Muhammad Yusuf xalqimiz sevgan shoirlardan edi. U 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati Marhamat tumanining Qovunchi qishlogʻida dehqon oilasida dunyoga keldi.
Oʻrta maktabdan soʻng Rus tili va adabiyoti institutiga kirib, uni 1978 yili tamomladi. 1978-1980 yillarda respublika Kitobsevarlar jamiyatida, 1980-1986 yillarda “Toshkent oqshomi” gazetasida, 1986-1992 yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida, “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida ishladi.
Umrining soʻnggi yillarida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi vazifasini bajardi.
U oʻnga yaqin sheʼriy toʻplamlar, koʻplab qoʻshiqlarning muallifi sifatida keng kitobxonlar qalbiga kirib ulgurdi. Shoirning dastlabki sheʼrlari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida 1976 yili eʼlon qilindi. Soʻngra “Tanish teraklar” (1985), “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” (1989), “Halima enam allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Koʻnglimda bir yor” (1991), “Bevafo koʻp ekan” (1991), “Erka kiyik” (1992), “Yolgʻonchi yor” (1994) kabi sheʼriy toʻplamlari, saylanmalari nashr etildi.
1989 yilda esa “Uyqudagi qiz” nomli sheʼriy toʻplami uchun unga respublika Yoshlar tashkilotining mukofoti berildi.
U rostgoʻy shoir, halol va pokiza qalb egasi edi. Shoir muhabbat haqida kuylaydimi, bevafo yor haqida qoʻshiq toʻqiydimi yoki tariximiz sahifalarini qalamga oladimi, ularda hamisha hayotga, haqiqatga hamnafaslik sezilib turadi. Satlardagi ravonlik, soddalik va xalqonalik sabab shoir sheʼrlari tezda yodda qoladi.
1998 yili Muhammad Yusufga “Oʻzbekiston xalq shoiri” degan yuksak unvon berildi.
Shoir 2001 yilning 1 avgust kuni 47 yoshida olamdan oʻtdi.
Onamga xat
Men sizni oʻylayman shomu saharda,
Ona, sogʻinsam ham bora olmayman,
Tunlari charogʻon shunday shaharda
Hech kimga koʻnglimni yora olmayman.
Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
Oʻz doʻstim uyiga koʻmildi sevgim,
Kun boʻlib koʻksimni kuydirdi nafrat.
Boshimdan oʻtgani koʻkka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men – zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman…
Mana, men ketyapman tosh yoʻlda koʻzim,
Qadamim moshinlar yoʻrgʻasiga mos.
Yigʻlasam yupatib oʻzimni oʻzim,
Pishqirib qoʻyaman toychoqlarga xos.
Va sizni oʻylayman shomu saharda,
Ona, sogʻinsam ham bora olmasman.
Tunlari charogʻon shunday shaharda
Hech kimga koʻnglimni yora olmasman…
Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib,
Baxtimga hamisha Siz sogʻ boʻling deb,
Sogʻingan oʻgʻlingiz – Muhammad Yusuf.
Onamga
Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Har baloni koʻrib yorugʻ dunyoda,
Toshkanni koʻrmagan bechora onam,
Bolang boʻlib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga oʻgʻil boʻldimmi!..
Garchi bisotingda “bayram” soʻzi yoʻq,
Bilaman, kutasan sandal toʻla choʻgʻ,
Menda yurak deganlarin oʻzi yoʻq:
Men sovgʻa bermagan qiz yoʻq bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga oʻgʻilmi, onam?..
Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yoʻqlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi xavas…
Axir, mening dardim Sheʼr emas faqat,
Men mashhur shoirmas – mashhur beshafqat,
Endi men ham senga oʻgʻilmanmi, ayt?..
Shaʼningga sheʼr bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz choʻkib, qoʻlingni oʻpsin.
Undan ham ulugʻim borligin koʻrsin,
Men uchun ham aziz holingni soʻrsin,
Sensiz gʻarib koʻnglim koʻngilmi, onam,
Endi men ham senga oʻgʻilmi, onam!..
Onajon
Topmoq – yoʻqotmoqdir,
Yoʻqotmoq – topmoq,
Sen soʻlib,
Men yashab,
Toʻlishimga boq.
