Mutolaa zavqi

“Yoshlik”chilar yangi rukn tashkil etib, ahli adabiyotning umri davomida suyib mutolaa etgan kitoblaridan toʻqqiztasini ajratib, fikr aytish haqidagi takliflari menga maʼqul keldi. Zero, hozirda kitobxonlik bilan bogʻliq juda koʻp fikrlar oʻrtaga tushayotgan bir zamonda umumiy gaplarni qoʻyib, shunday amaliy ish qilish – toʻgʻri tanlangan yoʻl. Lekin kamina bu amaliyotni biroz tahrirlab, tahririyatga adabiyotchilarimizning bori hayoti davomida emas, balki soʻnggi paytlarda oʻqigan toʻqqizta kitobi haqida fikr aytishni taklif qilgan boʻlar edim. Chunki adabiyotni qismat bilgan odamki bor, uning umri kitob bilan oʻtadi. Shuning uchun bor-yoʻgʻi toʻqqizta kitob bilan cheklanish sira mumkin emas. Albatta, zavqu hayratingni chandon oshirib, tuygʻularingni jumbishga keltiradigan, oʻzingdan chiqar holatga soladigan asarlar koʻp boʻlavermaydi, lekin umumjahon miqyosida olib qaralsa, bashariyatning kitob ila oʻtgan umri boʻyicha koʻrilsa, insonda hayratlar uygʻotuvchi, daqiq kitoblar nihoyatda koʻp. U yogʻi Gʻarb, bu yogʻi Sharq, qoʻyingki, butun dunyo kutubxonasining sanogʻi milliardlarga yetsa, shundan bir necha ming hayrat boisi boʻladigan asarlar chiqar. Demakki, soʻnggi paytlarda oʻqiganim toʻqqizta asar xususida soʻz ketar ekan, men kichik bir lirik chekinish qilib, oʻzbekning katta shoiri Zokirjon Furqatning 1959 yili nashr etilgan ikki jildligining ikkinchi jildidagi “Xoʻqandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti, oʻzi yozgoni” deb nomlanuvchi bir bitigiga eʼtibor tortishni istardim.

Zokirjon yetti yoshga yetganida ota-onasining “mashvarati ila” maktabga olib boriladi. Maktab hayotiga oid juda koʻp tafsilotlardan keyin muhtaram shoirimiz u yerda dastlab olgan saboqlari va kitoblari xususida soʻz yuritadi. Maʼlum boʻlishicha, Quroʼni Karimdan oʻn besh-yigirma adad mayda surani yod etib oʻrganadi. Soʻng haftiyakka oʻtib, uni ham oʻzlashtirgach, toʻliq Qurʼoni sharifga beriladi. Muqaddas kitobni xatm qilgach, “Chor kitob” ibtido qildim, deb yozadi. Shular bilan bir yilni oʻtkazib, sakkiz yoshga yetganida Farididdin Attorning “Mantiqut tayr” asarini olti oy davomida oʻrganadi. Undan soʻng Hofiz devoni va besh oy davomli Mirzo Abdulqodir Bedil devonini qunt bilan “diliga dilband” etadi. Yoshi toʻqqizga yetganida esa Amir Alisher Navoiyning turkiy devonlari mutolaasiga beriladi. Shu tariqa oʻn yoshida Fuzuliy gʻazaliyoti va “Maslakul muttaqin” masnaviyotini oʻqib tushiradi. Oʻn ikki yoshga yetganida Qoʻqonda Podshoh Xoʻja Eshon nomli bir mashhur mudarrisga shogird tushadi. “Avvali hol”, “Avvali ilm”, “Muʼzi Vazanjoniy” risolalarini oʻqib tamom qiladi va oʻn uch yoshga yetganida “Avomil”, “Harakot” risolalari, “Kofiya” kitobini tahsil qiladi. Boʻlgʻusi shoir oʻn toʻrt yoshga yetganida “Sharhi Mulloi Jomiy” va “Risolai shamsiya”ni uch yil davomida oʻzlashtiradi… Mana oʻzbek mumtoz adabiyotining buyuk namoyondasiga aylangan bir ajdodimizning oʻspirinlik yoshigacha oʻqigan, oʻzlashtirgan, oʻrgangan kioblari. Demak, na Hazrat Alisher Navoiy va na ulardan keyingi qator buyuklarimiz va na Furqatu Haziniylar faqatgina ilohiy isteʼdodning tajalliylari emas. Balki, mutolaa mashaqqatlarining va saodatining bori azobu zavqini tuygach, isteʼdodlari roʻyobga chiqqan zotlardir. Agar shunday mutolaa eski davr maktabu madrasalarining koʻrsatkichi boʻlsa, demak, shoiru adib, olimu ulamo boʻlmagan, lekin maktabu madrasada taʼlim olgan bobolarimizning bilimi, dunyoqarashi qanchalar boʻlganini tasavvur etish qiyin emas. Biz-da ajdodlarga munosib avlod boʻlishimiz uchun oʻtmishdan kerak xulosa chiqarib olishimiz zarur.

