Keyingi yillarda Alisher Navoiyning ijodiyoti, shaxsiyati, dunyoqarashini oʻrganish yuzasidan anchagina ilmiy yangiliklar yuzaga keldi. Biz ularni bir necha tadqiqot asosida tahlil etib, adabiy taʼlim va badiiy adabiyotga tatbiqi toʻgʻrisida fikr yuritmoqchimiz.
Filologiya fanlari doktori, Termiz Davlat universiteti professori Ahmad Abdullayev keyingi yillarda oʻzbek adabiyotshunosligi ilmiga juda ajoyib kitoblar hadya etmoqda. 2009 yili uning “Tasavvuf va uning namoyandalari” risolasidan bahramand boʻlgan edik. Komil inson haqidagi taʼlimot boʻlmish tasavvuf haqida ayrim olimlarimiz shu qadar mavhum, murakkab yozishadiki, uni oʻqib tushunish qiyin. Oʻzbekistonda tasavvuf toʻgʻrisidagi dastlabki sodda, tushunarli, magʻzi toʻq kitoblar professor N. Komilov tomonidan yaratilgan. Ulardan keyin oʻzbek tilida tasavvuf toʻgʻrisidagi eng ravshanbayon kitob A. Abdullayev tomonidan yozildi. Uning kitoblarida eng murakkab tasavvufiy tushunchalar ham shu qadar oddiy va aniq tushuntiriladiki, ulardan oddiy kitobxonlar ham, mutaxassislar ham bemalol bahra topishlari mumkin. Maʼlumki, uslubdagi ravonlik va aniqlik fikrning pishib yetilganidan, mustaqilligidan hamda tiniqligidan kelib chiqadi. Nazarimizda, tasavvuf va adabiyot toʻgʻrisida xuddi shunday yozgan maʼqul.
Olimning 2011 yili chop etilgan “Navoiy haqida yigirma ikki maqola” kitobi ham koʻp yillik ilmiy kuzatishlar, birlamchi manbalar ustida ishlash, chuqur tahlil mevasidir. Muallif kitobdagi yigirma ikki maqolaning har birida Navoiy toʻgʻrisida biror ilmiy yangilik aytishga muvaffaq boʻlgan. Navoiyshunoslikda ulugʻ mutafakkirning shaxsiyati, oilaviy hayoti, farzandlari hammani qiziqtiradigan, ayni paytda, yetarli yoritilmagan muammodir. Kitobdagi “Navoiy farzandlari” maqolasi shu jihatdan diqqatga sazovor. Maqola buyuk shoirning hayotda oddiy bir inson va mehribon ota boʻlganligi haqidagi samimiy soʻzlar bilan boshlanadi: “Biz bilamizki, hazrat Navoiy uylanmagan edi va tabiiyki, uning farzandlari ham boʻlmagan. Ammo u bolalarni juda yaxshi koʻrgan va farzand ishtiyoqida yashagan. Bu shavq va havas shu darajada boʻlganki, oʻzgalar farzandini farzand bilib, ularga otalarcha mehr-muhabbat koʻrsatgan. Bunday farzandlar esa ulugʻ shoirda koʻp boʻlgan…” Keyingi yillargacha navoiyshunoslikda Navoiy asrab tarbiyalagan bir yigit toʻgʻrisida maʼlumot bor edi, xolos. A. Abdullayev Navoiyning “farzandlarim” deb oʻzi eʼtirof etgan, tarbiya bergan uch farzandi haqida fikr yuritadi. Har biri haqida Navoiyning oʻz eʼtirofini keltiradi.
Birinchisi ilmda eʼtirof etib kelingan Mir Ibrohim boʻlib, Navoiyning u haqdagi shunday taʼrifi “Majolis un-nafois”dan keltiriladi: “Sulton Husaynning oʻgʻlidur va faqirning ogʻasining nabirasidur. Faqir oni oʻgʻilchilay asrabmen”. Bundan anglashiladiki, Mir Ibrohim Navoiyga mutlaq begona emas, balki unga yaqin kishilarning zurriyodi boʻlgan. Navoiyning ogʻasi Shayx Bahlulbek boʻlib, uning oʻgʻli Sulton Husayn Xotamiyning farzandi Mir Ibrohimdir. Navoiyning “oʻgʻilchilay” soʻzi ilmiy adabiyotlarda “oʻgʻilchaday” deya talqin etiladi. Bizningcha, bu soʻzni sal boshqacharoq tushunish lozim. Xalqimiz, odatda, besh yoshlardan oʻsmir yoshigacha boʻlgan bolalarni “oʻgʻilcha” deb ataydi. Navoiy “oʻgʻilchilay asrabmen” iborasini ishlatganda, oʻgʻilchaligidan – bolaligidan asrab tarbiyalaganman demoqchi boʻlgan.
