Post Views:
6 628
Jahon madaniyatiga katta hissa qo‘shgan Markaziy Osiyolik mashhur faylasuf, qomusiy olim Forobiyning to‘liq ismi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlug‘ Tarxon.
O‘rta asrning bir qancha ilmiy yutuqlari, umuman Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida taraqqiyparvar ijtimoiy-falsafiy tafakkur rivoji uning nomi bilan bog‘liq. Forobiy o‘z zamonasi ilmlarining barcha sohasini mukammal bilgan va bu ilmlar rivojiga katta hissa qo‘shganligi, yunon falsafasini sharhlab, dunyoga keng tanitgani tufayli Sharq mamlakatlarida uning nomi ulug‘lanib, “Al-muallim as-soniy” – “Ikkinchi muallim” (Aristoteldan keyin), “Sharq Arastusi” deb yuritilgan.
Forobiy 873 yilda turkiy qabilalardan bo‘lgan harbiy xizmatchi oilasida, Sirdaryo qirg‘og‘idagi Forob – O‘tror degan joyda tug‘ilgan. U tug‘ilgan hudud Somoniylar tomonidan boshqarilib, arab xalifaligining shimoliy chegarasi hisoblangan.
Forobiy boshlang‘ich ma’lumotni ona yurtida oldi. So‘ng Toshkent (Shosh), Buxoro, Samarqandda o‘qidi. Keyinroq o‘z ma’lumotini oshirish uchun arab xalifaligining madaniy markazi bo‘lgan Bag‘dodga keldi. Bag‘dodda bu davrda musulmon dunyosining turli o‘lkalaridan, xususan, Markaziy Osiyodan kelgan ko‘p ilm ahllari to‘planishgan edi. U yerga bora turib Forobiy Eron shaharlari Isfahon, Hamadon, Ray va boshqa joylarda bo‘ldi.
Forobiy Bag‘dodda o‘rta asr fani va tilining turli sohalari, yunon falsafiy maktablari bilan chuqur tanishib, o‘zga diniy e’tiqod, falsafiy fikrdagi kishilar bilan ilmiy muloqotda bo‘ldi. Abu Bashar Matta ibn Yunusdan (870–940) yunon tili va falsafasini, Yuhanna ibn Xiylon (860– 920)dan tabobat va mantiq ilmini o‘rgandi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u 70 dan ortiq tilni bilgan.
Taxminan 941 yildan boshlab Forobiy Damashqda yashagan. Shahar chekkasidagi bog‘da qorovul bo‘lib, kamtarona kun kechirib, ilm bilan shug‘ullangan. So‘nggi yillar u Halab (Aleppo) hokimi Sayfuddavla Hamdamid (943–967) iltifotiga sazovor bo‘ldi. Tadqiqotchilar uning Halabdagi hayotini eng samarali davr hisoblaydilar. Chunki bu hokim hurfikrliligi, ilm-fanga e’tibor berganligi bilan ajralib turgan. U Forobiyni saroyga taklif etadi, lekin Forobiy bunga ko‘nmaydi, oddiy hayot kechirishni afzal ko‘radi. Forobiy 949–950 yillarda Misrda, so‘ng Damashqda yashab, shu yerda vafot etgan va “Bob as-sag‘ir” qabristoniga dafn qilingan.
Forobiy o‘rta asr davri tabiiy-ilmiy va ijtimoiy bilimlarining qariyb barcha sohalarida 160 dan ortiq asar yaratgan. U turli bilimlarning nazariy tomonlari, falsafiy mazmuni bilan ko‘proq qiziqqanligi uchun uning asarlarini 2 guruhga ajratish mumkin:
1) yunon faylasuflari, tabiatshunoslarining ilmiy merosini izohlash, targ‘ib qilish va o‘rganishga bag‘ishlangan asarlar;
2) fanning turli sohalariga oid mavzulardagi asarlar.
Forobiy qadimgi yunon mutafakkirlari – Platon, Aristotel, Evklid, Ptolemey, Porfiriylarning asarlariga sharhlar yozgan. Ayniqsa, Aristotel asarlari (“Metafizika”, “Etika”, “Ritorika”, “Sofistika” va b.)ni batafsil izohlab, qiyin joylarini tushuntirib bera olgan, kamchiliklarini ko‘rsatgan, ayni vaqtda bu asarlarning umumiy mazmunini ochib beruvchi maxsus asarlar yaratgan.
Forobiy sharhlari O‘rta va Yaqin Sharq ilg‘or mutafakkir–larining dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Abu Ali ibn Sino Forobiy sharhlari (“Metafizika” – “Moba’diy tabiat”)ni o‘qib, Aristotel asarlarini tushunganini alohida ta’kidlaydi. Forobiyning sharh yozish faoliyati faqat Sharqnigina emas, o‘rta asr Yevropasini ham yunon ilmi bilan tanishtirishda katta rol o‘ynadi. Mutafakkir o‘z asarlarini o‘sha davrda Sharq mamlakatlarida ilmiy-adabiy til hisoblangan arab tilida yozadi.