Endi bu chekinishlardan soʻng keyingi paytlarda mutolaa etilgan toʻqqiz asar haqida toʻxtalaman.

 

Isay Kalashnikov

“Kattol asr” (roman)

Shu kunlarda mutolaa etilgan ming sahifadan ortiq – epik koʻlamdagi roman mashhuri jahon fotih Chingizxon haqida hikoya qiladi. Uning ota-bobolaridan tortib, oʻzining dunyoga kelishi, bolalik, yoshlik damlari, chekkan azoblari, mashaqqatli qismati, soʻngra quvvatlanib qancha-qancha elu elat, qabila, keyinroq esa qancha shahar-mamlakatlarni zabt etishi, taqdir taqozosi bilan tarix maydoniga chiqqan gʻururi baland, niyatlari yorugʻ yigitning qon kechib, qirgʻinbarotlar qilib, maʼnaviy tanazzulga yuz tutib borishi bagʻoyat miqyosli, yuksak badiiy tasvirlar, teran mushohada va falsafiy oʻylar bilan ifoda etiladi. Isay Kalashnikov degan buryatiyalik romannavis va uning oʻtgan asr yetmishinchi yillar adogʻida yozib eʼlon qilingan asaridan endi xabar topib, juda kech oʻqiganim uchun, ochigʻi, afsuslandim. Bu faqatgina tarix emas, yovuzlik, yovuz daho shakllanishining, maʼnaviy yemirilishning bori sinoatini batafsil tasvir etgan sof badiiy asar. Bu, shubhasiz, jahon adabiyotining durdonalaridan deyishga arzigulik roman.

 

Mo Yan

“Musallas mamlakati” (roman)

Mazkur asar uchun muallif bundan toʻrt yil avval Nobel mukofoti bilan taqdirlangani koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Oʻtgan asr oʻrtalari atroflarida voqe boʻlgan hodisa haqida hikoya qilingan romanda nihoyatda dahshatli holatlar qalamga olinadi. Goʻdak bolalarni avval boshdanoq maxsus tugʻib, boqib, sotib, soʻng taom sifatida tayyorlab, tanovvul qilish, aql bovar qilmaydigan dahshatli hodisa. Biroq, qarangki, hech bir zamonda boʻlmagan bunday mudhish holat insoniyat madaniy tamaddunining yuksak bosqichlari boshlangan pallalarda Xitoyda sodir boʻladi. Gap, balki, hikoya qilingan dahshatli voqeada ham emasdir. Lekin inson tabiatining bu qadar vahshiylashishi mumkinligi va u oʻz mohiyatini madaniyat degan niqob ostiga yashirib, koʻngli tusagan nomaʼqulchiliklarni qila bilishi, hatto mutloq mumkin boʻlmagan razillikka jurʼat etishi bu – nafaqat bandasining, avvalo Yaratganning oldidagi mudhish gunoh. Qiyomat haqida mislsiz azoblar haqida oʻylashga yetaklaydigan jinoyat. Dahshatga tushib fikr qilasan – inson bolasi maʼnaviy takomil sari intilishdan koʻra tubanlik chohiga qulashni afzal biladigan zamon boʻlgandek goʻyo. Mo Yanning mazkur asari uncha-muncha mudroq tafakkurlarni uygʻotib yuborsa, ajab emas.

