Mutolaa va salomatlik

Odatda kitob mutolaasini maʼnaviyatni boyituvchi, bilimni oshirib, fikrlash, dunyoqarashni oʻstiruvchi vosita deb bilamiz. Oʻz navbatida xorijlik olimlarning tadqiqotlaridan maʼlum boʻlishicha, mutolaa inson salomatligi uchun ham foydali mashgʻulot ekan. Keyingi yillarda oʻtkazilgan shunday tadqiqotlar natijalari kitob mutolaasi yordamida bir qator xastaliklarni samarali davolash mumkinligini isbotladi.

Bir guruh shotland olimlari kitob mutolaasi vositasida depressiya – tushkunlik kasalligini davolashga urinib koʻrishdi. Natijalar esa hayratomuz: ushbu kasallikning birmuncha ogʻir turlarini ham tibbiy dori-darmonlarsiz shunchaki, yaxshi, qiziqarli asarlar mutolaasi orqali tuzatish mumkin ekan.

Tajriba jarayonida depressiyadan aziyat chekayotgan 2500 nafar kishi qatnashdi. Olimlar koʻngillilarni ikki guruhga boʻlishdi: birinchi guruhdagilar tushkunlikni yengish uchun antidepressantlardan foydalanishdi. Ikkinchi guruhga esa kitob oʻqish yordamida davolash usuli tavsiya etildi va ular mutolaa bilan muntazam shugʻullana boshlashdi. Roppa-rosa 4 oydan keyin oʻtkazilgan tekshiruvda esa birinchi guruhdan faqat 25 foiz kishi depressiyadan xalos boʻlgani aniqlandi. Ikkinchi guruhda esa bu koʻrsatkich 40 foizni tashkil etdi.

Bir yildan soʻng qayta oʻtkazilgan tekshiruv natijalari shuni koʻrsatdiki, kitob mutolaasi orqali davolanganlar oʻz holatini antidepressant qabul qilganlarga qaraganda yaxshiroq nazorat qila boshlagan. Bu esa kitob mutolaasi depressiyaning turli bosqichlarida ham birday samarali taʼsir koʻrsatishini isbotladi.

Bugun tibbiyot mutaxassislarining koʻpchiligi mutolaaning depressiya, uyqusizlikni davolashda katta nafi borligi, turli vaziyatlarda insonning oʻz hissiyotlarini nazorat qila olishiga yordam berishiga ishonadi. Biblioterapiya mavzusidagi dissertatsiya muallifi shifokor Pyer-Andre Bonne shunday taʼkidlaydi: “Men koʻrigimga kelgan bemorlarga tibbiy dori-darmonlar roʻyxati bilan birga oʻqish tavsiya etilgan kitoblar muqovasi rasmini ham beraman. Keyingi gal kelishganida esa bemorlar bilan bu asarlarni muhokama qilamiz. Shunda maʼlum boʻladiki, ulardan aksariyati kitobdan oʻzining sogʻayishi uchun davo topadi”.

Yuqoridagi kabi tadqiqotlar natijalari olimlarni quyidagi xulosalarga olib keldi:

Kitob oʻqish xotirani yaxshilaydi, miyani rivojlantiradi va aqliy qobiliyatni oʻstiradi. Mutolaa – miya uchun eng yaxshi mashq, u miyaga qabul qilingan axborotning saqlanishini taʼminlaydigan asab tolalarini koʻpaytiradi. Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, aqliy faollikning pasayishi mutolaani sevadiganlarda birmuncha kam kuzatilar ekan.

Mutolaa Alsgeymer kasalligiga chalinish ehtimolini kamaytiradi. Mutolaa jarayonida miya faolligi ortadi, bu esa uning umumiy holatiga ijobiy taʼsir oʻtkazadi. Olimlarning aytishicha, kitob mutolaasi keksalikda ham aqlni faol, tetik saqlab qolishning eng yaxshi yoʻlidir.

Mutolaa stressni kamaytiradi. Boshqa hech narsa odamni kuchli ruhiy zarbalardan yaxshi kitob oʻqigan chogʻdagidek tez xalos eta olmaydi. Tadqiqotlarda isbotlanishicha, hatto sayr qilish yoki musiqa tinglash ham kitob mutolaasi bilan tenglasha olmaydi: bor-yoʻgʻi 6 daqiqalik mutolaa stress darajasini 3/2 foizga kamaytira oladi.

