MUHAMMAD DOʻST Murod (1949.12.4, Samarqand viloyati Jom qishlogʻi) — yozuvchi va jamoat arbobi. ToshDU tarix ftining falsafa boʻlimini tugatgan (1971), Moskvadagi Adabiyot intida oʻqigan (1974-79). «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida ssenariychi (1979—84), «Sharq yulduzi» jur. ida boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari (1984—89), «Literaturnaya gazeta»ning muxbiri (1989—90), Prezident devonida masʼul xodim (1990—92), OʻzR Milliy axborot agentligi bosh direktori (1992-93; 19992002), Prezidentning matbuot kotibi (1993—99). 2002-y. dan «Oʻzbekkino» davlat aksiyadorlik kompaniyasi raisi.
Muhammad Doʻstning «Qaydasan, quvonch sadosi?» nomli dastlabki hikoyalar toʻplami 1976-y. da eʼlon qilingan. Shundan keyin uning «Mustafo» (1977), «Bir toychoqning xuni» (1979), «Dashtu dalalarda» (1987) singari hikoya va qissalari nashr etilgan. Muhammad Doʻstning «Galatepaga qaytish» qissasi (1983) istiqlol arafasi oʻzbek nasrida muhim voqea boʻldi. Yozuvchi bu va boshqa qissalarida olis qishloqlarda yashayotgan oddiy kishilarning kundalik mehnat ogʻushida kechayotgan hayotini diqqat-eʼtibor bilan kuzatadi, ularning oʻziga xos tabiati va insoniy sajiyasini yorqin gavdalantiradi. Muhammad Doʻst bu asarlari bilan adabiyotimizning kitobiylashgan tilini yangilab, unga jonli xalq tili ranglari va ohanglarini olib kirdi, sheva doirasida qolib ketayotgan soʻz va iboralarning adabiy tildan oʻrin olishga toʻla huquqli ekanini isbotlab berdi. Yozuvchi oʻz ijodida folklor uslubidan keng foydalanadi, uning tili yumorga boy, uning har bir qaxramoni oʻz fikrlash tarziga ega. Muhammad Doʻstning «Lolazor» (1988) romani tur-gʻunlik yillaridagi murakkab hayotiy jarayonga bagʻishlangan. Romanda shoʻrolar tuzumining yemirilishi va kommunistik mafkuraning tanazzuliga olib kelgan ijtimoiy sabablar ishonarli tasvirlanadi, inson va hokimiyat munosabatidek qad. mavzu muayyan davr misolida chuqur tadqiq etiladi. Muhammad Doʻstning asarlari asosida badiiy filmlar suratga olingan.