Mutafakkirlar. Mahmud Zamaxshariy (1075–1144)


Post Views:
8 860

Ko‘hna Xorazm zaminida azaldan jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Abul Qosim Zamaxshariy ana shunday ulug‘ siymolardan biridir.

Mutafakkirning to‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy bo‘lib, 1075 yil 19 martda Xorazmning katta qishloqlaridan biri – Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topdi. Zamaxshariy haqidagi ma’lumotlar, asosan, o‘rta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi unchalik badavlat bo‘lmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi bo‘lgan va aksar vaqtini Qur’on tilovati-yu namoz o‘qish bilan o‘tkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan.

Alloma haqidagi manbalardan ma’lumki, uning bir oyog‘i yog‘ochdan bo‘lib, tarixchilar bu haqda: “Bir oyog‘i yog‘ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun ko‘rgan odam uni cho‘loq deb o‘ylardi”, – deb yozganlar. Og‘ir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq bo‘lib qolgan va shundan so‘ng otasi uni endi og‘ir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand o‘sgan Mahmud otasidan o‘zini madrasaga o‘qishga yuborishni so‘raydi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.

Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zo‘r iste’dodini namoyon qila boshlaydi. U madrasada o‘qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, o‘sha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallab, o‘z tirikchiligini birqadar tuzatadi. So‘ng talabalik yoshiga yetgach, bilimini yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo‘l oladi.

Zamaxshariy Buxoroda o‘qishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo‘lib, kotiblik bilan shug‘ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib e’tibor ko‘rmagach, o‘zga yurtlarga safar qiladi, maqsadlarining ushalishiga umid bog‘laydi.

1118 yili Zamaxshariy og‘ir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmati, mansab va mol-dunyodan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bag‘ishlashga, asarlar ta’lif etishga astoydil qaror qiladi.

Zamaxshariyning o‘z davri ilmlarini to‘liq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta bo‘lgan. Mana shunday ustozlardan biri – til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jarir Dabbiy Isfahoniydir. Isfahoniy Xorazmda ham bir qancha muddat yashagan. Bu o‘lkada mo‘’taziliylar ta’limotining joriy bo‘lishi ham mana shu Isfahoniy nomi bilan bog‘liqdir. Zamaxshariy Bag‘dodda shayxulislom Abu Mansur Nasr Xorisiy, Abu Saad Shaqqoniy, Abul Xattob ibn Abul Batar kabi mashhur olimlardan hadis ilmidan tahsil oldi. Makkada bo‘lganida esa nahv va fiqh bo‘yicha ilmni Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat ibn Muhammad ibn Abdulloh Yabiriy Andalusiy, shayx Sadid Xayyatiy, lug‘at ilmini esa Abu Mansur Mavhub ibn Xadar Javoliqiy kabi mashhur olimlardan o‘rgandi.

Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Hijozda, ikki marta Makkada bo‘ldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rgandi, bu mintaqa geografiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to‘pladi.  Adib ko‘p asarlarini Makkaligida yaratadi. O‘z hayotida chuqur iz qoldirgan Makkada Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh (“Allohning qo‘shnisi”) degan sharafli laqabga muyassar bo‘ladi.

O‘z davrining yirik olimi darajasiga ko‘tarilgan Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa ko‘pgina shaharlarida ham ko‘pdan-ko‘p shogirdlari bo‘lgan, alloma ko‘p vaqtini o‘shalarga bag‘ishlardi. U qarindoshurug‘larining qiyin-qistovlariga qaramasdan, hayotida biror marta ham uylanmagan. Ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand o‘stirishdan a’lo deb hisoblagan. Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib Xorazmda bir necha yil yashaydi va 1144 yil 14 aprelda vafot etadi.

1333 yili Xorazmda sayohatda bo‘lgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta (1304–1377) “Ar-Rihla” (“Sayohatnoma”) asarida Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rganini yozadi.

Buyuk mutafakkir Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid elliqdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.

Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar Zamaxshariy ijodida salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal” (1121 yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan.

