Sanʼat muxlisi – hamqishloq bir aka bilan gurunglashib qoldik. U kishi oʻttiz yillar oldin mashhur sanʼatkorning konsertiga tushganini maroq bilan gapirib berdi. Oʻzi bunday voqealar har bir tafsiloti, daqiqasigacha yodda saqlanadi. Ayniqsa, qishloq odamlari xotirasida. Hofiz oʻn yettita ashulani ketma-ket, bir martayam dam olmasdan aytdi, deya zavqlanib hikoya qilar ekan, odatda, bunday paytda gurungchi odamlar lafziga yanada quvvat, zeb beradigan usulni qoʻllagim keldi va, hozirgilar ham shunday ayta olarmikan, deya luqma tashlab qoʻydim.
E, bugungi “yulduz”lardan soʻraysan-da, dedi u gartak(picha) kayfiyati buzilganday boʻlib. Soʻng oʻylanib turdi-da, ularingni konsertiga tushmaganman, dedi. Ammo aytoladigani bor-ov. Hozir aytaman, “Qurbon oʻlam”ni aytgan jingalak soch yigit… Oʻlmas Olloberganov, dedim. Ha, ana shu yigitning qoʻlidan keladi. Nega desang, u “Qurbon oʻlam”ni sozlab aytgan!..
Qiziqqonroq oʻquvchi, nima boʻpti shunga, deyishi mumkin. Tan olsam, ola qolay – sanʼat borasida, oʻsha savolni berguvchi oʻquvchidan koʻra koʻproq narsani bilmayman. Ammo mumtoz qoʻshiqchiligimizni, umuman, sanʼatni yaxshi biladigan, sharhlab bera oladigan darajada bilimli ustozlarning aytishlaricha, bu ashulani ijro etishga hamma xonandalarning ham qurbi yetmas ekan. Ijrochidan baland va kuchli ovoz, yuksak tayyorgarlik talab etadigan bu oʻlmas qoʻshiqning kamdan-kam hofiz repertuaridan oʻrin olishi ham shundan.
“Kutaman”, “Parizod”, “Faromusham”, “Qurbon oʻlam” singari mumtoz va lirik qoʻshiqlar ijrochisi, isteʼdodli xonanda Oʻlmas Olloberganov bilan suhbatlashish niyati talabalik vaqtim, “Kutaman” qoʻshigʻi “xit” boʻlgan kezlarda tugʻilgan edi. Tinglaganingiz, bir sanʼat shinavandasi bilan kechgan gurung oʻsha niyat ijobati yoʻlida harakatlanish uchun yaxshigina turtki berdi.
Poytaxtga qaytgach, qalamni ishtiyoq va ilhom siyohiga botirdimu, boʻlajak suhbat rejasini qogʻozga tushirdim. Unga koʻra, suhbatimiz sanʼat, u bilan bogʻliq xotiralar, mulohazalar, umidlar, rejalar xususida boʻlishi kerak edi. Yaxshi niyat ekan, uni amalga oshirish qiyin kechmadi.
Onam meni sanʼatkor qilgan…
– Biror kasb yoki sohani tanlashda oilaviy muhit bosh rolni oʻynaydi, – deya suhbatga kirishdi xonanda. – Ota-onam sanʼatkor emas, ammo sanʼatni yaxshi tushunadigan, haqiqiy sanʼatning qadriga yetadigan insonlar. Ayniqsa, rahmatli onam bu borada meni tuzukkina ilhomlantirgan, oʻzi qoʻshiqchilik sanʼatiga ishtiyoqmand boʻlgani tufayli, menda shu sohaga havas uygʻotgan edi. Uning aytishicha, bolaligimda allani miriqib, juda bir oʻzgacha rohat bilan tinglar ekanman. Ehtimol, sanʼatga mehr menda oʻsha onlarda tugʻilgandir…
Aksar xonandalar boshidan kechadigan lavha – maktab sahnasi, yaqinlar, mahalladoshlar davrasi Oʻlmas Olloberganovni toblab bordi. Sinchi tinglovchilar, undan zoʻr sanʼatkor chiqadi, dedi. Oddiy shinavandalar, shunchaki, uning ovoziga “besh” ketib qoʻya qolishardi. Maʼrifatli va uzoqni koʻra oladigan ota oʻgʻliga shunday tayinladi: “Maqtovga uchgan – hech kim boʻlolmaydi. Oʻgʻlim, sening yoʻling uzoq boʻlishi kerak. Oʻtkinchi chapaklardan mast boʻlib, bu yoʻlingni yoʻqotib qoʻyma”. Ota nasihatiga quloq tutgan oʻgʻil uning yoʻl-yoʻrigʻi, munis va mushtipar ona duolari qanotida azim shahar tomon – azim manzillar tomon yoʻlga tushdi.
