Muhammad Hakimxo‘ja qozi kalon (tarixiy hujjatlar asosida)


Post Views:
315

Aziz Toshkandimizni o‘rus bosqinchilari bemisl shafqatsizligu qonxo‘rlik bilan bosib olgan 1865 yili iyun oyida bu shahri azimning qozi kaloni Muhammad Hakimxo‘ja Norxo‘ja eshon o‘g‘illari edi. Sovet davri tarix ilmi mustamlakachilik kayfiyatiga va kommunistik mafkuraga uyg‘un ravishda bu inson sha’nini ham bulg‘ab, shu yo‘l bilan xalqning ko‘zida ulug‘larini obro‘sizlantirish, millatning o‘ziga ishonchini sindirish, g‘ururini poymol etish, o‘z qahramonlaridan ayirib boshqalarni qahramon o‘laroq qabul kildirishdek manfur ishlarni qilgan edi. Emishki, Hakimxo‘ja qozi kalon o‘zi egallab turgan lavozimini saqlab qolish uchun o‘rus bosqinchilariga ona shahri darvozalarini keng ochib bergan, hamisha ularning imo-ishorasi bilan ish tutgan va shu “xizmat”lari evaziga mustamlaka ma’muriyati tomonidan umrining oxirigacha “amonda aziz, to‘rvada mayiz” bo‘lib yashagan va hokazo…

Holbuki, xolis tarixiy manba’lar bu yolg‘on munosabatni tamomila fosh etadi. Arxiv manba’larini, o‘tgan asr vaqtli matbuoti sahifalarini, o‘sha davrlarda bitilib, chop etilgan va chop etilmay qolib ketgan kitoblarni bir-bir varaqlaymiz va beixtiyor barmog‘imizni tishlab qolamiz: bunchalar yolg‘onga, oqni qora, qorani oq deb ko‘rsatishga o‘sha “tarixchi”larning insofi qanday yo‘l qo‘ydi ekan?

Gap Hakimxo‘ja qozi kalonning o‘z lavozimiga munosabati haqida. Bu masalaning tagiga yetish uchun avvalo ul zotning qozi kalonlik lavozimini egallashiga qadargi hayot yo‘lini ko‘zdan bir kechirishning o‘zi kifoya. “Turkiston viloyati gazeti”ning 1890 yil 43-,46-,49-sonlarida o‘zbek va rus tillarida e’lon qilingan tarjimai hol asarida Muhammad Hakimxo‘ja qozi shaxsiyatlariga tegishli nodir ma’lumotlar berilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Sayid Muhammad Hakimxo‘ja eshon asli Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) avlodlaridan bo‘lgan va o‘sha paytdan 450 yil chamasi avval Arabistondan Toshkandga kelib muqim bo‘lib qolgan Xo‘ja Ali shayxning o‘n to‘rtinchi avlodi ekan.

“Sayid Muhammad Hakimxo‘ja eshon o‘zlari 1217 sanai hijriyda (1802 milodiy) olami vujudga kelibdurlar, – deb yozadi gazeta. – Va ilmi fiqh tahsilini hazrati domullo Sultonbiy marhum xizmatlarida va ilmi nahv va ilmi mantiq va ilmi kalomni hazrati domullo Mir Inoyatullo xizmatlarida o‘qub, andin so‘ngra Ho‘kand shahriga borib, ilmi hikmatni va ilmi usulni va ilmi bayonni Ho‘qand shahrida olti yil turub hazrati Zokirxo‘ja eshonkim, Ho‘qand shayxul-islomi va ham Ho‘qand xoni Umarxonni(ng) piri edilar, ul janobni(ng) xizmatlarida o‘qub, tamom qilib fotiha oldilar.

