Muhammad Sharif Buxoriy (XVII asr)

Muhammad Sharif ibn Muhammad al-Husayniy al-Alaviy al-Buxoriy (vafoti – 1697 yil) al-Mavlaviy laqabi bilan mashhur boʻlgan olim XVII asrdagi Movarounnahr mutafakkirlarining yorqin namoyandalaridan biridir. U oʻz ijodida yolgʻiz falsafaga oid bilimnigina emas, balki tarix, sheʼriyat, huquq, tilshunoslik kabi sohalarni ham qamrab olgan. Uning bizgacha yigirmadan ortiq asari yetib kelgan va ulardan “Ar-risola ad-davriyya” (“Davriylik haqidagi risola”) asari Buxoroda yozilgan. Bitilgan yili nomaʼlum. Qoʻlyozmasining bir nechta nusxalari mavjud. Shulardan biri “Risolatu istilzami davr min tasalsul” (“Davriylikning muttasillikka zaruriy tobeʼligi haqida”) risolasidir.

Risola nihoyalik va benihoyalik masalalariga bagʻishlangan. Muallif bu masalani yuqoriga yuksaluvchi aylanma harakat koʻrinishidahal qiladi. Olimning tasavvuricha “yuqorida turuvchi” va “quyida turuvchi” degan bosqichlar mavjuddir.

Izchillik zanjiridagi yuksaluvchi aylanma bosqichlarning uzluksiz qaytarilishi muallifning fikricha, cheksizlikka olib keladi. Shunday qilib, uzluksiz yuksalish zanjirining sharti doiraviy izchillik bilan bogʻlangan nihoyalik bosqichlarning cheksiz qatori hisoblanadi. Muallif bu bilan qanoatlanmaydi. U oʻz salaflari bilan yuqorida turuvchi bosqichning quyida turuvchi bosqichdan sifat oʻzgarishlari haqida gʻoyibdan munozara qiladi.

Uning yana bir asari “Takammule at-tatimme” (“Takmilning toʻldirilishi”). Asar Yusuf Qorabogʻiyning “Tatimmatul havoshi fi izolatil havoshi” (“Noaniqliklarni tuzatishda hoshiyalarning yakunlanishi”) nomli falsafiy asariga toʻldirish, sharh tarzida yozilgan.

Muhammad Buxoriyning falsafiy asarlari sirasiga Sharqda mashhur boʻlgan asarlarga bitilgan hoshiyalar ham kiradi. Bulardan biri “Hoshiyatun ala sharhil aqoid al-adudiyya” (“Adudiyya aqidalari sharhiga hoshiya”) asariga yozilgan hoshiyadir. Asl risola muallifi Adudiddin al-Idjiy nomi bilan tanilgan Adud al-millat va din Abdurrahmon ibn Ahmad ibn Abdulgʻaffor as-Siddiqiy al-Mutaraziy ash-Shibankoriydir. Sunniy mazhabdagi diniy aqidalar haqidagi bu risola muallif oʻlimidan ikki hafta oldin hijriy 13 ramazon 756 (1355 yil, 21 sentyabr) yilda yozilgan.

Keyingi asrlarda koʻplab mualliflar unga sharh bitganlar. Bular orasida XV asrning mashhur faylasufi Jaloliddin Davvoniyning sharhi diqqatga sazovordir. Ana shu sharhga Muhammad Buxoriy hoshiya bitgan. Bu asar ikki bobdan iborat: Davvoniy sharhiga eski izoh, yangi izoh. Ikkala bob muallif tomonidan hayotining ikki bosqichida yaratilgan qoʻlyozma nusxadan koʻchirilgan. Shu nomda koʻrsatilgandan tashqari yana ikki nusxasi mavjud. Qadimgi nusxalari saqlanmagan. Bizgacha XIX asrning 80-yillarida koʻchirilgan nusxalari yetib kelgan.

“Hoshiyai Mavlaviy Sharif bar sharhi tahzib” (“Mavlaviy Sharifning tahzib sharhiga hoshiyasi”)ning toʻliq nomi “Mantiq va kalomning tuzatilishi” boʻlib, qariyb barcha manbalarda u qisqa tarzda “Tuzatilish” (“Tahzib”) deb beriladi.