“Qurbon oʻlam” bilan katta sahnaga chiqqanman
– Men asli maqom ijrochisi, mumtoz musiqa yoʻnalishidagi xonandaman. 1990 yilda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga oʻqishga kirdim. Bilasiz, yoshlikda odam oʻzini tez namoyon etishga moyil boʻladi. Aynan shu paytda kishi imkoniyatlardan samarali foydalanib qolishi kerak. Talabalik davrimda respublika maqomchilar tanlovida ikki marta gʻolib boʻlganman. Biroq aytganimday, oʻzimning imkoniyatlarim hali toʻla ochilmaganini his qilib turardim…
Odatda, qobiliyatli insonlar haqida gapirganda va yozganda kishilar, falonchi juda isteʼdodli, uning botinida falon-falon ishlarni amalga oshirish qudrati yashiringan, qabilida, qator bor va yoʻq sifatlarni sanab tashlaydilar. Umuman, birovning imkoniyatlarini birov bilishi mumkinmi? Fikrimcha, inson nimaga qodiru, nimaga ojiz – goh ongli tarzda, goh beixtiyor – oʻzi sezadi. Mana shu mening qoʻlimdan keladi, deydi agar qodirligini his etsa. Aksincha boʻlsa, yoʻq, eplay olmasam kerak, deya qalban iqror boʻladi. Bunday holda uni majburlash, yoʻq, sen shuni qila olasan, deya ilhomlantirishga urinadi ruhiyatshunoslikdan boxabar doʻstlar. Aslida esa, kishi oʻz iqtidoridan oshib biror ishda muvaffaqiyat qozonishi dushvor masala.
Oʻlmas Olloberganov, oʻz ovozi va iqtidoriga ishongan yigit, oʻzining hali barcha qirralari namoyon boʻlmaganini bilardi. Bu ijodiy bezovtalik unga tinchlik bermasdi. Oʻzingga ishonasan-u, oʻzligingni namoyon etishga qiynalib turasan. Bu – ruhiy-ijodiy holat boʻlib, uni sabr va bosiqlik bilan, oqilona bosib oʻtolganlargina nimalarnidir amalga oshira oladilar.
– Ishtiyoq va ilhom ogʻushida yurgan kezlarim menda bir fikr tugʻildi, – deya soʻzida davom etadi hofiz. – Fuzuliy muxammasi bilan aytiladigan “Qurbon oʻlam” ashulasini ijro etishni niyat qildim. Bu qoʻshiq koʻp hofizlarning imkoniyatini baholab beradigan ashula ekanligi bois, uni kuylab koʻrish bilan oʻzimni sinamoqchi boʻldim. Biroq mumtoz ashulalarni ijro etish, hazrat Navoiy taʼbiri bilan aytganda, “Nizomiy panjasiga panja urmoq” oson emasdi. Shuning uchun bu qoʻshiqni kuylagan mumtoz sanʼatkorlarning barini tinglab, oʻrganib chiqdim. Bu qoʻshiqni kuylagan ulugʻ sanʼatkorlarning ijrolarini tingladim, ularning yutuqlari qayerda, qay yerida yanada mukammallikka eʼtibor berish kerak, shularga diqqat qildim. Shundan soʻnggina uni ijro etish va tasmaga tushirishga jurʼat etdim. 1995 yilda magnit tasmasiga muhrlangan bu qoʻshiq tez orada radiotoʻlqinlarda yangradi.
Tinglash ham sanʼat
– Uni tinglayapti, buni tinglamayapti, deb birovni ayblab boʻlmaydi. Har kimning taʼbi, didi va saviyasi turlicha. Ammo yaxshi, haqiqiy sanʼat durdonalarini albatta, tinglash kerak, deb hisoblayman. Koʻnglingizga olmang-u, siz tengi yoshlar orasida milliy qoʻshiqlarni eshitganda masxaralab kuladiganlari ham uchraydi. Chunki bundaylarning quloqlari maqomga yoki milliy ohanglarga oʻrganmagan.
Bundan oʻn besh-yigirma yillar avval ham bizda xorij musiqasini oʻgʻirlashgan. Bunga misollar koʻp. Lekin ozroq “insof”, andisha bilan qilinardi bu ish. Bugun chet el musiqasini ochiqdan-ochiq koʻchirib, “oʻziniki” qilib olish hollari oddiy va odatiy holga aylanib ulgurdi. Birov gapirmay ham qoʻygan, goʻyo shunday boʻlishi tabiiydek. Qarang, bizda qancha ijro yoʻnalishlari, maktablari, anʼanalari bor? Fargʻona-Toshkent, Buxoro-Samarqand, Xorazm, Surxondaryo yoʻnalishlari bir-biriga oʻxshamaydi, har birining oʻz tarovati, goʻzal jihatlari, ohangi bor. Axir, qaysi xalqning musiqasida uchraydi bunday boylik? Men sira qarshi emasman, xorij sanʼatining eng yaxshi jihatlarini oʻrganib, undan ilhomlanish bilan sanʼatkor faqat yutadi. Biroq izlanish, ijod qilish oʻrniga shundoq “kopiya” koʻchirish sanʼatni ham, muxlisni ham hurmat qilmaslik deb bilaman. Xorijliklardan olish emas, ularga oʻzbek navosini, ohangini, qochirimlarini namoyon etishimiz kerak.