Navoiyning ikkinchi farzandi Hoji Muhammad ismli yigit boʻlib, u haqda shoirning shunday eʼtirofi beriladi: “Mashhaddindur, koʻproq avqot bu faqir bila musohibdur va farzand oʻrnigʻadur, balki andin ham azizroq”. Hoji Muhammad Navoiyning isteʼdodli, sadoqatli va mehr-oqibatli shogirdi boʻlib, uning tavsiflangan fazilatlari shoirda otalik tuygʻularini uygʻotganligi izohlanadi.
Shoirning uchinchi asrab olgan farzandi Mir Haydar boʻlib, u haqda Navoiyning shunday eʼtirofi zikr etiladi: “Sabuhiy taxallus qilur. Ota otadin bu dargohning boyrisi, balki tugʻmasidur. Bu faqirgʻa shiddati qarobatdin farzandligʻ nisbati bor”. Sabuhiy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan bu yigit ham Navoiyning oʻz qarindoshlaridan, aniqrogʻi, jiyani boʻlib, uning avlod-ajdodlari ulugʻ shoir dargohining sadoqatli farzandlari boʻlganlar. Albatta, Navoiy keyingi yigitlarni Mir Ibrohimdek farzand sifatida asrab oʻstirmagan, farzandim deb takalluf yuzasidan aytgan boʻlishi ham mumkin. Navoiyning nazari tushgan va uning tarbiyatida kamol topgan bunday yoshlar koʻp boʻlgan.
Navoiyshunoslikdagi chigal muammolardan biri shoirning nima sababdan uylanmaganligi boʻlib, u olimlar tomonidan turlicha talqin etib kelinmoqda. Professor A. Abdullayevning qatʼiy iqror etishicha: “Uylanish va ayol zotiga intilishni uning maslagi, mafkurasi va tariqati koʻtarolmasdi va u umr boʻyi yolgʻizlikda, ammo Alloh hamrohligida yashadi. Soʻfiyona poklik va Alloh doʻstligi shoirni(ng) uylanishini manʼ etib, uning jismu joniga huzuru halovat va nuru ziyo baxsh etdi. Ulugʻ shoir Alloh sifatlarini kasb etib, komil inson boʻlib, bir umr Uning oʻzi kabi fardu mujarrad (tanho va yolgʻiz) oʻtdi”. Olim ushbu xulosasini XIII asr mutasavvufi Aziziddin Nasafiyning “Zubdat ul-haqoyiq” asaridagi “vahdat yoʻliga gʻov boʻlgan toʻrt toʻsiqdan bittasi “oila (xotin)ga bogʻlanish” ekanligi” fikri bilan asoslaydi. Uningcha, Navoiy vujudini pok saqlash va vahdatga erishish uchun “nafsi ammora” bilan kurashib, uni tor-mor qilishga muvaffaq boʻlgan”. “Nafsi shahvoniyni qahramonlarcha magʻlub etgan”. Olim Navoiyning uylanmasligi sababi jismoniy asosga emas, balki gʻoyaviy, mafkuraviy, axloqiy asosga egaligini ilmiy jihatdan toʻgʻri yoritib bergan.
