Muhimi – insonni tasvirlash

“Toshkent oqshomi” gazetasi xodimi, yozuvchi

Toʻlqin Rasulov bilan suhbat

 

– Oʻtkirjon, Siz Toshkentda tugʻilib oʻsgansiz! Suhbatimizni ona shahrimiz Toshkent bilan boshlasak. Ayting-chi, poytaxtimizning nimasi Sizga, ayniqsa, yoqadi?

Ha, men Toshkent farzandiman. Bu bilan faxrlanaman. Bordiyu men Fargʻona yoki Buxoroda tugʻilib oʻsganimda edi, tabiiyki, oʻzimning xuddi oʻsha ona shaharlarim bilan faxrlangan boʻlur edim. Yoki, aytaylik, taqdir taqozosi bilan Sahroi Kabirning qoq oʻrtasida, badaviylar oilasida dunyoga kelganimda, hech shubhasiz, jahonda eng goʻzal, eng gullagan oʻlka shu, degan boʻlardim. Buning ajablanadigan joyi yoʻq. “Dunyoning ishlari” qissasida Ona kichkintoy oʻgʻliga aytadi: “Sen Toshkentni yaxshi koʻrishing kerak. Toshkentni yaxshi koʻrish uchun oʻzimizning Doʻmbirobodni yaxshi koʻrgin, xoʻpmi?”

Oddiygina ohangda aytilgan bu gap asarga bejiz kiritilmagan. Vatan degan ulugʻ tushuncha har kimning oʻz ostonasidan boshlanadi. Oʻzi tugʻilib oʻsgan tuproqni hurmat qilmaydigan odam vatanparvar boʻlishiga shubha qilaman. Oʻz onasiga qoʻl koʻtargan kimsa Vataniga xiyonat qilmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi.

Kindik qoning toʻkilgan tuproqni nimaga yaxshi koʻrasan, degan savolga javob berish xiyla mushkul. Odam oʻz onasini nima uchun yaxshi koʻradi? Onasi boʻlgani uchun. Vassalom! Agar bu savolga kengroq miqyosda, ozmi-koʻpmi es-hushini taniydigan kishi sifatida javob izlaydigan boʻlsak, shunday degim keladi. “Poytaxt missiyasi” degan tushuncha bor. Bundan koʻp yillar ilgari togʻli Badaxshon avtonom oblastiga bordik. Oblast rahbarlaridan biri bunday dedi: “Men Badaxshonda tugʻilganman. Ammo Toshkentni ikkinchi vatanim deyman. Chunki Toshkent menga ilm berdi, hayotning katta yoʻliga olib chiqdi. Toshkentdan bir umr qarzdorman”.

Keyinchalik ham respublikamiz poytaxti haqida mamlakatning turli chekkalarida hayajon bilan aytilgan bunaqa soʻzlarni koʻp eshitdim. Shunda yer yuzida Toshkent degan ulugʻ bir shahar borligidan behad faxrlandim. Bu tuygʻu ayrim demagoglar qurol qilib oladigan “mahalliychilik” emas, joʻngina, insoniy tuygʻu.

Agar oddiy bir odam sifatida chekkaroqdan nazar tashlasak, shahrimizning osmoni yorugʻligi, moʻl-koʻlchiligi, odamlarning samimiyati hayron qoldiradi kishini. Undan keyin… hech eʼtibor berganmisiz, Toshkentning suvi nihoyatda shirin.

– Siz shahar farzandisiz. Ammo asarlaringizda asosan qishloq hayoti tasvirlanadi. “Dunyoning ishlari”, “Kvazarlar”, “Ikki eshik orasi”…

Judayam unchalik emas. Avvalo, asarda, ayniqsa, yirik asarlarda faqat shahar yoki faqat qishloq hayotini tasvirlash, nima desam ekan, unchalik toʻgʻri emas. Ayniqsa, hozirgi paytda shahar hayoti qishloq hayoti bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Demak, asar kahramonlari shaharda ham, qishloqda ham tasvirlanishi mumkin. Hozir Siz sanagan asarlarda ham shahar va qishloq hayoti, nazarimda, uzviy koʻrsatilgan. Birinchidan, realistik tasvir talabining oʻzi shu. Qolaversa, tagʻin bir gap bor. “Shoir qishloqda tugʻilib, shaharda yashaydi”, deyishadi. Bu iborada chuqur haqiqat bor. Gap shundaki, tabiatga yaqin boʻlgan kishilarning tuygʻusi nozik, teran boʻladi…

Men bir jihatdan qismatimdan roziman. Negaki Doʻmbirobod yaqin oʻttiz yillar ilgari ham qishloq edi. Erta kuz tonglarida bedazordagi shudringning tovlanishi, oqshomlari qishloq ustida muallaq turib qolgan tutunning rangi, koʻklam kechalari qurbaqalarning choʻzib-choʻzib qurillashi, kech kuzda qirov qoʻngan tosh noklarning oʻzidan-oʻzi toʻp etib oyoq ostiga tushishi, hozirgi Chilonzor oʻrnidagi minglab chilonjiydalarning chang qoʻngan yaproqlar orasida qizarib koʻrinishi – bularning hammasi bola qalbimga ajib bir ranglarni, tasvirlab berish qiyin boʻlgan ohanglarni muhrlab ketgan… Ishonasizmi, hali-hanuz qoʻlimga qalam olganimda oʻsha ranglar, oʻsha ohanglar junbushga keladi. Qishloq menga xuddi oʻsha gʻalati hislarni berdi. Shahar esa voqelikning mohiyatini tushunishni oʻrgatdi.

