DO`STLARGA ULASHING:
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. O’tgan zamonda Buxoro shahrida bir zolim podshoh bor ekan. Uning bir chiroyli qizi bor ekan. Uning nomi Mehrinigor ekan. Yuzining nuri oyni xira qilar ekan.
Mehrinigor chiroyli, kuchli va g‘ayratli qiz ekan. Yuziga niqob tortib, xuddi yigitlar singari, yonida qilich-qalqon osib, ko‘p vaqtini ovda o‘tkazar ekan. Mehrinigor bir kuni sakkiz yuz yigit bilan ovga chiqibdi, yura-yura, bir tog‘ga yetibdi. Tog‘ juda baland ekan, bir tomoni to‘qay ekan. Tog‘ning bir chekkasidan bir chiroyli kiyik chiqib qolibdi. Mehrinigor yigitlarga qarab: “Mana shu kiyikni o‘rtaga olinglar, uni tirikligicha tutishimiz kerak, kiyik kimning yonidan o‘tib ketsa, shu odamga jazo beraman”, debdi. Sakkiz yuz odam har tarafdan davra olib kiyikka kamon tashlabdi. Kiyik chaqqonlik qilib malikaning yonidan o‘tib ketibdi. Malika juda g‘azablanib, kiyikning ketidan ot qo‘yibdi. Yetib olib o‘q otibdi, tegmabdi. Malika ot qo‘yib ketayotganida tog‘ning bir chekkasidan bir yo‘lbars chiqib, malikaga yuguribdi. Ot yo‘lbarsdan hurkib orqaga tislangan ekan, malika otdan yiqilib tushibdi. Yo‘lbars malikaga yetishiga ikki qadam qolganda, yaqinda turgan cho‘pon tosh bilan yo‘lbarsning manglayiga bir uribdi. Yo‘lbarsning boshi tars yorilib, yerga cho‘zilibdi. Cho‘pon yugurib kelib malikani o‘rnidan turg‘azibdi. Malika uyalib hech narsa deyolmabdi.
Shu vaqt sakkiz yuz yigit yetib kelibdi, malikani bu ahvolda ko‘rib hayron bo‘lishibdi. Cho‘pon bechora nima qilishini bilmabdi. Malika darhol otga minib, qo‘lidagi uzugini cho‘ponga uzatibdi.
Malika saroyga qaytgandan keyin bir necha vaqtgacha ovga chiqmabdi. Endi gapni cho‘pondan eshiting.
Bechora cho‘pon malikadan ajrab qolgandan keyin uyiga bazo‘r yetib kelibdi. Qattiq kasal bo‘lib yotib qolibdi. Cho‘pon tog‘ xalqining eng yaxshi ko‘rgan farzandi ekan, uning ism-laqabi Muqbil toshotar ekan. Muqbilning to‘satdan kasal bo‘lib qolganiga tog‘ xalqi hayron bo‘libdi.
Muqbil tog‘ xalqining podasini boqib, uni yirtqich hayvonlardan saqlar ekan. Cho‘pon har qanday yirtqich hayvonni bitta tosh bilan urib yiqitar ekan. Yirtqichlar Muqbildan qo‘rqib, tog‘ xalqining yaqiniga, poda boqiladigan yaylovlarga yo‘lamas ekan. Muqbil kasal bo‘lgandan keyin, yirtqichlar tog‘ xalqining mol-joniga hujum qila boshlabdi.
Muqbil toshotarning qartayib qolgan otasi bilan onasi bor ekan. Ular Muqbilning kasaliga kuyib yig‘lashar ekan. Tog‘ odamlari Muqbilni har kuni ko‘rgani kelishar ekan. Ular ichida bir donishmand chol bor ekan. U bir kuni Muqbildan so‘rabdi:
— O’g‘lim, sening kasaling unaqa-bunaqa kasal emas, ishq kasali bo‘lsa kerak. Rostini ayt, bolam, bu dard senga qaydin keldi? Kimga oshiq bo‘lib qolding?