Risola muallifi oʻrta asr Sharqida mashhur boʻlgan samarqandlik olim – mantiq ilmining bilimdoni Saʼduddin Taftazoniydir. Bu asar Movarounnahr va boshqa oʻlkalarda ham maʼlum boʻlgan, unga olimlar XIX asrga qadar qator sharh va izohlar yozganlar. Keyinchalik XX asr avvallarigacha risolaga sharh va izohlar toshbosmada nashr etilgan.

Muallifning ijtimoiy-axloqiy fikrlarga bagʻishlangan asari “Kitobi favoidi xoqoniyya” (“Xoqonga foydali maslahatlar kitobi”)”deb ataladi. Asarda ijtimoiy hayot va axlokiy muammolarga oid aniq maʼlumotlar yoritilgan. Risolaning “Hukmronlik va shariatga binoan u bilan bogʻliq hamma narsalar haqida” degan bobi quddorning fazilatlariga oid soʻzlar bilan boshlanadi: “Xalif musulmon boʻlmogʻi kerak, oqil, balogʻat yoshiga yetgan, nutq, koʻrish va eshitish qobiliyati boʻlmogʻi lozim. U shariat koʻrsatmalarini bajara bilishi zarur, islom davlati hududlarini gʻayridin va bosqinchilardan asrashi, mazlumlarni zulm va yovuzliqdan himoya qilishi darkor. Agar Xalif ana shu sifatlarga ega va yana xushfeʼl boʻlsa, u vaqtda hukmronlikka loyiqdir”.

Uchinchi qism Xalifning odilligi haqida boʻlib, jumladan muallif bunday deb yozadi: “Podshohlik qilishda adolat ezgulik sanaladi”.

Toʻrtinchi qism isyonkorlar haqida. Muallif ularni shunday taʼriflaydi: “Qurʼon va paygʻambar hadislari asosida hukmronlik qilayotgan odil musulmon shoh bilan haqiqat talashish isyonkorlik hisoblanadi”.

Oltinchi qism soliq, toʻlovlar solish va ulardan shohning foydalanishi haqidadir. Jamiyatning soliq tuzumi haqida qimmatli maʼlumotlar bergani uchun bu qism gʻoyat ahamiyatlidir. Jazolar haqidagi qismda muallif fahsh ishlar bilan shugʻullanish, may ichish, haqorat qilish va hokazolarda ayblanganlarga qarshi jazo belgilash toʻgʻrisida soʻzlaydi.

Faylasufning sheʼriy devoni ham mavjud. Unda shoirning adabiy merosi toʻplangan. Devon turli kotiblar tomonidan XX asrga qadar koʻchirilib kelingan. Bu hol Buxoriy sheʼriyatiga Movarounnahrning yirik shaharlarida katga qiziqish bilan qaralganidan dalolat beradi. Devonni tadqiq etish bir jihatdan olim dunyoqarashini oʻrganishga yordam bersa, ikkinchi tarafdan adabiyotimiz tarixini boyitadi.

Muhammad Buxoriyning arab tilshunosligiga oid asari “Hopgayai Mavlaviy Sharif bar favoidi Ziyoiyya” (“Mavlaviy Sharifning Ziyoiy foydalarga izohi”) deb ataladi. Izohlar “Al-Kofiya” nomli Ibn al-Hojib qalamiga mansub boʻlgan grammatika haqidagi asar sharhiga bitilgandir. Sharh muallifi mashhur shoir va olim Abdurahmon Jomiydir. Sharh Jomiyning oʻgʻli Ziyovuddin Yusuf uchun 1491 yilda tuzilgan va oʻsha davr madrasalarida darslik sifatida qoʻllanilgan. Oddiy xalq orasida “Sharhi mullo” nomi bilan maʼlum boʻlgan. Shunday qilib, Muhammad Sharif Buxoriy oʻtmishda yashab ijod etgan yorqin siymolardan biridir. Olimning asarlarida din, shariat, fiqh, ilohiyot, tasavvufning muhim jihatlari yoritib berilgan. Muhammad Sharif Buxoriy merosini oʻrganish falsafamiz tarixini tadqiq etish sohasidagi ilk qadamdir.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/muxammad-sharif-buxoriy-xvii-asr/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x