Andin Buxoroi sharifga borib, ilmi hadis va ilmi tafsirni Buxoroda Ko‘kaldosh madrasasining ulug‘ mudarrisi hazrati domullo Mirzo Solih xizmatlarida o‘qub va jam’i ilmi hisobni hazrati domullo Xoja Kalon xizmatlarida o‘qub, ilmi qavvolni tamom qilib, alardin fotiha va ijozat olib, andin so‘ngra ilmi tariqatu yaqin, ya’ni, suluk qilib, ilmi hol hosil qilmoq uchun hazrati qutbultariqat va g‘avsulhaqiqat hazrati xalifa Muhammad Hasan janoblariga murid bo‘lib, to‘qqiz yil ul janobni xizmatlarida turub, ilmi holni tamom qilib, suluki hufiya va jahriyaga ul janobdin irshod olib, ya’ni, xalifalik xat olibdurlar. Ul janob vafot kilg‘onlaridan so‘ng Sayid Muhammad Hakimxo‘ja eshon 1251 yilda (1835) Toshkand shahriga qaytib kelib, ko‘b yillar ota-bobolarining mozorlari ustida bino qilingan madrasada har xil ilmi qavvol va ilmi holni ta’lim berib turmakka mashg‘ul bo‘lib turdilar. Bul muddatda ko‘b odamlar ul janobning xizmatlaridin ko‘b ilmlar hosil qilib, xatm qilib chiqtilar. Ushbu kunlarda Turkiston viloyatida har shaharlarda ul kishidin o‘qub chiqib, mudarris bo‘lub turgan ulamolar ko‘bdur”.

Hakimxo‘ja eshonning Toshkand, Qo‘qon, Buxoro madrasalaridagi eng ulkan ulamolar huzurida salkam o‘ttiz yil mobaynida o‘rgangan ilmlari ko‘lami har kanday odamni hayratga soladi va ko‘p o‘n yilliklar mobaynida buyuk mullo bobolarimizga tuhmat toshlari otgan, madrasalarimizni sxolastika (hayotdan, amaliyotdan ajralgan quruq ilm) maskani edi deb vaysagan nodonlarga eng yaxshi javob bo‘la oladi.

Ilm ko‘plarga nasib etishi mumkin, ammo ilmiga to‘la amal qilish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ilm va amalni o‘zida mujassam etgan kishigina buyuk ibrat namunasi bo‘la oladi. Hakimxo‘ja eshon ana shunday haqiqiy insonlardan edi. Yana gazeta bitiklariga nazar tashlaylik:

“Bir necha martaba Turkiston muzofotining ulug‘ hukumatdorlari ulug mansablarga taklif qildilar. Ul janob ko‘b uzrlar bila bayoni hol qilib, alarni yaxshi so‘zlar bila qabul qildurub, katta mansablarni qabul qilmadilar. Va hech vaqt musulmon zamonida podshohlik majlisiga borgan emaslar. Balki ushbu viloyatlarning podshoh, vazir va hokimlari ul kishini ziyorat qilib, duolarini olmak va nasihat eshitmak uchun xizmatlariga o‘zlari kelur edilar va hamma vaqt alarga rost so‘zni xavf qilmasdin aytib nasihat aylar edilar va hama ulamolarga va mamlakatdorlarga shariat hukmi to‘g‘risida rostlik bilan nasihat berib turar edilar… Hyech vaqt o‘zlarining foydasi uchun rost so‘z bilan nasihat berishdan to‘xtagan emaslar. Har nechuk ko‘ngli qattiq odam ul kishidin yaxshi so‘z eshitib, albatta ko‘ngli muloyim bo‘lgandur va hama odamlar bul xosiyatni ul kishining valiylik quvvatidin deb fahm qilur edilar”.

Hakimxo‘ja eshon hech bir amalga ko‘z tikmay, aksincha, katta-kichik lavozimlardan o‘zini chetga olib kechirayotgan so‘fiyona sokin hayotining yigirma sakkizinchi yili, ya’ni, milodiy 1863 yilda, Qo‘qon xonligidagi toj-taxt uchun kurashlar okibatida Mallaxonning hali balog‘atga yetmagan o‘g‘li Sulton Sayidxon oq namatga o‘tkazilib, xon deya e’lon etiladi, uning taxtga chiqishida hal qiluvchi o‘rin tutgan Alimqul esa “Amirlashkar” unvonini olib, bosh vazirlik lavozimiga ko‘tariladi. Oradan sal vaqt o‘tmay yangi Xon bilan yangi Bosh vazir yonlariga shayxul-islom Sulaymonxo‘ja, qozi kalon Abdulvahhobxo‘ja, askariya qozisi Ziyovuddin maxdum va boshqa eng yirik amaldorlarni olib, xonlikning muhim sarhadlaridan bo‘lgan va o‘rus mustamlakachilari qattiq ko‘z tikib turgan Toshkandga tashrif buyuradilar. Bu yerda butun arkoni davlat Hakimxo‘ja eshonni ziyorat kilishga uning Sebzor dahasiga qarashli Qoziko‘chadagi hovlisiga keladilar. Hakimxo‘ja eshon beistisno hammalarida ajoyib taassurot qoldiradi. Natija shu bo‘ladiki, arkoni davlat va yirik shariat peshvolari o‘sha kuniyoq “muqarrar kildilarki, Sayid Hakimxo‘jani Toshkand shahriga qozi kalon kilib, jam’i tavobe’i va muzofoti bila bul janobni(ng) ixtiyorlariga tobshurmakni”.

