Muallimning soʻnggi sabogʻi

Kasb taqozosi bilan Toshkentda ukrainalik hamkasbim – “Yevropa-­Aziya-Media” nashriyoti bosh muharriri Artur Gashenko bilan tanishdim. Oʻzbekistonga, xalqimizga mehru muhabbati baland, samimiy va dilkash inson bilan uzoq vaqt ijod borasida suhbatlashdik. Muloqot jarayonida u kishiga umumtaʼlim maktabida oʻqib yurgan kezlarim rus tilidan saboq bergan ukrain qizi, oʻtgan asrning oltmishinchi yillari qishlogʻimizga kelin boʻlib tushgan Valya Ashurovaning ibratli hayoti va qishloq muallimasi haqida yozgan essem haqida soʻzlab berdim. Ijodiy ish unda qiziqish uygʻotdi. Esseni rus tiliga tarjima qilib berishimni soʻradi. Mehmonning safari poyoniga yetayotgan fursatlarda “Muallimning soʻnggi sabogʻi”ni Artur Gashenkoning qoʻliga tutqazdim. Keyinchalik u kishi bilan internetda ahvol soʻrashib turardik. Bir kun Artur Anatolyevichdan hayajon bilan yozilgan qisqa xabar oldim. Unda shunday yozilgan edi:

“Zdravstvuyte, uvajayemiʼy Faxriddin! Segodnya moy xoroshiy tovarishʼ, klassik ukrainskoy literaturiʼ, kotoriʼy perevodil Maxtumkuli i Navoi, proizvedeniya kotorogo uje mnogo let vklyucheniʼ v shkolnuyu programmu – poet, narodniʼy deputat Pavel Movchan skazal, chto yemu ochen ponravilsya Vash rasskaz. POZDRAVLYAYU. Eto viʼsokaya otsenka”.

Oʻqib quvondim. Alqissa, ijodiy ishimni sizga ham ilingim keldi…

Muallifdan

 

Bahor. Bir zumda osmonni qoplagan bulut zamin uzra koʻz yoshlarini sochadi. Tuproq savalanib yuzada kichik jilgʻalar paydo boʻladi. Poʻrtana suvlar ariqlar tomon shoshadi. Yana quyosh charaqlab nur sochadi. Tuproqdan nam qochib koʻpchiydi. Qoʻshquloq gulu giyohlar yerni yorib chiqadi. Olamga ifor taraladi. U bahorning, tuproqning ifori.

Ha, tuproq isi… Bolaligimda jazirama yoz kunida ulkan yongʻoq daraxti soya tashlagan loysupaga suv sepib, toʻshak tashlab koʻkka uzoq tikilib xayol surishni xush koʻrardim. Loysupadan koʻtarilgan tuproq isi dimogʻimdan singib vujudimga halovat baxsh etardi. Hozir ham koʻzimni chirt yumaman-da, oʻsha kezlarni tasavvurimda gavdalantiraman. Yana oʻsha ajib ifor dimogʻimga qaytadi. Uzoq vaqt ishdan ortib qishloqqa borolmasam, sogʻinaman. Soʻngra bir zumda hammasidan voz kechib, qishloqqa otlanaman. Kindik qonim tomgan tuproq boʻyini nafasim bilan tuymay, his qilmay qolishdan qoʻrqaman…

Keksa momomning olam va odam haqidagi oddiy falsafalari ham tuproq bilan bogʻliq edi. “Odam tuproqdan yaraladi, tuproq uchun yashaydi, sadoqat bilan mehnat qilsa, tuproq uni boqadi, yana kun kelib tuproqqa qorishib ketadi”…

 

* * *

Qishloq ahlining jonkuyar muallimasi Valentina Andreevna keksalik gashtini surib yurgan kezlarida xastalik payt poylab yurgandek uning jismini zabt etdi. Imkonsiz qoldi. U bu yurtda bir ayolga yetarli baxtni top­di. Saxovatli el, yaxshi turmush oʻrtoq, oqil farzandlar, sevimli kasbu kor, doʻstu qadrdonlar – baxtiyor turmush uchun hammasi risoladagidek. Ammo bir istak umr boʻyi u bilan yashadi. Ukraina kengliklari, yashil oʻrmonlar, daryolar, keng dalalarga tutash qishloqlarda kechgan bolaligi tushlarida gavdalanadi. Baʼzan uzoq xayollarga choʻmadi. Hammasidan voz kechib boʻz tuproq dalalarga qaytib ketgisi keladi. Ammo uning eʼtiqodi, turmushga, oilaga oʻzbekona munosabati bu xayollarni mahv etadi.

Soʻnggi paytlar tushlarida Ukraina dalalarida chopqillab borayotgan bolaligini bot-bot koʻradigan boʻldi. Qirraburun, tengdoshlariga nisbatan baland boʻyli, oltinrang sochlariga zeb berib turgan anvoyi gulbargak taqqan shoʻx qizaloq bir dasta bugʻdoy boshogʻini tutamlab oltinrang dalalar yoqalab yuguradi… Bir zum toʻxtab ortga qaraydi… Koʻzda yosh bilan onasi Yefrasenya buvi qoʻllarini uzoqdan silkib turibdi. Qizaloq yigʻlab yuboradi. Quvonch yoshlarimi, sogʻinch yoshlarimi uning oppoq yuzlariga dumalaydi.

