Mustaqillik yillaridagi yangilanish barcha sohalar qatori adabiyot va sanʼatning turli janrlarida ham oʻz ifodasini topdi. Shunday siralardan biri dramaturgiyadir.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, dramaturgiya adabiyot janrining eng murakkab sohasi sanaladi. Bolalar dramaturgiyasi esa inchinun. Bu soha hamma vaqt eng dolzarb masala boʻlib kelgan va kelmoqda. Azal-azaldan bolalar dramaturgiyasidagi muammolar oʻz yechimini topgan emas. Bizga yaxshi maʼlumki, bolalar uchun nazmda ijod qilgan shoirlar kam boʻlmagan. Biroq nasrda bolalar uchun deyarli pyesalar yozilmagan. Teatr jamoalari uchun maxsus pyesalar yozilgan boʻlsa-da, ular yaxlit kitob holida yoinki matbuot sahifalarida chop etilmagan. Dramaturglar pyesalarini toʻgʻridan-toʻgʻri teatr jamoasiga olib borishgan. Va hozir ham bu jarayon davom etib kelayapti. Teatrlar koʻproq oʻzbek xalq ertaklari yoxud xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan kengroq foydalanishgan. Bu orada taniqli yozuvchilarning ayrim asarlarini inssenirovka qilib, sahnaga olib chiqish hollari ham uchraydiki, buni ijodda oʻziga xos uslub deyish mumkin.
Mustaqillik yillarida bolalar uchun ham bir qancha badiiy asarlar yaratildiki, dramaturgiya maydonida taniqli shoir Anvar Obidjon, olim va dramaturg Shuhrat Rizayev, yozuvchi Tohir Malik, Sharof Boshbekov, Salohiddin Sirojiddinov, Erkin Xushvaqtov singari ijodkorlarning paydo boʻlishi yaxshi natija edi. Bu ijodkorlarning asarlari jajji, oʻrta yosh va oʻsmir yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan boʻlib, ular sahna yuzini koʻrdi. Albatta, bu kabi asarlar bugungi kun yoshlari uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Lekin bu bilan biz hali bolalar dramaturgiyasi oldida turgan muammolar oʻz yechimini topdi, deyishga haqli emasmiz.
Masalaning boshqa tomonlari ham borki, bu quyidagilarda oʻz aksini topadi.
Birinchidan – sir emaski, bugun biz axborot texnologiyalari asrida yashayapmiz. Bu esa yoshlarimiz turmush tarzi, maʼnaviyati, dunyoqarashi, ongu shuurida salbiy va ijobiy burilish yasayapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bugun uyali telefon, internet tarmoqlarida ishlashni deyarli barcha oʻsmir yoshlar yaxshi biladi. Hissiz bu vositalarning salbiy tomoni shundaki, u oʻsmir yoshlarning qalblaridagi insoniylik his-tuygʻularini tarbiyalamaydi. Aksincha yoshlar qalbida shafqatsizlik, badjahllik, beparvolik, loqaydlik kabi qirralarni shakllantirishga xizmat qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, koʻngil va ruh tarbiyasini, yoshlar tafakkurini oʻtmaslashtirishga olib keladi.
Ikkinchidan – chetdan yoppasiga bostirib kelayotgan “ommaviy madaniyat” esa har bir yoshni oʻz domiga tortib ketayotgani ham bor gap. Koʻcha-koʻylarda internet tarmoqlari orqali turli axborotlarni oʻzlashtirishga, qimmatli vaqtlarini kompyuter xonalarida soatlab oʻyin oʻynashga, uyali telefondagi behuda yozishmalarga sarflayotgan yoshlar ham kam emas.
Uchinchidan – bunday taʼsirlar oqimidan bizni faqat adabiyot va sanʼatgina qutqarib qolishi mumkinligini hayotning oʻzi isbotlab turibdi. Bugun bolalar uchun istalgan mavzuda badiiy jihatdan mukammal asarlar yaratish mumkin. Faqat uni qay holatda taqdim etish, bolalar ruhiyatiga, qalbiga singdirish mumkinligi ijodkordan katta mahorat talab etadi. Bugungi globallashuv davrida internet tarmoqlarining yoshlar ongiga zarari va taʼsiri, uning oqibatlari haqida nima uchun sahna asari yozib boʻlmaydi. Vaqt shu qadar odimlab ketayaptiki, har bir ijodkor bu imkoniyatlardan toʻgʻri va oqilona foydalana bilmogʻi zamon talabidir.
Binobarin, hayot bilan hamqadam boʻlish, bolalarning ruhiyatiga xos va mos asarlar yaratish bu kunning eng dolzarb masalasidir.
