Mutolaa mashaqqatlari

Yaqinda Toronto universiteti olimlari badiiy asar oʻqish inson uchun koni foyda ekanini ilmiy jihatdan isbotlab berishdi.

Ayniqsa, asar qahramonlari hissiyotlariga oshno boʻlish, ularning hayoti, turmush tarzi, saʼy-harakatlarini tahlil etish, zarur xulosalar chiqarish inson ong-tafakkuri oʻsishiga, qalbida esa ezgu tuygʻular uygʻonishiga sabab boʻlarkan. Har qalay, ulugʻ yozuvchilardan birining “Oʻzimdagi barcha yaxshi xislatlar uchun kitobdan minnatdorman”, degan eʼtirofini isbot talab qilmaydigan haqiqat, yaʼni aksioma tarzida qabul etishimiz bejiz emas.

Bolangiz aqlli boʻlishini istaysizmi?

Ayni paytda, zamon evrilishlaridan kelib chiqibmi, nazarimizda, inson oʻzidagi jami ezgu fazilatlar uchun faqat yaxshi kitoblardan minnatdor boʻlishi kerak, degan istilohni ham qoʻshib oʻtgimiz keladi. Zero, adabiyot atomdan kuchli ekan, mana shu qudratning yovuz jihatlari aynan yomon kitoblarda jamlangan boʻlishi haqiqatga yaqinroq.

Vaholanki, adabiyot atalmish mislsiz qudrat azal-azaldan faqat va faqat ezgulikka, yaxshilikka, odamning koinot qadar murakkab qalbini tadqiq etishga, insoniylikni tarannum qilishga, oʻquvchi koʻnglida goʻzallikka tashnalik, havas uygʻotishga yoʻnaltirilgan. Va necha-necha asrlardan beri Buyuk Adabiyot bu vazifani ado etib kelmoqda.

Gohida oʻylanib qolasan kishi: agar Adabiyot atalmish sinoat, ilohiy neʼmat boʻlmaganida edi, hayotimiz naqadar gʻarib, tussiz boʻlib qolardi. Kitobsiz hayot Gollivudning gʻalati filmini eslatadi: bir shaharda hayot faqat oq-qora ranglardan iborat, xolos. Fuqarolari shu ikki rangdan boshqasini bilishmaydi, kamalak nima ekanini-ku, tasavvur ham etisholmaydi…

Oʻzim tez-tez buyuk Eynshteynning bir oʻgitini eslab turaman: “Bolalaringiz aqlli boʻlishini istaysizmi? Ularga ertak oʻqib bering. Ularning yanayam aqlli boʻlishini istaysizmi? Yanam koʻproq ertak oʻqib bering”. Menimcha, bu hikmatli gap bola tarbiyasiga masʼuliyat bilan yondashadigan hech bir oilani befarq qoldirmasa kerak.

Dunyo jilovi qoʻlingizda

Mening bolaligim choʻlda oʻtgan. Baxtimga xoʻjaligimizda oʻzim oʻqiyotgan maktabnikidan tashqari, yana ikkita kutubxona bor edi: adashmasam, qishloq fuqarolar yigʻininiki va ishchilar qoʻmitasiniki. Beshinchi-oltinchi sinflarda boʻlsa kerak, ularning hammasiga aʼzo boʻldim. Uyga toʻr xaltada dasta-dasta kitob koʻtarib keladigan boʻldim. “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish”, “Gargantyua va Pentagryuel”, “Don Kixot”, “Oʻn besh yoshli kapitan”, “Jahongir”…

Ajabki, u paytlari kutubxonachilar avval yoshingizni soʻrab, keyin falon kitobni oʻqishni tavsiya etishardi. Ehtimol, bu yaxshi anʼana hozir ham davom etayotgandir.

Shubhasiz, kitobxonlik qoʻlga tushgan asarni oʻqib ketaverish degani emas. Zero, koʻp kitob oʻqigan emas, kerakli kitobni oʻqigan odam yutadi. Toʻgʻri, kitoblar xirmoni bemisl ortib ketgan bugungi kunda aynan oʻzingizga kerakli asarni topishning oʻzi bir sanʼat boʻlib qoldi. Bu borada Herman Hessening ajoyib mulohazasi bizga mayoq boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz: “Agar har bir oʻqilgan kitob quvonch va alam, shijoat hamda ruhiy tazarru olib kelmasa, jahon adabiyoti tarixini bilishdan maʼno yoʻq. Fikr-mulohaza qilmasdan oʻqish – xushmanzara tabiat qoʻynida koʻzni bogʻlab yurmoq demakdir. Biz oʻzimizni va turmushimizni unutish uchun emas, balki hayot jilovini yanada ongliroq ravishda anglash uchun oʻqishimiz kerak…”

Baribir, oʻqiganga nima yetsin! Oʻqib turib, uqqanga nima yetsin! Keling, mutolaaning foydasi haqida yana bir misol keltirib oʻtaylik. 2007 yili Xitoyda ilmiy fantastika va fentezi boʻyicha birinchi konvent boʻlib oʻtdi. Xoʻsh, buning nimasi eʼtiborga molik edi? Gap shundaki, xitoyliklar buyuk nusxakashlardir. Yaʼni dunyoning u chetida bugun paydo boʻlgan eng zamonaviy uskuna yo jihozning arzon nusxasi ertasi kuniyoq bu mamlakatda paydo boʻlishi, indinga esa qoʻshni davlatga ham sotuvga chiqarilishi muqarrar. Nihoyat, xitoylik olimlar oʻylanib qolishdi: “Nima uchun dunyoda yaratilayotgan ilmiy kashfiyotlar bizda paydo boʻlmayapti?” Uzoq davom etgan tahlillar natijasida dunyoning buyuk kashfiyotchilari bolalik chogʻlari badiiy adabiyotlarni koʻp oʻqiganliklari aniqlandi! Aynan badiiy adabiyot inson xayolotiga, kashfiyotchiligiga turtki beruvchi birinchi manba ekan.

Mutolaa dunyodagi eng ogʻir yumushlardan biri. Ammo koʻngil mudom shu mashaqqatli yumushga ehtiyoj sezadi. Shu istak, shu ehtiyoj hech birimizni tark etmasin…

 

​Abduqayum YOʻLDOSHYeV

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/mutolaa-mashaqqatlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x