Mutafakkirlar. Abu Bakr Narshaxiy (899–959)


Post Views:
1 645

Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Sharik Buxoro vohasining Narshax qishlog‘ida 899 yilda tavallud topgan va 959 yilda vafot etgan.

Abu Bakr Narshaxiy – Markaziy Osiyo tarixshunosligining durdonalaridan biri bo‘lmish “Tarixi Buxoro” deb shuhrat topgan nodir asarning muallifidir. U o‘z asarini 943–944 yillarda arab tilida yozgan va uni Somoniylar davlati hukmdori Abu Muhammad Nuh ibn Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil Somoniy (943–954)ga bag‘ishlagan.

Narshaxiyning bu kitobida, asosan, Buxoro vohasining obod bo‘lishi, ovchilik, baliqchilik va dehqonchilikning kasb etilishi, Numijkat, Poykand, Afshona, Varaxsha, Romiton, Vardona kabi qadimiy qishloqlarning barpo bo‘lishidan tortib, to Buxoro shahrining qad ko‘tarishigacha bo‘lgan muhim tarixiy voqyealar to‘g‘risida hikoya qilinadi. Kitobda Markaziy Osiyoda arab xalifaligi hukmronligining o‘rnatilishi, islom dinining tarqatilishi, otashparastlik va u bilan bog‘liq madaniy hayotning inqirozi, Muqanna– “Oq kiyimlilar” harakati, Somoniylar davridagi davlat idorasi, madaniy qurilishlar borasida turli-tuman qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Unda Buxoroning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotiga, ayniqsa, pul munosabatlariga, xiroj yig‘ish tizimiga oid ma’lumotlar bor.

“Buxoro tarixi”da yer-suv munosabatlari haqida so‘zlar ekan, Narshaxiy qadimgi zamindorlarni “dehqonlar”, ya’ni “qishloq hokimlari”, ziroatchilarni “kashovarzlar”, ya’ni “yer haydovchi” – “qo‘shimchalar”, yirik yer egalariga qaram qishloq aholisini “kadivarlar” nomlari bilan ataydi. VIII–X asrlarda Buxoroda hunarmandchilik nihoyatda rivojlangan bo‘lib, har bir qishloq o‘z mahsuli bilan shuhrat topgan. Masalan, Zandana qishlog‘ida to‘qiladigan ipak va ip matolar “zandaniycha” nomi bilan butun Sharqqa mashhur bo‘lgan. Buxoro shahrining o‘zida “Bayt ut-tiroz” nomli to‘qimachilik korxonasi bo‘lib, uning mahsulotlari Fors, Kermon, Hindiston, Iroq, Shom, Misr va Rum kabi o‘lkalarga olib borilgan. Buxoro savdogarlari nihoyatda boy tabaqa bo‘lib, Narshaxiy ularni “kashkashon” deb ataydi. Savdo munosabatlari keng yoyilganligi sababli Buxoro shahriga “Madinatut-tujjor”, ya’ni “Savdogarlar shahri” deb laqab berilgan.

Kitobda Buxoro vohasini sug‘oruvchi anhorlar, obod qishloqlar, rabotlar va ko‘shklar haqida ma’lumotlar bor. Butun voha VIII–XII asrlarda Karmana, Shopurkom, Harqonat ul-Ulyo, Harqonrud, Ovxitfar, Somjon, Baykonrud, Farovizi Ulyo, Komi Daymun, Arvon, Kayfur, Rudi Zar kabi sug‘orish tarmoqlari orqali suv bilan ta’minlangan. Birgina Poykand shahri atrofida mingdan ortiq rabot bo‘lgan.

Buxoro vohasini tashqi hujumlardan mudofaa etish maqsadida uning barcha dehqonchilik muzofotlari bir necha yuz farsaxga cho‘zilgan mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Bu devor 782–831 yillar mobaynida qurib bitkazilgan va u “Kampirak” nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Asarda Buxoro shahrining tarixiy topografiyasi to‘g‘risida ham qimmatli ma’lumotlar bor. O‘rta asrlarda Buxoro arkining “Dari Registon” va “Dari G‘o‘riyon” nomli ikki darvozasi bo‘lgan. Uning ichida “podshohlar, amirlarning turar joylari bo‘lib, podshohlik devonlari va podshohlar turadigan qasr qadimdan shu yerda joylashgan”. 850 yilda Buxoro shahri yangidan devor bilan o‘rab olingan. Uning yettita darvozasi bo‘lgan. Buxoro qadim zamonlarda Numijkat, Bumiskat, Foxira, Madinatus-sufriya, ya’ni “Mis shahar” nomlari bilan atalgan.

Xulosa shuki, Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobi birgina Buxoro tarixini emas, balki butun Markaziy Osiyo tarixini o‘rganish uchun qimmatli tarixiy asardir.

100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI
© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011

https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-abu-bakr-narshaxiy-899-959/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x