Sensiz topganimdan
Koʻproq yoʻqotdim –
Sen meni yupatding,
Seni yigʻlatdim,
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay Ona deb,
Kelishimga boq!..
Sogʻinch haqda sheʼrlar
Yozdim oʻzimcha,
Mendan peshonangda
Dogʻlar tizimcha.
Oʻgʻil boʻlmay oʻlay,
Attang, ming attang.
Qiz tugʻsang netardi,
Koʻproq qiz tugʻsang!..
Tirgak boʻlolmadim
Bitta qizingcha,
Uyalmay shoirman
Deyishimga boq.
Joningdan aylanay,
Turgil, jonajon,
Yoʻl qarab boʻldimi
Jigarginang qon?
Boqma koʻzlarimga
Bemajol, xasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta,
Yoʻqotganim senmi
Endi, Onajon?..
Oʻz etimni oʻzim
Yeyishimga boq.
Bilsang yuragimni
Bir alam elar.
Buyursang qoʻlimdan
Kelmaydi nelar,
Ayt,
Pichan yigʻaymi,
Oʻtin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Koʻk agʻdaraymi?..
Itdek oyogʻingga
Suykalgim kelar –
Uchib-uchib, mana
Qoʻnishimga boq.
Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech, deysan.
Endi kech, deysan-da,
Endi kech, deysan.
Yuzimni bosaman
Muzday yuzingga,
Onajon,
Zor qilib ketma izingga!
Oʻlim oldida ham
Gʻamimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Koʻnishimga boq.
Sheʼrim bitdi,
Xayr,
Doʻstlar, xush qoling.
Bedil yashamakka
Oʻrganmang menday.
Boring,
Volidangiz
Koʻnglini oling,
Ertaga
Kech qolib
Oʻrtanmang menday.
Onaizor
Koʻnglim qolsa bulbuldan ham, guldan ham,
Qolar boʻlsam bir kun axir tildan ham…
Agar bir zot yigʻlasa chin dildan ham –
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u…
Sigʻmay qolsam shunday keng bu jahona,
Osmonlarga ruhim boʻlsa ravona,
Jonsiz tanim ustida ham parvona –
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u…
Tonar boʻlsa qoʻlimdagi tor, dunyo,
Uch kun oʻtmay unutgay doʻst-yor, dunyo.
Yeru koʻkni titratib zor-zor, dunyo –
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u…
Gulday kulib yurmasmidi, oʻgʻlim deb,
Koʻrib koʻnglim toʻlmasmidi, oʻgʻlim deb,
Onang oʻlsa boʻlmasmidi, oʻgʻlim deb –
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u…
Koʻnglim qolsa bulbuldan ham, guldan ham,
Qolar boʻlsam bir kun axir tildan ham…
Agar bir zot yigʻlasa chin dildan ham –
Onam yigʻlar, onam yigʻlar, onam u…
Vatanim
Men dunyoni nima qildim,
Oʻzing yorugʻ jahonim,
Oʻzim xoqon,
Oʻzim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolgʻizim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
Oʻzing mening ulugʻlardan
Ulugʻimsan, Vatanim…
Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham oʻzing mehri
Iligʻimsan, Vatanim.
Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan,
Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Koʻringan daʼvo qilgan,
Ming bir yogʻi ochilmagan
Qoʻrigʻimsan, Vatanim.
Sen Xoʻjandsan,
Chingizlarga
Darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachigʻi
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni koʻrgan choʻpon,
Choʻligʻimsan, Vatanim.
Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin – Kurdistonda,
Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qaroligʻ, deb
Yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan toʻqson olti
Urugʻimsan, Vatanim…
Oʻgʻlim desang osmonlarga
Gʻirot boʻlib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar boʻlib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulugʻbeging quchgayman,
Gʻichir-gʻichir tishimdagi
Soʻligʻimsan, Vatanim…
Oʻtgan kuning – oʻtgan kundir,
Oʻz boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qoʻlin bogʻlab,
Dilin dogʻlab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudugʻimsan, Vatanim.
Yoningda qon yigʻlagan bir
Shoiringga qarab qoʻy,
Gar Qoʻqonga yoʻling tushsa,
Detdomlarni soʻrab qoʻy.