Navoiyshunos olim Qodirjon Ergashevning “Oʻzbek nasrida insho” risolasi diqqatga sazovor tadqiqotlardan biri boʻldi. Unda mavzu Alisher Navoiyning “Munshaot” asari asosida yoritilgan. Tadqiqotning 1-bobida inshoning Sharq adabiyotida tutgan oʻrni oydinlashtirilgan. Hozirgi zamonda insho deganda faqat taʼlim tizimida yozdiriladigan yozma ish turi tushuniladi. Qadim Sharqda esa inshoning maʼno miqyoslari keng boʻlgan. Oʻzbek mumtoz adabiyotidagi maktublarni, xususan, Jomiy va Navoiylarning munshaotlarini oʻrganish boshlanganidan keyin, zamondoshlarimiz inshoning maktub-xat maʼnosini oʻzlashtirdilar. Risoladan inshoning boshqa, biz bilmagan turlari va lugʻaviy maʼnosi haqida quyidagi singari yangi maʼlumot olish mumkin: “… “insho” soʻzining lugʻaviy maʼnosi “yaratish”, “ijod qilish” demakdir. Insho atamasi ham ancha keng maʼnoda qoʻllanar, yolgʻiz maktublarni bildirmay, boshqa rasmiy yozishmalar, xon, sultonlarning farmon va yorliqlari, turli davlat hujjatlarini ham anglatar edi”(6-7-bet). Qadimiy qabr toshlaridagi bitiklar va hukmdorlarning gʻalabalarini eʼlon etuvchi fathnomalar ham insho deb yuritilgan. Davlat devonlaridagi mirzo va kotiblarning mansab nomlari “munshiy” deb atalgan. Munshiylar jamoasining boshligʻi, yaʼni bosh munshiy “sarmunshiy” deb nomlangan. Xullas, munshiy insho sanʼatini yuksak darajada oʻzlashtirgan va u bilan mashgʻul maxsus xizmat vazifasiga ega kasb egalarini ham anglatgan. Insho yozma nutq madaniyati va ogʻzaki notiqlik sanʼati yuksak darajada shakllangan shaxslarda kamol topgan. “Falon kishining inshosi bilan bitilgan”, “inshosi yaxshi”, “inshosi mashhur” iborasi sayqaldor yozma uslubni ifodalagan. Bu holda insho fikr, mazmunni ravon, ravshan, tushunarli, chiroyli bayon etishni anglatgan. Muallifning taʼkidlashicha, Sharqda “Yaxshi insho har qanday asarni bezaydi, deb hisoblangan”(11-bet). Insho sanʼati ustalaridan shoir va yozuvchilar, diplomatlar, davlat arboblari, donishmandlar yetishib chiqqan.
Sharqda insho diplomatik nutq mohiyatiga ham ega boʻlgan. Sharqona diplomatiya esa, tabiiyki, sirli, sehrli ifodani, donishmandlarcha ehtiyotkorlikni taqozo etgan. Q. Ergashev taʼbiri bilan aytganda: “Sanʼatlar, badiiy vositalardan imkoni boricha foydalanish rasmiy insholar uchun ham, shaxsiy yozishmalar uchun ham birdek xos edi. Bu tamoyilning kuchayib borishi natijasida insholarning uslubi murakkablashib borgan. Maktub muallifining maqsadi ham koʻpincha pardali iboralar, ramzu ishoralar orqali izhor qilingan. Aksar hollarda inshoning nima munosabat bilan yozilganligini ham aniqlash qiyin boʻlib qolgan. Oʻsha davrda insho qancha tushunarsiz boʻlsa, shuncha yaxshi, degan qarash ham boʻlgan” (24-bet). Qizigʻi shundaki, Q. Ergashev hamfikr boʻlgan ulugʻ sharqshunos olim – Adam Mets: “Umuman, ritorik aksessuarlar maktub maqsadini shunchalik pardalab qoʻyadiki, uni aniqlash uchun ancha zahmat chekishga toʻgʻri keladi” desa, Ye. E. Bertels: “Aniq-ravshanlikni davr uslubi talab qilmas edi – maktub anchayin tushunarsiz boʻlishi mumkin edi, u effektli nutq oborotlarini oʻz ichiga olsa, kifoya edi”, – deb yozgan.
Shu paytgacha Navoiy maktublarini oʻrgangan olimlar S. Gʻaniyeva va Yu. Tursunov insholarni mazmuni hamda uslubiga koʻra zamonaviy tasnif etgan edilar. Q. Ergashev esa ularni oʻziga xos xususiyatlariga koʻra – murofiya, murosala va riqoʼ yoʻsinida bitilgan xatlar tarzida tarixiy tasnif etib oʻrgangan.
Oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida navoiyshunoslikda Navoiyga noqobillik qilgan farzand Mir Ibrohim degan fikr eʼtirof etilgan edi. Bu fikr besh tomlik “Oʻzbek adabiyoti tarixi” tadqiqotida aks etgan va hanuzgacha oʻz kuchida turgan edi. Q. Ergashev Navoiy maktublarini boshqa tarixiy manbalar bilan qiyoslab, sinchiklab oʻrganar ekan, uning tarjimai holiga oid misqol-misqol yangiliklar topadi va mushfiq shoirning “noqobil farzand”i boshqa kishi ekanligini aniqlaydi. Bu haqda olim: “Shohquli ismli gʻijjakchi haqidagi maʼlumotni oʻqib, men mazkur maktub shu odamga yozilgan, olimlarimiz kimligini aniqlamoqchi boʻlgan “noqobil farzand” shu kishi, degan xulosaga keldim”, deydi va Xondamirning Shohquli haqidagi maʼlumotini keltiradi. Q. Ergashevning bu kamtarona tuzatishi yirik navoiyshunos olimlarimiz tomonidan qabul qilindi.
