Mutolaa shukuhi

Eling uchun, bolam, yasha,

Eling uchun oʻl, bolam.

Usmon Azim

 

Yaxshi asar oʻqilganda olingan zavqdan ortiqroq zavqni boshqa yerdan topish mushkul! Yaqinda ana shunday shavq-zavqdan bahramand boʻlish nasib etdi. Oʻqiganim – Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Jodu” kitobi, bu kitobdan oʻrin olgan “Gʻoz” hikoyasi edi.

Shoir sifatida elga tanilib, sermashaqqat ijod yoʻlining ancha-munchasini bosib oʻtgan qalamkashning nasrga qoʻl urishi xayrli boʻlar ekan. “Hayajonu zavqdan begona, Tinch daryoday jim oqdi umrim”, deya armon qilgan isteʼdodli shoirning nasriy va dramatik asarlar jamlangan bu kitobi shoir qalamidan toʻkilgan nasr namunasining qudrati nechogʻlik ulkan boʻlishini koʻrsatdi goʻyo.

Sodda va samimiy baxshiyonalari bilan Surxon baxshi-shoirlarining munosib davomchisi ekanligini namoyish eta olgan, Elbek baxshi, Elomon baxshi, Oqbotir, Alpomish, Barchinoy, Boychibor, Gulpari, Toʻngʻichu Oʻrtanchayu Kenja botirlarni soʻylatib, odamiyat dardlarini sheʼrga solishda oʻziga xos tajriba orttirgan shoir “Gʻoz”da ham shu yoʻldan borgan. Hikoya syujeti uchun “Alpomish” dostonida bir-ikki jumlada bayon qilingan Alpomish va xabarchi gʻoz sarguzashti asos boʻlib xizmat qilgan. Koʻpchilik “Alpomish”ni oʻqigan. Uni takror-takror mutolaa qilganlar ham bisyor. Ammo tan olaylik, Alpomish oyogʻiga xat bogʻlab, Boysunga yoʻllagan gʻozni qutqargan kampirning, gʻozni otolmay qolgan merganning taqdiri ne kechgani haqida oʻylamaganmiz.

Usmon Azim ana shu taqdirni qalamga olgan. Gʻozga oʻq tekkizolmagan Mergan birinchi marotaba oʻqi xato ketganligi, nomdor mergan boʻlaturib, bir gʻozni otolmaganligi uchungina xastalik toʻshagiga mixlanadi. Ammo uning jismi emas, ruhi, qalbi jarohatlangan, bu jarohatning nomi esa gʻurur edi.

Hikoyani oʻqishli qilgan muhim jihatlardan yana biri asar tilining xalqona iborayu qochirimlar bilan ziynatlanganligidir. Hikoya xuddi xalq dostonlari kabi jonli suhbat-muloqot tarzida bitilgan. Bu esa uning oʻqilishini osonlashtiradi. Nasriy qofiya – sajʼlarning bisyorligini ham xuddi shunday fazilat sifatida eʼtirof etish joiz:”… Gʻoz bir aylanib, oʻtakasi yorilib, “Boysun-Qoʻngʻirotga yetguncha qanotimni toldirma”, deb Tangriga yolvorib, balandlab uchib ketdi. Mergan kuni yetganini sezdi: “Enamki gʻozni mendan avlo bildi, paymonam toʻlgan ekan, gulim ochilmay soʻlgan ekan”, deb oh urib, olam koʻziga qorongʻu koʻrinib, toʻshakka yetmay yiqildi. Kampir bechora “voh, bolam”lab, oʻzini farzandining ustiga tashladi, koʻzlarini yoshladi”.

Koʻzingiz bu manzara aks etgan satrlar uzra kezganda, muallifni Onaga nisbatan nohaqlik qilganlikda ayblaysiz. U bilan xayolan bahsga chogʻlanib, malomat yogʻdira boshlaysiz: Axir, Ona fidoiylik qildi-ku! U mergan oʻgʻli nishonga olgan, oyogʻiga Alpomishning xati bogʻlangan gʻozni uchirib yubormaganida, Boysun-Qoʻngʻirotning holi ne kechar edi?! Mushtipar ona ne sabab qilgan ulkan fidoiyligi evaziga ayriliq, kulfat ila “siylanishi” kerak?