Hech boʻlmasa Usmon xokin
Keltirmoqqa yarab qoʻy,
Olislarda qurib qolgan
Qudugʻimsan, Vatanim…
Sen – shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam,
Oʻgʻlim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qoʻynimdagi iftixorim,
Boʻynimdagi tumorim,
Oʻzing mening ulugʻlardan
Ulugʻimsan, Vatanim!
Jayron
Qon yigʻlatdi qaysi bagʻritosh,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh?
Oyogʻingga qoʻyib yotay bosh,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh?..
Yurak qoning toʻkilgan soʻqmoq,
Bagʻri alvon lolaqizgʻaldoq,
Senga toshlar otdi qay gumroh,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh?..
Zor yigʻlading buncha ham hayhot,
Menda ham bor sendagi sayyod…
Ey beozor, ey moʻmin jonzot,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh?..
Bu dunyoning nokaslari bor,
Ezgulikni koʻrolmaydilar.
Meni ham qon yigʻlatdi ular,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh?..
Labim bilan yarang silayman,
Senga dardi shifo tilayman,
Kel, tugʻishgan ogʻang boʻlay man.
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh?..
Biz baxtli boʻlamiz
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qoʻshilib
Yigʻlasharmidik.
Biz baxtli boʻlamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…
Rayhon hidlaringni
Yoʻllarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Koʻkka oy chiqqan.
Faqat,
Yigʻlamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing –
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..
Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
Oʻzing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun
Kokillaridan?..
Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
Oʻrtanma gʻamda.
Gʻiybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorugʻ olamda.
Men esa
Oshigʻing sening –
Eng gʻarib.
Tundan soʻz
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
Ista,
Tiz choʻkaman
Hozir oldingda.
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
Biz baxtli boʻlamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!
Mening dardim
Tuzalmaydi dardim mening,
Oʻlsam kerak.
Tuproq bilan ogʻa-ini
Boʻlsam kerak.
Oʻlim nima? Bu ham bitta
Sayr, Ona.
Oʻgʻling qaro yerga ketdi,
Xayr ona…
Tuzalmas bu dardim mening,
Umidim yoʻq.
Xira shamdek koʻzlarimda
Soʻnmoqda choʻgʻ.
Choʻgʻ nimadir? Choʻgʻ ham tutab,
Kul boʻladi.
Inson bir kun oʻz mayliga
Qul boʻladi…
Yuragimni tamom qildim,
Yigʻlayverib.
Huzurimda ajal turar,
Qoshin kerib.
Men hayotda oʻlimga tik
Boqib oʻsdim…
Qani menga atalgan joy,
Ketdik, doʻstim!
Lolaqizgʻaldoq
Shavkat Rahmon xotirasiga
Mendan nima qolar:
Ikki misra sheʼr,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan
Nima desa der,
Men seni oʻylayman
Oʻzimdan koʻproq –
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Men ketsam, yomondan
Yiroq boʻl, ohu,
Chunki sen chiroyli,
Koʻrkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi boʻlar-u,
Yomon odam yaxshi
Boʻlmas hech qachon…
Yasha chegarada
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Uyda yotibman-u,
Sezib turibman,
Koʻkda ketayotir
Qushlar qaytishib.
Xayrlar yogʻdirib
Qanotlaridan,
Xasta shoiriga
Vido aytishib.
Bor, mening uchun ham
Ularga qoʻl qoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Ularni men yana
Koʻrarmanmi-a,
Ayvondan odamdek
Kuzatolmadim.
Kuz. Toʻylar boshlandi.
Yuragim pora –
Bitta qizimni ham
Uzatolmadim…
Demak, taqdir ekan
Toʻy koʻrmay oʻlmoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Biroq, koʻnglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga
Odam toʻladi.
Hali toʻylar qilib
Charchaysan, erkam,
Mening qizlarim eng
Baxtli boʻladi!
Kelinlar koʻylagi
Ruhimday oppoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr yetmas,
Kimga mol-dunyo,
Menga esa havo
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
Oʻliklar uygʻoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Koʻksim kuyib borar,
Koʻkrak yonmoqda,
Ayting doʻxtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism oʻz ulfati –
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Buni hayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun soʻlasan.
Qalbimda-ku, faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
Oʻzing boʻlasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira – bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
Gʻam kelsa boshingdan
Hushing uchmasin.