Forobiy shuningdek, arab va fors tillarida falsafiy mazmundagi she’rlar ham yozgan. Forobiy asarlari XII–XIII asrlardayoq lotin, qadimiy yahudiy, fors tillariga, keyinchalik boshqa tillarga tarjima qilinib, dunyoga keng tarqalgan. So‘nggi asrlarda ko‘chirilgan nusxalari ko‘p mamlakatlarning kutubxona va muassasalarida saqlanadi.
Forobiyning tabiiy-ilmiy fanlar haqidagi qarashlari “Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi” asarida batafsil yoritilgan. Kitobda o‘rta asrda ma’lum bo‘lgan 30 dan ortiq fanning ta’rifi, ahamiyati ko‘rsatib beriladi. Shu narsa diqqatga sazovorki, Forobiy tabiiy va ijtimoiy fanlarni vazifasidan kelib chiqib to‘g‘ri farqlagan. Uning talqinicha, matematika, tabiatshunoslik, metafizika fanlari inson aqlini bilimlar bilan boyitish uchun xizmat qilsa, grammatika, mantiq, she’riyat kabi ilmlar fanlardan to‘g‘ri foydalanishni, bilimlarni boshqalarga to‘g‘ri tushuntirish, ya’ni aqliy tarbiya uchun xizmat qilgan. Siyosat, axloq, ta’lim-tarbiyaga oid bilimlar esa kishilarning jamoalarga birlashuvini, ijtimoiy hayotga tegishli qoidalarni o‘rgatadi. Forobiy insonning amaliy faoliyati uchun tabiiy fanlarning ahamiyatini yaxshi tushunadi. Bunday fanlarni u real narsalar haqidagi ilmlar deb ataydi.
U yunon tabiatshunoslari Evklid, Ptolemey, Galen kitoblariga yozgan sharhlarida, o‘zining geometriyaga doir kitobida antik dunyo, o‘rta asr matematik g‘oyalarining yirik bilimdoni sifatida maydonga chiqdi, matematikaning bir qancha murakkab kategoriyalari va mavhum tushunchalarini ilmiy nuqtai nazardan hal etish yo‘llarini qidirdi, xususan, son haqidagi ehtimollik nazariyasi to‘g‘risidagi g‘oyalarni boyitdi.
Forobiyning tibbiy qarashlari “Inson a’zolari haqida” risolasida bayon qilingan. U inson a’zolarini, turli xil kasalliklar sababini, ularning paydo bo‘lish sharoitlarini alohida-alohida o‘rganishni, organizmning salomatligini tiklash uchun kerakli oziq-ovqatlarga e’tibor berishni qayd etadi. Insonning ruhiy va jismoniy holati tashqi omillar, muhit ta’siriga bog‘liqligiga e’tibor beradi. Uning tibbiyot vazifasi, maqsadi haqidagi qarashlari Ibn Sinoning bu haqdagi qarashlariga katta ta’sir ko‘rsatdi. Forobiy dunyoqarashining shakllanishiga, asosan, Sharqning qadimgi ilg‘or madaniyati an’analari, arab xalifaligiga qarshi xalq harakatlari, o‘rta asr tabiiy-ilmiy tafakkur yutuqlari, Yunonistonning falsafiy merosi ta’sir ko‘rsatdi.
Forobiy o‘rta asrlar sharoitida birinchi bo‘lib jamiyatning kelib chiqishi, maqsad va vazifalari haqida izchil ta’limot yaratdi. Bu ta’limotda ijtimoiy hayotning ko‘p masalalari – davlatni boshqarish, ta’limtarbiya, axloq, ma’rifat, diniy e’tiqod, urush va yarash, mehnat va boshqalar qamrab olingan. Forobiy “Fozil shahar aholisining maslagi” risolasida jamiyat (“inson jamoasi”)ning kelib chiqishi haqida bunday yozadi: “Har bir inson tabiatan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, u bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi… Bunday jamoa a’zolarining faoli-yati bir butun holda, ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur bo‘lgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari ko‘paydilar va yerning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashdilar, natijada inson jamoasi vujudga keldi”.
Forobiy shaharni ijtimoiy uyushishning yetuk shakli, insoniyat kamolotga erishishining zaruriy vositasi, deb hisoblaydi. Butun insonlarni o‘zaro hamkorlikka, xalqlarni tinchlikka chaqiradi, dunyoda yagona inson jamoasini tuzish haqida orzu qiladi.
Forobiy o‘z davridayoq buyuk olim sifatida mashhur bo‘lgan. Sharq xalqlarida u haqda turli hikoya, rivoyatlar vujudga kelgan. O‘rta asr olimlaridan Ibn Xallikon, Ibn Qiftiy, Ibn Abi Usabi’a, Bayhaqiylar o‘z asarlarida Forobiy ijodini o‘rganib, uning g‘oyalarini rivojlantirganlar.
Xususan, Ibn Rushd Forobiy asarlarini o‘rganibgina qolmay, ularga sharhlar ham yozdi. Averroizm nomi bilan mashhur bo‘lgan uning falsafiy ta’limotining shakllanishi dastlab Forobiy va Ibn Sino faoliyati bilan bog‘liq. Averroizm ilmiy tendensiyalarni ifodalovchi ilg‘or yo‘nalish sifatida keng yoyilgan va Uyg‘onish davrining ko‘p ilg‘or mutafakkirlari dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatgan.
100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI
© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011
https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-abu-nasr-forobiy-873-950-2/