Muhammad Aziz Marg‘inoniyning “Tarixi Aziziy” deb nomlangan kitobida tasvirlangan, Qo‘qon xonligida an’ana bo‘lib qolgan qozi lavozimiga tayinlash tartibiga bu o‘rinda rioya qilinmagani ma’lum bo‘ladi. “Tarixi Aziziy”da aytilishicha, qozi yoki mudarris lavozimiga talabgor shaxs poytaxt Qo‘qonga ariza bilan borgan. Xon uning arizasini o‘kib chikqach, olamiyon deb ataluvchi xodimga, olamiyon esa mumayyizga (sinov guruhi xodimiga) yuborgan. So‘ngra qozi kalon, shayxulislom va boshqa yirik din arboblari jam bo‘lib, o‘sha talabgorni har jihatdan imtihon kilib ko‘rishgan. Imtihondan a’lo darajada o‘tgan talabgorgina xon farmoni bilan lavozimga tayinlangan.

Hakimxo‘ja eshonga nisbatan bu qoida istisno qilindi. Mazkur hodisa eshonning ilmiga, taqvosiga, xalq orasidagi obro‘-e’tiboriga berilgan yuksak baho edi. Ammo Hakimxo‘ja eshonni mansab-lavozim qiziqtirmasdi. Amirlashkar Alimqulining o‘zi ul zotni qozi kalonlik lavozimiga ko‘ndirish uchun to‘rt soatcha jon kuydirdi. Natija chiqara olmagach, xonning topshirig‘i bilan shaharning o‘sha vaqtdagi qushbegisi Mirzo Ahmad bir oy oralig‘ida to‘rt-besh marta eshon uyiga shu taklif bilan kelib, har safar quruq qaytdi. Ish shu darajaga borib yetdiki, yaxshilikcha gapga unamay, o‘z aytganimda turib olgan qushbegiga Hakimxo‘ja eshon, gazetada yozilishicha, “…ko‘b qahr va g‘azab bilan qattig‘ muomalar qildilar… Shundoq qattiq so‘zlar eshitsa ham, (qushbegining) ixlosiga futur yetmasdin, ul majlisdin ko‘p xafa bo‘lub chiqib ketdilar”.

Vaqt o‘tib borardi. Xon, amirlashkar va boshqa a’yonlarning bu qadar uzoq muddat Toshkandda qolib ketib, qozi kalon lavozimi masalasini hal eta olmasliklari butun mamlakatni boshqarish ishiga katta zarar keltirishi tabiiy edi. Ahvol nihoyatda murakkabligini his etgan amirlashkar, so‘nggi, hal qiluvchi tadbirni o‘ylab topadi. Shayxulislom boshliq eng katta ulamolarni jamlab: “Bul zamonda shariat ishiga mutasaddi bo‘lub turguvchilar ko‘b beparvolikka ketgan sababdin shariat yo‘liga ko‘b xalal yetdi va ahli Islom ishlariga futur yetdi. Shundoq vaqtda bir odame bo‘lsaki, hama ahli Islom e’tiqodlarida shul kishidin boshqa odam shundoq zamonda mutasaddiyi shariat hukmini kamohiy Xudoyi taolo va Rasulullohni(ng) hukmlariga muvofiq joriy qila olsa deb jazm qilsalar va shul holda o‘shandoq odamni qozi bo‘lmog‘i nimadur va qozilikni qabul qilmasligi nechuk bo‘lur?” deya ulardan shariat hukmini so‘raydi va: “Mundoq holda andoq kishini(ng) qozi bo‘lmoqligi misli namoz o‘qumakdek farz bo‘lur va qabul qilmaslik gunohdur , degan qat’iy shariat hukmini olgach, Hakimxo‘ja eshonni Sulton Sayidxon Toshkand o‘rdasiga taklif etib, o‘sha zo‘r ulamolarga baqamti qiladi: “O‘zingizga ma’lumki, bul to‘g‘rida ushbu lavozimni qabul qilmagingiz qandoq lozimligi va Siz qabul qilmagan holda bir nomunosib odam bul o‘runga o‘ltursa va bul sababdin shariat yo‘liga har nechuk rahna bo‘lsa, hamasiga Siz sabab bo‘lub, gunohiga sherik bo‘lursiz”, deyishadi ular Hakimxo‘ja eshonga.

