Oila – jamiyatning maʼnaviy poydevori, millatning taqdiri va kelajagi. Oila muhitining sogʻlomligi, pirovard natijada, jamiyatning sogʻlomligiga olib keladi. Cogʻlom avlodni tarbiyalash balogʻatga yoshiga yetgan yigit-qizlarni mustaqil turmushga tayyorlashdan boshlanadi. Oila qurayotgan har bir yosh oʻz hayotidagi bu masʼuliyatni, yaʼni ota-ona boʻlish, nasl qoldirish va ularni tarbiyalab, bilimli, odob-axloqli qilib voyaga yetkazish, jamiyatning faol aʼzosiga aylantirish masʼuliyatini chuqur his etishi zarur. Bu masʼuliyatning paydo boʻlishi har jihatdan oiladagi maʼnaviy muhitga bogʻliq. Katta hayot ostonasida turgan har bir yigit-qiz boʻlajak oiladagi oʻzining maʼnaviy oʻrnini aniq tasavvur qilishi kerak.
Ahil oila “baxt saroyi” deb taʼriflanadi. Nikoh oʻqilganda shu saroy poydevoriga ilk gʻisht qoʻyiladi. Mazkur saroyni er va xotinning oʻzlari barpo etishlari kerak. Atrofdagilar, xususan, ota-ona, qaynona va qaynotalar moddiy jihatdan koʻmakchi, maʼnaviy jihatdan esa maslahatchidirlar. Hayotiy tajribasi yoʻq kelin-kuyov baxt saroyini qurishda nimalarga ahamiyat berishlari kerak? Qanday fazilatlarni oʻrganib, qanday illatlardan qutulishlari zurur? Bu savollarga javobni yozuvchi Tohir Malikning “Kelinlar daftariga” risolasidan topishimiz mumkin.
“Odamiylik mulki” asariga ilova tarzida yuzaga kelgan, uch kitobdan iborat bu axloq risolasi kelinlarga murojaat sifatida yozilgan boʻlsa-da, unda kuyov, qaynota, qaynonalar eʼtiborini tortuvchi masalalar haqida ham atroflicha fikr yuritiladi. Yangi hayot ostonasida turgan yosh qizlar ushbu kitobni oʻqib, oʻzlariga kerakli va zarur boʻlgan xulosalarni chiqarishlari mumkin boʻladi.
Bu mavzuda oʻtgan allomalarimiz ham koʻplab risolalar yozib qoldirganlar. Xususan, atoqli adib Mirzakalon Ismoiliyning “Qizlar daftariga” deb nomlangan “Oʻn bir oqshom hikoyati”da ham qizlar axloqiga doir ajoyib voqealar bayon qilinadi. Yozuvchi Tohir Malikning “Kelinlar daftariga” nomli risolasi ana shu kitobning davomi sifatida vujudga kelgan.
Uch kitob va 41 ta suhbatdan tashkil topgan ushbu risola nafaqat yosh kelinlarga, balki endi turmush qurish ostonasida turgan qizlarga ham taalluqli. Ilk kitob “Sevgining joni” deb nomlanib, unda oila, nikoh, zurriyot, rashk, iffat, hayo kabi mavzularda suhbatlar, nasihatlar beriladi. Har bir nasihat alohida bir mavzu sifatida atroflicha yoritiladi.
Yozuvchi “yaxshi xotin” deb nomlangan oʻn ikkinchi suhbatda yaxshi ayollarga xos fazilatlarni bayon qiladi. U olijanob, pokiza va qalbi goʻzal, aqlli, qanoatli, qadami qutlugʻ boʻlgan ayolni yaxshi deya taʼriflaydi. Biroq yana bir narsani aytib oʻtish kerakki, yuqorida sanab oʻtgan sifatlarga faqat ayollar ega boʻlishi shartmi? Axir erkaklardan ham vafo, sadoqat talab qilinadi. Oilaning mustahkam boʻlishiga faqat ayollar emas, erkaklar ham bir xilda javobgar hisoblanadi. Chunki ular oilani ushlab turuvchi ustundirlar. “Yaxshi xotin – oilaning davlati va baxti”, deydi hazrat Navoiy. Uyning ozodaligi, uy egasining xotirjam va osoyishtaligi undan. U goʻzal boʻlsa koʻngil quvnaydi, xushmuomala boʻlsa joningga oro kiradi, oqila boʻlsa roʻzgʻorda tartib-intizom boʻladi.
“Kelinlar daftariga” risolasining ikkinchi kitobi “Azaliy nasiba” deb nomlangan. Muallif unda kitobxonlarni hasad, qargʻish, hazil, mazax kabi illatlardan ogoh etib, salomlashish, tilni tiyish, sabr kabi fazilatlarga erishish yoʻllari haqida suhbat yuritadi. Ikkinchi kitob 27-suhbatdan boshlanadi. Unda hasad oʻti haqida soʻz yuritiladi. Yozuvchi hasadga quyidagicha taʼrif beradi: “Hasad – biror tanishining, hamkasbining yoki qarindoshining muvaffaqiyati, yutugʻi uchun tutilgan azadir. Aql ojizlansa, hasad kuchga kiradi”. Chindan ham hasad eng yomon illatlardan biri. U insonni ichidan kemirib, aqlini ojiz qilib qoʻyadi. Hasad shaytonning eng ishonchli qurolidir. Deydilarki, “Dunyoda hammadan koʻra hasadchining yuki ogʻirdir. Chunki u bechora baxtli odamlarni koʻrolmay, hasad tufayli keladigan hamma qaygʻu-alamlar yukini oʻz ustiga ortib yuradi”. Oʻzgalarning yaxshi turmushlari uning yurak-bagʻrini yondiradi. Adib bu suhbatda hasadning barcha ogʻir yuklarini birma-bir sanab, kelinlarga hasad qilmasdan yashash sirlarini ochadi. U nafaqat kelinlarni, balki butun insoniyatni hasaddan uzoqroq yurishga chaqiradi.