 

Lev Tolstoy

“Sanʼat nima?” (Chto takoye iskusstvo?) (falsafiy publitsistik traktat)

Sanʼat haqida juda koʻp yozilgan. Uning asl mohiyati, qanday ehtiyoj zarurati ekanligi, tabiati, namoyandalari borasida nihoyatda koʻp asarlar bor. Lekin Lev Nikolayevich Tolstoyning “Sanʼat nima?” nomli qariyb ikki yuz sahifali badiha, risola, ilmiy, falsafiy, ijtimoiy traktat, badiiy publitsistika kabi nazariy taʼriflar bilan janr xususiyatini belgilasa mumkin boʻlgan asari mushohadalarning nihoyatda teranligi va keng qamrovliligi bilan hayratlarga soladi. Mutafakkir zot sanʼat hodisalari minglab odamlarning yillar davomida chekadigan azoblari, intilishlari hisobidan dunyoga kelishini mushohada obʼyektiga aylantiradi. Sanʼatning turli tabaqa toifalarida jarayonning qanday kechishini kuzatadi. Dirijyorning qoʻl ostidagi musiqachilarga zulm qilishi, haqoratlashi, garchi juda xunuk kayfiyat paydo qiladigan manzara boʻlsa ham, lekin pirovardida insonga baxtiyor daqiqalar ulashishi bilan ahamiyatlidir. Risolani xulosalar ekan, Tolstoy bobo “Sanʼat zoʻravonlikka barham berishi kerak. Va faqat sanʼatgina bunga qodir” degan fikrni ilgari suradi hamda insonlarni sanʼatgina birodarga aylantirishi, kimligi, qandayligidan qatʼi nazar, bir-biriga muhabbat uygʻota olishi mumkin boʻlgan, insonlarga ilohiy tuygʻular ulashib, uning oʻzini-da ilohiy dunyolarga yetaklab ketuvchi moʻjizaviy bir hodisa deya taʼriflaydi. Tolstoyning sanʼat xususidagi hayratlari va mushohadalari, nazarimizda, har bir sanʼatkor uchun ibratlidir.

 

Ryunoske Akutagava

“Doʻzax azoblari” (hikoya)

Bu ham Tolstoyning sanʼat haqidagi qarashlariga qay bir jihatdan hamohang yaratiq. Lekin u falsafiy publitsistik traktat boʻlsa, bunisi sof badiiy psixologik hikoya. Oʻzi his qilmagan, oʻz koʻzi bilan koʻrmagan, oʻz sezgilari orqali ongi, tafakkuri va yuragiga singimagan hodisalar haqida hech qachon haqiqiy sanʼat asari yaratib boʻlmaydi. Hikoyada aynan shu tushunchadagi rassomning mislsiz insoniy fojeasi orqali mazkur haqiqatga kelishi va hayratomuz haqqoniy tasviriy sanʼat asarining yaralishi koʻrsatib beriladi. Akutagava ijodi zamon va makon cheklovlaridan tashqaridagi noyob tuygʻular, holatlar haqida hikoya qiladiki, uning tafakkur va hissiyot olami shu qadar teranligiga tan bermasdan iloj yoʻq.

 

Mario Vargas Losa

“Shumtakalar” (qissa)

Perulik Nobel mukofoti sovrindori Mario Vargas Losa “Shumtakalar” qissasini yozib Lotin amerikasi adabiyotini yana bir durdona asar bilan boyitgan. Bola paytida kutilmagan baxtsiz hodisa tufayli falokatga uchragan Kuelyar hayoti, uning yangi maktabda orttirgan toʻrt doʻsti bilan kechmishlari orqali inson tuygʻularining turfa olamiga kirib borasiz. Odamni tushunish naqadar murakkab, naqadar qiyin vazifa ekanini bot-bot his qilasiz. Oʻzini insoniy amalga qodir toʻlaqonli shaxs sifatida his qila olmagan kishini tushunib, unga yordam bera olmaganing holda, hech boʻlmaganda, hamisha xayrixohlik tuygʻusi bilan yashash, xotiralarga sadoqat koʻrsata bilish har kimning ham qoʻlidan kelaveradigan ish emas ekan. Kuelyar, Lalo, Kallaxum, Chillak, Manʼukolarda boʻlgani kabi begʻubor bolalik davrining eng yaqin tengdosh joʻralaring bilan kechgan shirin xotiralarini yodga soluvchi bu asar ham garchi muayyan makonu zamonda boʻlsa-da, tanish ohangu tabiati, hazin mazmuni – xulosalari bilan hammamizni qay bir maʼnoda taftish etayotganday tuyuladi.