Kitobxonni oʻrtagan bu savollarga yozuvchi koʻpni koʻrgan, “birovning ismini eshitsa, umrini matalday aytib, Xudo buyurmagan kasallarga umrini qaytarib beraveradigan” Boʻlgan kal tilidan javob qaytaradi:”… Sen fidoiylik qilding! Bu dunyoda fidokorning ishi ogʻirdir…”

Naqadar shafqatsiz xulosa! Ammo tan olamizmi-yoʻqmi, sinovdan oʻtgan xulosa. Doʻstu raqiblar malomatini andisha bois olqish deya qabul qilganmisiz? Koʻnglingizga jon qadar yaqin olgan birodaringiz yuragingizga pichoq sanchganmi? Yaxshilik evaziga taʼna eshitib, izza boʻlganmisiz? Unda Boʻlgan kalning xulosasiga eʼtiroz qilolmaysiz! Boʻlgan kal tilidan insoniyatning eng katta dardini soʻylayotgan yozuvchiga qoʻshilib peshona tirishtirasiz. Hikoyaga jonlilik baxsh etgan eng muhim jihatlardan yana biri, shubhasiz, ana shu kabi paradoks asosiga qurilgan syujet chiziqlariga murojaat etilganligidir.

Ajdodlar jasoratiyu saxovatini ibrat qilib koʻrsatish – dunyo adabiyotining mushtarak fazilati. Ayniqsa, insoniy gʻurur yoʻlida gʻayrat koʻrsatgan zotlar barcha zamon va makonlarda ibrat namunasi boʻlganlar. Hikoya muallifi yoʻl-yoʻlakay ishoralar tarzida boʻlsa-da, bu haqiqatga takror-takror urgʻu beradi. Muallif tutgan bu yoʻlda Mergan qalbida joʻsh urgan gʻurur tuygʻusining asliy-azaliy hissiyot oʻlaroq asrlar davomida qadr topganligini taʼkidlash istagi jo boʻlgan.

“Gʻoz”dagi Alpomish el-ulusni oʻylab oʻgʻlini qurbon qilishiga bir bahya qolgan mushtipar onaga yakkayu yagona oʻgʻli Yodgorni qurbonlik uchun berib yubormoqni burch deb biladi:”… Siz tufayli mening yurtim omon qoldi, Yodgorjon tufayli sizning farzandingiz ham tuzalib ketsin. Shu bolamni xayri Xudo yoʻliga buyurdim…”.

“Gʻoz”dagi Luqmoni hakim, har qancha buyuk tabib boʻlmasin, mushtipar ona oldida bosh egadi:”… Men senga taʼzim qilmogʻim darkor. Men hayotimda mingta, maqtanib aytsam, oʻn mingta odamning hayotini saqlab qoldim. Sen boʻlsa… E-he!”.

Yaxshi asarni yurakka yaqin qiladigan fazilatlarni aytib bitirolmaysan. Yaxshi asarda tasvirlangan voqealar anchagacha qalbingni oʻrtab, xotirangda charx urib yuradi. Yaxshi asarning ayrim parchalarini ixtiyorsiz yod olib, unda qoʻllangan tagdor iboralar, naqlnamo xulosalar, zalvorli luqmalar nutqingga koʻchib, ularni davralarda aytib yurasan. Usmon Azim baxshiyonalarida, shuningdek, “Siz bilmaydigan zamonlarda” va “Gʻoz” hikoyalarida qoʻllangan “Oʻ, birodarlar”, “Birodarlar” kabi murojaatlar shu qadar dilga yaqin, taʼsirliki, ularning ayrimlari mening ham nutqimga koʻchib, hatto siz oʻqiyotgan bitiklarimda jarang berdi.

Ay, birodarlar! Shoir yozgan nasriy asarni shoir oʻqisa, buning ustiga, ovoz chiqarib, koʻpchilikning oldida oʻqisa, ogʻir boʻlar ekan. Menda ham shunday boʻldi. Dastlab uyda oʻqiganim va mutolaadan soʻng tomogʻimga qadalgan hayajonni yoshga aylantirib kiprigimga indirgan “Gʻoz”ni talabalarga oʻqib berish uchun oʻzimda kuch topolsam kerak, deya umid qilgandim. Ammo oʻgʻlining dardiga darmon, diliga quvvat boʻlmoq niyatida gʻozga aylanishdan-da, mergan oʻgʻli otgan oʻqqa roʻpara kelishdan-da qaytmagan Onaning oʻtli sarguzashti haqida ovoz chiqarib soʻylash oson ekanmi?…

Ay, birodarlar, kitoblar bagʻrida chinakam maʼrifat jo ekanligini anglab yetgan talabalarim koʻzidan oqqan yosh xayrli mujda boʻlib kirdi koʻnglimga. Ay, birodarlar! Dunyoni qalbi muzlaganlar kunpayakun qiladi… Men olis kechmish manzarasidan katta saboqlar chiqara olgan, insoniy gʻurur, mehr-oqibat odamiyat ahlining azaliy qadriyati, maʼnaviy qudrati ekanligiga imon keltirgan otash qalblar taftida yayradim. Qoʻlimdagi kitob muqovasini siladim.

 

Shodmon SULAYMONOV

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 4-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mutolaa-shukuhi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x