Baʼzi asarlarda qishloqni shaharga yoki, aksincha, shaharni qishloqqa zid qoʻyishga oʻxshagan maʼnoni sezib qolsam, gʻazabim qoʻziydi. Xalqni xarob qiladigan eng dahshatli yov – mahalliychilik! Ayniqsa, ijodkor uchun bu narsa kechirilmas gunoh. Binobarin, men qalamkash sifatida hamisha hayotni butun bir jonli organizm deb tushunaman. Shunday tasvirlashga urinaman. Qolaversa, qalamkash hech qachon bir mahallaning, bir qishloqning, bir shaharning yozuvchisi boʻlmasligi kerak. Biz uchun yagona bir tushuncha bor: oʻzbek adibi degan sharafli nom! Oʻzi tugʻilib oʻsgan joyga beqiyos mehr esa bu tushunchani aslo susaytirmaydi, aksincha kuchaytiradi.

Oʻtkirjon, Siz bilan “Oqshom”da koʻp yillar birga ishladik. Ayting-chi, jurnalistika Sizning ijodingizda qanday rol oʻynadi?

– Bilasizmi, Toʻlqin aka, menga qolsa, har bir qalamkash albatta gazeta maktabini oʻtashi shart, degan boʻlar edim. Bu gap yangilik emas, Abdulla Qodiriy, Gʻafur Gʻulom, Said Ahmad – hammalari jurnalistika maktabini boshdan kechirishgan. Gap shundaki, jurnalistika, ayniqsa, gazetada ishlash odamga koʻp fazilatlarni oʻrgatadi. Birinchidan, gazeta oʻz xodimini tez ishlashga majbur qiladi, ikkinchidan, har kuni oʻylashga koʻniktiradi. Nihoyat, eng muhimi: odamni muhimdan nomuhimni ayirib olishga, yaʼni, hodisalarning mohiyatini chuqurroq anglashga oʻrgatadi. Men “Temiryoʻlchi” gazetasidan tortib, “Sovet Oʻzbekistoni”gacha koʻp redaksiyalarda ishladim. Oddiy xat tashuvchilikdan tortib, boʻlim mudirigacha boʻlgan bosqichlarni koʻrdim. Siz aytgandek, “Toshkent oqshomi”da oʻn olti yil umrim oʻtdi. Endi bilsam, oʻsha yillar hayotimning eng joʻshqin damlari ekan. Quvonchlar ham boʻldi, yoʻqotishlar ham. Lekin muhimi – ozmi-koʻpmi hayotni oʻrgandim. “Nur borki, soya bor” romanining bosh kahramoni Sherzod Samandarov gazeta xodimi ekanligi bejiz emas.

Agar yana gazeta redaksiyasida ishlash lozim boʻlsa, ishlarmidingiz?

Yoʻq! Menimcha, qirq yoshdan keyin gazetada ishlash ogʻir. Biroq shu oʻrinda bir gapni aytgim keladi. Baʼzi qalamkash ukalarimga hayron qolaman (oldindan aytib qoʻyay: sheʼriyatda ham, nasrdayu dramaturgiyada ham ajoyib avlod yetishyapti, men ularning yutugʻidan chin dildan quvonaman). Yoshi nari-berisi bilan oʻttizlar atrofidagi bir qancha ijodkor ikki-uchta kitob chiqaradiyu “erkin ijodkor” boʻlib oladi. Biron joyda ishlay desa, ijodga halaqit berishidan qoʻrqadi. Bu – anchayin joʻn masala emas. Biron joyda kun boʻyi ishlab, kechasi uyqu hisobiga ijod qilish osonmas. Ammo hamma katta ijodkorlar shunday qilgan. Negaki, kundalik mehnat odamni ichki intizomga oʻrgatadi. Qolaversa, Abdulla Qahhor toʻgʻri aytgan: mashhur boʻlishga shoshilmang, yaxshi yozuvchini xalqning oʻzi koʻtaradi. Oqilona gap!

Ishlamay yurib, “sof ijod” bilan shugʻullanadigan ukalarimga aytgim keladi: “Iloji boʻlsa, gazetadami, jurnal yoki nashriyotdami ishlash kerak. Ishoninglar, bu narsa ijodga xalaqit bermaydi, aksincha, koʻmaklashadi!” Bu bilan hech kimga aql oʻrgatmoqchi emasman. Ijodda har kimning oʻz yoʻli bor. Shunchaki, koʻnglimdagi gapni aytdim, xolos.

