Musulmon olamidagi eng zabardast mutasavvuf donishmandlardan biri buyuk vatandoshimiz shayx Najmiddin Kubrodir.
Abul-Jannob va Tomatul Kubro laqablariga sazovor boʻlgan tasavvufning Kubraviya silsilasining asoschisi Najmiddin Kubroning toʻliq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy al-Xorazmiydir. Hijriy oltinchi va yettinchi asrlarda yashagan Najmiddin Roziy, Majiddin Bagʻdodiy, Saʼdiddin Hamaviy, Sayfiddin Bahorziy va Bahovuddin Valad kabi siymolar u kishining murid va shogirdlari boʻlgan.
Ahmad ibn Umar Abul-Jannob Najmiddin Kubro 540 hijriy yilda Xorazmning Xivaq shahrida dunyoga keladi.
Abdurahmon Jomiy oʻzining “Nafahot ul-uns” asarida yozishicha, Najmiddin bolalik paytidayoq ilm istab Misrga ravona boʻladi. Misrda Ruzbehon Vazzon al-Misriy (vafoti 584/1188) degan olim dargohida taʼlim oladi. Al-Misriy esa, oʻz navbatida, mashhur mutasavvuf donishmand Abu Najib as-Suxravardiydan taʼlim olgan edi. Ruzbehon uni oʻz oʻgʻlidek yaxshi koʻrib, alohida mehr bilan tarbiya qiladi, hatto qizini nikohlab berib, oʻziga kuyov qilib oladi.
Ammo ilmga chanqoq Najmiddin Kubro koʻp oʻtmay Tabrizga borib, u yerdagi Imom Abu Mansur Hafda degan donishmanddan islomiy ilmlarni oʻrganadi va Tabrizda shayx Bobo Faraj, Ammor Yasir, Ismoil Kasriy kabi ulkan mutasavvuf donishmandlardan tasavvufga oid koʻpgina zohiriy, botiniy ilmlarni ham egallaydi. U kishi shayx Ismoil Kasriy qoʻlida tasavvufiy xirqapush darajasiga yetib, ul hazratning oq fotihasini oladi. Soʻngra Misrdagi ustozi va qaynatasi Ruzbehon maslahati bilan oʻz vatani – Xorazmga qaytib kelib, xonaqoh quradi va shogirdlar tarbiyasiga katta eʼtibor beradi, “Kubraviya” yoki “Zahobiya” tariqatiga asos soladi. Bu tariqat taʼlimoti hadis va shariatga asoslangan boʻlib, oʻz davrida Xuroson, Movarounnahr, Hindiston va boshqa musulmon mamlakatlari xalqlari orasida keng tarqaladi. Mazkur tariqat soliklari orasida zikrni ovoz chiqarmasdan (xufiya) ijro qilish usuli joriy boʻlgan.
“Rashahot ayn ul-hayot” asarining muallifi Faxruddin as-Safiy oʻz asarida hazrati Abdurahmon Jomiy fikrlariga tayangan holda Najmiddin Kubroning zikri xufiya talqini toʻgʻrisida soʻz yuritadi va shayx Kubro fikricha, zikr jarayoni insonlarning nafas olish (tanaffus) jarayoni bilan chambarchas bogʻliq ekanligi haqida shunday maʼlumot beradi: “Hazrat Maxdumi Nuriddin Abdurahmon al-Jomiy aytishlaricha, shayx Abul Jannob Najm al-Kubro qudsi Allohi ruhi oʻzining “Favotix al-jamol” risolasida yozganlaridek, hayvonlarning nafas olishi bir tabiiy zaruriyat tufayli yuz beradi. Insonlar ham aslida ayni oʻsha zaruriyat yuzasidan nafas oladilar, lekin oʻshanday nafas olish jarayonida inson gʻoyibona haqqu subhonahuning muborak nomini zikr qiladi.
Ali Akbar Dehxudoning mashhur “Lugʻatnoma”sida keltirilishicha, “u kishining Kubro deb atalishlariga sabab shuki, behad ziyrakliklari va tuganmas zakovatlari tufayli har kanday muammoli masalani soʻralganda hal qilib berar edilar va har kim u kishi bilan bahs-munozara qilsa, gʻolib chiqar edilar”[1].
Shuningdek, u kishini Tomatul Kubro, yaʼni buyuk balo va qazolarning oldini oluvchi, xaloskor deb ham atashgan. Abul-Jannob deb atalishlariga sabab esa, u kishining dunyoviy ikir-chikirlardan uzoq turganliklaridir. Ul zotni “Valitarosh” (valiylarni parvarishlab yetishtiruvchi) deb ham atashgan. Chunki umrlari davomida oʻn ikki kishini oʻz muridliklariga qabul qilganlar va ularning barchasini shayx darajasiga yetkazganlar. Ular qatorida mashhur shayxlardan Farididdin Attorning otasi Majididdin Bagʻdodiy (vafoti 1219) va Jaloliddin Rumiyning otasi Bahovuddin Valad, Najmiddin Doya Roziy, Saʼdiddin Hamaviy, Sayfiddin Bahorziy va boshqalar bor.