Shariat hukmining ijrosi har bir musulmonga majburiy ekani yaxshi ma’lum, ammo shunday holda ham Hakimxo‘ja eshon yangi dalillar keltirib, uzr ustiga uzr aytadi. Ulamolar u zotning bu uzrlarini aslo qabul etmaydilar. Maqsadlarida kattiq turib oladilar. “Bul sababdin (Hakimxo‘ja eshonda) muztarlik voqye’ bo‘lub, ko‘b yig‘ladilar va ham alarga dedilarki: “Sizlar Xudoyi taborak va taolo jonibida guvoh bo‘lub xabar berasizlarmuki, shul qozi kalonlik lavozimiga kirishga manga farz bo‘ldi, shul sababdin ko‘ra-bila qozi kalonlikka mansub qilindi, deb”. Ul azizlar javob berdilarki, bizlar hamamiz bul so‘zlarni aytamiz, Xudoyi taolo va Rasuli Xudo hukmlaridin aytamiz, albatta guvoh bo‘lamiz, deb ma’lum qildilar. Ul holda ul janob noiloj qoldilar”.

Salkam o‘ttiz yil ilm-ma’rifat tolibi bo‘lgan, yana shuncha yil dunyo hoy-havaslarini tark etib, ilm-ma’rifatni boshqalarga xolisanlilloh o‘rgatib yashagan bu pokdomon eshon qozi kalonlik lavozimini qabul qilishga majbur bo‘ladi.

Darhol xonning farmoni oliyshoni tantanali ravishda o‘qilib, mislsiz sovg‘a-salomu sarupolar bilan yangi qozi kalonni muborakbod etadilar. “Lekin, – deb yoziladi gazetada, – o‘shal holda ham ul janob xursand bo‘lmasdin, o‘z hollariga ko‘b g‘amgin bo‘lub edilar… bir necha kungacha ushbu lozim ishlarga mashg‘ul bo‘lmasdin turdilar. Va bul fursatda bir kun eshittilarki, qozilardin bir kishini va a’lamlardan bir kishini, bir behuda xiyonatlik ish qilibdur, deb xoni mazkur (Sulton Sayidxon – Sh.Yu.) xizmatlariga yetkurub, mazkur qozi va a’lamni ta’zir qilmoq uchun olib chiqib ketdilar, balki o‘ldurmakka hukm qilibdur, deb eshitib, darhol otlanib, o‘rdaga chiqib bordilar. Ko‘rdilarkim, mazkurlarni o‘ldurmakka hukm kilibdur. Alarni ko‘b izza va haqorat bila o‘rda darvozasidan olib chiqib keladur. Darhol ularni bu yerda to‘xtatib, o‘zlari to‘g‘ri xon va amirulumaro hazratlariga kirib, nasihat qilib, shariat hukmini bayon qilib, dedilarki: “Sizlarga qandoq odam ko‘rsatdiki, katta ulamolarni shundoq behurmat bila ta’ziri o‘ldirmakka buyursin, deb! Va har kim shundoq ko‘rsatgan bo‘lsa, shariatga muxolif, xato ko‘rsatibdur. Shariatda ulamolarning ta’zirlari bo‘lak tariqada bo‘ladur”, deb bayon qildilar. Janobi xon va amirul umaro qabul qilib, bul janobni(ng) o‘zlariga tobshurdilar: “Shariat qandoq buyursa, ixtiyor Sizgadur”, deb. Bul ikki katta ulamoni o‘lumdin xalos qilib olib chiqtilar. Bul hodisadin so‘ngra filjumla ko‘ngullari xursand bo‘lub, bul ishga mani aralashganimda shuncha manfaat bo‘ldi, deb qozi kalonlik lavozimini so‘ramakka mashg‘ul bo‘ldilar” (“Turkiston viloyati gazeti”, 1890 yil, 49-son).

