Murdaning qoʻli

Gi De MOPASSAN

 

Bir kuni kechqurun, bundan sakkiz oy muqaddam, doʻstimiz Lui R. ning xonasiga bir necha sobiq sinfdoshlar yigʻildik. Punsh ichdik, chekdik, adabiyot va rassomlik sanʼati haqida gap sotdik, odatda yoshlarning gurunglarida aytiladigan hazil-mutoyibalar boʻldi. Bir payt tuyqusdan eshik lang ochilib, bolalikdagi bir doʻstim xonaga quyunday bostirib kirdi.

– Xoʻsh, qani, kim aytadi, men hozir qayerdan keldim? – qichqirdi u.

– Garov oʻynashim mumkin, Mabildan! – dedi kimdir.

– Yoʻq, koʻrinishingdan kayfing chogʻ, harqalay, biror joydan qarzga pul undirgansan yo buvangni dafn etib qaytdingmi? Ha, topdim, soatingni garovga qoʻygansan, moʻljalingdagi narxda, – dedi boshqasi.

– Menimcha, sen jinday otgansan, – dedi uchinchisi. – Luinikidagi punshning hidini olib, tomogʻingni yana hoʻllaging kelib qolgan.

– Yoʻq, topolmadinglar, men P. dan keldim. Normandiyadagi P. dan. Bir hafta boʻldim u yerda, mana oʻzim bilan birga birodarimniyam olib keldim, ruxsat eting, janoblar, uni sizga tanishtiray!

U shu soʻzlarni aytib choʻntagidan terisi shilingan odam qoʻlini chiqardi. Qoʻl nihoyatda qoʻrqinchli edi: qop-qora qurib qolgan barmoqlari uzun, mayishib ketganga oʻxshardi. Favqulodda baquvvat mushaklarning yuqori va quyi qismida shilinmay qolgan, pergamentga oʻxshab ketadigan teri parchalari taram-taram, barmoqlarining uchidan sargʻimtir oʻtkir tirnoqlar turtib chiqib turardi. Bu manzaradan shundoqqina jinoyatning hidi anqirdi.

– Tasavvur qiling, – hikoya qila boshladi doʻstim, – yaqinda viloyatga dongʻi ketgan bir qari jodugarning qoʻqir-soʻqirlarini sotishdi. Jodugar har haftaning shanbasida supurgisiga minib, jinlar bazmiga otlanar, jodugarlik bilan shugʻullanar ekan: sigirlarga kinna solganida jonivorlarning suti koʻm-koʻk koʻkarib, dumlari xuddi avliyo Antoniyning nadiminikiday tikkasiga buralib ketarkan. Oʻsha qari alvasti mana shu qoʻlga juda mehr qoʻygan ekan.

Uning aytishicha, bu qoʻl oʻzining qonuniy xotinini boshi bilan quduqqa tashlab yuborgani (darvoqe, buni shaxsan men jinoyat deb hisoblayman) va bungacha oʻzlarini nikohlagan ruhoniyni jomning arqoniga osib oʻldirgani uchun 1736 yili qatl etilgan dongʻi ketgan bir kallakesarga mansub emish. Ana shu qoʻshaloq jasoratni amalga oshirganidan soʻng bu muttaham behad ogʻir jinoyatlarga qoʻl uradi, oʻzining xiyla qisqa va ayni paytda sarguzashtlarga toʻlib-toshgan umri mobaynida yuzlab sayyohlarni shiladi, monastirda yigirmatacha ruhoniyni tutunga qamab boʻgʻib oʻldiradi, ayollar monastirini haramga aylantiradi.

– Nima qilmoqchisan bu jirkanch matohni? – deb soʻradik biz.

– He, jin ursin, ijarachilarni bir qoʻrqitay. Buni men eshikning qoʻngʻirogʻiga dastak qilib boylab qoʻyaman.

– Doʻstim, – dedi novcha, tepsa tebranmas ingliz Genri Smit, – koʻp hovliqaverma, menimcha, bu qoʻl yangicha usulda konservalangan goʻsht, xolos. Men senga undan shoʻrva qaynatishni maslahat beraman.