Valya muallima (maktabda shunday qisqartirib atashardi) seskanib uygʻonadi. Koʻzlarida qalqib turgan yoshlarni qoʻllari bilan artadi. Atrofga bazoʻr nazar tashlab, ozgʻin barmoqlari bilan toʻshakni siypalab bolish ostiga suqadi. Qoʻli titrab bir tugunni olib chiqadi-da, yuziga bosib, koʻzlarini chirt yumib chuqur nafas oladi. Vujudiga singgan boʻydan soʻng bir dam xotirjamlik sezadi…

 

* * *

Taʼziya xabarini qoʻshnilardan eshitgan enam xomush tortib hovlida biroz turib qoldi:

– Shoʻrlikkina, xastalanib qoldi-ya… Bir necha kundan buyon toʻshakda yotuvdi, aziz boʻlibdi-da. Oxirati obod boʻlsin, oʻz yurtidan kechib kelib bir umr oilasi, shu qishloq uchun yashadi. Borligʻim – bolalarim, deb yashadi. Soʻnggi paytlar ota uyiga ilhaq boʻldi, oʻgʻillariga aytib, yurtining tuprogʻidan opkeltiribdi.

Vujudimda allaqanday hisni sezdim. Ena ena-da, buni koʻzlarimdan uqdi, chogʻi, boshqa soʻz aytmadi.

 

* * *

Dam olish kuni boʻlgani uchun janoza nomoziga tumonat odam yigʻildi. Yomgʻirdan soʻng salqin shabada yuzga urilib huzur baxsh etsa-da, qalbga bu epkindan halovat yuqmaydi. Kimdir yerga, kimdir koʻkka koʻz tikadi, hamma oʻz xayoli bilan band. Ammo hovlidan uzuq-yuluq yigʻining ovozi eshitiladi. Yurakka nash­tardek sanchiladi bu ovoz.

Kemadek chayqalib tobut darvozadan koʻchaga hatlaydi. Olomon yopirilib janoza nomozi uchun saf tortadi:

– Boshini Samarqandga qaratib qoʻyinglar, – mahalla oqsoqolining ovozi baland yangraydi.

Soʻngra imom safdan oldinga chiqib odamlarga yuzlanadi. Odamlarga bir qadar koʻz qirini tashlab, tomogʻini qirib soʻz boshlaydi:

– Xaloyiq! Hozir hammaning koʻnglidan bir savol kechyapti: boqiy dunyo safari oldida turgan marhuma qaysi dinga eʼtiqod etib bu dunyoda umrguzaronlik qildi? Ukrain millatiga mansub bu ayol barchamizning ustozimiz boʻlgani uchun ham uni, uning ezgu fazilatlari-yu amallarini yaqindan bilamiz. U oʻzbek xonadoniga kelin boʻlib tushdi, oʻzbekona yashadi, oʻzbekona dard chekdi, oʻzbekona farzand tarbiyaladi, musulmonlar qadriyatlari asosida toʻy-marosimlar qildi, bunga hammamiz guvohmiz, aziz hamqish­loqlar!

Odamlarning javobi chehrasida. Hamma bosh irgʻab tasdiqlaydi. U kishining fazilati chindan-da oʻzbekona edi. Qalbida quyoshi, kasbiga masʼuliyati bor edi. Shunchaki, fan saboqlarini bermasdi, kezi kelsa qattiqqoʻl, talabchan edi. Onadek mehribon oʻqituvchi edi, oʻquvchiga ragʻbat bera olardi.

Muallimaning bu xislatidan maktabni tugallab, katta hayot ostonasida turgan oʻquvchilari yana bir bor bahramand boʻladi. Bitiruvchilarga rus tilida ilk bor, hijjalab yozgan diktantini, hayajon va tabassum bilan hadya etadi. Hayratlanarli sovgʻa! Axir, navqironlik pallasida bolalikning bir parchasini qaytarib olish cheksiz quvonch baxsh etmaydimi?! Muallima keyin koʻzda yosh bilan “oq yoʻl” tilaydi…

Elimizda “bir kun tuz yegan joyingga qirq kun salom ber”, degan aqida bor. Oʻzga millat ayoli shu yurtga, oilasi, turmush oʻrtogʻiga, el farzandlarining buguni-yu ertasiga, qadriyatu urf-odatlariga sadoqat bilan yashadi, eʼtiqod etdi. Mana shu fazilatlarni kuyunchaklik bilan yoshlar ongu shuuriga singdirdi.

Millatimizga xos ustoz-shogird anʼanalarini qadrladi. Muallimaning koʻplab shogirdlari bugun yurtimizning turli jabhalarida Oʻzbekistonimiz ravnaqi yoʻlida mehnat qilmoqda. Uzoq yillar oʻquvchi-yoshlarga taʼlim bergan maktabda ham yosh oʻqituvchi-pedagoglarga ibrat boʻldi. Bugun ham yosh murabbiylar uning taʼlim tajribasidan foydalanadi.