Najmiddin Kubroning Xorazmdagi soʻngga hayoti oʻta ogʻir, shiddatli va murakkab sharoitda kechadi. Bu davrda Turon oʻlkasidagi Xorazm, Shosh, Buxoro va Samarqand hukmdorlarining noahilligi, past nazarligi tufayli moʻgʻullarning Turkistonga qilayottan hamlalari kuchayib, Chingizxon lashkarboshilari Movarounnahrdagi yirik shaharlarni birin-ketin beayov bosib olishga muvaffaq boʻlgan. 1221 yilning jumodi ul-avval (iyul) oyida Chingizxon lashkarboshilaridan biri Xulaguxon oʻzining yosh oʻgʻli, tumonat lashkari bilan Urganch qalʼasini oʻrab oladi. Urganch shahri qamal ichida qolib, aholi nihoyatda ogʻir sharoitda azob chekayotgan bir asnoda munkillab qolgan, yetmishdan oshgan Najmiddin Kubro xalq orasidan lashkar toʻplab, qoʻlida qurol bilan qalʼani bir necha kun davomida dushman hamlalaridan saqlab turadi.
Najmiddin Kubro yuksak obroʻga ega boʻlsa ham, kamtarona hayot kechirgan. Ammo u kishining baʼzi muridlari mamlakat miqyosida shunchalik nufuzga ega boʻlganlarki, hatto Faxriddin Roziy kabi faylasuf va sulton Muhammad Xorazmshoh ham ularning raqobatidan xavotirlanganlar. Masalan, “Sultonul ulamo” laqabiga ega boʻlgan Jaloliddin Rumiyning otasi Bahovuddin Valad Balx shahrining uch yuzga yaqin faylasuf olimlari bilan bahs yurgizgan va ularni yunon falsafasi bilan ortiqcha shugʻullanishda. ayblagan. Najmiddin Kubroning boshqa bir shogirdi, oʻz navbatida shayx Farididdin Attorning murshidi boʻlgan xorazmlik Majiddin Bagʻdodiy hokimiyatdagi ishlarni tanqid qilgani uchun qatl qilingan. Lekin uning minglab shogirdlari boʻlgan. Baʼzida sulton Muhammad Xorazmshohning oʻzi ham shayxlarning huzuriga kelib, ularni ziyorat qilib turgan.
Najmiddin Kubro moʻgʻul bosqinchilariga qarshi oʻz muridlari bilan shiddatli jangga kirib, shahid boʻlgan. Jangdan keyin, u kishining jasadini darhol topisha olmagan. Chunki ul zot qiyma-qiyma qilib tashlangan edi. Shahid boʻlganliklari haqidagi maʼlumotni hijriy 710 (1311) yilda yozilgan Rashiddiddin Fazlillohning “Jomeat ul-tavorix” (“Tarixlar toʻplami”) asarida uchratamiz.
Chingizxon shayx Najmiddan Kubroning mashhurliklarini eshitgan boʻlganligidan Xorazmga hujum qilish oldidan, u kishiga cho-par yuborib, “Men Xorazmni qatliom qilmoqchiman, shuning uchun Sizdek ulugʻvor shaxsni u yerdan ketib, bizga qoʻshilishingizni soʻrayman”, degan. Ammo shayx unga javoban: “Men yetmish yil umrim davomida xorazmliklar bilan turmushning achchiq-chuchugini birga tortganman. Endi ular boshiga balo-qazolar yogʻilayotgan paytda qochsam muruvvatdan boʻlmaydi”[2], degan. Bu voqea hijriy 618 (1221) yilda roʻy bergan. Bu haqdagi maʼlumot “Tarixi guzida” (“Tanlangan tarix”), Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns”, keyinchalik esa, “Ravzat ul-safo”, “Habib us-siyar” va boshqa mashhur tarixiy kitob va tazkiralarda ham uchraydi.
Hijriy 733 (1334) yilda Xorazmga safar qilgan mashhur arab sayyohi ibn Battuga Urganch shahridan chiqa berishdagi zoviyada Najmiddin Kubroning maqbarasi va boshqa ulugʻlarning mozorini koʻrganligini yozadi[3].
