Mutafakkirlar. Mahmud Koshg‘ariy (1030–1127)


Post Views:
20 168

Mahmud Koshg‘ariy Markaziy Osiyoda ilk o‘rta asr madaniyatining buyuk arboblaridan bo‘lib, tilshunoslik sohasida, xususan, turkiy tillarni o‘rganish sohasida mashhur bo‘ldi va tarixda o‘chmas iz qoldirdi.

Mahmudning otasini ismi Husayn, bobosiniki Muhammad bo‘lib, kelib chiqishi va tiliga ko‘ra Koshg‘ariy nisbatini olgan. U yashab ijod etgan davrda Movarounnahrda Somoniylar o‘rnini Qoraxoniylar sulolasi egallagan, turkiy adabiy til mintaqada keng urf bo‘la boshlagan edi. Hatto Abbosiylar xalifaligi markazlarida, azaldan arab va boshqa somoniy xalqlar yashab kelgan o‘lkalarda turkiy elatlar namoyandalari ko‘payib, turkiy tilga e’tibor oshgan edi. Mahmud Koshg‘ariy ham o‘zining uzoq yillar davomida yaratgan “Devonu lug‘atit turk” kitobini 1075 yilda tugallagan. Asarning asosiy matni o‘sha davrda keng mintaqa musulmon Sharqida, butun YAqin va O‘rta Sharkda din, fan tiliga aylangan arab tilida yozilgan bo‘lib, turkiy tilning boyligini, mazmundor va rang-barangligini tushuntirish uchun yozilgan.

Mahmud Koshg‘ariy Balasog‘unda tug‘ilib, shu yerda yigitlik chog‘larini kechirgan bo‘lsa ham, uzoq yillar Qoshg‘ardan boshlab butun Movarounnahr, Xorazm, Farg‘ona, Buxoro, hozirgi Shimoliy Afg‘onistonga qadar cho‘zilgan turkiy o‘lkalarni, turkmanlar, o‘g‘uzlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini kezib chiqdi, turli sheva va lahja xususiyatlarini o‘rgandi, ularni adabiy til bilan chog‘ishtirdi, o‘z ishi uchun nihoyatda boy material to‘pladi. Lug‘at tuzishda arab tilshunoslari yaratgan an’anadan unumli foydalangan holda, ishga ijodiy yondashdi, turkiy til qonuniyatlarini birinchi navbatda inobatga olib kitobiga tartib berdi.

Koshg‘ariy asari, o‘zi ta’kidlashicha, “… oldin hech kim tuzmagan va hech kimga ma’lum bo‘lmagan alohida bir tartibda” tuzilgan. Unda ko‘p shevashunoslikka oid qiyosiy qoidalar, grammatik, morfologik, leksik, semantik alomatlar ko‘rsatilgan. Asar foydalanuvchilarga osonlik tug‘dirish uchun sodda yozilgan. Unda qadim turk alifbosi, fonetik qonuniyatlar va orfografik qoidalar puxta tushuntirib berilgan. Lug‘atda turkiy so‘z tuzilishi an’analari, jumladan so‘z tartibi, fe’l shakllari, so‘z etimologiyasiga oid fikrlar bayon etilgan.

Muallif ko‘rsatishicha, kitob bo‘limdan, muqaddima va xulosadan iborat. Har bir bo‘limda ot-ism so‘zlar, fe’llar qulaylik uchun alohida ajratib berilgan. Asarda 7500 dan oshiq turkiy so‘z va iboralar izohlangan. “Devonu lug‘atit turk” ham adabiy til, ham asosiy turkiy shevalarni qamrab olgan bo‘lib, undagi adabiy til, sheva unsurlari nisbati o‘rtacha adabiy tildagi 10–12 so‘zga, shevaga oid bir so‘zga to‘g‘ri keladi, ya’ni umumturkiy adabiy tilga ayricha ahamiyat ajratilgan. Bu holat o‘sha davr islom mintaqasida turkiy adabiy til qancha keng tarqalgani va mustaxkam mavqyega ega bo‘lganini tasdiqlovchi qat’iy dalildir.

Lug‘atda yuzlab kishi ismlari, shahar va qishloq, o‘lka nomlari, daryo, tog‘, yaylov, vodiy, dara, yo‘l, dovon, ko‘l, soy kabi geografik atamalar, turli qabila, urug‘, elat, sayyora, yulduzlar, fasllar tilga olinadi. Asarga Mahmud Qoshg‘ariy tuzgan dunyo xaritasi, dunyoning doira shaklidagi tasviri ham ilova qilingan. Uning markazida Markaziy Osiyo joylashgan. XI asr geografiya ilmining namunasi bo‘lmish bu xarita Qoshg‘ariyning qomusiy olimligining dalilidir.

Turkiy xalqlar tarixiga oid qadimiy afsona va rivoyatlar, 300 ga yaqin maqol va matallar, hikmatli so‘zlar, 700 satrdan oshiq she’riy parchalar ushbu asar sahifalaridan o‘rin olgan. She’riy parchalarning ko‘p qismi turkiy xalqlar og‘zaki ijodiga xos to‘rtliklardan iborat. Ammo “Devon”da keltirilgan she’riy satrlardan 150 satrga yaqini islom davri she’riyatiga xos bo‘lgan “bayt” tipidagi masnaviy, qasida, g‘azal, qit’a parchalari bo‘lib, ularni Koshg‘ariy o‘zi ham ko‘pincha “bayt” deb ataydi.

Kitobda 7 ta epik doston, ishqiy qo‘shiqlar, pandnomalar, koinot yaratilishiga oid asotir, she’rlar, tabiat manzaralari tasviri, madhiyalar, falsafiy mushohadalar uchraydi. Koshg‘ariy devonda keltirilgan VIII–XI asrlarga oid turkiy she’riyat namunalarida u yoki bu darajada aruz vazniga o‘tish moyilligi seziladi.

Mahmud Koshg‘ariyning islomdan ilgarigi va ilk islom davri turkiy madaniyat obidalarini tadqiq etish, to‘plash va avlodlarga yetkazib berishdagi xizmatlari nihoyatda ulkandir. Uning tarix, etnografiya, geografiya xususidagi keng bilim doirasi, til va adabiyot sohasidagi qomusiy salohiyati, tadqiq qudrati bugungi kunda ham hayratlanarli darajadadir. Uning kitobida jamlangan aniq-ravshan ma’lumotlar VIII–XI asrlar ham turkiy adabiy til va badiiy adabiyotning, ham og‘zaki xalq ijodi va turli lahjalarning boy manbai sanaladi. “Devonu lug‘atit turk”ni o‘sha davrlarda Markaziy Osiyo mintaqasida yashagan turkiy xalqlar hayoti haqidagi qomusiy asar deb atash mumkin.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI

© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011

https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-mahmud-koshg-ariy-1030-1127/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x