Muhammad Yoqubbek – Xitoydagi Yettishahar davlatining Pskentlik hukmdori (1-maqola)


Post Views:
512

Turkiston xalqlari tarixida o‘chmas iz qoldirgan siymolardan biri Muhammad Yoqubbek Badavlatdir (1820–1877 yy.).

Muhammad Yoqubbek XIX asrning ikkinchi yarmida Qo‘qon xonligi va Sharqiy Turkiston hududida katta harbiy tashkilotchilik ishlarini olib borgan atoqli sarkarda va davlat arbobi sifatida mashhur bґlgan. U manbalarda turlicha, jumladan, «Muhammad Yoqubbek», «Yoqubbek Badavlat», «Otaliq G‘oziy», «Qushbegi» kabi nomlar bilan qayd etilgan.

Muhammad Yoqubbek 1820 yilda Toshkent viloyatining Pskent tumanida Mullo Latif (ba’zi manbalarda Ismatullo) oilasida tug‘iladi. Ayrim tarixiy manbalarda yozilishicha, Yoqubbekning bobosi asli Qorategindan bo‘lib, Samarqand yaqinidagi Dahbedda ta’lim olgan. Muhammad Yoqubbek tug‘ilgan paytda uning otasi Qo‘qon hukmdori Olimxon (1798–1810) tomonidan Andijonning Kapa qishlog‘iga surgun qilingan edi. U Olimxon vafotidan keyin yana Pskentga qaytadi va shu yerda vafot etadi. Otadan yosh yetim qolgan Muhammad Yoqubbek amakisi, (ba’zi tarixchilar yozishicha, tog‘asi) Pskent qozisi Shayx Nizomiddinning qaramog‘ida qolgan. Ammo Muhammad Yoqubbek amakisining oilasida qolishni istamay, choyxonalarda mayda-chuyda ishlar qilib yuradi. Uning bu ishlari Shayx Nizomiddinning obro‘yiga ma’qul bo‘lmaydi. Binobarin, amakisi Muhammad Yoqubbekni tez orada Toshkentga olib borib, Beshyog‘och dahasidagi bir to‘quvchiga shogirdlikka beradi. Lekin Yoqubbekni to‘quvchilik qiziqtirmaydi va tez orada yana Pskentga qaytib, bu yerdagi mingboshi Gadoyboy xizmatiga kiradi. O‘smirlik yillari Yoqubbek o‘zining tengqurlari orasida jismonan baquvvat, dovyurak va aqlliligi bilan ajralib, harbiy ishda uning alohida salohiyati ko‘zga tashlanib turgan. Keyinroq Xo‘jand begi Muhammad Karim Qashqariyning xizmatiga o‘tadi. Ammo bir vaqtlar Buxoro amiri Nasrulloxonning xizmatida bo‘lgani bois, Muhammad Karim Qashqariy 1843 yili Xudoyorxonning qaynotasi Musulmonqul tomonidan o‘ldirilgan. Muhammad Karim Qashqariyning odamlari tarqalib ketadi, Muhammad Yoqubbek esa Toshkent hokimi Azizbek huzuriga borib, uning qo‘shinida yigit (otliq askar) bo‘lib xizmat qila boshlaydi. Ayni paytda Muhammad Yoqubbekning amakisi Nizomiddin Pskent qoziligidan Toshkent qoziligi lavozimiga o‘tkazilgan. O‘zaro urushlar oqibatida Azizbek Toshkent hokimligidan olinib, o‘rniga Normuhammad keladi (Bu tarixiy voqyealar «O‘tgan kunlar» asarida ham aks etgan). Normuhammad qushbegi Muhammad Yoqubbekning singlisiga uylangach, uning mansab-martabasi oshib borgan. 1845 yili Yoqubbek poytaxtga, ya’ni Xudoyorxon saroyiga xizmatga o‘tadi. Harbiy mahorati va jasurligi uchun xonning xos soqchisi etib tayinlangan. Qisqa vaqt ichida Muhammad Yoqubbek ellikboshi, yuzboshi, ponsatboshi kabi lavozimlarga ko‘tarilgan.