– Keyingi paytlarda chet el adabiyotiga taqlid qilib yozilgan asarlar paydo boʻlyapti. Ayniqsa, hozir “moda” boʻlgan Lotin Amerikasi adabiyotiga ergashuvchilar anchagina topiladi. Sizningcha, bunday izlanishlar qanday natija beryapti? Umuman, nuqul yangicha shakl izlash toʻgʻrimi?

– Yangicha tasvir ifodalarini izlashning yomon tomoni yoʻq. Har bir qalamkash oʻz yoʻlini topishga urinsa, buni qutlash kerak. Menimcha, har qanday shakl mazmunni chuqurroq ochishga xizmat qilmogʻi kerak. Agar ijodkor oldida yangi ufqlar ochsa, har qanday forma ham foydali. Esimda bor: bizning studentlik yillarimizda “Aruz eskirdi, Navoiylaru Furqatlar zamonidan qolgan ifoda usuli endi bizga kerak emas”, degan gapni juda jiddiy isbotlashga uringanlar koʻp boʻlgan edi. Xuddi oʻsha yillari Erkin Vohidov aruz imkoniyatlari cheksiz ekanini, bugun ham, ertaga ham bu vaznda eng zamonaviy asarlar yaratish mumkinligini isbotladi. Isteʼdodli prozaik Hojiakbar Shayxov esa oʻzbek adabiyotiga ilmiy-fantastika janrini amalda birinchi boʻlib olib kirdi va juda yaxshi ish qildi.

Ijodkor qaysi janrni, qaysi uslubni tanlashni oʻzi hal qiladi. Bugungi oʻzbek sheʼriyatida, ayniqsa, yoshlar poeziyasida eng zamonaviy uslublarni qoʻllash adabiyotimiz oldida yangi ufqlar ochyapti. Bunga quvonsak arziydi! Nasrda esa bu urinish xiyla ogʻir kechyapti. Muhimi, yangicha uslubga ergashish taqlid boʻlib qolmasligi kerak. Taqlid, harchand yangi boʻlib tuyulmasin, baribir shoʻrvasining shoʻrvasi boʻlib qolaveradi. Bu – birinchidan. Ikkinchidan, qalamkash jahon adabiyotidan yaxshi xabardor ekanini koʻrsatib qoʻyish uchungina yoki hamma narsa shaklga bogʻliq, degan aqidagagina amal qilib asar yozsa, menimcha, uzoqqa bora olmaydi. Negaki, har bir badiiy asarda albatta milliy ruh boʻlishi kerak. “Umuman odam” degan tushuncha – mavhum kategoriya. Har bir qahramon ortida konkret odam turmogʻi kerak. Konkret personajning oyogʻi esa milliy zaminda turadi. Bu haqda Sholoxov juda toʻgʻri aytgan: “Kitobingni oʻqigan kishi xutoring chetidan qanday anhor oqib oʻtishini, derazang tagida oʻsib yotgan yovshan qanday hid taratishini his etmasa, sen yozuvchi emassan!” Bu gapda chuqur haqiqat bor.

– Oʻtkirjon, ustoz Abdulla Qahhor birinchi asaringiz – “Choʻl havosi” qissangizga oq yoʻl tilab: “Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq boʻladi”, deb bashorat qilgan edi. Shundan beri Sizning oʻttizga yaqin kitobingiz chiqdi. “Bahor qaytmaydi” va “Qalbingga quloq sol” qissalari uchun Yoshlar mukofotining laureati boʻldingiz. “Dunyoning ishlari” asaringiz Oybek mukofotiga sazovor boʻldi. “Ikki eshik orasi” romaningiz Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Toʻgʻrisini aytsam, bu roman boshqa asarlardan jiddiy farq qiladi. Romanda Siz ham yangicha uslub izlagansiz. Bosh qahramon masalasida ham turli fikrlar aytildi.

– Asarning bosh qahramoni kim, degan savolni talay uchrashuvlarda eshitdim. Baʼzilar bosh qahramon – Muzaffar Shomurodov deyishdi. Menimcha, unaqa emas. Romanning bosh qahramoni ikkita: birinchisi – xalq, ikkinchisi – urushga qarshi nafrat. Bir qarashda bu anchayin mavhum gap boʻlib tuyulishi mumkin. Ammo aslida baribir shunaqa: asarning bosh kahramoni urushga nisbatan nafrat va xalq. Modomiki, ikkinchi jahon urushi 50 million odamning yostigʻini quritgan ekan, demak, romanning bosh qahramoni xalq. (Bular asarda konkret odamlar timsolida koʻrsatilgan.) Modomiki, urush shuncha odamlarning uvoliga qolgani yetmagandek, tugagandan keyin tugʻilgan bolalarni ham oʻldirayotgan ekan, modomiki, Yer kurrasini yangi urush olovida qovurishdan tap tortmaydigan olchoqlar haliyam bor ekan, romanning yana bir bosh qahramoni – urushga qarshi xitob! Mening niyatim shu edi. Bu niyat qay darajada amalga oshganini kitobxon aytgani maʼqul.