Xudodan soʻradim:
Mendan keyin hech
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qoʻlida
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Koʻksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Jon soʻnggi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men boʻlsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni oʻpib, Oʻshni
Quchoqlab oʻlsam!..
Oʻtinchim – tepamda,
Yigʻlama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizgʻaldoq!
Xavotir
Qoʻrqaman, ertaga men oʻlib ketsam,
Yotar boʻlsam qumga botib koʻzlarim,
Koʻnglimni koʻchkiday bosadi bir gʻam –
Yigʻlashni ham bilmas mening qizlarim…
Eng yaqin doʻstlarim gʻiybatim qilar,
Eng zaif dushmanim ustimdan kular.
Ular-ku, ne qilsa oʻzlari bilar,
Yigʻlashni ham bilmas mening qizlarim…
Shoir oʻlsa kim ham kuyinar deysiz,
Madhiyaboz hozir suvarakday koʻp.
Ular misli qishda tarnovdagi muz,
Barmoq tegsa yerga toʻkilar toʻp-toʻp…
Tildan qolsam koʻzda qotib yoshlarim,
Koʻnglimdan boshqa bor axir, ne zarim?
Yerlarga egilgan kuni boshlarim,
Yigʻlashni ham bilmas mening qizlarim…
Ular yosh. Oʻlimdan qoʻrqaman yomon,
Chunki, dardiga hech quloq solmadim.
Qabrimning ustida yigʻlasin debon,
Qizlarim koʻzyoshin asray olmadim!
Sevgi bu…
Sevmoq bu –
Kechirmoq degani asli,
Toki bu dunyoda quyosh bor, gul bor.
Yalpizlar gullagan shu bahor fasli,
Sodiq hamdam boʻlgin sen menga, dilbar.
Gʻiybatlar tingladim, aylandi boshim,
Hoʻl tuproq kuydirdi tovonlarimni,
Va mana men uyda koʻnglimni yulqib
Koʻmdim beor doʻstdek gumonlarimni.
Oʻylar suraverdim kechalar tanho,
Goho, jiqqa yoshga toʻlganda koʻzim.
Va seni sevmoqdan oldin bir kuni
Dildan sevib qoldim oʻzimni oʻzim…
Sevmoq bu – oʻzingni anglamoq asli,
Toki zamin aro quyosh bor, gul bor.
Rayhonga koʻmilgan shu bahor fasli,
Sadoqatli yor boʻl sen menga, dilbar.
Sevgilim, men seni sevaman, tamom,
Gʻamgin koʻzing, hadik toʻla koʻzingni.
Sevmoq bu – kunda bir koʻrmoq baxtidir
Ozgʻin qoʻllaringni, sepkil yuzingni…
Hazil
Mening haqimdagi gʻiybatlar yolgʻon,
Ixtiyor oʻzimda boʻlsa qaniydi.
Sharob ichish menga Xayyomdan qolgan,
Ichmasam, ul zotning koʻngli ranjiydi.
Oʻzim boshladimmi, oʻzim qilgum bas,
Doʻstlarim behuda zavolim izlar,
Agar qirqqa kirmay oʻlsam, may emas,
Meni xarob etgan bevafo qizlar!..
Sodda Muhammadman
Sodda Muhammadman,
Sodda Muhammad.
Turkman qizni maqtab baloga qoldim.
Koʻylagiga havas qilgandim faqat,
Toabad tuganmas gʻavgʻoga qoldim…
Nedan ranjidingiz, jon singillarim,
Qaboqlar uyuldi, chimrildi qoshlar.
Turkman tushunmay tosh otsa, chidadim,
Ammo yomon botdi siz otgan toshlar.
Yorugʻ dunyoda-ku bari qiz goʻzal,
Millat tanlamas-ku husn degani,
Nigohim Jayhundan sakrab oʻtsa sal,
Qaydan bilay sizga malol kelganin.
Yurtim suluvlari, sizga yoʻq taʼrif,
Qoshingizda oʻsma yursa sirgʻalib,
Uzun sochingizni oʻrsangiz tarab,
Boqsa degan edim oy ham suqlanib.