1847 yili Yoqubbek Ziyalik ismli qipchoq qiziga uylanib, mazkur xotinidan uch nafar o‘g‘il farzand (Xudoyqulibek, Bekqulibek va Haqqulibek) ko‘radi. Qipchoq qiziga uylanishi Yoqubbek mavqyeining oshishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Keyingi bir necha yil ichida u Chinoz, Avliyo-ota (hozirgi Jambul), Oqmasjid kabi qal’alarga hokim qilib tayinlangan.

Muhammad Yoqubbek va Oqmasjidning ishg‘ol qilinishi

Ma’lumki, Chor Rossiyasi 1852 yildan Qo‘qon xonligi hududlariga harbiy yurish boshlagan. Bu yurishlarda dastlabki nishon Qo‘qon xonligining shimoli-g‘arbiy chegarasida joylashgan Oqmasjid qal’asi bo‘lgan. Bu paytda Oqmasjid qal’asi begi Muhammad Yoqubbek edi. Fidoyi sarkarda Rossiya imperiyasi qo‘shinlarining Oqmasjidga va keyingi yillardagi Qo‘qon xonligiga bostirib kirishini oldindan bilgan. 1847-1848 yillar Xiva xonligiga qarashli Jonxo‘ja va Xo‘ja Niyoz qal’asi rus askarlari tomonidan zabt etilgach, Muhammad Yoqubbek Xudoyorxondan Oqmasjid mudofaasini mustahkamlash uchun madad so‘raydi. Ammo zarur yordam ololmagan. Oqibatda, 1850 yili Qo‘qon xonligiga qarashli Qo‘shqo‘rg‘on, Kumushqo‘rg‘on va Chimqo‘rg‘on rus askarlari tomonidan bosib olinadi.

Muhammad Yoqubbek yuqorida aytilgan qal’alardan 1700 nafar askar to‘plab, jangga kirdi. 1851 yili Sibir kazaklaridan tarkib topgan, zamonaviy qurollangan askarlar To‘ychibek qal’asini vayron qilib, mayor Engman boshchiligida Oqchabuloq yaqinidagi Muhammad Yoqubbek lashkarlari bilan to‘qnashadi. Bu jang haqida tarixchi olim H. Ziyoyev shunday yozadi: «Dastlab, qo‘qonliklar hamjihatlik bilan rus askarlarini ancha siqib qo‘ydilar. Ammo qattiq o‘q yomg‘iri ostida ularning piyoda askarlari tarqalishga majbur bo‘ldi. Faqat qo‘qonliklarning otliqlarigina ruslarga qarshi hujumni davom ettirib, nayzabozlik qildilar. O‘zaro otishmalar to qorong‘i tushguncha davom etdi» (Ziyoyev H. Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash. – T., 1998. – B. 94-95 ).

Rossiya imperiyasi qo‘shinining general-ad’yutanti A.Perovskiy Oqmasjid qal’asi haqida shunday deb qayd etgan: «Bu qal’a Qo‘qon xonligida Sirdaryoning quyi oqimidagi eng muhim qal’alardan hisoblanib, bir necha hujumlarni mardonavor qaytargan va yengilmasligi bilan shuhrat qozongandir».

Birinchi marta rus qo‘shinlariga qarshi mardonavor jang qilgan Muhammad Yoqubbek o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Orqaga chekinib, Oqmasjid qal’asini harbiy istehkomga aylantirdi. Rossiya imperiyasi qo‘shinlari 1852 yilda polkovnik Blaramberg va graf Perovskiy boshchiligida Oqmasjidga hujum uyushtirdilar. Lekin bosqinchilar Oqmasjid qal’asini bir oy qamal qilib, oxiri mag‘lub bo‘lgan. Mudofaachilar dushman hujumlarini mardonavor qaytarib, bosqinchilarni chekinishga majbur etishgan.

