MUAYTAY, tailandcha kurash, tailandcha boks — sport kurashi turi. Bunda sportchilar (boksdagidek) qoʻllariga qoʻlqop kiygan holda arqonlar bilan oʻralgan 6×6 m oʻlchamli maxsus ring (supa)da vazn toifalari boʻyicha yakkamayakka musobaqalashadilar.
Havaskor Muaytay chilar musobaqasi 2 min. dan 4 raund davom etadi (professional Muaytayda 3 min. dan 5 raund). Raundlar orasida 1 min. dan (professionallarda 2 min. dan) tanaffus beriladi. Muaytay chilar 45, 48, 51, 54, 57, 60, 63,5, 67,71,75, 81, 91 kg gacha va 91 kg dan ziyod vazn toifalarida kuch sinashadilar. Muaytayda qoʻl, tirsak, oyoq va tizza bilan zarba beriladi, shuningdek, raqibni quchoklab yiqitishga ruxsat etiladi.
Muaytay qadimiy yakka kurash turlaridan biri boʻlib, Xitoyda shakllangan degan taxminlar bor. Asosan, 18-a. ning oxiridan Tailand (Siam)da keng rivojlana boshladi.
1994-y. da Xalqaro havaskorlik Muaytay federatsiyasi (IFMA)ra asos solindi, unga 80 dan ortiq davlat aʼzo boʻlib kirgan (2003). Oʻzbekiston 1996-y. dan aʼzo. 1FMA 1994-y. dan jahon chempionatini oʻtkazib keladi. 1998-y. dan Muaytay Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan. M. Tailand, Belgiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Malayziya, Fransiya davlatlarida rivojlangan. M. Oʻzbekistonga 1993-y. kirib keldi, 1995-y. da Oʻzbekiston Muaytay federatsiyasi roʻyxatga olindi. Federatsiyaning viloyatlarda boʻlimlari, 10 mingdan ziyod aʼzosi bor. 200 dan ortiq murabbiy Muaytay mashgʻulotlarini olib borishadi. Oʻzbekistonlik Muaytay chilarning 23 nafari xalqaro mi-qyosdagi sport ustasi, 35 nafari sport ustasi unvoniga ega (2003). Zamirbek Qosimbekov, Rahmatjon Roʻzioxunov, Furqat Qurbonov va b. murabbiylar Yerkin Kuttiboyev, Tohir Mirsamatov, Nuriddin Hojiyorov, Kamoliddin Yusupov, Diyor Poʻlatov singari jahon va Osiyo chempionlarini hamda Osiyo oʻyinlari gʻoliblarini tarbiyalashdi. Asror Moʻminov.