– Hazilni bas qilinglar, janoblar! – dedi shirakayf talaba-tabib sipolik bilan norozi ohangda. – Sen esa, Per, mening oqilona maslahatimga quloq osgin-da, mayitning bu aʼzosini masihchasiga dafn etgin, aks holda egasi qoʻlini qidirib senga yoʻliqadi: boz ustiga, qoʻlning egasi manfur odatini takrorlasa ham ajab emas, axir, oʻzing bilasan-ku, “tarki odat – amri mahol”.

– Ha, tarki odat – amri mahol! Ichgan – tagʻin ichadi! Qani, oldik! – deya quvvatladi uy egasi va talabaga katta qadahni toʻlatib punsh quydi. U qadahni bir koʻtarishda boʻshatdi-yu, kayfi oshib stolning tagiga qulab tushdi, xonada qiyqiriq koʻtarildi. Per qadahni koʻtarib, mulozamat qilganday qoʻlga xiyla engashib, dedi:

– Sening egang bilan boʻlajak uchrashuv uchun ichaman!

Shundan soʻng suhbatimiz boshqa mavzuga koʻchdi va oradan koʻp oʻtmay hamma uy-uyiga tarqaldi.

Ertasi kuni, soat ikkilarda men Per yashaydigan uyning oldidan oʻtayotib, birrov kirdim.

– Xoʻsh, qalaysan? – deb soʻradim undan.

– Zoʻr, – dedi u.

– Qoʻl qayerda?

– Qoʻlmi? Nima, koʻzing tushmadimi, kecha kechqurun uyga kirayotib qoʻngʻiroqning ipiga osib qoʻygandim. Ha, tasavvur qilasanmi, allaqanday telba yarim oqshom qoʻngʻiroqni rosa jiringlatsa boʻladimi, harqalay, kimdir birov beboshlik qildi chogʻi, men kimsan, deb chaqirdim, hech kim javob bermadi, keyin toʻshakka choʻzilib qotib uxlab qolibman.

Shu payt qoʻngʻiroq jiringladi. Bu uyning xoʻjayini – qoʻpol, yoqimsiz bir nusxa edi. U xonaga tumtaygancha kirib keldi, hatto hol soʻrashni ham oʻziga ep koʻrmadi.

– Hurmatli janob, – dedi u doʻstimga, – bu oʻlimtikni darhol yoʻqotishga ruxsat eting, aks holda sizni xonadan chiqarib yuborishga majburman.

– Marhamatli janob, – favqulodda jiddiy ohangda javob berdi Per. – Siz qoʻlni haqorat qildingiz, axir, u bunga munosib ish qilgani yoʻq-ku. Bilib qoʻying, bu qoʻl bagʻoyat axloqli insonga mansubdir.

Xoʻjayin burilib, xayrlashmasdan chiqib ketdi. Per uning ortidan borib qoʻngʻiroqdan qoʻlni yechib oldi va uni toʻshagining ustidagi qoʻngʻiroq ipiga ildirib qoʻydi.

– Mana shu yerda turgani maʼqul, – dedi u. – Bu qoʻl xuddi tirranchalar: “Birodarlar, oʻlishga toʻgʻri keladi”, deganlariday, har oqshom uyqu oldidan meni jiddiy fikrlarga undaydi.

U bilan bir soatcha oʻtirib, uyga qaytdim. Kechasi uyqum qochdi, hayajonlandim, asabim buzildi, bot-bot bosinqirab uygʻonib ketdim. Bir mahal allakim bosh uchimda qaqqayib turganday tuyuldi, vahima bosdi, oʻrnimdan irgʻib turdim, karavotning tagiga qaradim, shkafni ochdim. Nihoyat, soat oltilar edi, chamasi, koʻzim ilinibdi, biroq eshik shunaqangi vahimali taqillasa boʻladimi, toʻshakdan sapchib turib ketdim. Taqillatgan doʻstimning xizmatkori ekan, yarimyalangʻoch, rang-roʻyi dokaday, jagʻi-jagʻiga tegmaydi, aʼzoyi badani qaltiraydi.

– Oʻ, janob! – xitob qildi u yigʻlamoqdan beri boʻlib. – Shoʻrlik xoʻjayinimni oʻldirib qoʻyishdi!