Rossiya imperiyasi qo‘shinlari bir yillik tayyorgarlikdan keyin, 1853 yilning yozida 17 ta to‘p, 3000 nafar zamonaviy qurollangan askar bilan Oqmasjidni yana qamal qildilar. Tarixiy hujjatlardan ayon bo‘lishicha, 1853 yilda Oqmasjid qal’asi himoyachilari 300 kishidan iborat bo‘lib, shulardan 100 tasini otliqlar tashkil qilgan. Qal’a himoyachilari ixtiyorida bir oyga yetadigan oziq-ovqat zaxirasi, Qo‘qon va Toshkentda yasalgan 3 ta to‘p va 20 ga yaqin eskirgan qal’a to‘plari bo‘lgan. Qal’a devorlariga hujum qiluvchilarning ustiga tashlash uchun og‘ir g‘o‘lalar osilgan.

Oqmasjid rus askarlari tomonidan bosib olingach, Qo‘qon xonligi va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan.

Ruslarning Oqmasjidga qilgan 1852 yilgi muvaffaqiyatsiz hujumi vaqtida u yerda Muhammad Yoqubbek qo‘mondon edi. Bir yildan so‘ng, 1853 yildagina rus qo‘shinlari Oqmasjid qal’asini egallashga muvaffaq bo‘lgan.

Shunday savol tug‘iladi: sarkarda Yoqubbek Oqmasjid mudofaasida mag‘lubiyatga uchrab, qal’ani dushmanga topshirganmi? Yo‘q. Sarkarda boshchiligidagi himoyachilar dushman hujumlarini mardonavor qaytarib, bosqinchilarni chekinishga majbur etib turgan bir paytda, ya’ni 1852 yilning 9 oktyabrida Toshkent va Qo‘qonda mash’um «Qipchoq qirg‘ini» yuz beradi. Bu voqyea qipchoq qiziga uylangan Muhammad Yoqubbek faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng taassuflisi, xonlikdagi ichki siyosiy taloto‘plar natijasida asosiy masala – tashqi dushman xavfi va yurt mudofaasi masalasi deyarli e’tiborsiz qoladi. Bu haqda «O‘tkan kunlar» asarida muallif Yusufbek hoji tilidan shunday yozgan: «…Birodarlar! O‘rus ichimizdan chiqadirgon fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qo‘r to‘kib yotibdur. Shunday mahshar kabi bir kunda biz chin yovga beradurgon kuchimizni o‘z qo‘limiz bilan o‘ldirsak, «Sen falonsan», deb qirilishsak holimiz ne bo‘ladir… Siz o‘z qipchog‘ingiz uchun qabr qazigan fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadilar. Biz qipchoqqa qilich ko‘targanda, o‘ris bizga to‘p o‘qlaydur…»

Ana shunday murakkab bir vaziyatda Toshkent hokimi Normuhammad qushbegi Muhammad Yoqubbekni Toshkentga chaqirtirib olib, o‘ziga botirboshi qilib tayinlaydi. Normuhammad qushbegi o‘z mansabidan chetlashtirilib, Qo‘qonga chaqirilgan paytda Yoqubbek ham u bilan Qo‘qonga qaytgan. Keyinroq Muhammad Yoqubbek Xo‘jandga bek qilib tayinlanadi. Afsuski, bu ko‘chishlar va lavozimdagi o‘zgarishlar ham silliq kechmaydi. Betinim fitna-fasodlar, tarafkashlik, ilmsizlik, g‘ofillik va johiliyat avjiga chiqqan davrlar edi. Muhammad Yoqubbek Xo‘jand begi vazifasida turgan vaqtida, uning ustidan bo‘hton uyushtirishadi. Xudoyorxonga, go‘yo Muhammad Yoqubbek unga qarshi O‘ratepa hokimi Rustambek bilan birga isyon qilmoqchi, degan xabar kelgan. Xudoyorxon ularni tutib, tezda Qo‘qonga keltirishini buyurgan. Ammo qo‘lga olingan Muhammad Yoqubbek kechasi arqonni tishi bilan uzib, Sirdaryodan o‘tib, Buxoroga ketadi. Bu yerda bir necha yil vaqtini o‘tkazgan.