Uslub masalasiga kelsak, menimcha, asardagi uslub izlanishlari oʻquvchiga malol kelmasligi, kitobxon: “uni qarang, mana bu yerda yozuvchi yangicha usul koʻllabdi”, degan gapni xayoliga ham keltirmasligi kerak. Kitobdagi har bir narsa oʻquvchiga tabiiy tuyulsin. Muallif xohlaydimi-yoʻqmi, baribir doim yangicha ifoda usullarini oʻylashga majbur. Biroq romanda mutloq yangicha uslub qoʻllangan deyish, menimcha, toʻgʻri emas. Asar tuzilishi oʻzgacharoq ekanligi rost (aslida bu ham yangilik emas). Lekin bu ish ataylabdan qilingan emas. “Ikki eshik orasi”da anʼanaviy yoʻldan borilganida, asar trilogiya boʻlishi kerak edi. Birinchi kitob kolxozlashtirish davri – Orif oqsoqol, Husan duma, “Qora amma”lar liniyasi; ikkinchi kitob urush davri – Kimsan, Robiya, Umar zakunchi, Raʼno, Shomurodlar liniyasi; uchinchi kitob urushdan keyingi davr – Muzaffar, Munavvar liniyasi.

Men ataylab bu yoʻldan bormadim. Sababi shuki, bunday qilinganida uslub, garchand muallifga maʼlum qulaylik yaratgan takdirda ham, eskicha boʻlib qolardi. Ikkinchidan, asar dramatizmi ham ozmi-koʻpmi susaygan boʻlardi. Men voqealarning hammasini bitta kitobga sigʻdirishga harakat qildim. Ammo bu oʻrinda ham odatdagi yoʻldan qochdim. Yaʼni, 30-yillardan 70-yillargacha yuz bergan voqealarni bir boshdan tasvirlamasdan, qahramonlarning hayotidagi eng muhim, dramatik holatlarni koʻrsatishga harakat qildim. Murakkab joyi shundaki, asarning bir bobi 30-yillar haqida hikoya qilsa, boshqa bobi 50-yillar, yana bir bobi 70-yillarga koʻchadi. Bundan tashqari romanda toʻqqiz personaj, toʻqqiz xil taqdir, toʻqqiz xil feʼl-atvorli odam oʻz hayotining turli nuqtalaridan turib gapiradi. Ularning hikoya qilish usuli ham, feʼli ham bir-biriga oʻxshamasligi kerak. Ustiga ustak, hikoya qiluvchi personajlarning yoshi masalasi ham bor. Aytaylik, oʻquvchi – Muzaffarning hikoya qilish ohangi goʻdak Muzaffarnikidan, student Muzaffarniki oʻquvchi Muzaffarnikidan, qizaloq Robiya hikoyasi ona Robiyanikidan keskin farq qilmogʻi shart.

Asarni birinchi shaxs tilidan hikoya qilish yozuvchiga koʻp noqulayliklar tugʻdiradi. Tabiat tasvirlari, psixologik holatlarni ifoda etish qiyin boʻladi. Umar zakunchini olaylik. U shaxsga sigʻinish davrining tipik vakili. Tabiiyki, u oʻzini oʻzi yomon demaydi. Shu sababli, agar eʼtibor bergan boʻlsangiz, Umar zakunchi hikoyasi deyarli hamma joyda ichki monolog tarzida beriladi. Koʻnglida bir narsani oʻylaydiyu boshqa narsani gapiradi.

Shu boisdan kitobxon asarni oʻqishda chalkashib ketmasmikin, degan tashvishda edim. Xursandman, kitobxonlar asarni tushundi emas, chin yurakdan his etishdi.

Oʻtkirjon! Keyingi paytlarda olisdagi markaziy matbuotda Oʻzbekiston boshiga togʻora-togʻora magʻzava agʻdarish kuchaydi. “Tekinxoʻr”, “poraxoʻr”, “qoʻshib yozuvchi”, degan gaplar avjiga chiqdi. Bu gaplarga qanday qaraysiz?

Bu gaplar boʻhton. Toʻgʻri, Oʻzbekistonda qoʻshib yozishlar boʻlgan. Chunki Moskvadagi eng kattalarning oʻzi “Falon million tonna paxta berasan, boʻlmasa, jazolanasan!” degan. Gap faqat bunda emas. Esingizdami, yaqin-yaqinlarda ham bir latifa “moda” boʻlgan edi. Arman radiosidan soʻrabdilar: “Nima uchun Parijdagi koʻrikda uch yulduzli arman konyagi oltin medal oldi-da, besh yulduzlisi shimildiriq ham ololmadi?” desa, arman radiosi javob qilibdi: “Vaa-a-ax! Oʻzimiz ham hayronmiz: ikkalasi bitta bochkadan quyilgan edi-ku!”

Buning oti qoʻshib yozish boʻlmay nima?