Shunday qilib, Navoiy tarbiyatida kamol topgan va navoiyshunoslik tan olgan farzandlar soni toʻrttaga yetdi.
Navoiy oʻz nazariy qarashlari, amaliy faoliyati va shaxsiy turmush tarzida oʻzigacha boʻlgan tasavvuf tariqatlarining eng yaxshi xususiyatlarini sintezlashtirgan. Masalan, u javonmardlik (futuvvat) tariqati nuqtai nazaridan olijanob javonmard va fatiy bir zot boʻlgan. U mashhur fardi:
Muruvvat barcha bermakdur, yemak yoʻq,
Futuvvat barcha qilmakdur, demak yoʻq, –
dagi insonparvar va xalqparvar gʻoyaga, avvalo, oʻzi amal qilgan. Juda koʻp tarixiy manbalar va tadqiqotlarda, xususan, filologiya fanlari doktori Shuhrat Sirojiddinovning “Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili” nomli yangi monografiyasida haqqoniy yoritilganidek: “Alisher Navoiyning xayriya amallari, bunyodkorlik faoliyati, ulamo va fuzaloga koʻrsatgan behad muruvvatlari, faqiru gʻariblarga pushtipanohligi haqida oʻz zamonasidan hozirgi davrgacha betoʻxtov gapirib kelinmoqda. U qurdirgan Xalosiya xonaqosida har kuni mingdan ortiq faqir va miskinlar ziyofat qilinib, laziz taomlar bilan toʻydirilgan. Har yili muhtojlarga ikki mingga yaqin poʻstin, bosma chakmon, koʻylak-ishton, toqiya va kafsh ulashilgan. Mashhadda Imom Rizo bogʻida Dor ul-huffoz qurdirib, yonida har kuni muhtoj, zaif va yetimlarga ovqat berish uchun maxsus uy soldirgan…(Axir, bu yassaviyadagi: “Oqil ersang, gʻariblarni koʻnglin ovla, Mustafodek elni kezib yetim kovla” taʼlimotining naqd amaliy ifodasi-ku! – N. J.) Davlatshoh oʻn ikkita inshoot haqida gapirib oʻtsa, Xondamir yuzdan ziyodroq xayriya bino va inshootlarini, shu jumladan, hovuz va koʻpriklarni sanab oʻtadi. Faxriy Hirotiy “Amir Alisher 370 xayriya binosini qurgan” deb umumiy tarzda hisob qilsa, Som mirzo bu songa aniqlik kiritib, “uch yuz yetmishtadan toʻqsontasi rabotlardir” deydi”. Yanada qizigʻi shundaki, mazkur tadqiqotda taʼkidlanishicha, tarixchilar buyuk amirning shaxsiy hayoti va amaliy faoliyati bilan bogʻliq koʻp ibratli ishlarni Navoiyning oʻz topshirigʻi va raʼyiga qarab oshkor etmaganlar. Ana muruvvatu, mana futuvvat! Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda Alisher Navoiy ijodiyoti, shaxsiyati va dunyoqarashini oʻrganish yuzasidan maydonga kelgan yangiliklar Navoiy adabiy siymosini birmuncha yangicha tasavvur va tasvir etishga asos beradi. Biroq, hamon keng xalq ommasi tasavvurida Navoiyning adabiy siymosi “Alisher Navoiy” dramasi va badiiy filmidagi darajada turibdi. Ilmiy tadqiqot natijalari oʻz hayotiy tatbiqini kutmoqda. Ilmdagi yangiliklarni badiiy adabiyotga olib kirish va ulugʻ mutafakkirning yangicha adabiy siymosini jonlantirish fursati yetdi, nazarimizda. Bu soha yozuvchi va dramaturglarimizning yangi ijodiy izlanishlariga muhtoj boʻlib qolmoqda. Ayni vaziyada yuqori saviyali badiiy, ilmiy asarlar yaratish, ularni taʼlim-tarbiya jarayoniga tadbiq etish bugunning dolzarb masalalaridan biridir.
Nusratulla JUMAXOʻJA,
filologiya fanlari doktori
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/muruvvat-barcha-bermakdur/