Post Views:
2 830
Manbalarda Ahmad Yugnakiyning tug‘ilgan joyi Yugnak deb ataladi. Bu nomdagi qishloqlar qadimgi Samarqand atrofi, Farg‘ona vodiysi va Sirdaryo bo‘ylarida mavjud bo‘lgan. Ahmad onadan ko‘zi ojiz tug‘ildi. Alisher Navoiy bu haqda shunday yozadi: “Haq subhonahu va taolo agarchi zohir ko‘zin yopuq yaratgandur, ammo ko‘ngil ko‘zin bag‘oyat yoruq qilg‘ondur”. Ahmad yoshligidan juda qobiliyatli va ziyrak bo‘lgan. Ko‘zi ojizligi sababli, o‘zga turk yigitlari singari ot minib, qilich chopishga emas, Qur’oni karimni yod olib, Rasululloh alayhissalom hadislarini o‘zlashtirishga jiddu-jahd ko‘rsatgan.
Adib Ahmad islomiy bilimlarni puxta egallab, o‘sha davrning yetuk olimlaridan biriga aylandi. U salohiyatli shoir va axloq muallimidir. Adibdan bizgacha yetib kelgan yagona yaxlit asar “Hibat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar tuhfasi”) dostoni bo‘lib, 484 misradan iborat.
Ahmad Yugnakiy nomiga “Adib” so‘zi qo‘shib aytilishi ma’lum sababga ega. U o‘zini shoir emas, balki adab ilmi namoyandasi deb biladi. Uning dostoni ham turkiy elatlarga islomiy odob qoidalari, ma’naviy-axloqiy kamolot sirlaridan ta’lim berishga mo‘ljallangan. Buni undagi bob sarlavhalaridan ham anglash mumkin. Birinchi bob – “Ilm manfaati va jaholatning zarari haqida” deb atalib, unda Payg‘ambarning “Ilm Chin eli (ya’ni Xitoy)da bo‘lsa ham, o‘rganing!” degan hadislari arab tilida keltirilgan va ushbu fikr turkiy to‘rtliklar shaklida sharhlangan. “Saodat yo‘li bilim bilan bilinadi”, deydi Adib. U bilim egasi bo‘lgan ayol kishini erlar qatorida ko‘radi, bilimsiz erkakni esa ayoldan ham zaif biladi.
Alisher Navoiy o‘z asarida Adib Ahmad dostonining ushbu bobidan eng erkin timsolni keltirgan:
So‘ngakka ilik tur, eranga bilik,
Biliksiz eran ul iliksiz so‘ngak.
Bilim egasi vafot etganda ham uning nomi boqiy qoladi, deb xulosalaydi shoir, ammo bilimsiz kishi tirigida ham o‘likdan farqi yo‘qdir.
Adib Ahmad bilimsizlikni qoralab yana Rasululloh alayhissalom hadislariga murojaat etadi: “Tangri hech qachon johillarni aziz qilgan emas”. Ilm qadriga faqat ma’rifatli odam yetadi, nodonga esa nasihat befoydadir. Adib Ahmadning fikricha, bilim tuganmas boyliqdir, u faqir kishini boy etadi, ilm ahlini esa arab ham, ajam ham olqishlaydi.
Ikkinchi bob “Tilni tiyish va boshqa odoblar haqida” deb nomlanadi. Adib fikricha, kishi boshiga har qanday ish tushsa, tili tufayli sodir bo‘ladi, ba’zilar yaxshilik ko‘radi, ba’zilar afsus chekadi. Axmoq odamning tili – dushmani, ko‘p kishilarning tili tufayli qoni to‘kildi. Adib Ahmad behudago‘ylik va yolg‘on so‘zlashni qattiq qoralaydi. So‘zning to‘g‘risi va qisqasi yaxshi deb hisoblaydi. Bob davomida sir saqlashning muhimligi ta’kidlanadi, “hatto yaqin do‘stingdan ham ehtiyot bo‘l” – deya ogohlantiradi shoir. Bunday ogohlantirishlar zamonaning qaltisligini eslatib turardi.
Uchinchi bob ham shunga muvofiq “Dunyo holatlarining o‘zgarib turishi va dunyo ahlida vafo kamligi haqida”. Adib Ahmad o‘z asarini keksalik chog‘ida yozganligi ushbu bob mazmunidan seziladi.
Adib dunyoning o‘tkinchiligi, kishi umrining yeldek o‘tishi, obod o‘lkalar xarob bo‘lib, donolarning ko‘pi dunyoni tark etganini afsus bilan qayd etadi. Dunyo bir qo‘li bilan kishiga asal tutsa, ikkinchi qo‘li bilan og‘u tutadi.
Shu sababli “yeguliging va kiyguliging bor bo‘lsa, ko‘p ham mol-dunyo yig‘ishga ruju qo‘yma”, deydi Adib.
“Hibat ul-haqoyiq” asari asosiy qismining keyingi 4–7- boblari ham insonlarning yuksak fazilatlarini ta’riflash, nuqsonlarini qoralashga bag‘ishlangan. Ularda saxovat, qo‘li ochiqlik, tavoze’, insonlarga mehrli bo‘lish, vafoli, shavkatli, halim tabiatli, kechiruvchan, kamtar bo‘lish targ‘ib qilinadi, baxil va ochko‘zlik, molparastlik, g‘azabnok va takabburlik, riyokorlik, besabrlik, zulm va zo‘ravonlik, safsatabozlik qattiq qoralanadi.
Asar boshdan oyoq tavhid e’tiqodiga tayanadi, muallif fikrlari Alloh taoloning muborak oyatlari, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hikmatli hadislari bilan dalillanadi. Turkiy tilda bitilgan she’riy matn orasida qator oyatlar, 20 dan ortiq hadislarning asl arabiy matni keltirilgan, ular turkiyda she’r vositasida sharh etilgan.
Adib Ahmad Movarounnahr va Xurosonda turkiy elatlar madaniyatini yuksaltirishda katta xizmat qildi. XI–XII asrlarda ijod etgan Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy kabi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun turk olami, hatto islom mintaqasining buyuk allomalari ijodiga Adib Ahmadning ta’siri beqiyosdir.
100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI
© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti © «YANGI NASHR», 2011
https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-ahmad-yugnakiy-xii-asr/