Munavvarqori. Har kim ekkanini o‘rar


Post Views:
397

Har kim ekkanini o‘rar
Bir kishining otasi
Ko‘p yashamish, qartaymish.
Soch-soqoli oqarmish,
Bellari kuchdan qolmish.
Non yeganda lablari
Burni bilan so‘zlashur.
Choy ichganda qo‘llari
Qaltirashib, titrashur.
Beli ikki bukilgan,
Yuray desa, yurolmas.
Bir o‘tirsa, o‘rnidan
Ko‘tarmasang, turolmas.
O‘g‘il, kelin, nevara
Zerikdilar bu holdan
Qutulmoqchi bo‘ldilar
Bir ish qilib u choldan.
Kirib bir xilvat uyga,
So‘zlashdilar uchovlon;
O‘g‘il bilan nevara
Qildi o‘z fikrin bayon
So‘zlar bir oz cho‘zildi,
Majlis uzoqqa ketdi.
Navbat keldi kelinga
U ham o‘z fikrin aytdi.
Kelin dedi: “Sizlarning
To‘g‘ri emas o‘yingiz.
Eng yaxshisi, sahroga
Olib chiqib qo‘yingiz!
Birov ko‘mar o‘ligin,
Ko‘rmas bizning ko‘zimiz.
Mashaqqatsiz bu g‘amdan
Qutulg‘aymiz o‘zimiz”.
O‘z fikrini so‘zlashda
Kelin usta yo‘l tutdi
Bir og‘izdan majlisda
Kelinning fikri o‘tdi
O‘g‘il bilan nevara
Kun kech bo‘lgach, turdilar;
Ko‘tardilar u cholni,
Sahro sari yurdilar.
Bir o‘ringa yetganda,
So‘zga kirdi o‘sha chol.
Dedi: “O‘g‘lim! So‘zimga
Bir oz endi quloq sol:
Man otamni bir zamon
Bu o‘ringa keltirib,
Tashlab ketgan chog‘imda
Qolgan edi termulib
Navbat keldi o‘zimga,
Sen ham meni keltirding,
Men otamga na qilsam,
Emdi menga sen qilding.
Menga yarar shul o‘rin
Bir kun senga ham yarar.
El aro bor bir matal:
“Har kim ekkanin o‘rar!”
Bu so‘zlarni eshitgach,
O‘g‘il ho‘ngrab yig‘ladi.
Otasiga uzr aytib,
Xizmatga bel bog‘ladi.

Metodik-bibliografik qo‘llanma
© Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti,
2008 yil

https://shosh.uz/uz/munavvarqori-har-kim-ekkanini-o-rar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x