Asli turkman qiz bir bahona, xolos,
Izlaganim edi sizlar kabilar,
Qoʻmsaganim hayo – momomlarga xos,
Sogʻinganim edi Kumushbibilar…
Yonsam, hajringizda mening yonishim,
Kuysam, siz tufayli koʻnglimdagi choʻgʻ,
Turkman qizlarda yoʻq mening tanishim,
Qalinga tuyam ham tushib qolgan yoʻq!
***
Sen kimni sevasan,
Ul ofati qiznimi yo
Beshikdagi oʻgʻlingni?..
Koʻzlaringni uzolmaysan beshikdan,
Undan esa koʻnglingni…
Salom!
Kimdir kirib kelar eshikdan,
Yoʻrgab qoʻyar beshikdagi oʻgʻlingni.
Yoʻrgab qoʻyar eshikdagi koʻnglingni,
Tergab qoʻyar eshikdagi koʻnglingni.
Sen kimni sevasan?
***
Hakamlarga toʻkib solib bor sirimizni,
Ajralishdik, biz tushunib bir-birimizni…
Meni esa qiynar edi boʻlak gʻam,
Sanogʻi yoʻq tomoshabin ichra men,
Yaxshi-yomon, xolis-xudbin ichra men
Koʻrib qolgan edim oʻz oʻgʻlimni ham.
Yonib turar toychogʻimning koʻzlari,
U bilar haq kimdiru nohaq kim,
Kimniki rost, kimning yolgʻon soʻzlari,
Omon boʻlsa sudya boʻladi oʻgʻlim!
Omon boʻlsa odil hakam boʻlaru
Oʻzi bir kun sud hukmini toʻldirar.
Zal burchida esa bundan bexabar
Oq soch onam oʻltirar,
Oqlovchiga moʻltirar…
Manzara
Bedapoya toʻridagi juftin qidirib,
Sayray-sayray jimib qoldi bedana dilgir.
Suvsumbulni vaʼdasiga koʻmib, koʻndirib,
Oʻynatgani olib ketdi ipmoq qaygadir.
Qir tomondan poda qaytib kelarkan qator
Kumush sohil boʻylariga changlar yastanib,
Qishloqning eng chekkasidan bahaybat chinor
Ufq tarafga qarab qoʻydi xavotirlanib.
Quyosh osmon etagiga osilib, mana,
Bir xoʻrsinib koʻzdan gʻoyib boʻldiyu keyin –
Qoʻshni qizning havasini keltirib yana
Tolkoʻchaga suv sepishni boshladi kelin…
Qushlar ham yigʻlar
Terlar oqdi suv boʻlib bizdan
Va gursillab yiqildi terak…
Aka, bizning qilmishimizdan
Tunda qushlar yigʻlasa kerak.
Ona chumchuq aylanib ketmas,
Koʻngliga qil sigʻmasa kerak.
Eski indan tashib borib xas,
Yangi inda yigʻlasa kerak.
Baland boʻlar uyimiz togʻdek,
Ayvonida ustun ul terak.
Biz yasharmiz, koʻnglimiz chogʻdek,
Shunda qushlar yigʻlasa kerak…
Ruh toʻtisi
Bosh bir kun tosh yostiqqa yetar,
Ruh toʻtisi tanni tark etar.
Deydilar, yosh tanlamas ajal,
Xudo bilar, kim oldin ketar…
Oftob yelib tolsa koʻk uzra,
Unga osmon sandigʻi hujra.
Haqdan hukm, bandadan ijro,
Xudo bilar, kim oldin ketar?!
Pok dilingni kemirdi hasad,
Qadamingda topding aziyat.
Doʻstim, menga qilma vasiyat,
Xudo bilar, kim oldin ketar.
Aso tutmish qancha qaddi dol,
Men bir kuchga toʻlgan navnihol,
Otam meni koʻmar ehtimol…
Xudo bilar, kim oldin ketar.
Koʻzim koʻkda, sizda xayolim,
Jujuqlarim – mening kamolim!..
Gʻanimatmiz, jufti halolim,
Xudo bilar, kim oldin ketar!..
***
Tanish terak. Ariq yoqasi.
Boʻtana suv, shirin loyqa suv.
