yasash imkonlari ustida fikrlashdik. Gapni shu yerda tugatsak ham boʻlardi. Lekin ob-havoning ingliz tilida weather deb atalishi menga boshqa bir soʻzni eslatdi. Havoning harakati rus tilida veter deyiladi. Bu soʻz weather bilan qarindoshmi? Va yo falak maʼnosidagi sipehrning sphere, sfera, atmosfera, stratosferaga aloqasi bormi? Bu savollarga javobni ingliz, rus tillarini suv qilib ichib yuborganlar bersin. Firdavs bilan paradise, sitora bilan star, yoʻgʻurt bilan yogurt egizak ekanini oʻzimiz ham bilamiz.

Jahon tillarida turkiy, forsiy kalimalar toʻlib yotibdi. Biz turli toʻqimalar bilan ularni koʻpaytirishimizga hojat yoʻq. Grammni – gʻirromga, matrasni – madrasaga bogʻlab maʼno chiqaraman, desak boshqalarga kulgu boʻlamiz. Yaqinda bir oʻrtogʻimiz yangi gap topib keldi: Argentinani oʻzimizning argʻin degan urugʻimiz ochgan emish. Argentina – argʻin tingan joy ekan. Bu kashfiyotga javoban boshqa bir doʻstimiz qochirim qildi: – Gaping toʻgʻri. Bu yurtdan chiqqan Maradona oʻzimizning Mardon boʻladi. Chili – chillakidan, KubaQuvadan olingan. Yana birov, Alyaska ham oʻzimizning soʻz, safarga chiqqan oʻzbek, qayoqqa ketayapsan, degan savolga – olisga, deb javob bergan, oʻsha olisgaAlyaska boʻlgan, dedi. Askiya payrovi ulanib ketdi. – Bizning qishloqdan Gʻafir va Amir degan aka-uka sayyohlar chiqqan, – dedi yana birov, – Ikkovlon yoʻlga chiqib, Gʻafir aka borgan yer – Gʻafrika, Amir aka yetgan yer – Amerika boʻlgan. Afrika aslida – Gʻafrika edi. U yerlilar ni aytolmaganlar. – Oʻsha kuni hazil-hazil bilan dunyoni egallab qoʻydik.

Bu hikoyani aytishdan maqsad, biz qilgan ayrim taxminlar oʻsha payrovga oʻxshab kulgili emasmikin? Veter bilan weather, sipehr bilan sfera tamoman boshqa soʻzlar boʻlsa-chi? Yana bir suhbatimizga nuqta emas, savol belgisi qoʻyib tugatdik.

 

 

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri

 

“Soʻz – zabarjad, soʻz – gavhar, oltin” asaridan.

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/narxi-navo-va-obu-havo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x