“Oʻzbek ishi” degan iboraning oʻzi gʻirt haqorat! Oʻzbek “boqimanda” boʻlib birovning nonini yeb qoʻyibdimi? Boshqalardan kamroq ishlab koʻproq daromad olibdimi? Yaqinda vijdonli bir rus olimi gʻalati dalilni aytdi. Oʻzbekiston aholisi goʻsht isteʼmol qilishda Sovet mamlakatidagi respublikalar orasida eng oxirgi oʻrinda turar ekan!

Qashqadaryoda boʻlganimda keksa dehqon bilan suhbatlashdik. Otaxon bunday dedi: “Shuncha yil mehnat qildik, paxta ekdik, vaqti kelsa, bolalarimiz oylab oʻqishdan qolib paxta terdi, vaqti kelsa, 30 soʻm maosh bilan roʻzgʻor tebratdik. Oxir-oqibat shuncha malomatga qoldik, bolam…”

Oʻshanda men koʻp narsalarni oʻyladim. Avvalo, Oʻzbekistonda shunday voqealar roʻy berdi degani, butun respublika shunaqa, degani emas. Halol mehnat qilgan va qilayotganlar, fidokor kishilar qaddini baland tutib yurishi kerak! Bundaylar koʻp. Juda koʻp. Men bir narsani hech tushunmayman. Masalan, Oʻzbekistondan bir haromxoʻr odam, markazdagi boshqa bir haromxoʻrga tola oʻrniga “diplomat”da pul olib borgan boʻlsa, nega nuqul pora berganni gapiramiz-u pora olganlarni gapirmaymiz?! Oshkoralik sharofati bilan matbuotda yaqinda bir sir ochilib qoldi. Shaxsan Gensek oʻrtoq Brejnevning yordamchisi ham poraxoʻr boʻlgan ekan! Holbuki, umrida paxta yetishtirish mashaqqatini koʻrmagan Leonid Ilich “oʻzbek paxtakorlarining “otasi” degan “unvon” olgan edi…

Tanqidga munosabatingiz?

Shu kungacha asarim boʻsh degan qalamkashni ham, tanqidni jon dildan yaxshi koʻraman, degan odamni ham uchratganim yoʻq. Ammo foydali va halol tanqid adabiyot taraqqiyoti uchun juda zarur. Deyarli har bir jiddiy mashqimni qoʻlyozma holida qalamkash doʻstlarim, ustozlarim qatori yetakchi tanqidchilarga ham oʻqitishga harakat qilaman. Asar muhokamasida albatta joʻyali va foydali fikrlar chiqadi.

Oʻtkirjon, men koʻpdan beri bir narsani oʻylab yuraman. Sizning talay asarlaringiz, xususan, “Nur borki, soya bor”, “Dunyoning ishlari” kitoblaringizning tugʻilish jarayoniga guvoh boʻlganman. Boshqa adiblar qatori Sizning ham ijodingizni halol va talabchanlik bilan baholayotgan tanqidchilar koʻp. Ilk qissangiz “Choʻl havo”sidan tortib, “Ikki karra ikki – besh”gacha, butun ijodingizni sinchiklab kuzatib borayotgan boshqa qalamkashlar qatori sizning ham yutuqlaringizdan quvonib, kamchiliklaringizdan kuyunadigan Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov, Umarali Normatov, Salohiddin Mamajonov, Nuriddin Shukurov, Sobir Mirvaliyev, Ibrohim Gʻafurov, Abdugʻafur Rasulov, Mixli Safarov singari koʻplab olimlarni sidqidildan hurmat qilaman. Shuningdek, koʻp asarlarga baʼzan biryoqlama, hatto tushunmasdan, his qilmasdan baho beradigan tanqidchilar ham yoʻq emas. Masalan, Norboy Xudoyberganovning baʼzi maqolalari meni hayron qoldiradi. Men roman yoki doston yozmoqchi emasman. Norboy aka meni ham “savalab” qolmasaydi, degan tashvishim yoʻq. Ilmiy ish yozish niyatim ham yoʻq. Shu sababdan adabiyotning oddiy bir muxlisi sifatida anchadan buyon oʻylab yurgan fikrlarimni aytmoqchiman. Toʻgʻri, Norboy Xudoyberganov talabchan tanqidchi. Bu – yaxshi. Ammo u kishining talabchanligi goho oʻrinsiz daʼvoga aylanib ketmayaptimi?

Baʼzan shunday taassurot qoladiki, goʻyo bu tanqidchi Sizning nima asaringiz chiqsa, albatta, bir ishkal chiqarishga, qusur izlashga shaylanib turganga oʻxshaydi. Mana misollar, “Nur borki, soya bor” rus tilida eʼlon qilinishi bilan “Literaturnaya gazeta”da bu asar roman emas, umuman hech narsa emas, degan maʼnodagi maqola bilan chiqdi. Moskvalik olim V. Bondarenko munaqqidning fikri biryoqlama ekanini xolisona aytdi. Albatta, romanda kamchiliklar boʻlishi mumkin. Ammo bu bilan asarni yoʻqqa chiqarish ham, menimcha, toʻgʻri emas.