Ana shunday murakkab paytda, sarkardasiz qolgan va atigi 300 ta himoyachisining barchasi tengsiz jangda halok bo‘lgandan keyingina, dushman Oqmasjidga kira olgan…

Toshkentni himoya qilish

Xudoyorxon taxtga o‘tirgan vaqtida hali yosh bo‘lib, davlat ishlari asosan uning qaynotasi Musulmonqul qipchoqning qo‘lida edi. Musulmonqul xonlikda qipchoqlarining ta’sirini kuchaytirib yuborgan. U Xudoyorxonni doimo Toshkent bekligiga qarshi qayrab turgan. Normuhammad bundan qattiq norozi bo‘ladi. Normuhammad qushbegi unvoni bilan Toshkentga hokim etib tayinlanganidan so‘ng, Xudoyorxonga bo‘ysunishdan bosh tortgan. Natijada, Musulmonqul Xudoyorxon bilan Toshkentga qo‘shin tortib borgan. Lekin bu qo‘shin Toshkentga yaqinlashganda, Andijonning Ketmontepa mavzeida qaroqchi to‘dalar paydo bo‘lganligi haqida xabar kelgan. Musulmonqul Xudoyorxonni Toshkent yaqinida qoldirib, bir qism askar bilan Andijonga ketadi. Normuhammad esa Xudoyorxonga qimmatbaho sovg‘a-salomlar berib, u bilan yarashib oladi. Ayni paytda Xudoyorxon Musulmonqul ta’siridan qutilish maqsadida qipchoq qavmini xonlikdan quvg‘in qilgan. Shu jumladan, Musulmonqul ham tutilib, dorga osiladi.

Xudoyorxon Musulmonqul nazoratidan qutulgach, o‘z xohishicha ish ko‘ra boshlaydi. U davlat ishlariga ahamiyat bermay qo‘yadi. Xonlikning turli viloyatlarida isyon alangasi kuchaydi. Ayniqsa, 1858 yilgi qozoqlar qo‘zg‘oloni keng tus oldi. Xonlikda ichki vaziyat ham juda keskinlashib ketdi: Qo‘qon–Buxoro o‘rtasidagi urushlar davom etdi. Ana shunday siyosiy boshboshdoqlik sharoitida Qo‘qon xonligi taxti bir necha marta qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi. Nihoyat, Qo‘qon xonligining yirik amaldorlaridan biri Alimquli mingboshi Mallaxonning o‘g‘li Sulton Sayidni xon etib, Qo‘qon taxtiga o‘tqazadi. O‘zi esa, «Amirlashkar» unvoni ostida harakat qiladi.

Muhammad Yoqubbekning harbiy sarkardaligini yaxshi bilgan Sulton Sayid uni Buxorodan chaqirtirib oladi. Muhammad Yunus Toyib, «Tarixi Alimquli amirlashkar» asarida yozishicha, Muhammad Yoqubbek Alimqulining yaqin kishisiga aylangan va unga yaxshi xizmat qilgan.