Hakimxo‘ja eshon qozi kalonlik lavozimida ikki yil chamasi o‘tirgach, o‘rus bosqinchilari Toshkandni qamal qiladilar. Qamal boshlanishidan ilgarirok qozi kalon Buxoroga, amir Muzaffar huzuriga borib, shaharni saqlab qolishda undan yordam so‘raydi. Ham buyuk olim, ham qozi kalon bo‘lmish Hakimxo‘ja eshonni amir yuksak izzat-ikrom bilan kutib olib, allaqancha va’dalar beradi-yu, biroq ularga vafo qilmaydi. Hakimxo‘ja qozi Toshkandga yetib kelishi bilan qamal boshlanib, shahar g‘oyat tang ahvolda qoladi. Yoshi oltmishdan oshgan qozi kalon darhol Sebzor dahasi yigitlarini jihodga boshlab, buyuk ibrat namunasini ko‘rsatadi. Biroq bosqinchilarning qurol-yarog‘ jihatidan nihoyatda ustunligi natijasida Hakimxo‘ja qozining mujohidlari chekinishga majbur bo‘lishadi. Bir yarim oydan ortiq muddat ichida shahar qamal etilib, yo‘llar to‘siladi, shamol keladigan tarafdan ko‘p joylarga yoqilgan olov tutunidan shahar aholisi nafas ololmay qoladi. Bir tarafdan aholi orasida turli yuqumli kasalliklar avjga minadi, ikkinchi tarafdan, bosqinchilarga dahshat solib turgan Alimquli amirlashkar ham shahid bo‘ladi.

Shunday bir vaziyatda shahar a’yonlari qozi kalonning uyiga kelib, butun aholi qirilib ketmasligi tadbirini ko‘rishni, nisbatan yengil shartlar bilan Toshkandni Chernyayev qo‘shinlariga topshirishda vositachi bo‘lishni iltijo qilishadi. Toshkandning eng ko‘zga ko‘ringan ulamolari Abulqosimxon eshon, Mulla Solihbek ohund va boshqalar bilan mashvaratdan so‘ng yakdil qarorga kelinadi: Hakimxo‘ja qozi kalon o‘zining navqiron o‘g‘li Muhiddinxo‘jani “o‘lum xavfi ostida o‘rusiya askari turgan joyga” jo‘natadi. Shu tariqa Chernyayev bilan aloqa o‘rnatilib, Hakimxo‘ja qozi kalon tarjimai holining gazetada e’lon qilinmagan, lekin o‘ruscha tarjimasida saqlanib qolgan qismida bitilganidek: “Xalq rahnamosiga aylangan bu donishmand qariya ko‘pgina qozi va amaldorlarni yoniga olib, Chernyayev qarorgohiga bordi. Toshkand shahrining taslim bo‘lishi xususida Chernyayev bilan muzokara olib borib, hamma masalada o‘z xalqi manfaatlari saqlangan holda amniyatnoma tuzilishiga muvaffaq bo‘ldi”.

Bu aytilganlar tarixiy ma’lumotdir. Shulardan so‘ng ham Hakimxo‘ja qozi kalonning xoinligiga, shahar darvozasini lavozimini saqlab qolish uchun ochib bergan, degan safsatalarga ishonib bo‘ladimi?! Tarixiy adolatni tiklab, haqiqiy qahramonlarimizni, Vatanga, dinga, millatga fidoyi ajdodlarimizni bilib qo‘yaylik. Agar bir bitimga kelgan o‘rus tomoni gapida turmagan bo‘lsa, shartlarga xiyonat qilgan bo‘lsa, bunda Hakimxo‘ja eshonni aslo ayblab bo‘lmaydi.