“Dunyoning ishlari” eʼlon qilindi. Mazkur olimimiz qissadagi “Oq marmar, qora marmar” bobini tahlil qilib, nahotki farzandning onaga mehri paypoq olib berish bilan belgilansa, deb asarning hammayogʻi bayondan iborat, degan xulosa chiqardi. Bu yerda gap paypoq haqida emas, mehr haqida ketayotganini yosh bola ham tushunadi. Atoqli olim Ozod Sharafiddinov tanqidchining daʼvolari beʼmani ekanini chuqur mantiq bilan isbotladi. “Ikki karra ikki – besh” qissasi haqida bildirgan mulohazalarini oʻqiganimda, Norboy Xudoyberganov umuman kulgi, yumor hissidan uzoq ekan, degan xulosaga keldim. Chunki Said Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, Erkin Vohidovning “Oltin devor” asarlari haqida ham bu kishi asossiz fikrlar aytgan edi. Sizning qissangizga bergan bahosini oʻqib, toʻgʻrisi, taʼbim tirriq boʻldi. Tanqidchi maqolasida Sizning ijod yoʻlingiz haqida “maqtov” gaplarni aytgan boʻladi. Yaʼni, “Bahor qaytmaydi”, “Urushning soʻnggi qurboni” singari yaxshi asarlar yozgan falonchi… qabilida “ijobiy” gaplar aytadi. Aslida bu maqtash emas, kamsitish. Negaki, aytilgan asarlar bundan oʻn besh-yigirma yil avval yozilgan. Goʻyo oʻshandan keyin adabiy jamoatchilik qizgʻin kutib olgan “Qalbingga quloq sol”, “Nur borki soya bor”, “Inson sadoqati”, “Dunyoning ishlari” va nihoyat, “Ikki eshik orasi” kabi asarlar yozilmagandek… Bunisi ham mayli. “Ikki karra ikki – besh”dagi qahramon nima uchun daraxtdan yiqilib tushadiyu oʻlmaydi, degan gap tanqidchini qattiq tashvishga soladi. Nega shunday boʻlganiga uning hech aqli bovar qilmaydi. Shu bahonada asarni yolgʻonga, shunchaki xabarga chiqaradi. Tanqidchining baholash mezonining oʻzi notoʻgʻri. Buni olimlar R. Muqimov, X. Uzoqov ham oʻz maqolalarida isbotladilar. Men ham Norboy akaga X. Uzoqov bergan savollarni takrorlagim keladi. Agar “Ikki karra ikki – besh” qahramonlarining gʻayritabiiy sarguzashtlariga ishonmasak, nega Shchedrin qahramonlari oʻzidan-oʻzi kimsasiz orolga borib qoladi? Nimada boradi? Qayiqdami? Samolyotdami? Nima uchun boradi? Nima sababdan Gogol asaridagi Burun aravaga tushib, sayr qilib yuradi? Burunning oyogʻi bormi? Boʻlsa, qayoqdan oldi? O. Genrining qahramonlari nega oddiy odamlarga oʻxshamagan sarguzashtlarni boshidan kechiradi? Nima sababdan Nasriddin Afandi hech oʻlmaydi? Va nihoyat, nima uchun oddiy maktab oʻquvchisi bemalol tushunadigan hajv qonuniyatlarini fan doktori tushunmaydi?

Yana bir misol. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida “Bir-birimizni asraylik” degan maqolangiz bosildi. Koʻnglida jindek odamgarchilik tuygʻusi bor kishilar faqat qalamkashlarni emas, umuman barcha ziyolilarni katta maqsad yoʻlida birgalashib mehnat qilishga, mayda tuygʻularga berilmaslikka, boringki, oddiy insoniylikka chorlovchi bu gaplarni qoniqish bilan kutib oldi. Koʻp qalamkashlar bunga oʻz munosabatini bildirdi. Bu safar ham aynan Norboy Xudoyberganov “Yoʻq, bir-birimiz bilan jiqqamusht boʻlaveramiz”, degan maʼnoda javob qildi. Toʻgʻrisi, tanqidchi nima demoqchi ekanini biz yaxshi tushunmadik. Topgan gapi shuki, goʻyo Siz talantsizlarni himoya qilgan emishsiz. Bu, yumshoq qilib aytganda, tirnoq tagidan kir izlashdan boshqa narsa emas.

