NAQSH

NAQSH (arab. — tasvir, gul) — qism (taqsim)lari muayyan tartibda bir maromda takrorlanishidan hosil boʻladigan handasiy shakllar, oʻsimlik, qush, hayvon va b. ning uslublashtirilgan tasvirlaridan tarkib topgan be-zak (gul). Turli narsalar (ashyolar, qurol, mato, mebel, kitob va t. k.), meʼmoriy inshootlar (ham ichki, ham tashqi bezaklar), nafis sanʼat (aso-san, amaliy sanʼat) asarlarida keng qoʻllanadi, ayrim xalqlarda, shuningdek, odam tanasini bezash (tatuirovka, bezash)ga moʻljallanadi. Narsaning sirtini bezayotgan Naqsh uningtuzilishini yuzaga chiqaradi va uning badiiy sifatini oshiradi. Naqsh yo mavhum shakllardan tuziladi, yo aniq mavzulardan uslublashtiriladi. Ishlanayotgan xom ashyosiga koʻra, Naqsh ishlashning turli-tuman uslub va usullari mavjud: oʻyma (ganch, yogʻoch, mis, tosh, marmar va b.), boʻyama (qogʻoz, mato, ganch, yogʻoch, sopol va b.), chok yordamida tikma (kashtadoʻzlik, zardoʻzlik va b.), zarb qilib, quyib (zargarlik, miskarlik va b.), toʻqima (gilamchilik, toʻqimachilik va b.), qadama (inkrustatsiya, panjarasozlik va b.) va b.

Naqshning paydo boʻlishi haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Naqsh tarixi insoniyatning badiiy madaniyati kabi qadimiydir. Arxeologik materiallar Naqshning jahondagi barcha xalqlarda qadimdan mavjud boʻlganligini koʻrsa-tadi. Metall, sopol buyum, idish, qurollar paleolit, neolit davrlarida oddiy handasiy shakllar qatorida oʻsimliksimon Naqshlar b-n ham bezatilgan. Naqsh turli oʻlkalar, turli xalqlarda geografik muhit, oʻsimlik va hayvo-not dunyosi, madaniyati taʼsirida tur-licha rivoj topgan. Mas, Shimol oʻlkalari Naqsh larida archa, chorvadorlarda mol shoxi, dexdonlarda uzum bargi va gʻujumi, oʻtroq aholida gul, anor, bo-dom, qalampir tasvirlari koʻp uchraydi. Yevropada turli davrlarda xukmron boʻlgan badiiy uslublar (barokko, gotika, klassitsizm va b.) N. ga ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Uygʻonish davrida, ayniqsa, yuksak jozibadorlikka erishgan. 19-a. ning oxiridan boshlab shu davrda vujudga kelgan turli okimlar Naqshni atayin kam ishlatdi, xatto undan butunlay voz kechishgacha bordi.

Naqsh sanʼati Oʻrta Osiyo madaniyati ta-rixida juda qad. boʻlib, oʻziga xos na-munalari bilan ajralib turadi. Arxeologik topilmalar Naqshning xilma-xil va rang-barang namunalaridan darak beradi. Meʼmoriy yodgorliklarda Naqshning ancha mukammal, oʻziga xos va yuksak sanʼatkorlik bilan yaratilgan nusxalarini uchratish mumkin. Xalq amaliy sanʼatining har bir turida (xusu-san, kashtadoʻzlik, gilamchilik, oʻymakorlik, ganchkorlik, naqqoshlik kabi) Naqshning shakliy imkoniyatlari naqadar keng va boy ekanligi yaqqol kuzatiladi. Oʻrta Osiyoda Naqshlar keng tarqalgan boʻlib, ular, asosan, 2 turga boʻlina-di: handasiy shakl va chiziqlardan ibo-rat eng murakkab Naqsh turi — girih, keng tarqalgan oʻsimliksimon Naqsh — islimiy. Xar bir Naqshning oʻz qonun-qoidalari bor: taqsim va boʻlaklar aniq oʻlchamda, uygʻun boʻlishi, ranglar did bilan tanlangan, oʻzaro mutanosib boʻlishi lozim. Bu naqqosh ustadan kat-ta maxrrat, malaka talab qiladi. Oʻrta Osiyoda eng qad. Naqsh namunalar, asosan, meʼmoriy inshootlarda saqlangan; N. ning ajoyib namunalari ganch, yogʻoch va toshni oʻyib, baʼzan boʻyab ishlangan.