Odob-axloqqa oid qanday kitobni varaqlamang, unda tilni tiyish haqida juda koʻplab fikrlar keltiriladi. Qaysi bir shoir yoki yozuvchining ijodiy merosini oʻrganmang, unda albatta, til haqida fikr va shu fikrni tasdiqlovchi ibratli hikoya, maqol keltirilgan boʻladi. Tohir Malik ham ushbu risolasida tilni tiyish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtgan.
Maʼlumki, bugungi kunda yosh oilalarda ajrimlar juda ham avj olib ketgan. Ana shu ajralishlarning aksariyati tilni tiymaslik, har narsani oʻrnini bilmay soʻzlashdan kelib chiqmoqda. Ana shu suhbatni oʻqigan har qanday oʻgʻil-qiz, kelin-kuyov tilni tiymaslikning oqibatini bilib, oʻzlariga kerakli xulosani chiqarib oladilar. Yozuvchi qaysi mavzuda soʻz yuritmasin misollarni yoshlarning hayotidan tanlaydi.
Ikkinchi kitobda yana halol rizq topish, sabr bilan murodga yetish haqida ham ibratli fikrlar beriladi. Birgina sabrga turlicha taʼriflar keltiradi: “Sabr – hajr shomidek qorongʻu va uzun, ammo uning oxiri visol tonggi. Sabr – haj yoʻlidek qiyin va yiroq, ammo nihoyati – iqbol kaʼbasi. Sabr dashtida dam olish – yugurush bilan barobar” va hakozo. Bu taʼriflardan maʼlum boʻladiki, kim biror qiyinchilikda sabru chidam koʻrsatsa, baxt uning zaharini asalga, tikanini esa nafis gulga aylantiradi. Har bir noumid insonning tushkun ruhi sabr tufayli tetik va oboddir.
Tohir Malikning uchinchi axloq kitobi “Qoʻshning yomon boʻlsa” deb nomlanadi. Unda ibratli kelin, ayol, ona boʻlish kabi mavzular jamlangan. Shuningdek, unda adib jamiyatning durru gavhari sanalgan oila mustahkamligining asoslari haqida fikr yuritadi. Hadis va rivoyatlardan ibratli misollar keltiradi. Kitobda qoʻni-qoʻshnichilik, mehmondoʻstlik, vaqt qadri, isrofgarchilikdan qochish, xullas, insonni goʻzal qiluvchi barcha fazilatlar xususida soʻz boradi.
Uchinchi kitob 34-suhbatdan boshlanadi. Unda isrof haqida soʻz boradi. Koʻpchilik saxiylik bilan isrofgarchilikni aralashtirib yuboradi. Yozuvchi ana shu tushunchalarga oydinlik kiritadi. Miskin, bechoralarga yordam beraman deb katta ziyofatlar berib, uning ortidan kelib chiqadigan isrofgarchilikni, kim oʻzarga boʻlayotgan toʻy-maʼrakalarni qoralaydi. U isrofgarchilik deganda faqat oziq-ovqatni emas, vaqtni behuda oʻtkazishni ham nazarda tutadi. Yozuvchi boylikni oqqan suvga, aysh-ishratni aylanib turgan tegirmonga oʻxshatadi. Yomgʻir yogʻib turmasa katta daryolar ham qurib qolar ekan, daromadingni sovurma. Muhtojlikka tushib qolishni istamasang, qoʻlingdagi mol-davlatingni behudaga sarf qilma, isrofgarchilikdan saqlan. Shunday qilsang, boshqalarning mol-mulkiga koʻz olaytirmay, rohatda yashaysan, deb nasihat qiladi yozuvchi.
Yozuvchi vaqt qadri haqida gapirar ekan, bugungi kunda “simyogʻoch qorovullari” deb nom olgan bekorchi, takasaltang bolalarning oʻz vaqtlarini bekorchilikka sarflayotganlarini alohida taʼkidlaydi. Vaqtning qadriga yetishni bolalarga ota-onalari oʻrgatishlari kerakligini uqtiradi.
Yozuvchining uch kitobdan iborat “Kelinlar daftariga” asarida qirqta mavzuda suhbat beriladi. Qirq birinchi suhbatni esa ochiq qoldiradi. Uni har kim oʻzi suyukli bobosi, momosi, qaynona-qaynotasi, ota-onasidan eshitgan oʻgitlari bilan toʻldirib qoʻyishini aytib oʻtadi.
“Kelinlar daftariga” risolasida yozuvchi har bir mavzuga toʻxtalib oʻz fikrlarini bayon qiladi va oʻz fikrini dalillash maqsadida paygʻambarimiz oʻgitlaridan, hadislardan, buyuk shoir, yozuvchi, allomalarning asarlaridan, hikmatli soʻzlardan misollar keltiradi. Shu misollar asnosida hikoyalar ham aytib oʻtadi va oxirida qissadan hissa chiqaradi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Tohir Malikning uch kitobdan iborat “Kelinlan daftariga” risolasi nafaqat kelinlarimiz uchun, balki barcha insonlar uchun yangi odob kitobi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki unda barchamiz bilishimiz zarur boʻlgan narsalar haqida fikr yuritiladi. Bugungi kunning yomon illatlaridan bizni xabardor qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, bu kitob barchaga oyna tutadi. Unda har bir inson oʻz aksini koʻradi. Xatolarini anglab yetadi.
Sarvinoz RASULOVA,
OʻzMU stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchisi
“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/muqaddas-dargoh/