Zamaxshariyning xorazmshoh Alouddin Abulmuzaffar Otsizga bag‘ishlab yozilgan “Muqaddamat ul-adab” asari alohida ahamiyatga egadir. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, xorazmshohlar davrida ilm-fan, madaniyat ancha taraqqiy qilgan edi. Hukmdorlar, ayniqsa, xorazmshoh Otsiz olimlar, shoiru adiblarga hurmat bilan qarar, o‘zi ham iste’dodli, ma’rifatparvar, adabiyotga qiziqqan, bilimdon odam edi. Uning davrida ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirilgan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Zamaxshariy “Muqaddamat ul-adab”ni uning nomiga bag‘ishlab yozgan. Asar besh katta qismga bo‘lingan bo‘lib, otlar, fe’llar, bog‘lovchilar, ot o‘zgartishlari va fe’l o‘zgarishlari haqida bahs yuritadi. Asar 1137 yillari yozib tugallangan.

Zamaxshariy o‘z asarida o‘sha davr arab tilining iste’molda bo‘lgan barcha so‘zlari, iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga katta e’tibor qilgan. Shu boisdan ham Zamaxshariyning bu yirik asarini mazkur yo‘nalishdagi dastlabki asarlardan deyishga haqlimiz. “Muqaddamat ul-adab”ning arab, fors, turkiy-o‘zbekcha, mo‘g‘uliy so‘zlik kiritilgan qo‘lyozmalari mavjud.

Zamaxshariy Makka amiri, olim va adib Abul Hasan Ali ibn Hamza ibn Vahhos as-Sulaymon bilan do‘st edi. Ibn Vahhos o‘z mamlakatining geografiyasi bilan juda yaxshi tanish bo‘lgan. Zamaxshariy ibn Vahhos ma’lumotlariga tayanib, o‘zining Hijozga qilgan safaridan olgan shaxsiy kuzatishlari asosida yozgan “Kitob ul-jibol val-amkina val-miyoh” (“Tog‘lar, joylar va suvlar haqida kitob”) nomli asarida jug‘rofiy joylar, tog‘lar va dengizlarga doir qimmatbaho ma’lumotlar keltiradi.

Zamaxshariy adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlari bo‘yicha ham mukammal asarlar yaratgan.

Olimning “Asos ul-balog‘a” (“Balog‘at asoslari”) asari, asosan, lug‘atshunoslikka bag‘ishlangan. Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so‘z boradi. Fikrni chiroyli ibora va so‘zlar bilan ifodalash, so‘z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog‘at ilmlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Buning uchun so‘zni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so‘zlash va yozish ham kerak bo‘lgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari, frazeologik so‘z birikmalari, ularni amalda tatbiq etish yo‘llari chuqur tahlil qilingan.

“Atvoq uz-zahab fil-mavoi’z val-xutab” (“O‘git va nasihatlarning oltin shodalari”) asari nasihatomuz maqolalar to‘plamidan iborat. Asar birinchi marta 1835 yili olmon olimi Fon Xomir tomonidan nemischaga tarjima qilinib, arabcha matni bilan nashr etilgan.

Zamaxshariyning “Rabi’ ul-abror va nusus ul-axyor” (“Yaxshilar bahori va fozillar axbori”) asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari jamlangan, 97 bobdan iborat bu asarning nodir bir qo‘lyozma nusxasi Toshkentda, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham qo‘lyozmalari mavjud.

Zamaxshariyning g‘oyatda keng tanilgan “Kashshof an haqoiq it-tanzil va uyun ilaqovil fi vujuh it-ta’vil” (“Qur’on haqiqatlari va uni sharhlash orqali so‘zlar ko‘zlarini ochish”) asari Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan. “Kashshof” Zamaxshariy Makkada turgan paytida, uch yil davomida (1132– 1134) yozilgan.

Zamaxshariyning chuqur bilimi, dahosi va fanning turli sohalariga oid o‘lmas asarlari hali u hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan “Ustoz ul-arab val-ajam” (“Arablar va ajamlar ustozi”), “Faxru Xvarazm” (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ataganlar. Mashhur olimlar, shoirlar, adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri bo‘lib, qizg‘in ilmiy bahslar, munozaralarda uning fikri inobatga olinardi.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI

© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011

https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-mahmud-zamaxshariy-1075-1144/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x