Darhaqiqat, o‘rus bosqinchilari Toshkandni zabt etishlari bilanoq kechagina bergan va’dalariga tufurib, behayolarcha ish tutib, qanchalar shafqatsiz va zolim ekanliklarini ochiq ko‘rsatdilar. Chunonchi, Chernyayev shaharning nufuzli kishilarini to‘plab, go‘yo oldingi musulmon hukmdorlaridan ko‘p jabr-zulm ko‘rib kelganimiz sababli Rusiya harbiylarini o‘zimiz chorlab kelib, shaharni ularga o‘z ixtiyorimiz bilan topshirdik, degan mazmunda jahon afkor ommasiga dastak qilish uchun murojaatnoma tayyorlab va imzolab berishni talab qiladi. YUqorida ismi tilga olingan Mulla Solihbek oxund bosqinchi generalning bu hiylasiga qaqshatgich zarbali javob beradi. Bundan quturib ketgan Chernyayev Solihbek oxundni hamda uning fikrini quvvatlagan yana olti kishini darhol Sibirga surgun qildiradi (ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, Solihbek oxund oradan ikki yil chamasi vaqt o‘tgach, surgunda zaharlanib o‘ldirilgan).

Chernyayev shahar kazo-kazolarini qaytadan yig‘ib, ilgari talab etilgan murojaatnomani tayyorlab berishni yana ham dahshatliroq bir shaklda talab etadi. Turgan gapki, yig‘ilganlar orasida Hakimxo‘ja qozi kalon ham bo‘lib, Chernyayevning g‘azabli nigohi aynan unga qadalgan edi. Qurbonlar ketidan yana qayta-qayta qurbonlar bo‘lishini, butun shahar aholisi boshiga mislsiz falokatlar kelishini shundokqina ko‘rib turgan qozi kalon Abdusattor Qoraboy o‘g‘li ismli Ko‘kcha daha qozisidan iltimos qilishga majbur bo‘ladi. Murojaatnoma tayyorlanib, imzolangach, Peterburxga jo‘natiladi va pirovard-natijada imperator hukumati go‘yo o‘zining bosqinchi emasligini, balki Toshkand aholisining iltimosiga ko‘ra bu shaharni zabt etganini “isbotlash” uchun chet el elchixonalariga “hujjat” sifatida tarqatadi.

Insof va jasoratda tengsiz Hakimxo‘ja eshon umrida bir martagina e’tiqodiga qarshi bordi, ammo nega shunday qildi? Shahar qonga botirilgan, hamma narsa ostin-ustun qilib tashlangan foje’ bir vaziyatda bundan boshqa yana qanday yo‘l bor edi? To‘g‘ri, shahar taslim bo‘lg‘andan keyin ham – o‘rus mustamlakasi davrida u ikki yil chamasi qozi kalonlik vazifasini ado etdi. Lekin qanday ado etdi? Uning keyingi faoliyatida ham avlodlarga ibrat bo‘larli lavhalar to‘lib-toshib yotibdi. Shulardan atigi bittasini bu yerda keltiramiz.

Toshkand bosib olingach, vaqtincha gubernator bo‘lib turgan Chernyayevning ishlari negadir Peterburx a’yonlariga yoqmay qoladi, u poytaxtga chaqirilib olinib, o‘rniga Turkistonning harbiy gubernatori etib general Romanovskiy tayinlanadi. Yangi gubernator huzurida bo‘lib o‘tgan dastlabki yig‘inlardan birida shaharning qozilari, muftiylari va boshqa kattalarining muhri bosilgan, lof-qofdan, behad maqtovlardan iborat tavsiyanoma olib borilib, Romanovskiyga topshiriladi. Tavsiyanomadan taltayib ketgan harbiy gubernator uning tagidagi muhrlar orasida Hakimxo‘ja qozi kalonning muhri yo‘qligini ko‘rib, bu holni o‘z sha’niga, gubernatorlik sha’niga haqorat deb tushunib, qozi kalonni dag‘dag‘a bilan so‘roqqa tutadi. Qozi kalon esa aslo bo‘sh kelmay: “Bu qog‘ozda mening muhrim bosilmagan bo‘lsa, buning sabablari bor. Negaki bu tavsiyanoma shariatga xilof ravishda bitilgan. Unda aytilgan maqtov so‘zlarni birorta ham muslim og‘ziga olishi mumkin emas. Bu tavsifnomani bitgan va unga o‘z muhrini bosganlar Islom dinida emaslar, deb hisoblanishi lozim. Bizning dinimizga isnod keltirishga hech kim sizga huquq bermagan, deb o‘ylayman. Siz haddingizdan oshyapsiz. Mendan shu qog‘ozga muhr bosishni talab etishga qanday jur’at qildingiz?!” deb javob qiladi.