Tol koʻchada otlar taqasi,
Qancha boʻldi koʻrmaganimga…
Yalpiz hidi tutgan dalalar,
Gapga chechan boqchaxolalar,
Belanchakda yotgan bolalar,
Qancha boʻldi koʻrmaganimga.
Togʻ ortidan moʻralagan kun,
Shiyponlardan oʻrlagan tutun,
Tut shoxiga osilgan tugun…
Qancha boʻldi koʻrmaganimga.
Oʻqariqdan yolgʻizoyoq yoʻl,
Menga ilhaq, menga mushtoq yoʻl,
O, qadrdon bir juft qadoqqoʻl,
Qancha boʻldi koʻrmaganimga.
Yogʻoch eshik ochilar sekin,
Toshmehrman men juda, lekin
Hozir yigʻlavorishim mumkin –
Qancha boʻldi koʻrmaganimga…
Koʻklamoyim
Ozod Sharafuddinovga
Sochimda oq, men bahordan oʻtindim:
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.
Qor qoʻynida seni qoʻmsab oʻkindim,
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.
Koʻnglimga koʻk binafshalar sochilsin,
Kokiliga tolpopukdan soch ilsin,
Boychechakka borar yoʻllar ochilsin –
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.
Fasl boshi, ham oxiri oʻzingsan,
Majnunlarning yoʻldoshi ham oʻzingsan.
Laylilarning sirdoshi ham oʻzingsan,
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.
Kel-da endi sogʻintirmay odamni,
Sen yoʻgʻingda bir gʻam bosdi yelkamni,
Qorlar kurab koʻmib keldim otamni…
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.
Koʻking bilan kiyintiray dalamni,
Oyoqyalang suyuntiray bolamni,
Oʻzing olgin koʻksimdagi alamni,
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.
Ginam yoʻqdir kuzda ketgan oqqushdan,
Iymanmasin qayta eshik qoqishdan.
Qumri bilan birga chiqdik biz qishdan,
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.
Jon ustida asrab yuray koʻkni men,
Toʻyib-toʻyib koʻzga suray koʻkni men.
Yana senga yetamanmi-yoʻqmi men,
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.
Dil yayrasin dala-dashting yasanib,
Yalpizlaring suv boʻyiga yastanib.
Ikki misra bayt bitay bir maqtanib,
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim!..
Fotima
Mehribon singlimga bagʻishlayman.
Bir bayotim bor edi,
Bir bayotim yoʻq edi.
Bir qanotim bor edi,
Bir qanotim yoʻq edi.
Boʻlding bir qanotim-a,
Fotimajon, Fotima.
Bir qoʻlimda gul edi,
Bir qoʻlimda pul edi.
Biroq eng katta davlat
Men uchun koʻngil edi.
Unga singil topdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Shoir-ku koʻp dunyoda,
Biri biridan mayda.
O, ularning dimogʻi,
Ular qayda, men qayda.
Sarson yomon chopdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Gʻurra-gʻurra soʻz yigʻdim
Boshim yerga tega koʻp.
Sal mashhurman shekilli,
Bugun menga ega koʻp.
Goho sheʼrni sotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Birovlarning nazdida
Shoir narxi arzondek.
Qoʻyib bersang, ustingdan
Pul sochadi xazondek.
Jonni koʻp qonatdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Ular qayda edilar
Men boshlagan kezimda.
Bolamga non topolmay
Yigʻlaganim esimda…
U axir, zuryotim-a,
Fotimajon, Fotima.
Bitta toʻnni yechmasdan
Oʻtdi Oʻtan bobolar.
Bu dunyoga qoʻl silkib
Ketdi Oʻtan bobolar.
Eh, kimni yoʻqotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Toʻn almashsam, tanamni
Kuydiraman, derdi u.
Yangi toʻnni bolamga
Kiydiraman, derdi u.
Aylanay, ajdodim-a,
Fotimajon, Fotima.
Biz bobomiz hikmatin
Goh uqmay, goh uqqanmiz.
Aslida biz bir toʻnning
Etagidan chiqqanmiz.
Ne xayolga botdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Qani endi unday zot,
Toʻrt tomonga chop-chi bir.
Qush hurkimay qoʻlidan
Don yeganin top-chi bir…
Dardlaring qoʻzgʻotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Biz gadoga non bermay,
Qizlarga pul sarflaymiz.