 

* * *

Mustaqillikning ilk yillari. Eski qishloq maktabi, tor sinflar (Hatto elektr tarmogʻi bilan ham taʼminlanmagan. Tunda bexos maktabga kelib qolgan odam vahimaga tushib, qoʻrquvdan zir titraydi. Enam maktabda farrosh boʻlib ishlagani uchun bu holatga koʻp tushganman).

Navbatdagi darsda qatʼiyatli, irodasi mustahkam muallima sinfimiz oʻquvchilaridan ranjidi. Oʻyin­qaroqligimiz, fanga munosabatimizdan nolidi:

– Sizlar tushunmaysiz, tushunishni ham istamaysiz. Oʻzbekiston mustaqil boʻldi, davlat boshida bir inson siz uchun jon koyitib, kecha-kunduz ishlayapti. Oʻtirgan partang, taʼlim olayotgan maktabingning ahvolini qara. Yangisini qurib beray, bolalarimiz yaxshi oʻqisin, deyapti shu inson. Endi bizga oʻxshab yashamaysizlar. “Olma pish, ogʻzimga tush”, degan zamonlar oʻtib ketdi. Davlat sizlarga suyanadi axir… Ey-y, nimagayam sizlarga aytaman shu gaplarni, qulogʻingiz shu yerda, xayolingiz osmonda…

Koʻp oʻtmay, qishlogʻimizda katta maktab binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Maktabning ilk qaldirgʻochlari esa bizning sinfimiz oʻquvchilari boʻldi.

Muallima koʻzda yosh bilan barchamizni birma-bir qoʻl siqib tabrikladi. Fazilatu xislatlarimiz haqida gapirdi. Rus tilida yozgan ilk diktantimizni qoʻlimizga tutdi…

* * *

Valentina Andreevna kitob mutolaa qilishni xush koʻrardi. Jahon adabiyotining yuksak namunalaridan tortib, oʻzbek adiblarining asarlarini ham maroq bilan oʻqir edi. Dars jarayonida ham oʻquvchilarga kitob bilan oshno boʻlishni tavsiya etardi. Nafaqat tavsiya etardi, talab qilardi. Umrining soʻnggi kunlarini ham ana shu sevimli mashgʻuloti bilan oʻtkazdi. Balki u dardni yengish uchun, jismini sim-sim yengayotgan ogʻriqni unutish uchun. Balki… Ammo muallimaning soʻnggi oʻqigan kitobi ukrain yozuvchisi Igor Muratovning “Bukovin qissalari” asari, ukrain shoiri Taras Shevchenkoning “Qoʻbizchi baxshi” sheʼrlar toʻplami edi…

U oʻzbek xalqining xalqparvar shoiri Muhammad Yusufning sheʼrlarini ham sevib mutolaa qilar edi…

 

* * *

Marhumani qabrga olishdi. Muallimaning kenjasi Hasan aka koʻzlarida yosh bilan polietilen xaltachaga solingan allanimani qabr ichiga uzatdi:

– Oyim vasiyat qiluvdi, yurtining tuprogʻi… atrofiga sochib qoʻying, xuddi shunday degandi.

Valya muallimaning soʻnggi istagi bajo keltirildi. Uni dunyoga keltirgan va bir umr ardoqlagan ikki yurt tuprogʻi qorishib ketdi. Oʻzbek tuprogʻiga oʻzga makonning boʻz tuprogʻi xol boʻlib tushdi.

Muallima 70 yoshida bu dunyoni tark etdi. Umrining soʻngida ham shogirdlariga ona Vatanni sevish, ardoqlash, uni yurakka, vujudga jo qilish borasida hayot sabogʻini oʻrgatdi. Oʻzining umri misolida aks ettirdi bu darsni.

 

* * *

…Keksa momomning tuproq haqidagi oddiy falsafalari, Valya muallimaning inson omili va yurt tushunchalarining uygʻunligi borasidagi haqiqat saboqlari olamni yanada ravshanroq anglashga, hayotga yanada teranroq nazar tashlashga kishini chogʻlantiradi.

Yana bir bor amin boʻlamizki, insondan bu dunyoda yaxshi nom, ezgu amal boqiy qoladi.

Chinakam ziyoli nafaqat yoshlarga bergan taʼlimi, hayoti bilan ham ularga ibrat boʻladi. Yakkabogʻ tumanidagi 34-umumtaʼlim maktabining rus tili fani oʻqituvchisi Valentena Ashurova hayotini ana shunday goʻzal fazilatlar bilan bezab yashadi…

 

…Bolaligim mening bir asov qulun,

Oyogʻim shilingan toshga urilib.

Onam chang koʻchaga qoʻyiblar qoʻlin,

Tuproqni malham deb bosar egilib.

Vatan degani bu – bir hovuch tuproq,

Vatan degani bu – yurakda titroq.

 

Faxriddin Hayit

 

“Ijod olami”, 2018/3

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/muallimning-songgi-sabogi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x