General Chernyayev Chimkentni egallab, Toshkentga hujum boshlashni ko‘zlab turgan vaqti edi. Ayni vaqtda Alimquli mingboshi Toshkent hokimi Normuhammadni olib, o‘rniga Mirza Ahmadni hokim etib tayinlagan. Chernyayev Toshkentni oz muddat qamal qilib, orqaga chekinadi. Bu harbiy hiylani tushunmagan Toshkent hokimi Mirza Ahmad «ruslar qochyapti», deb o‘ylab, ularning orqasidan quvlab borgan. Chernyayevning qo‘shini esa, bundan foydalanib, Mirza Ahmad qo‘shinini qirib tashlaydi. Bundan jahli chiqqan Alimquli Muhammad Yoqubbekni chaqirib, «Siz Toshkentga, Mirza Ahmad beaql qoshiga borib, xabardor bo‘ling, minba’d mundog‘ majnunlik va ahmoqlik qilmasin. Mabodo, Rusiya askari Toshkentga kelsa, shikast va xazina topib, to‘pi qo‘rg‘ondan tashqariga chiqmasin. Qo‘rg‘onni saqlasa kifoya, deb, ko‘p ta’kid etib jo‘natdi» (Muhammad Yunus Toyib. O‘sha asar. – B. 218). Bir necha kundan so‘ng, Chernyayev yana Toshkentni bosib olishni ko‘zlab, yo‘lga chiqdi. Uning yo‘lga chiqishining aniq sanasi 1864 yilning 27 sentyabrida bo‘lib, 8 rota, 100 nafar kazak, 12 zambarak, 1500 askar va 400 qozoq militsiyasi bilan Toshkentga jo‘nagan (Ziyoyev H. Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash.-T., 1998. – B.143). 1864 yilning 1 oktyabrida Chernyayev Toshkent shahrining sharqiy tomonidagi Darvishak qopqa degan joyga yetib keladi. Rus harbiylari bu yerda Anhor suvidan o‘tib, Chinobod va Hoja Ahror vaqf yerlari, ya’ni Oqqo‘rg‘on orqali shaharga yaqinlashib, Qo‘qon yo‘lida joylashadilar. Dushman kelayotganidan boxabar shahar aholisi devor ustida jangga tayyor turgan edi. 1864 yilning 2 oktyabrida ikki tomondan to‘plardan o‘q uzildi. Polkovnik Obux 2 rota va 4 to‘pi bilan shahar devorni teshishga muyassar bo‘ldi. Ammo shahar aholisi tinmay jang olib bordi. Natijada, rus askarlari chekinishga majbur bo‘ldi. General Chernyayev shahar atrofidagi zovur bo‘yida sharmandalarcha mag‘lub bo‘ldi. 4 oktyabr kuni u o‘z qo‘shiniga Chimkentga qaytishga buyruq berdi.

Amirlashkar Alimquli bu paytda Qo‘qon qo‘shini bilan Oqjar qishlog‘idan o‘tib, azim Sirdaryodan kechib, Bobodarxonga qo‘nadi. Kechga yaqin Toshkentdan elchi kelib, rus askarlari yengilganini aytadi. Bu haqda Muhammad Yunus Toyib shunday deydi: «Bobodarxonda amirlashkar va men ikkavlon sho‘rbo ichib turgan vaqtda, Yusuf Qashqariy degan yigit: «Toshkentni Chernayef jondorol (general demoqchi, muallif) Rusiya askari bilan kelib qamab, qo‘rg‘onga yugurdi va janobi (Yoqubbek) Badavlat ko‘p g‘ayrat va shijoat ko‘rsatdi. Rusiyo askarlari shikast topib qaytdi», degan mazmunda ariza olib keldi. Amir lashkar «Qo‘rg‘ondan hargiz chiqmanglar, deb bata’kid inoyatnoma birla bu odamni qaytarib yubordi» (Muhammad Yunus Toyib. O‘sha asar. – B. 218).

Shundan so‘ng Alimquli o‘z qo‘shini bilan Kandir dovoni orqali Kelov manziliga, undan so‘ng esa, To‘qaytepaga va u yerdan Toshkentga kirib keldi. Toshkentning Mingo‘rik mavzeida ikki kun turib, butun Toshkent ahlini bu g‘alabasi bilan qutladi.

Sherali QO‘LDOSHEV, tarix fanlari nomzodi.
Baxtiyor HAYDAROV, jurnalist.

davomi bor

Manba

https://shosh.uz/uz/muhammad-yoqubbek-xitoydagi-yettishahar-davlatining-pskentlik-hukmdori-1-maqola/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x