Kitob oʻqishni sevadiganlar uchun yomon kayfiyat va umidsizlik sira qoʻrqinchli emas. Oʻta tushkunlik holati va axborot bosimidan taʼsirlanish esa televizor yoki kompyuter yonida vaqt oʻtkazadiganlarning doimiy hamrohi. Bunday ermakni biror qiziqarli kitob mutolaasi bilan almashtiring, natijani esa tez orada sezasiz.

Mutolaa uyqusizlikni bartaraf etadi. Pasaytirilgan yorugʻlik ostida qilingan mutolaa organizmni boʻshashtirib, uyquga tayyorlaydi.

Kitob oʻqish odamning sportga boʻlgan ragʻbatini oshiradi. “Oʻqiydigan” odamlar sport mashgʻulotlariga ham koʻproq moyil boʻladilar.

Oʻzingizning kun tartibingizga kitob mutolaasini ham albatta kiriting. Yaxshi kitob sizga koʻtarinki kayfiyat baxsh etadi va sizda biror yangi jihatni qidirib, mutolaa qilishga ragʻbat uygʻonadi.

Biblioterapiya, yaʼni kitob yordamida davolash usuli Buyuk Britaniyada joriy etilganiga endigina 10 yildan oshdi. Bugungi kunda terapiyaning bu yoqimli va foydali turi amalda ancha ommalashdi.

Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Obuna boʻyicha kitob” deb nomlangan maxsus dastur joriy qilindi. Unga koʻra, shifokorlar oʻz bemorlariga depressiyadan xalos boʻlish uchun badiiy adabiyotning turli janrlarini oʻqishni tavsiya etishadi. Tavsiya etilgan asarlar orasida ingliz adibasi Lori Lining “Sidr va Rozi” kitobi eng ommalashgan boʻlib, bu asar muallifning Glostershir grafligida kechgan bolaligi haqida hikoya qiladi. Birinchi marta 1959 yilda nashr etilgan kitob vaqt sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan. Faqat Buyuk Britaniyaning oʻzida 6 milliondan ziyod nusxada chop qilingan va koʻpchilikning sevib oʻqiydigan asariga aylangan. Zamonaviy adabiyotdan esa mutaxassislar Lyusi Daymondning “Sohildagi qahvaxona” va Jasper Ffordening “Shaltayning oʻlimi” asarlarini tavsiya etishadi. Avstroangliyalik adib Ernst Gombrixning 1935 yilda yozilgan va oʻsha davrda nemislar tomonidan oʻqish taqiqlangan “Olamning kichikkina tarixi” asari eng yaxshi kitob-antidepressant deb topildi.

Shifokorlar depressiyadan aziyat chekayotganlarga ushbu asarlarni antidepressantlarni qabul qilishdan oldin oʻqib chiqishni tavsiya qilishadi. Kitob mutolaasi kishiga bir zamondan boshqasiga bemalol oʻtishga, har kunlik hayotdan uzilib, yon-atrofda roʻy bergan koʻngilsizliklarni unutishga yordam beradi.

Shu davlatdagi Liverpul universiteti tadqiqotchilari ham bu borada noodatiy tajriba oʻtkazdilar. Ular Shekspir, Vordsvort, Tomas Sternz Eliot va ingliz sheʼriyatining boshqa yorqin yulduzlari ijodini oʻqish inson miyasiga qanday taʼsir koʻrsatishi ustida kuzatuv olib bordilar. Olimlar inson miyasi sheʼrdagi har bir soʻzni qanday tahlil qilishini, har bir jumla tuzilishi, odatiy-noodatiy qurilishlardan qay darajada taʼsirlanishini tadqiq qilishdi. Oddiy matn oʻqilganida uni miya qanday qabul qilishini bilish maqsadida oldin oʻqilgan sheʼr mazmunini nasriy matnga aylantirib, koʻngillilarga taqdim etishdi. Maʼlum boʻlishicha, mumtoz sheʼriyat faqatgina ruhiyatga zavq bermaydi, balki u miyaga xuddi neyrofiziologik mashq kabi taʼsir qiladi, u miyani uygʻotadi, yaʼni sheʼrdagi noodatiy jumlalar, kam qoʻllanadigan soʻzlarni qayta ishlash jarayonida miya doimiy holatidan chiqadi, unda sheʼr mutolaasi davomiyligini taʼminlashga chaqiradigan qoʻshimcha impuls paydo boʻladi.