Apil-tapil kiyinib, Perning uyiga yugurdim. Tumonat odam, hamma har tomonga zir yugurgan, roʻy bergan fojiani har kim oʻzicha toʻqib-bichib izohlar, hayajondan boʻgʻilib bahslashardi. Olomonning orasini yorib oʻtib, doʻstim yotadigan xonaga bir amallab yetdim: eshikni ichkaridan bekitib olishgan ekan, kimligimni aytgandan soʻng kiritishdi. Toʻrt nafar politsiya xodimi xonaning oʻrtasida qoʻllarida yozuv daftarchalari, bor narsalarni birma-bir sinchiklab kuzatishar, ora-sira shivirlashib daftarchalariga bir narsalarni yozib qoʻyishardi: ikki nafar tabib behush yotgan Perning boshida gaplashib turardi. Per tirik edi, aft-angoridan ot hurkadi, basharasi ayanchli tusda, koʻzlari kosasidan irgʻib chiqqan, kengayib ketgan qorachiqlari koʻzga koʻrinmaydigan allaqanday yovuz maxluqqa qaraganday dahshatga tushib baqrayib qotib qolgan, barmoqlari esa qattiq siqilganidan musht boʻlib toshday qotgan. Gavdasi iyagigacha choyshab bilan yopib qoʻyilgan. Men uni oʻmganidan olib koʻtardim, shunda tomogʻiga chuqur botib ketgan besh panjaning iziga koʻzim tushdi. Koʻylagiga tomgan bir necha tomchi qon qizarib turardi. Shu daqiqada meni bir narsa hayratga soldi: favqulodda koʻzim uning toʻshagi ustida osilib turgan qoʻngʻiroqning ipiga tushdi, kecha shu ipga doʻstim bogʻlab qoʻygan terisi shilingan qoʻl yoʻq edi! Balki koʻrganlar qoʻrqmasin deb doktorlar qoʻlni yechib olishgandir. Axir, unga tasodifan koʻzi tushgan odamning yuragi chiqib ketishi turgan gap. Qoʻlning qayerga dafn etilganini soʻrab oʻtirmadim.

Endi ertasi kuni gazetada bu mashʼum jinoyat haqida politsiyaning eʼlon qilgan xulosasini jamiki tafsilotlari bilan keltiray.

Mana, men gazetada oʻqigan xabar:

“Yosh, mashhur normand sulolasidan biriga mansub talaba yigit Per B. kech oqshom dahshatli yovuzlik qurboni boʻldi. U kechqurun, soat oʻnlar chamasi, yotogʻiga qaytgan va xizmatkori Bovenga ruxsat berib charchaganini, uxlamoqchi ekanini aytgan. Tun yarimlab qolgan bir mahalda qoʻngʻiroqning ayanchli jiranglashidan uygʻonib ketadi. Yuragini hovuchlab oʻrnidan tez turadi-yu shamni yoqib biroz kutadi. Qoʻngʻiroq ovozi bir daqiqa tinadi, biroq tagʻin uzundan-uzoq jiranglaydi: oʻtakasi yorilguday qoʻrquvga tushgan xizmatkor qorovulga yuguradi. Qorovul politsiyaga chopadi, yarim soat ichida yetib kelgan politsiya eshikni sindirib ichkariga kiradi.

Ular xonaga kirishganda ayanchli manzaraga duch kelishadi, mebellar toʻntarib tashlangan, kiyim-kechaklar sochilib yotardi. Buni koʻrgan politsiyachilar jinoyatchi bilan uning qurboni oʻrtasida ayovsiz jang boʻlgan, degan fikrga kelishadi. Xonaning oʻrtasida yosh yigit Per B. behush chalqancha yotardi.

Uning badani titrab turar, yuzida qoni yoʻq, qorachiqlari vahimadan kengayib ketgan. Darhol bu yerga chaqirilgan doktor Burdoning fikricha, bosqinchi kuchli, barmoqlari uzun va chayir boʻlgan, chunki miltiqdan otilgan oʻqlarning iziday besh panja Perning gardanida naq teshib oʻtib, musht boʻlib mahkam siqilgan. Qotilning shaxsi va jinoyatga aloqador birorta dalil topilgani yoʻq”.

Ertasi kuni shu gazetada tagʻin shunday xabar chiqdi:

“Kecha xabar qilganimizdek, ogʻir jinoyatning qurboni boʻlgan janob Per B. doktor Burdoning ikki soat mobaynidagi saʼy-harakatlari tufayli oʻziga keldi. Hozircha jabrlanuvchining hayoti xavf ostida emas, biroq aql-hushi jiddiy tashvish tugʻdirayotir, hanuz bosqinchidan biror-bir nishona topilgani yoʻq”.