Oqibatsiz – oʻzimiz,
Zamonani ayblaymiz.
Yuragi tosh qotdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Shoirligim goh daʼvo,
Goh koʻrinar mardlikday.
Goh oʻzimcha burgutman,
Goh ojizman kaklikday.
Ichimda faryodim-a,
Fotimajon, Fotima.
Ketdik, deydi har oqshom
Bolaligim moʻralab.
Laylakqorlar yoqqandir
Ulugʻtoqqa boʻralab.
Unga qanday yetdim-a,
Fotimajon, Fotima.
Qoʻynim toʻla gul, ammo
Yulgʻunlarni sogʻindim.
Gulyuzlar koʻp, men yuzi
Soʻlgʻinlarni sogʻindim.
Togʻda yurgan egasiz
Qulunlarni sogʻindim.
Sigir sogʻar saharlab
Kelinlarni sogʻindim.
Nima qilay, oʻshalar
Tushaverar yodima.
Oʻzim oʻtgan koʻchalar
Tushaverar yodima.
Axir senga aytmasam,
Kimga aytay dodim-a,
Fotimajon, Fotima,
Fotimajon, Fotima.
Inshoolloh
Oʻzbekiston, boʻyu basting koʻrsat endi,
Pahlavonim, yetdi senga navbat endi,
Olam uzra hilpirasin abad endi
Sohibqiron Temur tugʻi – yashil bayroq,
Inshoolloh!
Erk degani oʻzi kelib eshik qoqmas,
Jon chekmasang, osmonlardan omad yogʻmas,
Qatoringda botirlaring boʻlsin ogʻmas,
Gurkiragan Alpomishlar oʻtgan tuproq,
Inshoolloh!
Oltin beshik avlodining maskanisan,
Alisherlar, Ulugʻbeklar maskanisan,
Yashnagani – oʻz asliga qaytganisan,
Turon yurtda yonsin qayta soʻngan chiroq,
Inshoolloh!
Alla aytsin ayvoningda uxlar quyosh,
Senga doim imon yoʻldosh, islom yoʻldosh,
Bor boʻlsin shu qirq oʻrim soch, oʻsmali qosh,
Oq yaktagu beqasam toʻn, shohi belbogʻ,
Inshoolloh!
Totuv yurtda yantoq oʻzin togʻ aylagay,
Bir-birini qoʻllagan el kam boʻlmagay,
Bolalari Turkistonni bogʻ aylagay,
Abad yashnar, xazon bilmas endi bu bogʻ,
Inshoolloh!
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim
Qushday uchib quchogʻingdan dunyo kezdim,
Kezib-kezib topganlarim sogʻinch boʻldi.
Qancha olis ketsam shuncha qadring sezdim,
Qayda yursam yodi mehring ovunch boʻldi.
Aylanayin qaro qoshu koʻzingdan-a,
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
Birov uchun birovlar tush koʻrib bermas,
Minnat qilmay bir bogʻ oʻtin oʻrib bermas.
Bayramingda oylab bazm qilgan kaslar
Boshingga ish tushsa turib bermas.
Nomus kuyi tushmasin hech boʻgʻzingdan-a,
Oʻzingdan koʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
Erk vodiysi – zahmatlarga siylovdir bu,
Toy qoqilib ot boʻlguvchi yaylovdir bu,
Ranj chekmasang nurli, nurli tonglar qayda
Sinovdir bu, balki buyuk sinovdir bu.
Bosh ketsa ham qaytma endi soʻzingdan-a,
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
Boldan shirin tatir qora bugʻdoying ham,
Oʻzingdan boʻlsa gar shohu gadoying ham.
Bir tanu jon, bir-biringdan rozi yursang,
Xudoyim ham sendan rozi, Xudoyim ham.
Gohi ipak, gohi yaktak, boʻzingdan-a,
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
Er boshiga ish tushsa oʻt kechguvchidir,
Chidaymiz-da, bu zahmatlar oʻtkinchidir.
Hurliging haq – qolgan bari oʻtaversin,
Bu dunyoda eng yorugʻ baxt – el tinchidir.
Ayirmasin beminnat non, tuzingdan-a,
Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim, oʻzingdan-a.
https://saviya.uz/ijod/nazm/muhammad-yusuf-sherlaridan/