Post Views:
585
Sharqda tanilgan mutafakkir Abu Abdulloh Ja’far Rudakiy 860 yilda Samarqand yaqinidagi Panjrudak qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘ildi. Bu davrda Movarounnahr Eron, Hindiston, Xitoy, Misr va Suriya bilan savdo va madaniy aloqalarni yaxshi yo‘lga qo‘ygan edi.
X asrda Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv, Nishopur, Balx, Zarafshon vodiysining yuqori qismi hunarmandchilik, savdo va madaniy markazlarga aylangan edi. Ayniqsa, Buxoro shahri IX–X asrlardayoq Sharqning eng yirik madaniy markazlaridan biri bo‘lgan. Rudakiy yoshligidanoq she’riyatga ixlos qo‘ydi, o‘z zamonasining mashhur cholg‘uchisi Abul Abbos Baxtiyor qo‘lida musiqadan ma’lumot oldi. Dastlabki ma’lumotni o‘z qishlog‘ida olgan Rudakiy o‘qish uchun Samarqandga bordi. U yerda chuqur bilim olib, tez orada adabiyot va san’at sohasida ham dong chiqarishga muvaffaq bo‘ldi.
Buxoro hukmdori Nasr ibn Ahmad Somoniy (914–943) davrida Rudakiyning shoirlik shuhrati Buxoro va umuman Sharqqa keng tarqaldi. Rudakiy asarlariga e’tibor berilsa, uning astronomiya va qadimgi yunon falsafasini ham yaxshi tushunganligini ko‘rish mumkin.
Somoniylar davlatining ko‘zga ko‘ringan davlat arbobi Abufazl Bal’amiy Rudakiy haqida “U faqat mashhur shoir bo‘libgina qolmay, balki o‘z davrining yetuk olimi ham edi”, deb baho bergan.
Nasr ibn Ahmad Somoniy Rudakiyni o‘z saroyiga taklif etgandan so‘ng, uning hayotining ko‘p qismi Buxoroda o‘tdi. Uning ko‘zi ojiz bo‘lgan. Ba’zi manbalarda, uning onadan ko‘r tug‘ilganligi haqida naqllar bor. Rudakiy qarigan chog‘ida quvg‘inga uchrab, o‘z qishlog‘iga qaytgan. U 941 yilda olamdan ko‘z yumdi va o‘z vatanida dafn etildi.
Rudakiyning adabiy merosidan bizgacha 2 qasida, 50 ruboiy, she’rlar, doston va boshqalar yetib kelgan. Ammo XII asr shoiri Rashid Samarqandiyning ta’kidlashicha, bironta shoir Rudakiy singari ko‘p asar yozgan emas. Muhammad Avfiyning xabar berishicha, Rudakiy yuzta to‘plam (daftar) yozgan.
Qadimgi manbalarda Rudakiyning “Oftob davroni”, “Arois an-nafois” (“Nafis kurtaklar”) va “Sinbodnoma” dostonlari bo‘lganligi haqida ma’lumotlar uchraydi.
Rudakiyning qasidalaridan “Mening onam”, “Buxoro vasfi” va “Qarilikdan shikoyat” kabilar bizgacha yetib kelgan. Rudakiyning ijodida X asrning ijtimoiy hayoti o‘z aksini topgan. Uning hamma asarlarida xalqning orzu-umidlari, manfaatlari ifoda qilingan.
Rudakiyning axloqqa oid asarlarida aql-idrok, xulq-atvor va bilim asosiy o‘rinni egallagan. Mutafakkir bilimni hamma boyliklardan ustun qo‘yadi. Uning ayrim nasihatlari insonning qanday holatda baxtli bo‘lish sharoitlarini aniqlashga yordam beradi. Rudakiyning fikricha, insonning to‘la baxtga ega bo‘lishi uchun to‘rt narsa kerak: sog‘liq, yaxshi odob, yaxshi nom va aql. U insonlarni voqyealarning ichki mohiyatidan uning tashqi tomonini ajrata bilishga chaqiradi. U yaxshilik, saxiylik va ulug‘vorlikni targ‘ib qiladi.
Rudakiyning tabiat go‘zalliklarini ifoda etgan asarlari juda jozibalidir. Uning asarlarida Vatanga, xalqqa muhabbat mavzularigina yoritilmay, keng falsafiy fikrlar ham bayon etilgan.
Buyuk mutafakkir kishilar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamkorlik kishilik jamiyati uchun muhim ahamiyatga ega ekanini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan. Uning quyidagi satrlari diqqatga sazovordir:
Jahonning shodligi yig‘ilsa butun,
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.
Rudakiy hayotni ustoz deb hisoblaydi va undan ta’lim olishga undaydi:
Har kishi olmasa hayotdan ta’lim,
Unga o‘rgatolmas hech bir muallim.
Rudakiy asarlarida inson aqlu zakovatiga ishonch kuchli. Asarlarining tili, badiiy ifoda vositalari sodda va tushunarli qilib yozilgan. U birinchi bo‘lib, X asrdayoq fors mumtoz adabiyotiga asos solganligi uchun ko‘pgina Eron olimlari fors she’riyatining vatanini Movarounnahr deb hisoblashadi.
Tabiatni, vatanni vasf qilish, axloqiy pandu nasihatlar bilan asarni bezash keyingi mutafakkirlarga Rudakiydan an’ana bo‘lib qoldi.
100 MARKAZIY OSIYO MUTAFAKKIRLARI
© O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi
© Toshkent islom universiteti
© «YANGI NASHR», 2011
https://shosh.uz/uz/mutafakkirlar-abu-abdulloh-rudakiy-860-941-2/