Cho‘pon yotgan joyida ko‘z yoshi qilib:
— Ey, ota, nimasini so‘raysiz. Mening dardim tuzalmaydigan dardga o‘xshaydi, — debdi.
Shunda chol yana:
— Jon bolam, yuragingdagi dard-hasratingni ayt. Agar sen yaxshi ko‘rgan qiz osmondagi oy bo‘lsa ham olib beramiz, — debdi.
Cho‘pon malikani ko‘rganini, uning uzuk berganini birma-bir aytibdi.
Chol yigitning dardi ishqdan ekanligini bilib, bu sirni tog‘ xalqiga aytibdi:
— Bizning Muqbil toshotarimiz podshoh qizi Mehrinigorga oshiq bo‘libdi. Endi bunga biz iloj topishimiz kerak, bo‘lmasa Muqbilning dardi yana og‘irlashadi, — debdi.
Tog‘ odamlari o‘ylashib turib:
— Podshoh qizini Muqbilga bermaydi, — deyishibdi. Keyin ulardan biri:
— Shunday bo‘lsa ham kishi yuborib ko‘ramiz, bersa bergani, bermasa boshqa biror chora ko‘rarmiz. Muqbilni yo tilagiga yetkazamiz, yo podshohning g‘azabiga uchraymiz, — debdi.
Donishmand chol bir qancha kishini ergashtirib, podshoh qiziga sovchi bo‘lib boribdi. Podshoh ularga qarab:
— Xo‘sh, nima arzlaring bor? — deb so‘rabdi.
Donishmand chol hamma voqeani bayon qilib, keyin:
— Shohim, biz sizga qulchilikka keldik, — debdi. Podshoh tutoqib ketib:
— E, nodonlar, mening qizimga senlar sovchi bo‘lib keldilaringmi? Bu qanday nomus, yo meni mensimaysanlarmi? — deb sovchilarni zindonga soldiribdi. Keyin lashkarlariga qarab:
— Hammangiz borib sahroyilarning mol-mulkini olib keling. Muqbilni tiriklayin tutib keltiring! — debdi.
Lashkarlar tog‘ odamlarining mol-hollarini och bo‘riday talab, ko‘p jabr-zulm qilibdilar. Muqbilning otasi hamma voqeani o‘g‘liga aytib beribdi. Shunda Muqbil:
— Hali meni deb bechora xalq shu ahvolga tushdimi, — debdi-yu, palaxmonini yelkasiga osib, jang bo‘layotgan joyga ot choptirib ketibdi. Borib qarasa, podshoh lashkarlari hali ham xalqni ezib-yanchib talayotgan ekan. Muqbil darhol ularga qarshi jang boshlabdi. Lashkarlarning allaqanchasini qirib tashlabdi. Qolganlari o‘rdaga qarab qochishibdi. Borib podshohga arz qilishibdi:
— E, shohi olam, Muqbil toshotar juda zo‘r yigit ekan. Har qanday odamni bir musht ursa, til tortqizmay o‘ldirar ekan. Bir qancha lashkar o‘ldi, biz dargohingizga qochib qutuldik.
Podshoh bo‘g‘ilib, butun lashkarini yig‘diribdi, o‘zi bosh bo‘lib, jangga kiribdi.
Muqbil uzoqdan turib tosh bilan lashkarlarning boshlarini uchiraveribdi.
Podshoh Muqbilga baravar kelolmasligiga ko‘zi yetib, unga mana shu xatni yuboribdi:
“E, pahlavon yigit! Qizimni senga berishga roziman. Lekin bir shartim bor: ikki qo‘lingda to‘rttadan sakkizta yo‘lbarsni yetaklab kelasan. Agar shu shartimni bajo keltirsang, qizim seniki”.