Bolalar dramaturgiyasi haqida soʻz ketar ekan, yana bir muhim masala yuzasidan fikr bildirishni lozim, deb bilamiz. Bu masala – badiiy asarlarda zamon qahramoni masalasidir. Nazarimizda, bugungi davr yoshlari uchun kimni zamonamiz qahramoni deb koʻrsatish ham diqqat va eʼtibor talab qiladigan masala. Yoshlarimizga Alpomish, Goʻroʻgʻli singari xalq dostonlari asosida sahna asarlari yoxud millat shaʼni va shavkati uchun kurashgan buyuk ajdodlarimiz Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi sohibqironlarimiz haqida yoyinki mumtoz adabiyotimizda ulkan maʼnaviy meros qoldirgan Navoiy, Bobur singari allomalarning ibratli hayoti va ijodi, ularning bolaligi haqida sahna asarlari yozish payti kelmadimikin, deb oʻylab qolasan kishi. Holbuki, bizning yurtimizda bunday ulugʻ siymolar, ular qoldirgan maʼnaviy meros behisob. Bugungi aksariyat yoshlarimiz esa bular haqida yaxshi bilmaydilar. Bolalar uchun xoh tarixiy mavzu, xoh zamonaviy mavzu boʻlsin ibrat boʻla oladigan qahramon juda-juda zarur. Negaki, bugun oʻsib-ulgʻayib kelayotgan yosh kimgadir havas qilgisi, oʻxshagisi, oʻsha qahramon qiyofasida oʻzini koʻrgisi keladi va bunga intiladi. Gap shundaki, oʻsha qahramonning oʻzi kim? U qay jihatlari bilan, qay feʼl-atvori bilan yoshlarga oʻrnak boʻla oladi? degan savol har bir qalbi uygʻoq ijodkorni oʻylantirishi kerak. Yana bir muhim masala. Bugun, hamonki, bolalar uchun maxsus asarlar yozilmayotgan ekan, bolalar uchun yozilgan badiiy asarlarni inssenirovka qilish nega mumkin emas? Masalan, yozuvchi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sehrli qalpoqcha” va shu singari asarlarini xuddi Tohir Malikning “Alvido, bolalik” qissasi kabi inssenirovka qilinib, sahnaga olib chiqilsa boʻladi-ku?! Nazaramizda, biz ana shunday uslub va usullardan ham keng foydalana bilishimiz kerak. Bundan tashqari jahon dramaturglarining ham asarlariga murojaat qilish, bizningcha, yaxshi natija beradi. Yoshlarning estetik didini shakllantirishda, tarbiyalashda, qalbida gʻurur va iftixor tuygʻularini singdirishda, qolaversa, milliy istiqlol va milliy gʻoya, qadriyat hamda anʼanalar kabi tushunchalarning paydo boʻlishida, bolalar dramaturgiyasining, adabiyotning va sahnaviy asarlarning oʻrni hamda ahamiyati beqiyos ekanini unutmaslik lozim. Bu borada, adabiyot namoyandalari, dramaturglar, bolalar yozuvchilari yoshlarimiz uchun, kelajak avlod uchun badiiy jihatdan puxta, mazmunan teran, ham zamonaviy, ham tarixiy mavzulardagi asarlarni yaratishga kirishishlari muhimdir.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning: “Biz farzandlarimizning ruhiy dunyosi uchun, ularning maʼnaviy-axloqiy jihatdan yetuk, jismonan sogʻlom boʻlishi uchun doimo qaygʻurishimiz, kurashmogʻimiz zarur”, degan soʻzlari ijodkorlarimiz uchun hamisha dasturulamal boʻlib qolishi lozim.
Zero, bugun axborot asrida yoshlar oldida turgan dolzarb vazifalar, muammolar, yutuqlar, ularning maʼnaviy olami yaratilayotgan asarlarda badiiy taʼsirchan ochib berilsagina, kutilgan natijalarga erishish mumkin.
Dramaturglarimiz oilaviy-maishiy mavzular atrofida oʻralashib qolmasdan, atrofga kengroq nazar solishlari, ayniqsa, bolalar qalbiga chuqurroq kirib borishlari talab etiladi. Xalqimiz hayotida, yoshlar va bolalar olamida har kun, har daqiqa oʻzgarishlar, yangilanishlar boʻlib turibdi. Bu jarayonlarni diqqat bilan kuzatib, yutuq va kamchiliklarga roʻy-rost munosabat bildirish har birimizning, jumladan, ijodkorlarning ham burchi. Biz ijod ahlidan bolalar uchun maxsus, badiiy puxta, mazmunan teran, ularni fikrlashga undaydigan, qalban ulgʻayishga safarbar etadigan, qiziqarli asarlar kutishga haqlimiz.
Zero, yosh tomoshabinlarni tarbiyalashda, estetik didining shakllanishida, qalbida gʻurur, iftixor, vatanparvarlik tuygʻularini singdirishda, qolaversa, milliy qadriyat va anʼanalar kabi tushunchalarning paydo boʻlishida sahnaga olib chiqilayotgan asarlarning ahamiyati hamda oʻrni beqiyos ekanini unutmaslik lozim. Bu borada, adabiyot namoyandalari, dramaturglar bolalar uchun badiiy jihatdan puxta, mazmunan teran, bugungi kun yoshlariga mos boʻlgan zamonaviy mavzulardagi asarlar yaratishga eʼtibor berishlari lozim.
Matluba MAHKAMOVA,
tadqiqotchi
“Sharq yulduzi”, 2012–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/mustaqillik-davri-bolalar-dramaturgiyasida-zamonamiz-qahramoni/