* * *
Asl muddaomiz muhabbat edi,
Behisht bogʻlarida kavsar simirmoq.
Jonimiz shu ishqqa zanjirband edi,
Bamisli daryoga intilgan irmoq.
Bizdan chekingandi nafsi ammora,
Chinniday yarqirab koʻngil uyimiz.
Toʻkinlik ramziday bitta zogʻora,
Dilga quvvat edi bir dona mayiz.
Siyoh kokillarga inganda qirov,
Zulmat kechalarni yoritdi dedik.
Zabtiga olganda jizgʻanak olov,
Qalbimiz joʻnlikdan or etdi dedik…
Bugun lab tegmagan gulgun sharobning
Botinda yashringan qaqrogʻi alam.
Paygʻomlar yoʻllagan dilbar sarobning
Libosin oʻrishi-arqogʻi alam.
Azamat togʻlardan chandon balandda,
Nayza choʻqqilarning toza qoridek,
Shaffof tuygʻularga biz misli banda
Bosh urib, topinib nahot horidik?!
Muhabbat edi-ku asl muddao,
Shu ishqqa jonimiz emasmi qurbon?
Tentisak tentibmiz qilmay iddao,
Nekbin manzillarda sarson-sargardon…
Shoir
U ham hamma kabi oddiy bir odam,
Birovdan kam emas, birovdan ortiq.
Dunyoga kelganda Yaratgan egam,
Lek shoir yuragin aylagan tortiq.
Shundanmi suratda sokindir har on,
Siyratida isyon, toʻfon yashirin.
Turmush zardobini sipqorib pinhon,
Munosib qarshilar masʼud onlarin.
Uni oʻylantirar turfa muloqot,
Goʻyo Gulxaniyning “Zarbulmasal”i.
Har yon nafs domiga botgan maxluqot,
Gʻamzada koʻnglida umid – tasalli.
Hayot bu – oq-qora, qaygʻu va xanda,
Rostu yolgʻon demak, bundan kim tonar?
Koʻplar haqiqat deb laqqa tushganda,
U-chi, aldanishin bilib aldanar.
Osmonlarga boʻylar ruhi ravoni,
Bedard davralarning guli boʻlmaydi.
Muhabbat yoʻliga baxsh etar jonin,
Ammo muhabbatning quli boʻlmaydi.
Tumonat doʻstu yor qurshovida ham,
Yolgʻizlik zaxmidan chok-chok soʻkilar.
Makon va zamonni unutib har dam,
Rizvon olmasiday duvva toʻkilar.
Orziqib yashar u,
Intiqib yashar:
Odamzod qalbida nish otsin chechak.
Shoir yuragiga sanchilib nishtar,
Zaminni chulgʻasin ohanglar chak-chak…
Sohibqiron
Xarobat ahliga Sen najot boʻlding,
Javonmard yoʻldoshi – Sohibqironim!
Erktalab oʻylarga nur, hayot boʻlding,
Botirlar qoʻldoshi – Sohibqironim!
Gʻayrating, qudrating azmingda zohir,
Adolat tugʻini tutgan bahodir,
Qaygʻu-alam arib, tindi-ku oxir,
Mazlumlar koʻzyoshi, Sohibqironim!
Istibdod, jaholat zanjirin uzgan,
Oʻtmish salaflardan mardona oʻzgan,
Ibrati mangulik “Tuzuk”lar tuzgan
Saltanat quyoshi – Sohibqironim!
Arslon kelbatli bu qadim Turon
Gʻaflat uyqusidan uygʻongan zamon,
Amringga boʻysundi necha shoh, sulton,
Necha yurt, elboshi, Sohibqironim!
Poyingda yastandi dunyo dafʼatan,
Sadqa boʻlsa arzir unga jon va tan,
Xayolingda lekin jonajon Vatan
Har giyoh, har toshi, Sohibqironim!
Dovrugʻi olamni etdi sarbaland –
Hunarlar sohibi Farhodga monand,
Zaminning sayqali poytaxt Samarqand
Meʼmoru naqqoshi, Sohibqironim!
Manzilu makonlar boʻlib guliston,
Maqbara, saroylar tiklandi shoyon.
Obod boʻldi yurtning shahri Turkiston,
Keshi birla Shoshi, Sohibqironim!
Jahoniy muammo yechilmay, illo,
Osoyish topmadi bu koʻhna dunyo.
Bizga xavf solmoqda, dedi Ovrupo,
Qaysar Rum Beboshi, Sohibqironim!
Qudratli toʻlqinday qoʻzgʻoldi qoʻshin,
“Kuch – adolatda!” deb toʻlgʻondi ochun.
Shu jangda ertasin koʻrib Chin-Mochin
Nogoh qotdi boshi, Sohibqironim!
Bandasin tadbiri mudom muallaq,
Yaratganning taqdir, qazo hukmi haq!
Ulugʻ maqsadlarga ayladi ilhaq
Toju taxt taloshi, Sohibqironim!
Qoqigul bargiday toʻzgʻimas davlat,
Metin qoya kabi rostlagaydir qad,
Asli, ilmu urfon birla maʼrifat
Boʻlsa tamal toshi, Sohibqironim!
Garchi xolislikni xush koʻrar tarix,
Zamona zayliga boqib, vodarigʻ,
Oʻtmishga tosh otdi soxta muarrix
Chimirilib qoshi, Sohibqironim!
Boʻhtonning ahvolin koʻring, bir zumlik,
Fillik daʼvo qilgan pashsha xartumlik,
Yoʻqlikka yuz tutdi yolgʻon tuzumdek,
Yetmadi bardoshi, Sohibqironim!
Bugun kimligimiz biladi bashar,
Istiqlol nuridan koʻzlar qamashar.
Bu faxr-iftixor toabad yashar –
Boʻlmagay odoshi, Sohibqironim!
Sengadir ehtirom, salom bizlarning,
Koʻzlarga toʻtiyo endi izlaring,
Kelajagi buyuk oʻgʻil-qizlarning
Buyuk Vatandoshi – Sohibqironim!
Parodoks
Xoʻrlandi u, koʻrdi koʻp jafo,
Yetim edi: yolgʻiz, notavon.
Alam goʻyo koʻzyoshga toʻgʻon –
Bir tomchisin toʻkmadi hatto.
Yillar oʻtdi, koʻpaydi doʻst-yor,
Omad boqdi oftobday kulib.
Shunda nogoh oʻpkasi toʻlib,
Koʻz yoshlari oqdi shashqator.
Sirojiddin RAUF
“Ijod olami”, 2017–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/muhabbat-yoliga-baxsh-etar-jonin/