Muqbil bu shartni qabul qilibdi, ammo podshohdan zindonda yotgan begunohlarni chiqarib yuborishni talab qilibdi. Podshoh bu talabni qabul qilibdi, zindondagilarni bo‘shatib yuboribdi.
Muqbil tog‘ xalqidan rozilik olib, yakka o‘zi yo‘lbars qidirib ketibdi. Yura-yura bir to‘qayzorga yetibdi. Qamishzorda uxlab yotgan bir yo‘lbarsni ko‘rib qolibdi. Vaqtni qo‘ldan bermay, bora solib uni bo‘g‘ibdi. Yo‘lbars o‘rnidan turib Muqbil bilan olisha ketibdi. Muqbil yo‘lbarsni mahkam bo‘g‘ib olib, mushuk boladay qo‘lida o‘ynatib, bir-ikki marta yerga uribdi. Yo‘lbars gangib qolgandan keyin, tumshug‘iga behush qiladigan dori tutib, uni hushidan ketkizibdi, burnidan buroz solib, yo‘g‘on zanjir bilan daraxtga bog‘lab, yana yo‘lga tushibdi.
Yurib-yurib bir tog‘ga chiqibdi, unda yana bir yo‘lbarsga duch kelibdi. U bilan olishib, uni ham yengibdi: zanjir bilan bir katta daraxtga bog‘labdi. Shu yo‘sinda sakkizta yo‘lbarsni tutib bog‘labdi. Keyin ularning hammasini bir joyga yig‘ib, birin-ketin hushiga keltirib, tepib-tepib qo‘rqitib qo‘yibdi. Yo‘lbarslar qo‘rqqanidan boshlarini quyi solib, dir-dir titrar emish. Muqbil sakkiz yo‘lbarsni yetaklab yo‘lga tushibdi, yettinchi kuni kechqurun qishlog‘iga yetib kelibdi. Muqbilning o‘lja bilan omon-eson kelganini ko‘rgan qishloq xalqi juda sevinibdi.
Muqbil erta bilan qo‘lida to‘rttadan sakkizta yo‘lbarsni yetaklab, podshoh saroyiga boribdi.
“Muqbil toshotar shartni bajarib, sakkizta yo‘lbarsni yetaklab kelayotir”, deb hammaning yuragiga g‘ulg‘ula tushibdi. Odamlar uni ko‘rishlari bilan to‘s-to‘s bo‘lib qocha boshlabdilar. Yasovullar bu xabarni podshohga yetkazibdilar. Podshohni vahima bosib: “Men uni o‘lib ketar deb o‘ylagan edim, attang, tirik qolibdi”, deb bir qancha lashkar bilan Muqbilni kutib olishga chiqibdi. U noiloj bunday debdi:
— Balli, o‘g‘lim, balli! Shartimni bajaribsan. Endi qo‘lingdagi yo‘lbarslarni tog‘ga eltib, o‘sha yerda terilarini shil. Bu ishni qilib kelganingdan keyin senga yana bir shartim bor. Bu shartim shuki, Hotamtoyning boshini kesib keltirasan. Uning bitta yaxshi oti bor, shuni ham olib kelasan. Ana shundan so‘ng senga qizimni beraman.
Shohning va’dasida turmaganligi Muqbil toshotarga yoqmabdi. Muqbil o‘zicha o‘ylabdi: “Balki Hotam qaroqchi, xalqqa jabr qiluvchi kishidir. Bo‘lmasa uning boshi podshohga nima uchun kerak bo‘ladi. Xo‘p, mayli, shunday ekan, ikkinchi shartni ham o‘rniga qo‘yay. Shoyadki xalq zulmdan qutulsa”.