Olimlarga maʼlum boʻlishicha, sheʼr mutolaasi miyaning oʻng yarimsharini faollashtirgan, bu qism esa avtobio-grafik xotira uchun javob beradi. Yaʼni sheʼr mutolaa qilgan kishi oʻzi yashab oʻtgan hayotini yangi adabiy-estetik taassuroti bilan uygʻunlashtirgan holda qaytadan yodga olgan.

Biroq mazmuni oddiy tilda tushuntirilgan “Otello”, “Qirol Lir” va “Makbet” asarlari miyada hech qanday taʼsir uygʻotmagan. Masalan, “telbavor” degan Shekspirona oʻxshatish (aytaylik, bu sifatlash shamolga nisbatan qoʻllangan)ni “gʻazabkor” soʻzi bilan almashtirishganida miya uni xuddi shu oʻrinda albatta shu soʻz ishlatishi kerakdek tabiiy qabul qilgan, ammo aynan shekspir tashbehi asab tizimini sergak torttirib, ayni kalima ustida bosh qotirishga undagan. Eng qizigʻi, bunday sergaklik holati miyada uzoq davom etgan va yana boshqa soʻzlarga ham diqqat qaratilgani aniqlangan.

Sasseks universiteti olimlari esa stress holatini mutolaa yordamida bartaraf etish ustida ish olib borishgan. Koʻngillilarga dastlab ruhiyatda stress uygʻotadigan matn va mashqlarni bajartirishdi. Shundan soʻng ularga relaksatsiyaning keng tarqalgan bir necha usulini taklif qilishgan va ushbu usulning pulsni va mushaklar tonusini meʼyorlashtirishdagi taʼsirini oʻrganishdi. Maʼlum boʻlishicha, stress darajasini kamaytiradigan eng samarali usul mutolaa ekan – uning taʼsiri 68 foizni koʻrsatdi. Pulsni meʼyorlashtirish va mushaklarni boʻshashtirish uchun sokinlikda 6 daqiqa mazmunli biror asarni mutolaa qilish yetarli boʻldi. Tajriba davomida musiqa tinglash stressni 61 foizga, bir piyola choy yoki qahva ichish 54 foizga, sayr qilish esa 42 foizga kamaytirgan. Videooʻyinlar esa bunday asabiy qoʻzgʻalishni bor-yoʻgʻi 21 foizga yoʻqota oladi, xolos. Chunki oʻyin davomida puls koʻp ham odatiy holga tushmagan.

Tadqiqot muallifi neyrofiziolog Devid Lyuis stressdan xalos boʻlish uchun har qanday janrdagi mazmunli kitobni oʻqish ahamiyatli, deya xulosa qildi. Eng muhimi, kitob muallifining ichki dunyosiga kirib olishga intilishdir.

Nemis ekspertlari esa mutolaani yoshlik eliksiri, deb atashmoqda. Ular yosh ulgʻayganida ham, hatto koʻrish qobiliyati pasaya boshlaganida ham kitob oʻqishdan toʻxtamaslikni tavsiya etishayapti. Muntazam oʻqish odam miyasini rivojlantiradi, chunki bu tadbir miyada yangi sinapslar – asab toʻqimalari va boshqa hujayralarni oʻzaro bogʻlaydigan tolalar hosil boʻlishiga olib keladi. Bu esa butun organizmning faoliyatini yaxshilaydi. Kitobdan olingan taassurotni boshqalar bilan oʻrtoqlashish esa yanada yaxshiroq natija koʻrsatadi.

Xullas, bu kabi tadqiqotlar davom etmoqda. Biz esa qayta-qayta ota-bobolarimiz kitobga bejiz oshno boʻlmaganini oʻzimizga faxr bilan taʼkidlab qoʻyishimiz mumkin. Zero, qadimda uzun qish kechalari davrachiroq yorugʻida, yoz tunlarida oy shuʼlasida davom etgan ommaviy kitobxonlik bobolarimizga cheksiz zavq, koʻtarinkilik baxsh etgani shubhasiz. Bu esa, oʻz navbatida, salomatlik garovi ekanligini Abu Ali Ibn Sino kabi hakimi hoziqlar oʻz asarlarida aniq-ravshan qilib yozib qoldirishgan.

 

Manbalar asosida Xurshida ABDULLAYEVA tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/mutolaa-va-salomatlik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x