Nihoyat, “Literaturnaya gazeta”da Norboy Xudoyberganov tagʻin bir chiqish qildiki, bunisi endi kishini ayniqsa, hayron qoldiradi. Tanqidchining bu maqolasi ham boshdan-oyoq asosan Sizga qaratilgan. Va boshdan-oyoq “Dunyoning ishlari”ni kamsitishga moʻljallangan. Munaqqidning gaplaridan kelib chiqadigan xulosa mana bunday: “Dunyoning ishlari” rus tilida chop etilganida unga moskvalik tanqidchilar hech bir munosabat bildirmadi, yaʼni jiddiy olimlar asarni tan olmadi. Oʻzbek olimlari esa bu asarni maqtagan edilar. Holbuki, Norboy Xudoyberganov oʻshandayoq, bu asar yaxshi emas, deb ogohlantirgan edi. Lekin shunday katta olimning gapiga hech kim quloq solmadi…

Gʻalati savollar tugʻiladi. Moskva nashriyotlarida har yili minglab kitob chiqadi. Markazdagi tanqidchilar aynan “Dunyoning ishlari”ni oʻqimagan boʻlsa yoki maqtamagan boʻlsa, shu bilan asarning qimmati pasayib qoladimi? Bir xalq vakili boʻlmish qalamkash tasvirlagan milliy ruh ikkinchi bir xalq vakili boʻlmish tanqidchining qarashlariga doim ham mos kelavermasligi mumkin. Aytaylik, “Oʻtkan kunlar” romani yoki Erkin Vohidov sheʼrlari xaqida rus olimlari maqtab maqola yozmasa, bu bilan oʻsha asarlarni yomon deyish kerakmi? “Dunyoning ishlari” haqida ijobiy fikr bildirgan M. Qoʻshjonov, O. Sharafiddinov, U. Normatov, S. Mamajonov, N. Shukurovlar nojiddiy, yaʼni “bachkana” olimlar ekan-da? Nahot shunday boʻlsa?..

Kechirasiz, Oʻtkirjon, gapni choʻzib yubordim, maqsad Sizdan soʻramoqchiman; oʻz asariga berilgan bunaqangi “baho”dan yozuvchilarning dili ogʻrimaydimi? Bunaqa paytda muallifning oʻzi ham bahsga kirishsa boʻlmaydimi?

Mening tanqidchi bilan olishib oʻtirishga vaqtim yoʻq. Norboy Xudoyberganov “oʻziga xos” munaqqid. Uning oʻz “tafakkur togʻorasi” bor. Oʻsha togʻoraga siqqanlarni maqtaydi, sigʻmagan asarni, nega bunaqa boʻldi, deb “savalaydi”. Mayli, asarga kitobxon bilan vaqt baho beradi. Ehtimol Norboy Xudoyberganov ham qaysidir nuqtada oʻzicha haqdir…

Boʻlsa bordir. Ammo chinni kosaning sifatini bilish uchun uni chertib koʻrib jarangini eshitish mumkin-ku! Buning uchun uni mushtlab sindirish shart emas. Mayli, boshqa narsa haqida gaplasha qolaylik. Menimcha, “Ikki karra ikki – besh” qissangizda ataylabdan kiritilgandek tuyuladigan bir holat bor. Qoʻshoqvoy ancha vaqt indamay yuradi-da, oʻzining yigitlik nomusi rais tomonidan toptalganidan keyingina isyon koʻtaradi. Aytaylik, rais bilan Nargiza oʻrtasida oʻsha “hangomalar” roʻy bermaganida asar nima boʻlardi?

– Nozik savol. Gap shundaki, asardagi rais qabih va makkor odam. Uning shunday harakat qilishi tabiiy, deb oʻylayman. Agar rais, Qoʻshoqvoy, Nargiz va boshqa kahramonlar oʻzgacha odamlar boʻlganida asar ham boshqacha boʻlardi. Negaki, badiiy asarda avvalo inson taqdiri, xarakteri voqealarni harakatlantiruvchi kuch boʻladi. Bu – birinchidan. Ikkinchidan, qissada ziyrak oʻquvchi ilgʻashi mumkin boʻlgan ikkita podtekst bor (uzr, bu gapni asarni “tushuntirish” uchun emas, kezi kelgani uchun aytayapman). Nima uchun Qoʻshoqvoy doim raisga ishonib yurdiyu keyin “portladi?” Gap shundaki, avval-boshi uning oʻzi hamma narsaga ishonadigan sodda yigit. Qolaversa, Qoʻshoqvoy u yoqda tursin, esli-hushli odamlarning ham koʻpchiligida gʻalati odat bor. Har qanday balo-qazo oʻzidan chetlab oʻtsa, bas. U yogʻi bilan ishi boʻlmaydi. Oʻzining boshi devorga tekkanidan keyingina harakatga tushib qoladi. Hayotimizda oʻsha noxush holatlarning avj olishiga bir chekkasi odamlarimizning loqaydligi ham sabab boʻlgan.

– Ilk ustozingiz Abdulla Qahhor boʻlganini bilaman. Ayting-chi, yana kimlarni oʻzingizga ustoz hisoblaysiz? Shogirdlaringiz kim?