 

Yan PARANDOVSKIY

“Soʻz kimyosi” (traktat)

XX asr polyak adabiyotining atoqli adibi Yan Parandovskiyning “Alximiya slova” – “Soʻz kimyosi” asari yozuvchi mehnati, uning oʻziga xos ijodiy va maishiy dunyosi haqida nihoyatda qiziq maʼlumotlarni hikoya qiladi. Bu asarning janr jihatidan aniq taʼrifini berish mushkul. Uni yozuvchilar haqidagi hayotiy tafsilotlar yoki yozuvchilik sanʼati haqidagi traktat deb atasa ham boʻladi. Kitobda adiblik isteʼdodi, mahorati, ijod xususiyatlari, ilhom damlari, ilhomlanish jarayonining gʻalat koʻrinishlari, qoʻyingchi, mashhur adiblarning qanday ruchka va qogʻozdan foydalanishidan tortib, nima yeb ichganigacha, muayyan asarlarga kirishish va yozish pallasidagi toʻlgʻoqli holatlargacha, sevgisi, koʻngilxushlari, qanday paytda ijod qilishni maʼqul koʻrishi, qanday stolda oʻtirib, ne alpozda qalam tebratishigacha – barchasi eng oddiy, mayda tafsilotlarigacha ifodasini topgan. Hajman 700 sahifaga yaqin boʻlgan mazkur kitobni oʻz vaqtida ustoz Ozod Sharafiddinov tarjima qilishga kirishgan edi. Afsuski, domla kitobdan bir nechta bobnigina tilimizga oʻgirib ulgurdi. Hozirda olmonshunos Mirzaali Akbarov kitobning boshqa bir qator boblarini tarjima qilib, “Jahon adabiyoti” jurnaliga taqdim etdi. Nazarimda, yozuvchilik havasi bilan yongan yoshlar, albatta, bu kitobni oʻqib chiqishi shart.

 

Abdulhamid ISMOIL

“Jinlar bazmi yoxud katta oʻyin” (roman)

Kaminani tom maʼnoda hayajonga solgan mazkur roman buyuk ajdodimiz haqidagi dastlabki va hozircha yagona roman. Bu asarning voqealari asosan yozuvchining badiiy xayoloti mahsuli, ayni paytda, tarixiy hujjatlar bilan mantiqan dalillangan, aytish mumkinki, tarix va badiiy xayolot ajabtovur mushtaraklik kashf etgan baquvvat roman. Abdulla Qodiriy millatimizning armoni boʻlgani holda, adibning oʻzi ham yozib ulgurmagan asarlari uchun buyuk armon bilan oʻtgan ijodkordir. Yozuvchining oʻzi eʼtirof etganidek, “Amir Umarxonning kanizagi” nomli bir roman yaratish niyatida juda koʻp tarixiy asarlarni oʻrgangan, kanizakning qismati bilan bogʻliq maʼlumotlarni izlagan. Mashhur shoh va shoir Amir Umarxonning kanizi boʻlgan Oyxon nihoyatda achchiq qismati bilan oʻquvchini oʻziga bogʻlab qoʻyadi. Benihoya goʻzal qizning taqdir taqozosi bilan u qoʻldan bu qoʻlga oʻtib, mislsiz azoblar chekishi Abdulla Qodiriyni qanchalar hazin holatga solsa, oʻquvchida ham yurak-yurakdan achinish hissini uygʻotadi. Bora-bora azoblari tufayli oʻz qahramonini sevib qolgan Abdulla Qodiriy kabi “Jinlar bazmi yoxud katta oʻyin” asarini uqib mutolaa qilgan kitobxon ham Oyxonni sevib qolishi mumkin. Dunyoda muhabbat qissalari nihoyatda koʻp. Ularning har biri oʻzicha bir dunyo. Romandagi Abdulla Qodiriyning koʻngil armonlari yana bir goʻzal muhabbat dostoni boʻlib kitobxon qalbidan joy olishi aniq.