Ha, shoʻrlik doʻstim aqldan ozib qoldi, yetti oycha uni yoʻqlab, kasalxonaga borib, koʻrib turdim, ammo Per oʻziga kelmadi. U jinnilarcha javragan paytda ogʻzidan poyintar-soyintar soʻzlar chiqardi, miyasiga yelimday yopishgan allaqanday fikr mudom uni azoblardi: goʻyo uni arvoh tindirmay taʼqib qilardi. Bir kuni Perning ahvoli ogʻirlashib qoldi, deb xabar keldi, tezda yetib bordim, men borganda doʻstim jon talvasasida edi. Shundan soʻng u ikki soatcha qimir etmay yotdi. Bir payt kutilmaganda karavotdan sakrab turdi-da, tutqanogʻi tutib, chinqira boshladi: “Yoʻqot uni! Yoʻqot! U meni boʻgʻayapti! Dod! Yordam beringlar! Yordam!…” Per faryod chekib jon talvasasida xonaning ichini ikki bor aylanib yugurdi-da, oʻrtaga yuztuban quladi.

Boyoqish yetim edi, jasadni oila aʼzolari dafn etilgan normand qishloqchasi P. ga olib borish menga yuklandi. Oʻshanda, Lui R. ning uyida punsh ichib, sobiq sinfdoshlar bilan ulfatchilik qilib oʻtirganimizda Per mana shu qishloqdan kelgan, bizga terisi shilingan qoʻlni koʻrsatgan edi. Uning jasadini qoʻrgʻoshin tobutga soldik.

Oradan toʻrt kun oʻtib, uning birinchi muallimi keksa kashish bilan qabr qaziyotgan joyda aylanib yurgandik. Havo ochiq, juda ajoyib kun edi, moviy osmonda oftob charaqlab turibdi. Bolaligimizda necha marotaba maymunjon tergan yulgʻunzorda qushlar chugʻurlashardi. Har gal panjarali toʻsiqni yoqalab borib, oʻzimizga maʼlum maydonning etagidagi kambagʻallar dafn qilinadigan joydagi devor tirqishidan kirganimiz yodimga tushdi. Har safar ogʻiz-burnimiz maymunjondan qorayib uyga qaytardik. Butalarga termilaman: shoxlarda maymunjon serob, beixtiyor bir butani uzib olib, ogʻzimga soldim. Kashish duolar kitobini ochdi va mingʻirlab oʻqiy boshladi, xiyobonning narigi boshidan yerga urilayotgan belkurakning zarbi eshitilib turibdi: goʻrkovlar qabr qazishayotir. Toʻsatdan ular bizni chaqirib qolishdi, kashish kitobini yopdi va biz nima gapligini bilish uchun bordik. Maʼlum boʻlishicha, goʻrkovlar qabr qaziyotib, bir tobutga duch kelishibdi. Belkurakning zarbidan tobutning qopqogʻi ochilib qolibdi. Bir barvasta jasadning skeletini koʻrdik, skelet chalqancha yotar, boʻm-boʻsh koʻz kosalari bilan bizga oʻqrayib turganday tuyuldi. Koʻnglim behuzur boʻldi, negadir qoʻrqib ketdim.

– Ana xolos! – xitob qildi goʻrkovlardan biri. – Qaranglar, bu joʻmardning panjalari kesilgan-ku!

Shunday deb skeletning yonboshida turgan qurib qolgan barmoqsiz bilak suyagini koʻtarib bizga uzatdi.

– U menga oʻqrayib qarayotganga oʻxshaydi, – deb kuldi boshqa bir goʻrkov, – hozir tomogʻimdan oladi, qoʻlimni topib ber, deydi.

– Azizlarim, – dedi kashish, – marhumning oromini buzmang, bekiting tobutni: birodarimiz bechora Per uchun boshqa joydan goʻr qazamiz.

Ertasi kuni marosimlar tugadi va men bexosdan xokini bezovta qilganimiz – oʻsha panjalari kesilgan marhumning ruhiga duo oʻqib qoʻyishni soʻrab keksa kashishga ellik frank berib, Parijga joʻnab ketdim.

 

Ahmad OTABOY tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/nasr/murdaning-qoli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x