Abdulla Qahhor talay yoshlar qatori mening mashqlarimni ham kuzatib borgan. Asar boʻsh boʻlsa, ayamagan, yaxshi boʻlsa, himoya qilgan… Oʻrinsiz “hujum”lar boʻlganida Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Shuhrat domla, Matyoqub Qoʻshjonov, Umarali Normatov kabi ustozlarim (hammalarini birma-bir sanab ulgurish qiyin, shu boisdan uzr soʻrayman) koʻnglimni koʻtarishgan, adolat tomonda sobit turishgan. Mashqlarimni injimay oʻqib, mulohazasini ochiq va halol aytadigan katta-kichik qalamkashlar, tengqurlarim, talay tanqidchi doʻstlarim, kezi kelsa, yoshi kichikroq ukalarim – hammasini ustoz deb bilaman. Ijod shunday bagʻrikeng maydonki, hamma bir-biridan oʻrganadi. Abdulla Qodiriy, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Lev Tolstoy, Mixail Sholoxov, Chingiz Aytmatov, Mopassan, Ernest Xeminguey kabi ulkan adiblar esa bilvosita (oʻz asarlari bilan) ustozlik qilgan.

Shogirdlar masalasiga kelsak, Xayriddin Sultonov, Erkin Aʼzamov, Murod Muhammad Doʻst, Nortoʻxta Qilichev, Erkin Usmonov va talay boshqa adiblarga yaxshi niyatda oq yoʻl tilaganman. Ulardan qay biri meni oʻziga ustoz sanaydi, qay biri yoʻq, bunisi muhim emas. Muhimi, bu qalamkashlar yaxshi asarlar yozsa, kifoya. Keyingi avlod orasida Nurullo Otaxonovdan umidim katta. Tagʻin boshqa koʻp prozaiklar adabiyotimizga kirib kelyapti. Bugun biz erisholmagan marralarga ertaga shu adiblar erishishini chin dildan orzu qilaman.

Oxirgi savol. Kitobxonlarning taklif va eʼtirozlariga qanday qaraysiz?

Hammasi kitobxon munosabatiga bogʻliq deyish ham, kitobxon savodsiz, uning gapi bir pul, deyish ham xato. Toʻgʻri, kitobxonlar orasida, falon qahramonning taqdiri nima boʻldi, endi uylanadimi (yoki turmushga chiqadimi) qabilidagi joʻn xat yoʻllovchilar ham bor. Biroq asardagi fazilat va kamchiliklarni qalamkash va tanqidchidan ham nozikroq tushunadigan kitobxonlar borligi xalqimizning badiiy saviyasi oʻsib borayotganidan darak beradi. Keladigan xatlar orasida professional jihatdan mukammal boʻlmasa-da, hayot bilan ijodni solishtirib, jiddiy xulosalar chiqarilgan maktublar koʻp. “Kvazarlar” qissasida osma tarozi yigirma kilodan ortiq yuk torta olmasligini bilar-bilmas yozgan ekanman (kitobxon taʼnasi bilan tuzatdim). “Ikki karra ikki – besh”da 60-yillarda rais “Jiguli” sotib olishi tasvirlangan ekan. Bu detal haqiqatga xilof ekanini ham kitobxon aytdi. Binobarin, kitobxon hayotning ayrim elementlarini qalamkashdan yaxshiroq biladi. Ayni choqda baʼzan oddiy oʻquvchi, adib “avtomatik” tarzda, asar voqealari mantiqidan kelib chiqib tasvirlagan hayotiy detallarni muallifning oʻzidan ham yaxshiroq payqashi, katta-katta olimlar sezmagan nuqtalarni topishi mumkin. Masalan, namanganlik urush qatnashchisi X. Abdullayev “Ikki eshik orasi”dagi kichik detal – “Yuldash” degan gapda qanchalik chuqur haqiqat borligini ancha-muncha munaqqiddan koʻra teranroq his etgan. Yosh pedagog Aqida Shamsiyeva “Umar zakunchi yomon odammi?” degan maxsus maqolasida (afsus, bu maqola xat tarzida yozilgan, matbuotda chiqmadi) Umar zakunchi va Raʼno fojiasini baʼzi olimlardan koʻra aniqroq tahlil qilgan. Andijonlik oddiy bir ayol esa shu kungacha hech kim eʼtibor bermagan kichik detalni topib, undagi maʼnoni aniq topgan. “Romanni ikkinchi marta oʻqiyotganimda bir gapga eʼtibor berdim, – deb yozadi u. – Asar boshida, “Toʻy” degan bobda gʻalati holat bor. Yosh bola Muzaffar, uyqusirab, tavanxonaga kiradi. “Qora amma” yonida oʻtirgan, ovozi ham, oʻzi ham qoʻpol Bashar xolani koʻradi va negadir oʻsha notanish xotinning yoniga borgisi keladi… Roman oxirida maʼlum boʻladiki, Bashar xola uning onasi ekan, emizgan ekan…”.

Olimlar ham eʼtibor bermagan bu nuqtani oddiy kitobxon topganiga qoyil qoldim. Xullas, bugungi kitobxon anoyi emas. Shunaqa savodli oʻquvchiga loyiq asar yozging keladi.

 

1988 yil

https://saviya.uz/hayot/suhbat/muhimi-insonni-tasvirlash/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x