So‘ngra Muqbil qishloqdagi yor-do‘stlari bilan xayrlashib, Hotamning boshi bilan otini olib kelishga jo‘nab ketibdi. Muqbil bir qalandar suratiga kirib safarga chiqibdi, to‘rt oy deganda Hotamtoyning shahriga yetibdi. “Shu kecha biron joyda qo‘nay”, deb o‘ylab borayotgan ekan, katta anhor bo‘yida qirq yoshlar chamasidagi bir odam otini yuvib turganini ko‘ribdi. Muqbil undan:
— Hotam shahardami yo biror yoqqa ketganmi? — deb so‘rabdi. Ot egasi javob beribdi:
— Hotamtoy shaharda. Yo‘l bo‘lsin, yigit. Musofirga o‘xshaysiz. Bugun biznikida mehmon bo‘ling, Hotamtoy oldiga ertaga borarsiz.
Muqbil o‘zicha: “Ayni muddao bo‘ldi” deb sevinib, haligi odamning uyiga boribdi. Uy egasi Muqbilni yaxshilab mehmon qilibdi. Vaqt yarim kechadan og‘ganda uy egasi Muqbildan so‘rabdi:
— Yaxshi yigit, Hotamtoyda nima ishingiz bor edi?
— Ha, zarur ishim bor edi. Siz uni taniysizmi? O’zi qanday odam?
— Ha, Hotamni taniyman, u shu shaharning kattasi bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham boshqa shohlar singari taxtda o‘tirmaydi, faqir singari xalq orasida yuradi. U kishida qanday ishingiz bor edi? — deb yana so‘rabdi uy egasi. Shunda Muqbil ancha noqulay ahvolga tushib, biroz jim qolibdi. O’zicha: “Hotamtoy xalq orasida yursa, fuqaroga yomonlik qilmasa, yomon odam emas ekan-da”, deb o‘ylabdi, keyin bunday debdi:
— Men juda hayron bo‘lib qoldim. Yurtimiz podshosining amri bilan Hotamning boshini olib ketgani kelgan edim. Gapingizga qaraganda Hotam juda bahodir yigit ko‘rinadi. Men endi u bilan maydonda qanday olishar ekanman?
Uy egasi Muqbildan:
— Hotam sizga nima yomonlik qilgan edi? — deb so‘rabdi.
— Hotam-ku menga yomonlik qilgan emas, — debdi Muqbil. So‘ngra Hotamni nima uchun o‘ldirgani kelganini birma-bir aytib beribdi.
— Siz bu kecha yaxshilab dam oling, — debdi uy egasi, — erta bilan sizni Hotamga olib boray.
Muqbil uy egasidan minnatdor bo‘lib, uyquga ketibdi. Tong otibdi. Ertalab nonushtadan keyin Muqbil:
— Qani, Hotamning uyini menga ko‘rsatib qo‘ying, — debdi. Uy egasi:
— Hotam men bo‘laman. Podshoh aytgan otni bisotimda boshqa narsa bo‘lmaganidan, kecha so‘yib, sizga ovqat qildim. Siz oshiq yigit ekansiz, siz uchun bitta bosh emas, mingtasi ham qurbon bo‘lsin, — deb Muqbil oldiga tiz cho‘kib, boshini tutibdi. Muqbil Hotamning mardligini ko‘rib, yig‘lab yuboribdi.
So‘ngra bunday debdi:
— Yo‘q! Sizning boshingizni kesadigan qo‘lim qirqilsin! Podshoh qizini bermasa, bermay qo‘ya qolsin. Men sizdek saxiyning qurboni bo‘lay!
Hotamning bir o‘g‘li bor ekan, otasiga qarab debdi:
— Mehmon to‘g‘ri aytadilar. Baribir, siz boshingizni berganingiz bilan: “Bu bosh Hotamniki emas”, deb uchinchi shart qo‘yishdan toymaydi.
So‘ngra Muqbilga qarab:
— Otam siz bilan birga borsinlar, agar otamning boshi bilan sizdek muhtoj kishining hojati chiqadigan bo‘lsa, men mingdan mingga roziman, — debdi.
O’g‘lining so‘zini Hotam ma’qullab debdi:
— Men bironta muhtoj odam hatto boshimni so‘rab kelganda ham ayamayman, deb ahd qilgan edim. Endi murodimga yetdim.