Naqsh hisobiga keng taraqqiy etdi, naq-qoshlik jadal rivojlandi. Bino, buyum, idish, kiyim, qurollar aksa-riyat Naqsh bilan bezatildi; masjid, Madrasa, maqbaralarni xashamdor qilishda Naqsh muqim oʻrin egalladi. Shu davrda meʼmorlikda gʻishtni turlicha qalab Naqsh hosil qilish sanʼati yuksak darajaga koʻtarildi. Binolarning yogʻin tushmaydigan joylari ganch va yogʻoch oʻymakor-ligi, boʻyama Naqshlar bilan bezatildi. Jumladan, meʼmoriy yodgorliklardan Oʻzgandagi maqbaralar (interyer, devor, peshtoq, ravoqlar) gʻishtin nafis naqshlangan. 14—15-a. larda koshinkoriy Naqshlar yaratildi (Koʻhna Urganchdagi Toʻrabekxonim koʻshki, Sa-marqanddagi Shohizinda ansambli, Dilkusho koʻshki — Ishratxona va b.). Xiva, Buxoro, Qoʻqon xonliklari davrida xalq ustalari sanʼati ayniq-sa shaharlarda oʻsdi, Naqsh, naqqoshlik qam yanada rivojlandi. Xudoyorxon oʻrdasi (Xiva), Sitorai Mohi Xosa (Buxoro), Toshhovli (Xiva) va b. binolar mohir ustalar tomonidan nafis Naqshlar bilan bezatildi. Bu esa Oʻrta Osiyoda Naqshning oʻziga xos uslublari vujudga kelganligini koʻrsatadi.

Buxoro Naqshi eng murakkab, mukam-mal va jozibador boʻlib, koʻp asrlik ijodiy mehnat anʼanalari samarasidir; N. bezak boʻlish bilan birga binokorlikning ajralmas qismiga aylangan. Juda murakkab girihlar puxta oʻlcham bilan ishlangan, gul Naqshlari oʻziga xosligi bilan (gul Naqshda vaza, kosa, gul-donlar uslublashtirilib, ularda gul butalari aks ettirilgan, yaproq, me-valar tasvirlari bir maromda berilishiga alohida eʼtibori b-n) ajralib turadi. Xiva Naqshi (yulduzlar hosil qiluvchi girihlar orasida oʻsimliksimon gullarni mahorat bilan joylashtirilishi, barg shaklidagi bezaklarning koʻpligi, oʻsimliksimon tasvirlar zich, koʻp va turli-tumanligi bilan mashhur. Fargʻona N. i Margʻilon, Xoʻjand, Qoʻqon, Fargona, Namangan va b. shaharlarda vujudga kelgan uslublardan iborat. Meʼmoriy yodgorliklar (Qoʻqondagi Modarixon daxmasi va Daxmai shohon), 19-a. da yaratilgan Naqsh larda sodda rang-baranglik (sa-riq, qizil, yashil, qora, oq, koʻk, pushtirang), N. qismlarining ancha joʻnligi koʻzga tashlanadi. Fargʻona Naqsh ining oʻziga xos jihatlari: bino devorlariga mehrobi namoyonlar ishlanib, ular hoshiya N. bilan bir-biridan ajratila-di, hoshiyalar orasiga girih, qolgan qismlarga oʻsimliksimon gullar ishlanadi. Ularda Buxoro, Xiva Naqsh larining taʼsiri seziladi. 19-a. oxiri — 20-a. boshlaridagi Naqsh lardayevropa Naqsh larining ham taʼsiri bor.

Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston hududida yaratilgan roʻzgʻor buyumlari, asbob va qurollar, uy va inshootlarni Naqsh (bezak)siz tasavvur qilish qiyin. Oʻrta Osiyoda ishlangan bezakli buyumlar, matolar xalqaro bozorlarda ham qadrlangan. Turli oʻlkalar bilan madaniyiqtisodiy aloqalar Naqshning rivojiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatgan.

20-a. boshqa sohalar qatorida amaliy sanʼat anʼanalarining yangi rivojlanish davri boʻldi. 30-y. lardan yirik jamoat va maʼmuriy binolar qurilishi rivojlandi, badiiy buyumlar i. ch. yoʻlga qoʻyildi. Alisher Navoiy teatri, Muqimiy teatri, Oʻzbekiston ta-rixi muzeyi, Xalqlar doʻstligi sa-royi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, «Xotira» maydoni, Imom Bu-xoriy yodgorlik majmuasi, Oliy Majlis, Oʻzbek milliy drama teatri, Oʻzbekiston konservatoriyasi binolarining turli texnika, usullar bilan ishlangan Naqshlar hisobiga kurkam qilingani qad. anʼanalarning tiklanganligi, yangi mazmun bilan boyib bo-rayotganligiga yorqin dalildir. Xalq ustalari Usta Shirin, Yu. Musayev, T. Arslonkulov, Q. Jalilov, Sh. Gʻafurov, S. Xoʻjayev, N. Ibrohimov, M. Qosimov, U. Zufarov, Q. Haydarov, U. Ahmedov, O. Polvonov, T. Toʻxtaxoʻjayev, O. Qosimjonov, J. Hakimov, Yo. RaNaqsh bilan bezatilgan quticha (20-a. oʻrtalari, Toshkent). ufov, A. Boltayev, aka-uka J. va B. Jalilovlar, S. Xudoyberganov, H. Rahimov va b. yaratgan asarlar 20-a. oʻzbek milliy naqqoshligining yorqin namunalariga aylandi.

Kulollik, zardoʻzlik, kashtadoʻzlik, gilamchilik, zargarlik, kandakorlik va b. sohalarda Naqsh bilan bezatilgan badiiy buyumlar turmushga fayz kiritadi. Ustalar yangi usullarni qoʻllab, yangi mazmun b-n boyitilayotgan Naqshlar yaratmoqda. Bu jarayonda naqqoshlardan M. Toʻrayev, A. Ilhomov, S Mahmudov, Q. Shoislomov, H. Nuraliyev, A. Asqarov, O. Fayzullayev, S. Shukurov va b. yirik ustalar shogirdlari bilan qatnashdilar. Ular yaratgan bezaklarda «kundal», «mehrobi», «bodom», «buta», «chorgul», «shobarg», «oygul», «zanji-ra» N. turlari koʻp uchraydi. Ushbulardan koʻrinadiki, Oʻzbekiston musta-qilligidan keyin barcha sanʼatlar qatorida amaliy sanʼat turlari, shulardan Naqsh, naqqoshlik, yogʻoch va ganch oʻymakorligi ham jadal rivojlanmoqda, ularda qad. unutilayotgan anʼanalar qayta tiklanayotgani, Naqsh turlari kengayotgani va islimiy Naqshning bir necha turlari uygʻunlashayotgani kuzatiladi. Naqqoshlar ham 1995-y. dan Toshkent sh. da YUNESKO tashkil etgan xalq hunarmandligi yarmarkasi, Parij sh. da oʻtkazilgan Amir Temurning 660-yilligi tantanalari koʻrgaz-masi va b. da qatnashib kasbiy maxr-ratlarini namoyish etdilar.

Ad.: Narodnoye dekorativnoye iskusstvo Uzbekistana, Albom, M., 1955; Rempel L. I., Arxitekturnыy ornament Uzbekistana, T., 1967; Raufov Yo. Naqqoshlik, T., 1973; Zohidov P., Meʼmor olami, T., 1996; Oʻzbekiston sanʼati, T., 2001.

Poʻlat Zohidov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x