Najmiddin Kubro bir necha ilmiy asarlar va ruboiylar yozganki, ular juda koʻp tazkiralarda uchraydi. U oʻz qarashlarini arab tilida yozgan bir qator risolalarida bayon qilgan. Ulardan asosiylari “Favoʼix al-Jamol va faovtix al-Jalol”, “al-Usul al-ashara”, “Risolat al-Xoʼif al-xaʼim min laumon al-laʼim” va boshqalardir. Bu asarlar arab mamlakatlari va Turkiyada bosib chiqarilgan. Uning arab tilida yozgan “Risolatun odob ul-zokirin” (“Zikr aytuvchilar odobi haqidagi risola”) asarining Abdurahmon Jomiyning shogirdi Abdul Gʻofur Loriy tomonidan fors tiliga qilingan tarjimasi bizgacha yetib kelgan va Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida № 503-X raqami ostida saqlanmoqda. Bu asarning asli nomi arabcha “Al-Usul al-ashara” (“oʻn usul” yoki “oʻn asos”) deb ataladi. Turkiyada ushbu asar turk tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.
Maʼlumki, Kubro haqiqat asroriga yetishish maqsadida oʻz tasavvuf maktabini yaratdi. Uning aqidasiga koʻra, inson oʻz mohiyati eʼtibori bilan mikrokosm, yaʼni kichik olamni tashkil etadiki, u makrokosm, yaʼni katta dunyo boʻlgan koinotdagi barcha narsalarni oʻzida mujassamlashtiradi. Ammo ilohiy sifatlar yuqori samoviy doiralarda birin-ketin oʻziga xos maqomlarda joylashganligidan, haqiqat yoʻlini qidiruvchilar bunday yuksakliklarga koʻtarilib, ilohiy sifatlarga ega boʻlishi uchun, yaʼni kamolatlarga erishishi uchun, maʼlum riyozatli yoʻllarni oʻtishlari zarur. Buning uchun esa, har bir kishi oʻn asosga tayanmogʻi kerak:
1. Tavba – oʻz xohishi bilan Haq taologa hech bir koʻrsatmasiz yuzlanishdir. Kishi oʻz irodasi bilan Xudoni sevishi va oʻzining “meni” dan kechishi kerak. Tavba Xudo tomon yuz tutgan barcha kishilarning har qanday gunohlardan forigʻ boʻlishidir. Gunoh shunday narsadirki, u dunyoviy yoki ilohiy bosqichlardan tashkil topganiga qaramasdan Alloh taolodan yiroqlashtiradigan amaldir.
2. Zuhd fi-dunyo – bu dunyoda ham, uning tashqarisida ham, nimaiki lazzat tomon boshlasa, undan tiyilishdir. Oz yoki koʻp boʻlsa ham, biror molu mulkka, jangga yoki boʻlmasa biror mansabga oʻz tabiiy vafotigacha ragʻbat yoki moyillik koʻrsatish, zuhddan chiqish hisoblanadi.
Zuhdning mohiyati dunyo va oxiratga ragʻbat qoʻyishdan voz kechishdir. Ichky lazzat, sharob ichish, nikohiy ishlarga ruju qoʻyish, mansab va oliy martabalarni qoʻmsash kabi rohatlarga oʻxshash his-tuygʻulardan voz kechishdir. Yillar davomida xayrli ishlar bilan band boʻlib, yer ishlari bilan shugʻullanish va shunga oʻxshash boshqa faoliyat taʼsirida dunyoviy narsalardan koʻra, oxiratga koʻproq tamoy-il va ragʻbat koʻrsatish maqsadga muvofiqdir. Chunki dunyo foniy boʻlib, oxirat boqiydir.
3. Tavakkal – Xudoga ishonch jihatidan bu turmushdagi barcha ikir-chikirlardan voz kechishdir. Shaxsning dunyoga ragʻbat qoʻyishi molu dunyo va mansab orttirish uchun tashabbus koʻrsatishga sabab boʻladi. Tavakkal dildan Xudoga ishonish boʻlib, uning ulugʻvorligini eʼtirof etishdir. Maqsadga erishish mahalida tavakkal birinchi darajali ahamiyat kasb etadi.
4. Qanoat – hayot kechirishni taʼminlaydigan oz narsa bilangina qanoatlanish, oʻz tarafiga tortadigan barcha nozu-neʼmatlardan va hirslardan (ovqatni koʻp isteʼmol qilish, qimmatbaho kiyimlarga havas qoʻyish, oʻyin-kulgi, bekorchilik va boshqalardan) yuz oʻgirish.
5. Uzlat – tanholiqda oʻtirib, ruhni mustahkamlash, odamlar bilan muomalani toʻxtatish: gaplashmaslik, eshitmaslik, qaramaslik va turli feʼl-atvordan aloqani uzishdir. Uzlatning asl maqsadi xilvatda ado qilinganligi sababli his-tuygʻuni jilovlashdir. Xil-vat va uzlatga ketish hissiyotlarning bosilishiga olib keladi.