Mening sanʼatdagi falsafam shu.
Rubob bilan dutorning farqi…
– Bir yili sanʼat sohasida oʻqigan jiyanim kursdoshlari bilan kelib qoldi. Oʻqishni endigina bitirgan, miyalari hali “svejiy”. Bilimlari ham joyida boʻlsa kerak, deb, ularni oʻzimcha bir sinab koʻrmoqchi boʻldim. Yigitlar, qizlar, mana bu sozlarning qay biri rubob, qay biri dutor? Qarasam, ular jim. Kim toʻgʻri aytsa, sovgʻam bor… Ishonasizmi, ular milliy cholgʻu asboblarimizni tuzuk bilishmas ekan. Oʻshanda ulardan koʻra men qattiqroq uyaldim.
Yomon qoʻshiqchidan yaxshi tinglovchi boʻlgan maʼqul
– Sanʼatkor elning xizmatida boʻlib, baʼzi narsalarga vaqt ajratolmay qolishi mumkin. Lekin bu oila, yaqinlar, doʻstu yoronlar uchun vaqt ajratmaslikka imtiyoz bermaydi. Hayotda shunday qadriyatlar borki, ularning oldida na sanʼat, na boshqa narsa birinchi darajaga chiqadi. Shulardan biri farzandlar tarbiyasi.
Katta oʻgʻlimning ismi Rustam. Uspenskiy nomidagi maxsus musiqa litseyida oʻqiydi. Unga ham, singlisi Mohinur bilan ukasi Usmonga ham, sizlar, albatta, sanʼatkor boʻlishlaring kerak, demayman. Biroq ular oʻzlari oʻrganadigan koʻp ilmlar qatori, albatta, musiqa ilmidan xabardor boʻlishlari shart. Sanʼatni chuqur idrok etadigan, his qiladigan boʻlishlari, yaxshi qoʻshiq bilan yomon qoʻshiqning, original kuy bilan oʻgʻirlanganining farqini bilishlari kerak. Ularga sanʼatkor boʻlmasalaring ham, lekin yuqori saviyali tinglovchi, chin sanʼatning muxlisi boʻlinglar, deyman. Sanʼatga mehr qoʻygan odamning yuragi yaxshiliklarga makon boʻladi.
Ijod manbai…
– Mumtoz adabiyotimizni oʻqib, ulkan bir ezgulik ummonida suzgandek boʻlaman. Bugungi shoirlarimiz ijodi bilan ham iloji boricha tanishib borishga harakat qilaman. Ulugʻ hofizlarimiz ijodi katta maktab. Tengqur sanʼatkorlarni ham tinglayman. Gulsanam Mamazoitova ovozida oʻzbekona ruh, dard va nola bor. Umuman, tabiatimda milliy ohanglarga nisbatan oʻzgacha mehr bor. Shu bois, milliy yoʻnalishdagi hamkasblarimiz ijodini kuzatib, ularni tahlil qilib, kerak boʻlsa, oʻrganib boraman. Oʻqish ham, tinglash ham men uchun ulkan maktab vazifasini oʻtaydi. Ilhomlantiradi.
Umidlar, niyatlar bisyor
– Yangi musiqiy albomim tayyor boʻlib qoldi, – dedi sanʼatkor rejalari xususidagi savolimizga javob bera turib. – Oʻnta yangi ashula yozdim. Tagʻin, mumtoz ashulalardan yozishni reja qilib turibmiz.
Sizga bir sirni ocha qolay. Eng katta maqsadimiz – shu yil konsert qoʻyish. Aslida buni uch yildan beri maqsad qilamiz. Rejalashtiramiz, amalga oshmaydi. Tagʻin rejalashtiramiz, boʻlmay qoladi. Homiy topishda ozroq omadimiz kelmay turibdi, rostini aytsam. Lekin bu yil jiddiyroq kirishyapmiz. Nasib etsa, muxlislarni xursand qilish niyatimiz bor…
Koʻngling yaxshilikka toʻligʻ, nazifa orzular, xolis niyatlar ila yashasang, bir emas, ikkita Jamolungma ham choʻt boʻlmay qoladi. Faqat uni qachon zabt etishingni muhtaram Vaqtning oʻzi koʻrsatadi. Vaqt esa, bizning ilgimizdagi narsa emas…
Choʻqqilar, marralar, zafarlar nima degani? Bular ikkilamchi, nisbiy tushunchalar oʻzi. Biroq, modomiki, nimagadir intilib, intiqib yashar ekanmiz, bu intilish va intiqlik ruhimizga qandaydir xush, yoqimli tuygʻularni baxsh etib turadi. Bizni mudom olgʻa undaydigan kuch ham, aslida, mana shu.
Elmurod Nishonov
“Turkiston” gazetasi, 2011 yil
https://saviya.uz/hayot/suhbat/elmurod-nishonov-mumtoz-navolarning-qalbdagi-aksi/