 

Maqsud ShAYXZODA

“Mirzo Ulugʻbek” (tarixiy tragediya)

Temurxon naslidin sulton Ulugʻbek,

Ki, olam koʻrmadi sulton aningdek.

 

Hazrati Alisher Navoiy shu qadar yuksak taʼrif bergan buyuk shoh va munajjim, alloma Mirzo Ulugʻbek haqida injakoʻngil shoirimiz Maqsud Shayxzoda 1959 yili katta dramatik asar yaratgan edi. Asar hozirgi Milliy teatr sahnasida ellik besh yil burun sahnalashtirilib, Shukur Burxonday buyuk sanʼatkorning ijrosi bilan oʻzbek teatr sanʼatining oltin fondiga kirgan. Mazkur asarni bugungi kunda qayta oʻqib, Shayxzodaning hech mubolagʻasiz, haqiqiy mumtoz asar yaratganini anglaymiz. Uni sira ikkilanmay Shekspir tragediyalari bilan qiyoslasak boʻladi. Shoh va alloma, ota va oʻgʻil, ona va oʻgʻil, jamiyat va adolat, inson va uning hayotdagi vazifasi borasida teran mushohadalarga undaydigan “Mirzo Ulugʻbek” pyesasini bugungi globallashgan dunyoning muammolariga qarshi oʻziga xos bir badiiy qoʻllanma sifatida qabul qilish mumkin. Mutaassiblik va ilmu irfon, jaholat va maʼrifat, yuksak insoniy tuygʻular bilan maʼnaviy qashshoqlik oʻrtasidagi murosasiz kurash tragediyaning markaziy gʻoyasi boʻlgani bilan bugungi kunlarimizga hamohanglik kasb etadi. Shu boisdan ham asar joriy bir yil davomida ham Samarqand teatri, ham poytaxt Milliy teatri sahnalarida qoʻyildi. Muhimi, Shayxzoda ilgari surgan gʻoyalar va ehtiroslar qayta jonlanib, katta sahnalarda jarangladi va Shayxzodani ham zamondoshimizga aylantirdi. Har qanday ijodkor oʻz asari bilan shunday taqdirga munosib topilsa, u barhayot baxtli ijodkordir.

 

Halima AHMEDOVA

Tashbeh” (sheʼrlar)

Men kunlarni aldayapman, yomon kunlarni,

Goh kar boʻlib, goh oʻzimni solib mastlikka.

Ammo oʻzdin qayga qochay, qayoqqa qochay,

Xaqqim bormi yuragimni tanimaslikka.

 

Bu satrlar zamonamizning goʻzal shoiri Halima Ahmad qalamiga mansub. U, hech shubhasiz, oʻzbekning Anna Axmatovasi, balki undan-da miqyosliroq va teranroq hodisadir. Halimaning meni lol qoldiradigan betakror xislati uning favqulodda hayajonga soladigan metaforalar dunyosi. Shoirning xayolot dunyosida tabiatan mutlaqo chogʻishmaydigan hodisalar chogʻishadi, aksincha, bir-biriga nihoyatda yaqin narsalar tamoman boshqa-boshqa qutblarda paydo boʻladi. Halimaning taxayyulini odatiy tafakkurga oʻrgangan inson mutlaqo tushunmasligi mumkin, lekin uni oʻqib tushunguvchi, idrok etuvchi odamlar esa xushbaxtlik tuyishi aniq. Nafaqat xushbaxtlik, balki toʻlib-toʻlib yigʻlashga moyil holda, tozarish – poetik katarsis holatini boshdan kechirishga muvaffaq boʻladi. Bunday hodisani faqatgina olamni gʻalat mushtaraklikda koʻradigan, ilohiy basirat koʻzlariga ega, katta shoirlar paydo qila biladi. Halimaning sheʼrlarini hech qachon shunchaki oʻqib boʻlmaydi. Faqat va faqat some kayfiyatdagina bu sheʼriyat senga oʻsha katarsis – tozarish neʼmatini baxshida etadi.

 

Shuhrat RIZAYEV

 

https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/mutolaa-zavqi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x