Bosqinchilarni ko‘kka ko‘taruvchi tavsifnomani hammaning ko‘zi o‘ngida shariatga xilof deb baralla aytgan qozi kalonning so‘zlari hokimiyati cheklanmagan Romanovskiyni qanchalar jazavaga tushirgani o‘z-o‘zidan ma’lum. U Hakimxo‘jani cho‘loq pashshadek bir barmogi bilan bosib majaqlab tashlayajagini pisanda qiladi. Qozi kalon esa, imoni mustahkamligini hayratomuz darajada ko‘rsatib, xotirjam javob qiladi: “Hammamizni yaratgan Haq taolo bor. Uning amri har bir inson uchun muqaddasdir. Binobarin, sizning amringizdan yuqori turadi. Agar u xohlasa, hammamizni yo‘q qilib yuborishi mumkin. Shunga ko‘ra, avvalo, baholi qudrat, Tangrining amrini vojib deb bilaman. Agar Haq taolo meni O‘z panohida asrasa, sizgina emas, balki sizdan yuqorida turganlar ham hech narsa qila olmaysizlar. Agar Haq taolo menga jazo berishni xohlasa, Unga qarshilik ko‘rsatish befoyda va hech qanday kuch, hech kimning homiyligiyu mehribonligi Uning jazosidan saqlab qola olmaydi. Muhtaram janob, siz meni ko‘rqitish bilan shariat yo‘lidan toydirishga majbur qilaman, deb o‘ylay ko‘rmang”.

Qozi kalonning bu qadar e’tiqodidan Romanovskiy kattiq cho‘chib ketadi, es-hushini yig‘ib olgach, nojo‘ya qizishib ketganini aytib, Hakimxo‘ja eshonni boshqa mehmonlardan ajratib olib qolib, alohida dasturxon tuzalgan bir xonada uzoq vaqt ziyofat qilib, ko‘p sovg‘a-salomlar bilan shaxsiy faytunida uyiga jo‘natadi.

Misli ko‘rilmagan bu voqyea Peterburx doiralarigacha yetib boradi. Mustamlaka amaldorlari unga yuzda soxta tabassum bilan muomala qilsalar ham, ko‘ynilarida hamisha tosh saqlab yuradilar.

Bu orada Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilib, fon Kaufman o‘lkaning bosh hukmdori bo‘lib keladi. Toshkanddagi faoliyatini Hakimxo‘ja qozi kalon uyiga borib, u bilan do‘st-qadrdon bo‘lishga va’da berish, hamisha uning yordamiga muhtoj bo‘lishini izhor etishdan boshlaydi. Ammo 1867 yil oxirlariga kelib, hiyla ustiga hiyla ishlatib, Hakimxo‘ja eshonni qozi kalonlik vazifasini tark etishga zimdan majbur qiladi, shundan so‘ng shaharda qozi kalonlik lavozimining o‘zi ham barham toptiriladi. Shu voqyeadan so‘ng oradan bir yarim yilcha o‘tgach, 1869 yilda 67 yoshida yoz chillasida Hakimxo‘ja eshon bandalikni bajo etadi.

Ulug‘ allomaga e’tiqodi cheksiz bo‘lgan hamshaharlari ul zotning vafotlaridan so‘ng farzandi solihlari Muhiddinxo‘jani Sebzor daha qoziligiga saylaydilar.

(Birinchi qism tugadi)

Sharif YUSUPOV

“Siz bu kishini taniysizmi?” rukni ostida e’lon qilindi

“Hidoyat” jurnali, 1999 yil, 2-son

www.ziyouz.com kutubxonasidan foydalanildi

https://shosh.uz/uz/muhammad-hakimxo-ja-qozi-kalon-tarixiy-hujjatlar-asosida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x