6. Mulozamat az-zikr (uzluksiz zikr) – oʻz xohishicha Xudoning ismini fikrida yod qilib turish va bugun qalbni u bilan toʻldirish. Shunday qilinganda, pastkashlik, hasad, ochkoʻzlik, ikkiyuzlamachilik kabi razillik va riyokorliklar koʻngilga yoʻl topa olmaydi.
7. Tavajjuh – butun ichki mohiyatni Xudoga qaratish, unga cheksiz muhabbat qoʻyish, undan boshqa narsa borligini his etmaslikdir. Uz vujudini yoʻqotish, Haqning abadiy va azaliy vujudini boshqa bilim ila koʻra bilishdir.
8. Sabr – oʻz ixtiyori bilan nafs doirasidan mashaqqatlar chekib boʻlsa ham, oʻzini olib qochishdir. Maqbul boʻlgan toʻgʻri yoʻldan adashmasdan borish uchun, kishi oʻz mayllarini soʻndirishi lozim. Bundan koʻzlangan maqsad shundaki, dil kuduratlardan poklanishi, ruh esa, agar nafs natijasida zanglanib qolgan boʻlsa, jilo topishi zarurdir.
9. Muroqaba (tafakkurga gʻarq boʻlish) – erishilgan darajada mushohada yuritish, qalbni arzimas his-tuygʻulardan xoli qilib, tozalash va xotirjamlikka erishish. Kurash, riyozat chekish yoʻli bilan hosil qilingan yoʻl haqqoniy tuhfa etilgan tabiiy amal boʻlib, yaratilish haqiqatining gʻalabasi sifatida paydo boʻladi va shuning uchun ham rivojlanib boradi.
10. Rizo – shaxsning nafs erkinligidan chiqib, Xudo xushnudligiga kiripsh va azaddan nimaga ishongan boʻlsa, oʻshani oʻz boʻyniga olishidir. Oʻz irodasini toabad qoladigan narsaga voqelik sifatida qaytarib, oʻlimga oʻxshash oʻgkinchi narsaga eʼtiroz bildirishidir.
Oʻn usuddan chiqariladigan natija shundaki, oʻlmaydigan shaxsning yodi uning nafsini magʻlubiyatga uchratgan sifatlarida yashaydi.
Najmiddin Kubro shahid boʻlgandan soʻng, uning taʼlimotini shogirdlari davom ettirib, Markaziy Osiyo Kubraviya maktabini vujudga keltirdilar. Bu birodarlik firqasi aʼzolarini birlash-tirgan narsa rasmiy tashkilot emas, balki taʼlimotning ruhi va maqsadi edi.
Tashkiliy jihatdan Kubraviya xonaqohlarida oʻz-oʻzini boshqaradigan ozod anjuman boʻlib, uning boshida xalifa turar edi. 1221 yilda vafot etgan Najmiddin Kubroning shogirdi Sayfiddin Bahorziy tomonidan Buxoro yaqinidagi Soktariy qishlogʻida tashkil etilgan ana shunday xonaqoh Najmiddin Kubro nomi bilan atalar edi. Bu yerdagi Kubraviya jamiyati XVIII asrning oxirlarigacha faol ish koʻrib, uning aʼzolari Kubro gʻoyalarini Xitoyning gʻarbiy chegaralarigacha yoydilar. Kubroning boshqa bir shogirdi, 1252 yilda vafot etgan Saʼdiddin Hamaviy Xurosonning Bahrabod deb atalgan maskanida xonaqoh barpo qilib, uning atrofida toʻgarak tashkil etdi.
Kubraviya maktabi bir qator mustaqil shoxobchalar vujudga kelishiga sabab boʻldiki, ular musulmon dunyosi Sharqida keng tarmoq otdi.
Shunday qilib, Najmiddin Kubro tasavvuf taʼlimotining rivoji va butun musulmon Sharqida keng tarqalishida katta rol oʻynadi. Uning nomi islom olamida mashhur boʻldi.
“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.
[1] Ali Akbar Dehhudo. Lugʻatnoma. 104-jidd. Tehron universiteti nashri. 1965, 365-bet (fors tilida).
[2] Mavlono Jaloliddin Rumiy. Masnaviye maʼnaviy: Muqaddima. Kobul, 1982, 8-bet (fors tilida).
[3] N. Ibragimov. Ibn Batguta i yego puteshestviya po Sredney Azii. Moskva. “Nauka”, 1988, s. 74.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/najmidsin-kubro-1145-1221/