Muqbil nima qilarini bilmay, noiloj Hotam bilan yo‘lga tushibdi. Ular bir qancha kundan keyin Buxoro shahriga yetib kelibdilar. Muqbil Hotamni tashqariga qo‘yib, o‘zi podshoh saroyiga kiribdi. Podshoh Muqbilni ko‘rishi bilan darhol:
— Qani, Hotamning boshi bilan otini olib keldingmi? — deb so‘rabdi.
— Hotam saxiy yigit ekan, bilmasdan men uning uyiga borib, mehmon bo‘lib qolibman. Bisotida boshqa narsasi bo‘lmaganidan otini so‘yib, mendek bir musofirni mehmon qildi. Mening ahvolimni bilib, boshini qilichga tutib berdi. Lekin men shunday mard, saxiy kishining boshini emas, o‘zini tiriklayin olib keldim, — debdi. Podshoh:
— Qani Hotamning o‘zi! — deb qichqiribdi. Muqbil podshohdan Hotamni boshlab kelishga ijozat so‘rabdi.
Podshoh bosh qimirlatib ijozat beribdi. Muqbil Hotamni podshohga ro‘para qilibdi. Hotam podshohga salom beribdi. Podshohning rangi qochib, badaniga titroq turibdi. Keyin Hotam podshohga qarab:
— Siz yo‘qlagan Hotam men bo‘laman, —debdi.
Podshoh Muqbilga qarab:
— Men senga “Hotamning boshini keltir”, degan edim. Sen buni tiriklayin olib kelibsan, — degan ekan, Hotam:
— Men o‘z yurtimda boshimni bu yigitga tortiq qilgan edim, unamadi. Noiloj o‘zim birga keldim. Mana, marhamat, boshimni kestiring, shu bechorani murodiga yetkazing, — debdi.
Podshoh Hotamni o‘limga buyuribdi. Jallod Hotamni olib ketayotganda Muqbil chidolmabdi: bir musht urib jallodning yuzini teskari qilib qo‘yibdi, keyin podshohga g‘azab bilan:
— Sen qanday nomardsan! Shunday begunoh, mard, oliyjanob yigitni o‘ldiradigan bo‘lsang, qizingni bermay qo‘ya qol! Agar o‘ylaganing odam o‘ldirish bo‘lsa, Hotam o‘rniga meni o‘ldir, — debdi. Podshoh tutoqib bo‘g‘ilibdi va Muqbilga qarab:
— O’ldirsam sendan qo‘rqamanmi! — deb jallodni chaqiribdi, Muqbilni o‘limga buyuribdi:
Shu payt ichkaridan Mehrinigor yugurib chiqib, o‘zini Muqbilga tashlabdi. Podshoh g‘azab bilan:
— Uni ham o‘ldiring! — deb buyuribdi. Shunda Hotam:
— Ey, xoin podshoh, senda rahm-shafqatdan asar ham yo‘q ekan, har qanday yirtqich hayvondan ham battar ekansan! — deb yugurganicha borib, podshohga hujum qilibdi. Bunga qarshi podshoh qilich o‘qtalgan ekan, Hotam podshohning qilichli qo‘lini mahkam ushlab, yuziga bir tarsaki uribdi. Podshoh taxtdan ag‘darilib tushibdi. Hotam Muqbilga qarab:
— Taxtga chiqib o‘tiring, yigit, — debdi. Xalq zolim podshohni urib o‘ldiribdi, el-yurt so‘rashni Muqbilga topshiribdi. So‘ngra Hotamning o‘zi bosh bo‘lib Mehrinigorni to‘y-tomoshalar bilan Muqbilga olib beribdi. El-yurt tinch va farovon umr kechira boshlabdi.
Shunday qilib, Muqbil toshotar bilan Mehrinigor ikkisi murod-maqsadiga yetibdi.